Bujur tosh
yoki shoira Gulandom TOG'AYEVAning “Ishq handasasi” kitobi taqdimotidan keyingi o'ylar
Iste'dodli shoira Gulandom Tog'ayevaning “Ishq handasasi” kitobini mutolaa qilib, xayolim olislarga ketdi.
1989 yil. ToshDU (hozirgi O'zMU) jurnalistika fakultetining birinchi kursida o'qiymiz. O'quvchiligidayoq “Tong yulduzi”, “G'uncha”, “Gulxan” kabi adabiy nashrlarda turkum she'rlari e'lon qilingan Gulandom Tog'ayeva kursimizda eng mashhur talaba edi. Gulandom Tog'ayeva va Yulduz Muxtorova (taniqli adib Omon Muxtorning qizi) haqidagi hujjatli film Moskvaning “ORT” va yurtimizdagi “O'zbekiston” telekanallari orqali namoyish etilgandan so'ng poytaxt va viloyat markazlaridagi kinoteatrlarda ham ko'rsatilgan, nafaqat adabiy jamoatchilik, butun afkor omma orasida ham shoira nomi tez-tez tilga olinar edi.
Xullas, talaba bo'lganimizga bir quvongan bo'lsak, yaqin tanish-bilishlarga “Gulandom Tog'ayeva biz bilan o'qiydi…” deya ikki bor quvonganmiz.
Bo'lajak jurnalistlarning ikkinchi uyi bo'lgan “Talabalar shaharchasi”dagi 85-yotoqxona. Jurnalistika va adabiyot bahsi. Hayot beg'ubor va begidir ko'ringan pallalar. Haqiqatparast talabalarning tongotar gurunglari. Qadrdon oshnam Zokir Xudoyshukur bilan yotoqxonaga borsak, albatta, Gulandomni izlardik. Egnida beqasam chopon, boshida zar ro'mol, o'ziga xos tabassum bilan kutib oladigan egachimiz Toshkentda qolib ijod qilish haqida gap boshlaganida biz nodonlar bu haqda o'ylab ham ko'rmagan edik. Gulandom tortinmasdan she'rlar o'qir, devorga suyab qo'yilgan qashqar rubobini olib asta sozlardi-da, Sherali Jo'rayevning “Qarashlarga” yoki “O'ynab-o'ynab…” qo'shig'ini berilib aytardi.
Namozshomgul atlas ko'ylagi yarashgan, bilagida onasi Norxol opa bergan “Zarya” soat, bir o'rim qop-qora sochi beliga tushgan Gulandomning soddaliklari kursdosh yigitlar davrasida to hanuz eslanadi.
Gulandom Tog'ayeva she'rlarini o'qigan she'rxon musiqani bilgan, his etgan ijodkor bilan yuzma-yuz turganini sezadi.
Haqiqiy she'r oyda qolgan iz kabi qalbda mangu yashaydi.
Shoiraning iztirobli satrlari — uning tarjimai holi. Gulandomni bundan o'ttiz yil burun matbuot orqali badnom etmoqchi ham bo'lishgandi. Vaxshivorning bujur toshiday metin irodali qiz haqoratga chiroyli sabr qildi. Gulandom sukut bilan zarba berdi, ammo ko'r hasad Allohdan boshqa himoyachisi bo'lmagan qiz qalbini yaralagan edi. Shoiraning o'nglanishiga ko'p yillar kerak bo'ldi.
Nazarimda, Gulandom Tog'ayeva she'riyatini ikki bosqichga bo'lib o'rganish kerak. Birinchi bosqichga shoiraning o'quvchilik va talabaligining ilk yillarida yozgan asarlarini kiritish lozim. Gulandom Tog'ayeva ijodining dastlabki davrida anchayin bitilgan, sho'ro davri ruhiga mos, kitobiy satrlar ham uchraydi. Toza, beg'ubor murg'ak qalb jamiyatdagi siyosiy-mafkuraviy chaqiriq va da'vatlarga inonadi-da. “Tinchlik” so'zini baralla aytayotganlar urush olovini yoqishini qayoqdanam bilsin!
Ikkinchi bosqich, bu — o'tgan asrning 90-yillari boshidan bugungi kunga qadar bo'lgan davr. Nazarimizda Gulandom Tog'ayeva ijodining uslubiy va leksik jihatdan rang-baranglashuvi ham aynan shu davr bilan bog'liq. Toshkent adabiy muhiti shoira ijodida keskin burilish yasadi. Bu, nazarimda, shoiraning o'zlikni anglash, inson qalbini kashf etishda chin ma'noda kamolot bosqichi bo'lish bilan bir qatorda, mumtoz adabiyotni o'rganish, ijodga tanqidiy qarash davri ham bo'ldi.
Gulandom Tog'ayeva — ruhiyat shoirasi. Qalbida she'r isyoni boshlangan o'n besh yashar qizning iqrorini qarang:
Tunlar tund uyqumni o'g'irlaydi she'r,
Ash'orsiz shomlarni uncha suymayman.
O'tdanmas, zavqdandir yurakdagi qo'r,
Shoir yulduzlarga boqib to'ymayman.
“Tegramda tirik ruh — xayollar faqat” deb yozgan shoiraning ruhiy sarbalandligini, qamrovini tasavvur etish qiyin emas. Odam qachon xayolni tirik ruh deb biladi? Ojiz banda ko'zga ko'rinmas kuchlar ko'z ilg'agan dunyo bilan baqamti ekanini his eta boshlagan chog'da bu olam ham ruhlar olami ekanini anglaydi.
Gulandomning o'quvchilik payti bitgan she'rlaridagi toza tuyg'ular odamni sevintiradi. “Pok momomga borib ayting…” she'rini bir o'qing.
Bahor sevinch yoshlarimga
Ko'ylagini yuvmoqda.
Ko'z o'ngingizga go'zal manzara keldi-a?
She'rning yakuni quyidagicha:
She'rim, seni aziz tutay,
Dardlarimning bongi bo'l.
Meni yarat, qonlar yutay,
Yuragimning tongi bo'l!..
Ayiqsoy bo'yida ahd qilgan shoira “She'riyat ko'ksida buyuk yong'in bor, Adolat shamsidek yoqlaysan uni” deydi.
Gulandom samimiyati bilan tanilgan shoira.
Ko'k va orzum aylashib visol,
Keng borliqda sayrlashadi.
Qorlar olib qo'lga dastro'mol
Qirlar bilan xayrlashadi.
Yoki:
Qoralamam bo'lib charsilloq, toza,
G'o'rangiz qizartsin she'riy saraton, —
degan satrlarni oling.
Yoxud quyidagi to'rtlik — o'smir qalbning hayqirig'iga quloq tuting:
Tongchi yulduz, nayingizni tindirmang,
Siz yo'qdirsiz, huzurli oy qaydadir?
Sochlarimning tolasini sindirmang,
Osmon sinsa yulduzga joy qaydadir?!
“Ufqning tandirida hijronlar kuydi”, — deya bo'zlagan qalbga inonmay bo'ladimi?
Gulandom ona qishloq — viqorli tog'lar manzaralari, dilbar hayot vasfi, porloq bolalik, bayramda loyhushtak ulashgan kulol, Sangardak tog'ida o'ynagan kiyik, Xonjiza tog'i madhiga bag'ishlangan she'rlar orasida qolib ketmadi. Vaxshivor Gulandom ijodida jug'rofiy makon emas, orzu, xayol, o'kinch va armon timsoli bo'lib ko'rinadi. Uning maktab davrida bitgan she'rlaridayoq junun ufurib turadi. “Milt-milt yonayotgan, ey, g'amgin olov…” she'rida seskantiruvchi satrlar ko'p.
Ey, chirmash, chirmash-ey tanimga olov,
Qoshimga alangang o'smasini surt.
Meni yo'qotsalar cho'g'li ufq-o'rov,
Baxtlar she'rzoridan topib olsin yurt…
Tubandagi she'rni o'n olti yashar qiz bitganiga ishonish qiyin:
Tirnalgan cho'qqilar muzini tishlab,
G'amdan g'alvir tanni tutib quyunga,
Zangori qal'aning g'ishtidan ushlab,
Yulduz, yetgum kelur sening uyingga!
Tiyiqsiz zavq-shavq, shiddat, hayrat mevasi bo'lgan bunday she'rlar ko'p Gulandomda.
O'tgan asrning 90-yillari boshida ijtimoiy-ma'rifiy muhit juda rang-barang bo'lib, esperanto targ'iboti, qatag'on qurbonlari nomidan yodnomalar bitish, yangi siyosiy partiya va harakatlarga qiziqish qanday kuchaygan bo'lsa, diniy tafriqalarga da'vat ham shunchalik keng tarqalgan edi. Farz va sunnatni farqlamaganlar so'fiy bo'lishga havasmand edi. Sotsialistik realizm metodidan boshqa metodni tan olmagan “adabiyotshunos”lar barmoq, sarbastda ijod qilayotgan zamondosh shoirlar ijodidan tasavvuf izlashga bel bog'ladi. O'sha yillarda Gulandom Tog'ayeva “Hijronga masallig' emish sho'r, talx, ob…”, “Taxayyurning kaftida…”, “Farididdin Attor kitobiga so'zboshi” kabi bir qancha she'r bitdi. Ammo aksar ijodkorlar qatori Gulandom ham havas haqiqat yo'lida sobitqadam hamdam bo'lolmasligini, cho'ng diniy ilmsiz buyuk maqsadga yetishish dushvorligini dildan angladi.
Gulandom Tog'ayeva ijodida 2005 yildan keyin ruhoniy ehtiyoj, ezgin, shikoyat ohanglari kuchaygani seziladi. Jumladan, “Dard” she'rini shunchaki o'qib bo'lmaydi.
Men muhtojman kimgadir bugun,
Sevilmagan yuragim og'ir.
Taqdir xatin ko'tarolmasdan
Elkalarim dol bo'lib og'rir.
Yolg'izlik azobi, yetishmagan muhabbat iztiroblari, dilga taskin, umid mujdalari aks etgan she'rlar ko'plab uchraydi. She'r shoiraning haqiqiy hamdamiga aylanib qolganini sezish qiyin emas.
Bir yulduzman, oy yonida yurmagan,
Oshiqdirman, ko'ngil ishi unmagan,
Asli gulu boychechagin ko'rmagan,
Bahordirman, yo'lin kuzga bermagan.
Haqiqiy ijodkor — kashshof. Chin she'r — bir kashfiyot, aslida. Chin shoir qalbini kashf etish orqali odamlar ko'ngliga yo'l topadi. Aslida, mana shu yo'l — she'riyat. Bu farahbaxsh yo'lda adashmagan, qoqilmagan, peshonasi qonamagan shoir shoirmi? Bu yo'lning Makkasi — ko'ngil. Bir inson ko'nglida qolmoq, bir shikasta ko'ngilga chiroq bo'lmoq mashaqqatini yolg'iz Alloh bilur.
“Baxtning to'rg'aylari hamisha toqdir”, deya bitgan shoira taqdirga ishora etdimikan? Talabalikda yozgan “Vido” she'ridagi “Va baxtli bo'lmayman men ham hech qachon” satrini o'qib hayron qoldim. “Yaxshi niyat — yorti mol”, degan gap bor xalqda. “Xalq faqat haqiqatdan iborat bo'lsa, Men ham shoir bo'ldimmi?” deya o'ziga savol beradi shoira.
Mingta nayga nola bo'ldi muhabbatim,
Lekin qadrim bir qamishcha bo'lolmadi, —
deb yozgan shoiraning ahvol-ruhiyasini tasavvur etish qiyin emas.
Gulandomning bundan yigirma yil burun bitilgan “Men onamni alishtirdim shaharlarga…” deb boshlanadigan she'rini o'qib yig'lagan qiz-juvonlarni ko'rganmiz.
Men onamni alishtirdim shaharlarga,
Bir boychechak keltirmadim bahorlarda.
Men qiz bo'lib ko'ylagini bir yuvmadim,
Lek qoldirdim uni hijron — zaharlarda.
She'r ijtimoiy tarmoqlarga qo'yilganida “Gulandom bu she'rni bizning nomimizdan yozgan”, “Bizda ham shu dard, shu armon”, “Gulandom, ona haqidagi she'ringiz har bir qalbning madhiyasidir”, “Gulandom, bu she'r emas, dil qatidagi yaradir”, degan fikrlar bildirildi.
Gulandomning ko'pchilik sevib takrorlaydigan shunday bir satrlari bor:
Xudo menga oyday ko'ngilni berdi,
Endi berkitmoqqa etak ham bersin!
Xudo menga Mungday singilni berdi —
Poyiga sochmoqqa chechak ham bersin!
Yuragida o'ti bor shoiraning “Ishq handasasi” kitobida yangicha mazmun-mohiyat kasb etgan maqol va matallar ko'p. Shuningdek, ko'pchilikning ko'zi va qulog'i o'rganmagan “chumduk”, “dardxo'r”, “og'riqzor”, “halovatxo'r”, “ko'hivor”, “sevgizor”, “she'rzor” kabi yangi so'zlar bor. Inchunun, “Ko'zing quyoshlanar, ko'zing oylanar” satridagi “quyoshlanar”, “oylanar” — toza ifoda.
Kitobni varaqlagan o'quvchi ko'nglidan “Shoiramiz 2009 yildan keyin deyarli ijod qilmay qo'yibdi. Esiz…” deya o'kinch o'tishi mumkin. 2020-2021 yillarda bitilgan “Sharobingman”, “Izhor” kabi o'tli nidolarni istaydi.
Ijodga ma'lum vaqt “tanaffus” e'lon qilgan shoiramizdan yangi asarlar kutib qolamiz.
Va aslo shubha yo'qki, shoiraning O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasida yaqinda taqdimoti bo'lib o'tgan yangi kitobi — “Ishq handasi” uning betakror ijodkor ekanini yana bir bora namoyish etgandek bo'ldi. Gulandom Tog'ayeva she'riyati o'ziga xos she'riyat. Qalblarga yetib boradigan, singishib ketadigan she'riyat. Shoiraning ijodiga omadlar tilajakmiz.
Olim TOShBOYEV,
filologiya fanlari nomzodi,
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan
jurnalist.
