Boqiy misralar

Zahiriddin Muhammad BOBUR
EY, KO'NGUL…
Kim ko'rubdur, ey ko'ngul, ahli jahondin yaxshilig',
Kimki, ondin yaxshi yo'q, ko'z tutma ondin yaxshilig'.
Gar zamonni naf'y qilsam, ayb qilma, ey rafiq,
Ko'rmadim hargiz, netoyin, bu zamondin yaxshilig'.
Dilrabolardin yomonliq keldi mahzun ko'ngluma,
Kelmadi jonimg'a hech oromi jondin yaxshilig'.
Ey ko'ngul, chun yaxshidin ko'rdung yamonlig' asru ko'p,
Emdi ko'z tutmoq ne, ya'ni har yamondin yaxshilig'.
Bori elga yaxshilig' qilg'ilki, mundin yaxshi yo'q
Kim, degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshilig'.
Yaxshilig' ahli jahonda istama Bobur kibi,
Kim ko'rubdur, ey ko'ngul, ahli jahondin yaxshilig'.