Yaxshilik izlagan “yomon” odamlar

Yaqinda qishlog'imizda bir qarindoshimiz qazo qildi. Marosimning ertasi kuni shu insonning katta o'g'li bilan suhbatlashib qoldim.

— Otamni ko'pchilik yoqtirmasdi, — dedi u o'kinib. — Bor aybi odamlarga yaxshi bo'lsin deb yelib-yugurgani… Svet tez-tez o'chayapti deb tumanga qatnardi, gaz ballonlari vaqtida to'ldirib berilmayapti, deb yana chopardilar. Qishloq ko'chasiga tosh to'ktirdi, shunda kimlardir: “Maydasini to'ktirsa bo'lmasmidi, bu toshlar mashinamizning g'ildiragini yeydi”, deyishibdi. Orada daraxt ekishni ko'p gapirib qoldilar. Ikki oycha oldin bir mansabdorning oldiga borib: “Daraxt ekishga mablag' ajrataman degandingiz, lafzingizda turmadingiz”, deb qattiqroq gapirgan. O'sha odam: “E, mahalla faoli bo'lsangiz o'zingizga, kasal holingizda hammaga yomon ko'rinib har ishga aralashavermasdan, uyingizda tinchgina yoting-da”, deya o'shqiribdi. Otam shu gapga ancha payt ezilib yurdi…

So'ng do'ppisini qo'liga olib qoqdi-da, qaytadan boshiga qo'ndirdi.

— O'sha daraxtlarni baribir o'zim ektiraman, yugurish kerak bo'lsa, yuguraveraman!

Beixtiyor ko'zimga yosh keldi. Yaratganning chevarligiga qoyil qoldim. Axir shu yigitning bobosi bundan oltmish besh yillarcha oldin qishloq ichida yo'l quraman deb “kattalar” bilan janjallashgan! Eshitishimcha, o'tgan asrning oltmishinchi yillarida “ilonizi” ko'chalarni kengaytirishga kirishilgan. Qishlog'imiz etagidan oqib o'tadigan katta Bulung'ur arig'iga boradigan yo'l yo'q, sababi, paxta ekib tashlangandi. Shunda o'sha inson qishloqning ikki-uchta old kishilarini ergashtirib, paxta dalasi o'rtasidan anhorgacha bo'lgan “bir kishilik” ilonizi ko'chani kengaytirishga, so'ng har ikki tomoniga qator tut ko'chatlari ekishga zo'rg'a ruxsat olgan ekan.

O'sha tutzorlar haliyam bor. Har yili ko'klamda qatorasiga yashillanadi, odamlar ipak qurti boqish uchun mo'l-ko'l barglaridan oladi, qizil-oq mevalarini esa katta-kichik terib yeydi. Qarangki, ezgulikning yo'llari shu qadar uzun. Qolaversa, ezguparast odamlar tashvishi bilan yashagan insonlarni el unutmaydi.

Yuz yillik tarixga ega Sarqipchoq qishlog'i Jomboyning eng ko'hna maskanlaridan biri bo'lib, shu joylarni yashnatgan, ko'rkiga ko'rk qo'shganlarni odamlar hanuzgacha eslashadi. O'tgan asrning o'ttizinchi yillarida ishbilarmon rais Xalil Navro'zov qishloq bolalari uchun maktab qurish tashabbusi bilan chiqadi. Biroq qurilish uchun yer ajratilishiga kelganda hatto boylar ham ko'mak berishdan o'zini olib qochadi. Shunda u o'ziga qarashli maydonda hashar yo'li bilan boshlang'ich maktab qurishga kirishadi. Yangi maktabga bolalarni yig'ish, dars o'tadigan muallim topish oson kechmaydi…

Oltmish yillar avval qishloq xalqi, asosan, ariq, hovuzlardan suv ichishardi. Ayniqsa, hovuzlarda turib qolgan suv toza bo'lmasdi, ichida mayda hasharotlar bo'lardi. O'sha kezlarda qishlog'imiz fidoyisi Eshquvvat Baratov hovlilardagi hovuzlardan olingan suvni shisha idishga solib, Samarqanddagi rahbarlar oldiga yo'l olgan. Ancha vaqtdan keyin navbati kelib, rahbar qabuliga kirgan.

— Mana shu suvga yaxshilab qarang, ichida nimalar bor ekan?

— Bu qanaqa suv, qaerdan oldingiz? — debdi rahbar.

— Qishlog'imizdagi hovuzning suvi, biz shu suvni dokadan o'tkazib ichamiz.

Bunday noxush gap, yoqimsiz manzara vijdoni bor rahbarga ta'sir qilmay qolmaydi, albatta. Viloyat kattakoni darhol qishloq manzilini so'rab yozib oladi, so'ng mutasaddi tashkilot kishilarini chaqirtirib, Sarqipchoqni toza ichimlik suvi bilan ta'minlash zarurligini aytadi. Shundan so'ng ko'p o'tmay, qishloqda yer ostidan suv tortib chiqaruvchi inshoot quriladi…

— Qishloqning koriga yarayin deb o'zini o'tga-cho'qqa uradigan odam borki, albatta, u bir qancha idoralar eshigini taqillatib boradi, imkoniyati bo'la turib o'zini chetga oladiganlar bilan talashib-tortishadi, daryo toshsa to'pig'iga chiqmaydiganlarga qattiq-quruq gap aytadi, bu ba'zi birovlarga yoqmaydi-da, — degan edi bir paytlar oqsoqolimiz Ne'mat hoji Murodov bilan suhbatlashganimda. — Aslida, rohatidan kechib boshqalar uchun yelib-yugurish hammaning ham qo'lidan kelmaydi, yuragida o'ti bo'lish kerak bunday odamning. Ba'zi birovlarning tinchini buzgani uchun malomatga ham qoladi, lekin fidoyi insonga barcha tan beradi, baribir. Axir hamma o'zini o'ylab yashasa, oldinga qarab borolmaymiz-ku!

Ancha yillar oldin Urgutning So'fiyon qishlog'ida yashaydigan keksa bog'bon Rohatoy Qo'ysunova ham menga xuddi shu gapni aytgan edi.

— Hamma o'z tinchini ko'zlab uyidan chiqmay o'tirsa, bu turmush turmush bo'ladimi?

Qariyb chorak asr vaqt brigadirlik qilgan bu ayol uzoq yillar avval faollar qatorida Qrimga sayohatga yuboriladi. Qarasaki, u joyning tog'u qirlarida uzumlar juda chiroyli va mo'l-ko'l pishib yotibdi. “Men ham Urgutga qaytsam, shunaqa uzumzor barpo etaman”, deya ahd qiladi. O'shandan so'ng tinchini yo'qotadi. Beshala o'g'lini yoniga olib To'pxona tepaligi yon-bag'irlarini ko'zlab boraveradi. Bu joylarni toshlardan tozalash kerak, keyin ko'chat qadash kerak, ularga suv yetkazib berish esa birinchi galdagi masala. Tepalikka suv chiqarib uzumzor yarataman, desa… rahbarlar yordam ko'rsatarmikin? O'shanda mahalliy rahbarlar imkon qadar ko'mak berishdi, suv chiqarish ishi to'xtab qolganda hatto poytaxtgacha boriladi! Qazish-sozlash ishlari uchun ham qanchalab yugur-yugurlar bo'ldi, qarabsizki, bir necha yillar ichida tepalik yon-atrofida oq-qora kishmishlar g'arq pishdi, hatto ekilgan shaftoli, nok, olmalar hosilga kirdi. Mevalar dastlab bolalar bog'chalariga, so'ng kam ta'minlangan oilalarga tarqatildi.

O'sha yillarda bir yuz ellik metr balandlikka suv chiqarib, bog'-rog' yaratgan, bu yo'ldagi ming bir mashaqqatlarni yengib o'tgan Rohatoy Qo'ysunovani men erkaklardek kuchli, qaysar va shaddod fe'lli bo'lsa kerak deb o'ylagan edim. Uchrashganimizda esa ro'paramda jussasi kichik, juda ozgin lekin farishtasifat ayolni ko'rdim. Ammo so'zlaridan ichki qat'iyat va o'zgacha jasorat balqib turardi.

“Mevali daraxtga tosh otiladi”, deydilar. Bu naqlning mazmuni shundaki, hech kimga foydasi tegmay, chekka-chekkada jimgina yuradigan kishilar hech kimga kerak emas. Kuyib-yonib, mashaqqatli mehnati orqali obro' topayotganlarga esa doimo raqib topiladi. Rohatoy onaning tinim bilmay qilgan mehnati el nazariga tushgani ayrim kishilarning g'ashini keltirdi. “Shu mushtdekkina kampirga nima bor tog'u tosh orasida, idorama-idora qatnagandan ko'ra uyida jimgina o'tirsa bo'lmaydimi?” deguvchilar bo'ldi.

Qarang-a, kimdir taqir-toshli joyni obod qilib, u yerda qandu novvot mevalar yetishtirsa-yu, “barakalla” deyish o'rniga uning yo'liga g'ov bo'lishsa!

Yaxshiyamki, oqni oqqa, qorani qoraga ajratadigan adolatli-insofli rahbarlar bor. Rohatoy Qo'ysunovaning mehnati yuqori tashkilotlar tomonidan munosib taqdirlandi, hatto u bir qancha yillar Urgut shahar Kengashi deputati sifatida ham faoliyat yuritdi.

Qachonki Rohatoy Qo'ysunova bog' ishi bo'yicha o'g'illaridan fikr so'rasa, ular: “Sizdan o'tadigan bog'bon yo'q-ku, ona”, deyishardi. Bir kuni: “Menga suyanib qolmanglar, har biringiz o'z bog'ingizni yarating”, dedi farzandlariga. Shu suhbatdan ko'p o'tmay, ona qazo qildi.

Kichik o'g'il Luqmonjonning aytishicha, bog'bon ona nabiralariga shunday nasihatnoma yozib ketibdilar: “Har qarich tuproqning qadriga yetdim, faqat mehnat qildim, nimaiki topgan bo'lsam, shu tuproqdan topdim. Sizlar mening ishlarimdan o'rnak oling, ko'p mehnat qiling, chunki mehnat odamni ulug' qiladi, izzat-hurmatini oshiradi…”

O'g'illar bog'-rog'larni yashnatishni o'z qo'llariga oldilar. “Amin, Tursun, Qo'ysun bog'lari” fermer xo'jaligida har yili ish qizigandan-qiziydi. Bog'lar yanada kengaydi, hosili ham shunga yarasha…

Muborak hadislardan birida keltiriladi: “Ibn Qudomadan “Baxtli inson kim?” deb so'rashdi. U zot: “Nafasi to'xtasa ham yaxshiliklari to'xtamaydigan inson”, deb javob berdilar”.

Ha, el-yurt tashvishini qilib, shu yo'lda tinib-tinchimaydigan odamlar ayrimlarga yomon ko'rinishsa-da, doim elning nazarida va chinakam baxtlidirlar. Bunday kishilar esa oramizda ozchilik emas.

Gulchehra JAMILOVA,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan

jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty − 2 =