O'shanda ham qish edi

Kaminai g'aribning g'arib ko'nglidagi ijodga bo'lgan ishtiyoqni kashf etgan, hijjalab saboq berib yurib ijodkorlar safiga qo'shgan, olamni bo'lmasa-da, odamning barcha og'riqlarini, dardlarini, g'am-g'ussalarini qalbida, vujudida his qilib, bularning barini quvonchday qabul qilib yashayotgan ijoddagi birinchi ustozim, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi Lobarxon aya Rustamovadir. Adiba “Daryoda aytilgan alla” (2004), “Oymomo jilmaydi” (2004), “Ishq izhori” (2007), “O'rgimchak to'rida” (2009), “Ezgulikka yo'g'rilgan umr” (2011), Tog'dagi fojia” (2011), “Saodat manzili” (2017), “O'shanda ham qish edi” (2021), “Taqdir tarozisi” (2022), “Sog'inch sochilgan yo'l” (2024) kabi kitoblar muallifi hisoblanadi. Ijod namunalari Turkiya, Italiya, Germaniya, Belgiya, Keniya, Qirg'iziston, Ozarbayjon singari ko'plab mamlakatlarning nufuzli nashriyotlarida chop etilgan. Lobarxon aya Uchqo'rg'on tumanining Qo'g'ay qishlog'ida tavallud topgan. Yangiqo'rg'on tumanining Zarkent qishlog'ida kamolga yetib, bugungi kunda Yangiqo'rg'on tuman markazida yashab, barakali ijod qilib kelmoqda.
Ustozning “Taqdir tarozisi”, “O'shanda ham qish edi”, nomli kitoblari (2023 yilda) Amerika va Fransiyada ingliz va fransuz tillarida chop etilib, AQShdagi “Amazon” saytida sotuvga qo'yildi. “O'shanda ham qish edi” kitobiga kiritilgan “Sizga atalgan kun” deb nomlangan turkum, jajji hikoyalar bo'limi bor. Bor-yo'g'i beshta hikoya. Bu hikoyalarni men nasrda yozilgan qo'shiq, nasrda yozilgan doston, muhabbat haqidagi eng yaxshi asarlar degim keladi. Ularni o'qisang, sog'inchni bor bo'yi bilan his qilasan. Hijronning tog'lar qadar salobatli gavdasini ko'rasan. Mehrning bog'lar to'la gullar kabi xush ifori dimog'ingga uriladi. Bu hikoyalarda bir nur bor, ko'ngil ko'zi ko'radi. Bu hikoyalarning ichida bir kuy bor, qalb qulog'i bilan eshitgan saring eshitging kelaveradi. Ularda bir sir borki, o'qigan sari o'qiging, uqqan sari uqqing keladi. Ko'z yoshlarga to'la daryo bor, g'arq bo'lging keladi. Mehr bor, muhabbat bor, ularga egalik qilging keladi. Kitoblarning nomlanishiga ham bir e'tibor bering-a… “Daryoda aytilgan alla”, “Oymomo jilmaydi”, “Ishq izhori”, “O'shanda ham qish edi”… Xuddi mahzun bir kuyning, qo'shiqning boshlanishiga o'xshaydi. Turkumdagi hikoyachalardan biri bor-yo'g'i ikki yuz bitta so'z, bitta bog'lovchi, bir yuz o'n uchta tinish belgisi, bir ming olti yuz sakson yettita harfdan iborat bo'lgan hijron hikoyasi — qayg'uda qolgan qalb qo'shig'idir.
Shu kunlarda 70 yoshni qarshilagan ustozim Lobarxon ayaga uzoq umr, mustahkam sog'liq, g'ayrat-shijoat tilagan holda, ijodlari bardavom, yanada sermahsul va sermazmun bo'lsin, deyman.
Quyida esa adiba Lobar RUSTAMOVAning hikoyalarini o'qib yozilgan she'rni hukmingizga havola etishdan baxtiyorman…
1
O'shanda ham qish edi,
Ko'rganlarim tush edi.
Hech uyg'ongim kelmasdi,
Tush bo'lsa-da, hush edi.
Qo'llarimdan yetaklab,
Qor qo'ynida ertalab,
Ertaklar aytar eding,
Qor otarding erkalab.
Samolarda uchardim,
Yulduzlarni quchardim.
Maydan mosuvo edim,
Ishq sharobin ichardim.
Atrof oppoq qor edi,
Oqlik bizga yor edi.
Guvohimiz, ohimiz,
Bahaybat chinor edi.
2
O'shanda ham qish edi,
Ko'rganlarim tush edi.
Hech uyg'ongim kelmasdi,
Orzularim qush edi.
Hovlingda esib nasim,
Oynaga chizib rasm,
Dil izhorin yozardi,
Kelar edi havasim.
Ko'zlaring edi xomush,
Nigohlaring faromush.
Qor qo'ynida qolgan kun,
Ko'zlaringda o't yonmish.
Shundan beri nay — qamish,
Qish faslida kuylarmish.
Gulzoringda gullaring
Faqat qishda gullarmish.
3
O'shanda ham qish edi.
Ko'rganlarim tush edi.
Hech uyg'ongim kelmasdi,
Ruhim Siyovush edi.
Seni sog'ingan sayin,
Qor yog'ar mayin-mayin.
Uxlagim kelar, visol
Tushimda kelar tayin.
Mashshoqlar chalsin nayin,
Soqiylar quysin mayin.
Tushda baxtiyordirman,
Uyqumdan uyg'onmayin.
Men ketdim qayrilmayin,
Ayrildim, ayrilmayin.
Tushlarimda qish qoldi,
Qishimdan ayrilmayin.
Qushimdan ayrilmayin,
Tushimdan ayrilmayin.
Ayrilsam hushdan ketgum,
Hushimdan ayrilmayin.
4
O'shanda ham qish edi,
Ko'rganlarim tush edi.
Hech uyg'ongim kelmasdi,
Xayollarim hush edi.
Tushimmas, o'ngim ro'yo,
Qorqizday eding go'yo.
Chaqirsam chopib kelding,
Baxt edi butun dunyo.
Yor, bo'ron o'ynar edik,
Qorbo'ron o'ynar edik.
Hijronni xursand qilib,
Quvonchni qiynar edik.
Qo'ling sovuq, sovqotding,
Nega meni uyg'otding?
Men seni yo'qotdimmi,
Yo sen meni yo'qotding?!..
5
O'shanda ham qish edi,
Ko'rganlarim tush edi.
Hech uyg'ongim kelmasdi,
Tush bo'lsa-da, hush edi.
Lochin tog', qirda o'tdi,
Burgut cho'qqida o'tdi.
Ko'rayin, deb tushimda
Umrim uyquda o'tdi.
Ne qilay hech qonmasam,
O'tmishdan tonolmasam.
Yana ko'rdim tushimda,
Qaniydi uyg'onmasam.
Qorda izlaring qoldi,
Qalbda so'zlaring qoldi.
Qo'lda erigan qorga
Qarab ko'zlarim toldi.
6
O'shanda ham qish edi,
Bugun yana qish keldi.
Qishga qo'shilib hijron,
O'kinch-u, tashvish keldi.
Sog'inch to'la qor yog'di,
Tun bo'yi bedor yog'di.
Qorda ismimni ko'rdim,
Qalbimga bahor yog'di.
Qo'yvormasdan meni qor,
Senga etar intizor.
Qorday erib men yana,
Yig'lataman seni, yor.
Ko'rayapman men seni,
Ko'rolmaysan sen meni.
Senga tashlab ketdim-ku,
Yuragimni — sevgimni.
Yuraklar tilka-pora,
Ko'rishmoqqa yo'q chora.
Diydor mahsharga qolgan,
Taqdir ekan, nachora.
O'shanda ham qish edi…
Muhammadsher OTABOYEV