Ko'p asrlik chinor misoli…

yoki shoir Xushboq Rahim ijodiga bir nazar

Bu hayotda odamlar soni qancha bo'lsa, ularning ko'ngillari hisobi ham shunchadir. Odamlardan har biri jism-jussasi jismoniy jihatdan bir jinsli vaqtning beayov ta'sirlarida, yashash uchun turfa kurashlarning og'ir ijtimoiy yuki oqibatida oyoqdan qoladi. Biroq ko'ngil keksaymaydi. Aksincha, u bepoyon, betakror, nisbiy borliq yoki voqelikning harakatdagi hayrat va hikoyatlarini tosh bitikka qayd qilinadigan qo'shiqlarini avjlantirgandan yanada avjlantiradi. Go'yo unday qo'shiq navbatdagi qo'shiqning, ko'ngil esa galdagi necha bir serparvoz ko'ngillarning ishonchli po'lat qanotiday.

Ikkinchi tomondan, yaxshi qo'shiq, badiiy pishiq she'r yoza bilish yoshga mutlaqo bog'liq emas. She'riyatda ijodkor yoshu pir uchun bir xil talab, bir xil tosh, bir xil tarozi. Sakson besh yoshli shoir Xushboq Rahimning “Buxoro qasidasi”dan o'rin olgan she'riy asarlari qo'lyozmasini o'qish jarayonida yuqoridagi ko'ngilbop tuyg'ular lashkari ko'kragimiz ichkarisida isyon ko'tardi. Esimizda, Xushboq Rahim talabaligidayoq, unga ezgu niyatlar bilan O'zbekiston xalq shoiri Jamol Kamol oq yo'l tilagan, gazeta sahifasida fotosurati bilan uchta she'rini namuna sifatida e'lon qildirgan edi. Uning quyidagi satrlari hozir ham kechagiday yodimda:

Ko'p asrlik chinor misoli,

Tik qomatim aslo bukilmas.

Zuhra kabi chaqnagan ko'zim,

Xiralanib yerga tikilmas.

Ishq o'tida kuyib o'rtangan,

Yuragimda tuganmas toqat.

Ehtiros-la toshib qaynagan,

Qalbim bilan bitmoqdaman xat:

Tanish do'stim, notanish do'stim,

Sog'intirsa aziz sirdoshing.

Sen ham menday xatlar bitarsan,

Yigirmaga yetganda yoshing!

Shoir Xushboq Rahimning “Yigirma yoshim” she'rining yozilganiga oltmish uch yildan oshdi. O'tgan shu yillar orasida o'zaro sevishganlar bir-biriga o'tmishdagiday xatlar yozishlarni unutdi. Undaylarning o'zaro aloqa vositasi hozir uyali telefon. Bu yaxshi. Biroq bugun telefon orqali topishib, ertasigayoq bir-biri bilan yuz ko'rmas bo'lishlari yomon. Davrimizga daxldor unday bemalham hodisalar shoir Xushboq Rahim uchun go'yo beahamiyatday. U olis o'tmish, ya'ni Zardusht zamoniga tikilgani-tikilgan. O, “Avesto”ning bizda yozilganiga uch yarim ming yildan ortiq vaqt o'tgani chin. Qoyil, XXI asrning yigirma to'rtinchi yillarida ham u avvalgi ahamiyatini kamaytirganicha yo'q. Xushboq Rahim shunday yozgan edi:

 

Zardusht tarixiy shaxs,mavjud ehtiyoj,

Borliqni ko'krakka tamom joylagan.

Muhitning talabi, Zaminning dardi

Buqalar po'stini qog'oz aylagan.

Qog'oz, po'st yuzida tilla iz, yozuv,

Belgidan iloh ko'p, janjal, judolik.

Bemavrid qirg'inni qalqonday to'sdi,

Zardusht o'ylab topgan “Yakka xudo”lik.

 

Zardusht —tarixiy shaxs. “Zardushtiylik dini, — deb yozgan taniqli o'zbek olimasi Fozila Sulaymonova “Sharq va G'arb” (“O'zbekiston” nashriyoti, 1977) kitobida, — Markaziy Osiyoda shakllandi, lekin konkret joyi aniq emas. Ba'zi olimlar Xorazm vohasi desalar, ba'zilari Baqtriya, Marg'iyona deydilar”. Shunday ekan, Sharq G'arbdan, Markaziy Osiyo boshqa qit'alardan, Buxoro Yer yuzidan ajralib qolgani yo'q. Shoir Xushboq Rahim shu vajdan “Buxoro qasidasi”ni “Zardusht”dan boshlagani bejiz emas.

Bug'doy bor, tandir ham toshu tegirmon

Elagu supra, un — to'kinlik g'oyat.

Siymu zar, tillosiz yashamoq mumkin,

O'chog'u ko'machsiz uzilar hayot.

Bug'doy, bug'doy non.

Tilla bilan bug'doy yoki g'allaning nisbati aniq. Oltin hamisha oltin. U zanglamas. Lekin tilla bor joyda xatar bor. U qo'ldan qo'llarga o'tadi. Faqat mag'lubning yog'och sandig'idan g'olibning po'latli jamadoniga o'tadi. Bug'doyda yuqoridagi jarayonlar kuzatilmaydi. Unda quyidagi bug'doydagi uch holat katta-kichikka ayon. Birinchisi, dona don hosili ertaga xirmon bo'ladi. Ikkinchidan, toshu tegirmon bug'doyning yuqoridagi ichki imkoniyatiga barham beradi. Uni elagu supraga tashlaydi, bug'doy unini tandir oziq-ovqat turi — nonga aylantiradi. Uchinchidan, bug'doy oltin misoli ham qiymatga, undan farqli o'laroq iste'mol qiymatiga ham ega bo'lib kelgan hamisha. Lekin uni dehqon mehnatlarisiz tasavvur qilish qiyin.

Xushboq Rahim “Dehqonim” she'rida yozganidek:

 

Ming yil, million yil, balki ko'proq,

O'n panjang tuproqda to'lib turibsan.

Har kuni, har soat, hatto har lahza,

Ko'pga non, ko'pga to'n bo'lib turibsan.

Dehqonim, seningsiz nafaqat daryo,

Ummonlar ko'lmakka o'xshab qoladi.

Jahonda istalgan to'kin-sochin yurt,

Chatnagan qozonday qaqshab qoladi.

 

Xushboq Rahimning “Imom al-Buxoriy”ga bag'ishlangan she'ri esa quyidagi satrlar bilan boshlanadi:

Odam atosidan adadsiz kichik

Zardusht, qalam tig'i, qilichday shitob.

O'n ikki ming mol, po'st, yozuv, “Avesto”

Qur'onday osmondan tushmagan kitob.

Odamlar yozgani orasida eng

Hadis umri Zamin umri bilan teng.

Devori poydevori qurilishi miloddan avvalgi IV asrga borib taqaladigan Buxoro Arki butun tarixini shoir Xushboq Rahim beshta so'zga sig'dirgan-qo'ygan: “Odamlar bo'lmasa, bo'lmas eding, Ark!” Shoir “Buxoro Arki”ga bir yuz oltmishga yaqin “Beshligi”ni bag'ishlagan. Ulardan birontasida ijtimoiy zalvorli yuk, falsafa yuklanmagan satrni topa olmaysiz.

 

Oddiy ijodkorga arg'umon ko'ngil,

Sog'inchlar to'nining sarasidan kiy.

Saksonga yetsa ham Buxoro dedi:

Bir chimdim tuproqni shoir Rasuliy,

Odamlar bo'lmasa, bo'lmas eding, Ark!

Darhaqiqat, jahondagi sharif shaharlardan eng mashhuri – Buxoro! Unda Ibrohim Mashrab misoli ilm savdo qilganlardan o'z yurtlarida mashhur bo'lganlari bisyor. Bunga Xoja Hovandi Tahur, Ahmad Yassaviy va boshqalar misoldir. Shoir Xushboq Rahimning ham talabalik yillari Buxoroda o'tdi. Uning uchun Buxoroning bori-yo'g'i muzey, kampirak devori kitob, uning har qadam zamini hikmatxonadir. Odamlari siyrati muhitiga mos, topgan gaplari tarix, tillarida xalqiga, uning farzandiga nisbatan ezgu tilaklar. Kuni kecha Labihovuz maydoni qarshisidagi jin ko'chada bir yuzu besh yoshli Ahmad ismli otaxon bilan suhbat qurgan shoir Xushboq Rahimning she'rtalab ko'ngli beixtiyor qo'shiq boshladi. Uni tinglaymiz:

Ezgu niyat, ichki tug'yon, imkoni o't,

Har yurakning alangasi ko'kka yetsin.

Taniq, mashhur, mehmonparast o'zbegimning

O'g'il-qizi keksalikni ko'rib ketsin.

Chol so'zidan O, Shodmonjon! Osmon cho'qqi,

Pista bog'ni bilim bilan baror qildim.

Quvonch shuncha, Zardusht yozgan “Avesto”day,

Minglab yilni ko'rmoqlikka qaror qildim.

Yigit so'zdan, arslon izdan qaytmagaydir,

Chol g'ayrati, xalq da'vati shitob bo'ldi.

Qalb sadosi, she'r gadosi Xushboq uchun

Buxoroning har bir toshi kitob bo'ldi!

Shoir Xushboq Rahimning “Buxoro qasidasi” to'rt qism she'rlar majmuasidan iborat. Lekin muallif uni qismlarga ajratmagan. Qasidaning navbatdagi Narshaxiy “Buxoro tarixi”da yozib qoldirgan “Buxoro va unga qo'shiladigan joylar”dan biri “Baykand” yoki Paykandga bag'ishlangan. U “Qorako'lnoma yoxud qalb qo'ri”dagi badiiy pishiq she'rlardan iborat. Ulardan har birida muayyan zalvor bor, tabiat ilmi bor, tarix va falsafa bor. Ular she'riy asarga yuzaki munosabatda bo'ladigan o'quvchilarni kechirmaydi, asarni o'qish, mazmunini uqish uchun ulardan maxsus bilim va tayyorgarlikni talab qiladi. Chunki shoir Xushboq Rahimning she'riy satrlaridan aksariyati xushxo'r qatlamaga o'xshaydi. Ularning ijtimoiy mazmunini anglash uchun satrlarga qayta-qayta ko'z tashlash lozim. Aksincha, o'quvchi ulardagi yashirin tarixiy xikmat va haqiqatlardan bebahra qolishi aniq.

Toshtemir TURDIYEV,

filologiya fanlari nomzodi,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × 2 =