Insoniyatning tafakkur tezligi pasaymoqdami?

Group of people of different gender and ethnicity is standing against blackboard and thinking. Four brain sketches are drawn above their heads. Concept of focus group. Mock up
Dunyo kundan-kunga o'z qiyofasini o'zgartirmoqda. Atrofimizda ro'y berayotgan jarayonlar tezlikda rivojlanish, o'zgarishga yuz tutib, hayot tarzimiz takomillashishda davom etmoqda. Bunga mos tarzda vaqt ham bir qadar tezlashgandek. Ammo bu tezlikka qarama-qarshi ravishda insoniyat va uning aqliy faoliyati sekinlashgandek go'yo. Maqsadlar, rejalar ulkan, ochilmagan sirlar talay, kashf qilinmagan yangiliklar cheksiz.
Ko'pincha biz bu izlanishlar oldida ojizdek, harakat qilishga qurbimiz yetmaydigandek jim turamiz. Yoki, nazarimizda, kerakli hamma qulayliklar yaratilib bo'lgan-u, bu qulayliklardan foydalanib yashashgina qolgan. Ko'p sonli yoshlar orasida ham loqaydlik, hayratsizlik hukmron. Nigohlar ma'nosiz, so'zlar yengil, fikrlar tarqoq. “Odamlarda tafakkur kuchi ortgani sari tasavvur kuchi kamayib bormoqda. Zavq-shavq o'rnini sovuq hisob-kitoblar egallamoqda. Aql va yurak bahsida hissiyot yengilib, quruq mantiq g'alaba qilmoqda. Bu jamiyat uchun xatarli hol”, degan edi O'zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Erkin Vohidov.
Yaqinda xalqaro IHTT — Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti inson ongining sekinlashayotgani va oddiy masalalarda ham o'ta darajada oqsayotgani xususida tadqiqot va tajribalar o'tkazib, uni e'lon qilgan edi. Tadqiqotga ko'ra, sayyoramiz aholisining har beshinchi vakili o'qish va arifmetika vazifalarini boshlang'ich sinf darajasida bilayotgani aytilgan. Tadqiqot va tahlillar dunyo bo'yicha olingan, shunday ekan, ularda ilgari surilgan muammolardan biz ham chetda emasmiz. Amin bo'lish, tan olish uchun bugun uka-singillarimiz yonimizga matematikaga oid yoki biror falsafiy topshiriq olib kelgandagi ahvolimizga qaraylik. “Ishim ko'p-ku”, yo bo'lmasa, “unutibman” deb bahona qilamiz. Aqlimiz yetmasligini tan olgimiz kelmasa, maktab darsligini tuzganlardan yozg'irishga o'tamiz.
Balki, o'zimizga kerakli ma'lumotlar sirasiga kiritmaganimiz uchun bu masalalarning oddiy yechimi ham murakkab tuyular yoki yoddan chiqib ketgandir? Aslida, miya xazinamizda keraksiz axborotlar shu qadar ko'pki, ular foizlarda hisoblansa, ajablanarli natija ko'rinadi. Mutaxassislar fikricha, inson xotirasi 1-7 terabaytga teng axborotni saqlab turishi mumkin ekan. Afsuski, biz o'rtacha hisobda shuning deyarli yarmini foydasiz ma'lumotlar olish, to'plash, yuklab yurishga isrof qilib yubormoqdamiz.
Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining ikkinchi xulosasi esa ko'plab muassasalar rahbarlari va yoshi ulug' insonlarni qiynayotgan masala to'g'risida. Ishchilarning qariyb uchdan bir qismi o'z ishlari uchun yetarlicha malakaga ega emas. Ularda ko'nikma va bilim yetishmaydi.
Yurtimizga oid statistik ma'lumotlarga ko'ra, bugungi kunga kelib mamlakatimizda 1,3 million kishi ishsiz hisoblanar ekan. Qolgan qismi esa faol ish jarayonida sanaladi.
Biz tengi yosh avlod — endigina oliy ta'lim dargohiga qabul qilingan talabalar orasida “oliy ta'limni tugatsam bo'ldi, diplom qo'limga tegsa bo'ldi”, deb o'qib-o'qimay, malaka to'plamay ta'limni tamomlayotganlar bor ekanini inkor etolmaymiz. Ulardan biri tibbiyot xodimi, biri huquqshunos, biri o'qituvchi. Hammasining diplomiga “oliy ma'lumotli” deb yozib qo'yiladi. Lekin, ochig'i, ko'pchiligining bilimi, tajribasi oliy emas, o'rtacha yoki undan ham past. Hammasi inson taqdiri, uning hayoti bilan bevosita shug'ullanadi. Odamlar salomatlik, erk, ta'lim kabi ko'plab ijtimoiy zarur sohalarda mana shunday tajribasiz, no'noq kadrlarga duch kelishdan hayiqishadi. Bunday tajribasiz, qo'l uchida mehnat qiladigan mutaxassislar ularga duch kelgan odamlarning xulosalari asosida tashxis qo'yadi yoki hukm chiqaradi.
Bir qator mamlakatlarda zummerlar — ya'ni 2000 yildan keyin tug'ilgan 16-24 yoshli insonlar o'rtasida savodxonlik darajasi yuqori darajada pasaygani haqida ma'lumotlar mavjud. Bu dunyo miqyosidagi ko'rsatkichlar, shubhasiz, O'zbekistonga ham tegishli. Savodxonlik, o'qish-yozishda imloga e'tiborlilik, jumlalarning aniq-tiniq va ravshanligi, tafakkurning yozilgan matnda aks etishi masalalari har qanday sohada mutaxassislarning istiqbolli ekani yoki aksinchaligini o'zida ifodalaydi. Xat-savod masalasi bugun hamma zamondagidan ko'ra g'oyat dolzarb. Xatni chiroyli va xatosiz yozish, bunga har doim harakat qilish tafakkurni charxlaydi, miyani teran ishlatishga sabab bo'ladi.
Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi bir maktab o'quvchilari bilan mashg'ulot o'tkazganimizda, oddiy alifbo masalasida bolalarning qattiq oqsashi kuzatildi. O'qish yillari davomida bu oqsoqlik o'nglanmaydi. Hademay maktabni tamomlab, oliy ta'lim dargohiga kirishi mumkin bo'lgan yoki biror kasb-hunar yo'lini tutadigan o'quvchilar o'zi talaffuz qilayotgan so'zlarni yozuvda ifodalay olmayotgani ko'ngilni og'ritadi, tashvishga soladi.
Yoki umumiy savodxonlikning yorqin ko'zgusi – bugun ijtimoiy tarmoqlar desak, juda haqiqatni aytgan bo'lamiz. Axir, ijtimoiy tarmoqlarda yozilayotgan “post”laru, sharhlarning ahvoliga maymunlar yig'laydi-ku! Ming-minglab, o'n minglab yurtdoshlarimizning yozuvlarini o'qib ko'ngil ayniydi, uzrku-ya, bu qadar savodsiz odamlar qanday, qachon paydo bo'ldi?!
Nima uchun biz ishga qabul qilish jarayonlarida faoliyat turlaridan kelib chiqqan holda, savodxonlik bo'yicha imtihonlarni joriy etolmaymiz? Axir bunga juda ko'plab sohalarda zarurat mavjud-ku!
Yana bir mulohazaga tortilgan tadqiqot esa “IQ” — odamning turli test uslublari asosida aniqlanadigan aqliy rivojlanish ko'rsatkichi, bilim saviyasi xususida. Bu ko'rsatkich so'nggi 100 yillikda ancha tez o'sgan sanalsa-da, ayni yillarda dunyoning katta qismida pasayib borayotgani ta'kidlanmoqda. Bu ko'rsatkichga ko'ra, O'zbekiston dunyoning 115 ta davlati ichida 94,81 ball bilan 80-o'rinni ishg'ol qilgan. Natija bir qaraganda, yomon emasdek. Sababi rivojlanish ko'rsatkichi 70 balldan past bo'lsagina aqliy taraqqiyotda kamchilik bor deb topilar ekan. Ammo O'zbekiston hozirgi o'rnidan ancha yuqorida bo'lishi mumkin edi-ku. Axir qaysidir davlat birinchi, qaysi biridir o'ninchi, yana qaysidir biri yetmishinchi o'rinni egallab turibdi.
Bugun kichkina to'rtburchak matohga termilgancha soatlab o'tiramiz, shuurimizni turli va bizga mutlaqo kerak bo'lmagan axborotlar bilan to'ldiramiz. Bilim olish, tajriba orttirish, yangiliklar izlash kerak bo'lgan paytda keraksiz ma'lumotlarga kuch-quvvatimizni, ko'z nurimizni sarf qilamiz. Keyin yana o'z-o'zimizga: “Nega endi Ulug'bek, ibn Sino, Xorazmiyga munosib izdosh, olim-ulamolar yetishmayapti?” degan savolni beramiz. Inson xotirasi shu qadar murakkab va sirliki, u ham hali to'liq o'rganilmagan deyishadi. Miyada ishlatilmagan nuqtalar qancha ko'p bo'lsa, ular ishlab turganlariga salbiy ta'sir o'tkazar, xotiraning susayishiga, miyaning qarishiga olib kelar ekan. Keraksiz axborotlar miyani ishlatuvchi manba bo'lolmaydi, aksincha, ular zarur ma'lumotlar o'rnini egallab, diqqatni chalg'itishga xizmat qiladi.
Mutaxassislar bergan ma'lumotlarga ko'ra, bizning ommaviy axborot vositalari bilan munosabatimiz hozirda 90 foiz ekranlar orqali: smartfon, planshet, kompyuter bilan bog'liq ekan. Deyarli bir kunlik umrimizning 4-5 soatini ekranlarga, to'g'rirog'i telefon yoki kompyuterga tikilgancha o'tkazishimiz ham rost.
Savodsizlik, uni yashirishga, xaspo'shlashga urinish, uni bartaraf etishga intilmaslik, chuqurroq ilmga bo'lgan qiziqishning past darajada ekanligi, yalqovlik, tanlagan yo'nalishga nisbatan beparvolik — bularning hammasi internet xabarlari ta'sirida yanada kuchayib bormoqda. Ota-ona, atrofdagi yaqinlarining farzandidan ko'ra mitti telefonga bo'lgan e'tiborini ko'rib ulg'ayayotgan boladan katta natijalar kutib bo'lmasa kerak. Ijtimoiy tarmoqqa qaramlik ayniqsa, 16-24 yoshdagi xotin-qizlar orasida nisbatan yuqori ekan. Kuni bilan uyda o'tirgan yosh ona kamida yettita platformadan foydalanadi. Ulardan eng ommaboplari “Telegram”, “Instagram”, “Facebook”. Bu tarmoqlarni esa yolg'on-yashiq, hayo-pardasiz tasvirlar egallagan. Har kim istagancha tasarruf etadi.
Dunyoning shunday hududlari borki, ijtimoiy tarmoqdan deyarli foydalanmaydi. Masalan, Sharqiy va Markaziy Afrikada o'rtacha hisobda har 11 kishidan faqat bittasi ijtimoiy tarmoqdan foydalanadi. Aholisi soni jihatdan eng ko'p hisoblangan Hindistonda esa bu ko'rsatkich har uch kishidan biriga to'g'ri kelar ekan. Balki, turli murakkab jarrohlik operatsiyalarining ko'p qismi Hindiston va boshqa davlatlarda olib borilishi ham ijtimoiy tarmoqdan uzoqlik, hayotiy kuzatuvchanlik natijasidir.
Tarixda yashagan ulug' daholar qiyin sharoitda ham dunyo sir-sinoatlarini ochish, ularni insoniyatga bildirish borasida yillab mashaqqat chekishganini yaxshi bilamiz. Hozir esa barcha sharoit bor, imkoniyatlar eshigi ochiq, lekin biz bir qadam tashlashni, harakat qilishni istamayapmiz. Bir ijodkor ustoz bilan suhbatda bo'lganimda: “Biz qachongacha tarix bilan maqtanamiz? Bu kam. Biz bugungi yoshlarimiz bilan ham maqtana olishimiz kerak”, degan edi. Shu o'rinda beixtiyor sevimli adibimiz Asqad Muxtorning “Yo'l” she'ridagi quyidagi misralar yodga keladi:
Ko'rganing — seniki, der edi bobom,
Ellarni, dillarni kerak ko'rishim.
Ochilmagan qo'riq, noma'lum yulduz —
Bari-bari mening ulushim.
Bugun maktabga ilk qadamlarini tashlayotgan bola o'sha “ochilmagan qo'riq” va “noma'lum yulduz”ga uning ismi bitilishiga harakat qilishi uchun uni ruhlantirish kerak.
Qani edi, agar har birimiz bir kunda bir soat vaqtimizni kitob o'qishga ajratsak, kelajakning umidi bo'lgan bolajonlarga rag'bat berish uchun telefon emas, kitob va'da qilsak, sovg'a o'rnida kitob tutqazsak, kitob borasida oilaviy suhbatlar tashkil qilsak, natijaga erishar edik. Bolalar bekor qoldi deguncha telefonga emas, kitobga intilsa edi, qalbi, ongi nurga to'lib boraverardi. Keling, bugundan ko'proq kitob o'qiymiz.
Dunyo qiyofasi alohida iqtidorlar, ayrim kishilarning ulkan kashfiyotlari va mehnatlari tufayli kun sayin o'zgarmoqda. Lekin Yer aholisining umumiy tafakkur darajasi chindan pasayib bormoqda. Buning sababi, albatta, kam o'qish, miyani kam urintirish, oson yashashga, o'yin-kulgiga intilish bo'lib qolmoqda. Uzoq tarixda qo'lga kiritilgan yutuqlar oldida bugun insoniyat ong-tafakkuri juda yuksak bo'lishi ham mumkin edi. Shunday ekan, shunday bir hur zamonda millatimizning dunyo tafakkuri maydonidagi o'rnini 80-o'rindan ancha yuqoriga olib chiqib olishimiz mumkin edi, agar…
Gulnora ShERMATOVA