Buyuk tamaddunga buyuk e'tibor

Asrlar o'taverdi… Milliy tafakkurimiz, milliy madaniyatimiz durdonalari, ulug' tog'lar ko'ksidagi xazina-yu dafinalarimiz yog'iylarga o'lja bo'lib, dunyoning turli puchmoqlariga singib ketdi. Prezidentimiz ta'kidlaganidek: “Xalqimizning boy va betakror merosiga oid ko'p kitoblar, turli o'lkalarga sochilib ketgan qo'lyozmalar, noyob ma'lumotlar, san'at asarlari, afsuski, bizga noma'lum edi”.
Biroq xalqimizda “Oyning o'n beshi qorong'i bo'lsa, o'n beshi yorug'”, degan hikmatli so'z bor. Nihoyat, biz uzoq kutgan o'sha kun keldi. Ta'bir joiz bo'lsa, yurtboshimiz unut bo'lgan tarix qalbiga qo'l soldi — nurli yo'l soldi. 2017 yil 23 iyunda “O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi tarixiy qarorga imzo chekdi. 2018 yilning Ramazon hayiti kuni esa davlatimiz rahbari uning poydevoriga ramziy tamal toshi qo'yar chog'ida: “Bu markazni qurishdan maqsad islom ma'rifatini o'rganish, bobolarimizning buyuk merosini avvalambor xalqimizga, dunyo hamjamiyatiga yetkazishdir”, — degan edi.
Bugungi kunda qadimgi me'moriy obidalarimizning suvrat va siyratini o'zida aks ettirgan, mahobati bilan har qanday xorijlik mehmonni ham shoshirib qo'yadigan uch qavatli majmuaning to'rt tomonida balandligi 34 metrlik peshtoqlarning ko'kka bo'y cho'zishi, o'rtadagi 65 metrlik gumbaz… Naqshlarida quyosh nuri sirpanayotgan ranglarning beqiyos uyg'unligi alohida ko'rk va salobat bag'ishlagan muhtasham bino qad rostlab, qurilishi yakuniy bosqichga kirgan ushbu majmua tariximizda ilgari bo'lmagan ulkan va noyob loyiha… noyob me'moriy hodisadir.
…Biz respublika oila va xotin-qizlar qo'mitasi, oqila ayollar harakati faollari ko'z tushishi bilan ko'z va ko'ngilni o'ziga maftun qilib, cheksiz hayratga soladigan ulug'vor, muhtasham markaz binosi qoshida havas va faxr bilan turibmiz. Dildan kechayotgan hayajonlarni so'z bilan ifoda etish qiyin. Chunki peshtoqlariga Qur'on oyatlari bitilgan bu ulug'vor maskan sirli, nurli va qadimiy tariximizning ilm-ma'rifat bog'laridan xush nasimlarni dimog'ingizga olib keluvchi, hikmat chashmalarining suvi-la serob qilib, chanqog'ingizni qondiruvchi tilsimdek tuyuldi menga…
Bizni sinchiklab kuzatib turgan, markazning qurilishiga oid har bir ikir-chikirni yoddan biluvchi, uning faoliyatiga mas'ul yurtdoshimiz mehr bilan hikoya qilar ekan, beixtiyor hammamizning ko'nglimizdan Prezidentimizning 2017 yil sentyabr oyida BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasida so'zlagan nutqi kechdi:
“Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zo'ravonlik va qon to'kish bilan bir qatorga qo'yadiganlarni qat'iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da'vat etadi. Markaziy Osiyo Uyg'onish davrining ko'plab yorqin namoyandalarining islom va jahon sivilizatsiyasiga qo'shgan bebaho hissasini alohida qayd etmoqchiman. Ana shunday buyuk allomalardan biri Imom Buxoriy o'z ahamiyatiga ko'ra islom dinida Qur'oni karimdan keyingi muqaddas kitob hisoblangan “Sahihi Buxoriy”ning muallifi sifatida butun dunyoda tan olingan. Bu ulug' zotning g'oyat boy merosini asrab-avaylash va o'rganish, ma'rifiy islom to'g'risidagi ta'limotini keng yoyish maqsadida biz Samarqand shahrida Imom Buxoriy nomidagi Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish to'g'risida qaror qabul qildik. Toshkentda tashkil etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati ham shu maqsadga xizmat qiladi”.
“O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish bo'yicha keng ko'lamli ishlar boshlangandan buyon muhtaram Prezidentimiz yetti marotaba Hazrati Imom majmuasiga tashrif buyurib, Islom sivilizatsiyasi markazining loyihalash va qurilish ishlari bilan tanishdi, — dedi suhbatdoshimiz, so'ngra majmua ichkarisiga taklif qildi.
Biz bino ichkarisiga qadam qo'yar ekanmiz, markazning eng asosiy qismida Qur'oni karim zali bunyod etilayotganining guvohi bo'ldik. Zal ajib bezagi va shukuhi bilan qalbga orom berar, baland shiftdan xuddi nur quyilayotgandek edi. Katta, salobatli zal — umuman, Islom sivilizatsiyasi markazi dunyo me'morchiligini takrorlamaydigan mo''jiza bo'lib tuyuldi menga. Xayolimdan yarq etib, bir fikr chaqmoqdek o'tdi: bu muhtasham markaz o'xshasa faqat o'ziga o'xshaydi. Uning boshqa egizagi yo'q. Shu o'rinda suhbatdoshimiz mamlakatimizda so'nggi yillarda vijdon va e'tiqod erkinligini mustahkamlash, diniy-ma'rifiy savodxonlikni oshirishga katta e'tibor qaratilayotganini alohida ta'kidlab, bundan bir necha yil muqaddam davlatimiz rahbari aholi bilan o'tgan uchrashuvlardan birida beixtiyor azon tovushini eshitib, bir muddat to'xtab qolgan, keyin shunday izoh berganligi haqida to'xtab o'tdi:
“Xudoga shukur, oldin azonlar eshitarmidik? Qanday yoqimli! Hamma narsa yopiq edi, ko'p narsa mumkin emasdi. Mumkin emas, nimaga mumkin emas? Bu ham o'zligimizni anglash, qadriyat-ku! Islom dinini o'qigan, to'g'ri tahlil qilgan, to'g'ri yo'l tanlagan odam hech qachon kam bo'lmaydi. Dinimizning buyukligini, insonparvarligini, ezguligini tarannum qilishimiz kerak. Bu ham bizning tariximiz, ertangi kunimiz, o'zligimiz…”.
O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida ham ana shu yo'nalishdagi qo'lyozma, bosma va elektron adabiyotlarni jamlash, ularning maxsus ekspozitsiyasini yaratishga alohida e'tibor qaratilayotganligi, majmua markazida Qur'oni karim zalining joy olishi ham Yaratganning muborak kalomiga bo'lgan cheksiz ehtirom natijasidir. Muhtaram Prezidentimiz “Qur'onni eshitish, eshita olish yuksak ma'naviyat, ma'rifat. Qur'on hech qachon yomonlikka da'vat qilmaydi. Agar Qur'oni karimni eshita olsak, eshittira olsak, bu muvaffaqiyat bo'ladi. Elimizga nur keladi”, deb bejiz ta'kidlamagan edilar, — dedi suhbatdoshimiz. Shundan so'ng ushbu zal haqida batafsil so'zlab berdi:
— Qur'oni karim zali ekspozitsiyaning markaziy qismida joylashgan. Uning asosiy eksponati Qur'oni karimning ilk olti yozma variantlaridan biri — Usmon Mushafi umumbashariy ahamiyatga molik muqaddas bitikdir. Qur'oni karim zali ekspozitsiyasining alohida o'rni va ahamiyati eng avvalo mazkur fakt bilan belgilanadi.
Qur'oni karim zali cakkiz qirrali interyerga ega bo'lib, diametri 45 metr, umumiy hududi esa 1 638 kvadrat metrni tashkil etadi. O'rtada — 55,6 metr balandlikdagi gumbaz ostida VII asrda bitilgan islom olamining durdonasi hisoblangan Qur'onning eng qadimiy nusxasi — Usmon Mushafi joylashtiriladi.
Usmon Mushafi maxsus vitrinada, Samarqanddagi Bibixonim masjidi hovlisida saqlanayotgan qadimiy marmar lavhga o'xshash pyupitrda namoyish etiladi. Lavhning tepa qismi ustunli shaffof gumbaz bilan yopiladi. Shuningdek, u yerda Usmon Mushafi tarixini yoritib beruvchi matn joylashtiriladi.
O'zbekistonda saqlanayotgan kiyik terisiga yozilgan Usmon Mushafi YuNESKO tomonidan 1997 yili jahon xotirasi durdonalari ro'yxatiga kiritilgan. 2000 yil 28 avgustda mazkur Mushafga YuNESKO tomonidan asl qo'lyozma ekanligini tasdiqlovchi sertifikat berilgan.
Qur'on zali interyeriga Qur'on haqidagi oyatlar va hadislar yoziladi. Mushaf joylashtiriladigan ayvon ichiga Saudiya Arabistoni Podshohi tomonidan Islom sivilizatsiyasi markaziga sovg'a qilingan Ka'bapo'sh bo'lagi ilinadi.
Zal devorlarida Mushafdan olingan oyatlar tushirilgan 8,1x3,7 metr o'lchamdagi 8 ta ipak gilam 4 ta ravoqda namoyish etiladi. Gilamlarga Usmon Mushafidan olingan oyatlar bitiladi.
Birinchi gilamda “Fotiha” surasining 1-7-oyatlari hamda “Baqara” surasining 1-5-oyatlari keltirilgan.
Ikkinchi gilamda “Baqara” surasining 137-142-oyatlari tushirilgan.
Uchinchi gilamda “Oli Imron” surasining 199-200-oyatlari va “Niso” surasining 1-2-oyatlari tushirilgan.
To'rtinchi gilamda “Isro” surasining 110-111-oyatlari va “Kahf” surasining 1-6-oyatlari keltirilgan.
Beshinchi gilamda “Maryam” surasining 97-98-oyatlari hamda “Toho” surasining 1-6-oyatlari keltirilgan.
Oltinchi gilamda “Yosin” surasining 82-83-oyatlari hamda “Soffot” surasining 1-9-oyatlari keltirilgan.
Ettinchi gilamda “Soffot” surasining 179-182-oyatlari hamda “Sod” surasining 1-6-oyatlari tushirilgan.
Sakkizinchi gilamda “Sho'ro” surasining 52-53-oyatlari va “Zuxruf” surasining 1-8-oyatlari tushirilgan.
Mazkur gilamlar joylashuvining estetikasi, ularning yerdan balandligiga alohida ahamiyat beriladi. Sakkizta gilamda aks ettiriladigan oyatlarning asliyatdagi kufiy xatidan tashqari, nasx xatidagi varianti hamda o'zbek, ingliz, rus va boshqa tillardagi tarjimalari QR kod orqali beriladi.
Gilamlar ustidagi birinchi doiraga ta'avvuz, so'nggisiga “Sadaq Allohul azim” kalimalari, bularning orasidagi (2-7) doiralarga oyatlar yoziladi.
Gilamlarning old tarafidagi vitrinalarda Qur'oni karimning Markaz fondida saqlanayotgan qadimiy qo'lyozma nusxalaridan namunalar bilan bir qatorda Qur'onning Turkiya davlatidagi To'pqopi muzeyida saqlanayotgan Hazrat Ali (r.a.) qo'llari bilan yozilgan nusxasi, Zahiriddin Muhammad Bobur tuzgan “Xatti Boburiy” imlosida ko'chirilgan nusxasi, Usmon Mushafining xattot Habibulloh Solih tomonidan ko'chirilgan “egizak” nusxasi va Amir Temurga atab tayyorlangan, xattot Najmiddin Fayoziy ko'chirgan nusxa, Qur'onning sahobalar davrida ko'chirilgan nusxalari, Amir Temurning nevarasiga atab ko'chirtirgan nusxasi, dunyoda tengi yo'q, o'ta qimmatbaho Amir Temur Qur'oni, Temuriylarning rangli mushaflari, Qo'qon Xoni Amir Umarxon 1824 yilda Turkiya Usmonli sultoni Mahmud Sultonga sovg'a qilgan Qur'on nusxasi, temuriylar davriga oid Qur'onning boshqa nodir nusxalari, xorijda saqlanayotgan O'zbekistonga oid qo'lyozma mushaflarning faksimile nusxalari kabi noyob xazinalar joylashtiriladi.
Gilamlarning old tarafidagi vitrinalarda Qur'oni karimning O'zbekistonga bevosita aloqador bo'lgan 114 nodir qo'lyozmasining asl va faksimile nusxalari namoyish etiladi. Buning uchun zaldagi 10643 mm o'lchamli ravoqlar orasida 4 dona va 2753 mm lik 8 ta ustun ostida 8 dona — jami 12 dona vitrina joylashtiriladi.
Ushbu vitrinalarda namoyish etiladigan O'zbekistonga bevosita aloqador bo'lgan 114 ta Qur'on qo'lyozmasi haqida ma'lumotlar jamlanmoqda. Hozirda mamlakatimiz va xorijda, muzey, kutubxona, shaxsiy kolleksiyalarda saqlanayotgan nodir qo'lyozmalar o'rganilmoqda. Ulardan sakkizinchi asrga mansub nodir qo'lyozma — Katta Langar Qur'onining Toshkent va Sankt-Peterburgda saqlanayotgan 97 ga yaqin sahifasi, shuningdek, Tohiriylar, Somoniylar, Qoraxoniylar, G'aznaviylar, Xorazm Ma'muniylar, Saljuqiylar, Anushteginiylar, musulmon mo'g'ul hukmdorlari, Chig'atoy ulusi, Temuriylar, Boburiylar, Safaviylar, Ashtarxoniylar, Buxoro, Qo'qon va Xiva xonliklari kabi turli davrlarda mamlakatimiz hududida ko'chirilgan yoki asrlar davomida yurtimizda saqlab kelinayotgan Qur'oni karim nusxalari aniqlanib, Qur'on zalidagi ushbu vitrinalarda namoyish etiladi.
Qur'oni karim zalidagi ekspozitsiyaning “114 Qur'on qo'lyozmasi” deb nomlanishiga Qur'oni karimning 114 ta surasi sonidan kelib chiqib, shartli ravishda tanlangan.
Qur'oni karimning ilmiy asoslangan 66 ga yaqin nomi Usmon Mushafi tepasidagi gumbaz ostidagi naqshlar qismida yoziladi.
Qur'on zali devorlari, bezaklari foni och yashil, moviy singari tinchlantiruvchi ranglarda tasvirlanadi.
Qur'on zalining kirish eshigiga Baqara surasining 144-oyati yoziladi.
Qur'on zalida 24 soat davomida qorilarning jonli tilovat qilishi uchun maxsus joy (yoki xona) tashkil etiladi.
Qur'on zali bo'limiga kiruvchilar uchun maxsus libos (dress kod) joriy qilinadi. Qur'on zalida, shuningdek, multimedia mahsulotlarini namoyish etish imkoniyatlari ham ko'rib chiqilmoqda.
Shuningdek, majmuada “Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar”, “Birinchi Renessans davri”, “Ikkinchi Renessans davri”, “O'zbekiston XX asrda”, “Yangi O'zbekiston — yangi Renessans” kabi bo'limlar tashkil etiladi.
Mazkur davrlar tarixi turli ashyolar, qo'lyozma manbalar, suratlar va multimedia vositalari orqali namoyish etilgan. Xorazmiy, Farg'oniy, Forobiy, Beruniy, ibn Sino, Burhoniddin Marg'inoniy, Mahmud Zamaxshariy, Mirzo Ulug'bek, Alisher Navoiy, Bobur mirzo, Ali Qushchi kabi alloma va mutafakkirlarning serqirra faoliyati haqida ma'lumot berilgan. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Hakim Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Abu Muin Nasafiy, Qaffol Shoshiy, Abdulxoliq G'ijduvoniy, Najmiddin Kubro, Bahouddin Naqshband, Xo'ja Ahror Valiy kabi ulamolarning islom ma'rifatiga qo'shgan hissasi atroflicha yoritilgan.
— Ayni vaqtda majmuada Bibixonim, Xonzodabegim, Gavharshodbegim, Gulbadanbegim, Nodirabegim, Uvaysiy, Anbar Otin kabi tariximizda chuqur iz qoldirgan mashhur ayollarning ilm-ma'rifat homiysi sifatidagi faoliyati ham o'z ifodasini topgan. Bu ekspozitsiya bugungi qizlar uchun ibrat namunasi bo'lib xizmat qiladi. Hozir ana shu zal bilan sizlarni tanishtiraman, — dedi suhbatdoshimiz.
Biz Bosh vazir o'rinbosari, respublika oila va xotin-qizlar qo'mitasi raisi Zulayho Mahkamova boshchiligida ushbu zalga kirib, davlat boshqaruvida, oilada ilm-ma'rifat charog'boni bo'lib, hozirgacha tarix taxtidan tushmay kelayotgan ulug' ayollarimiz merosi ham bus-butunligicha yoshlarimiz ongiga singdirilishi haqida fikr-mulohazalar aytildi.
— Shu o'rinda men Prezidentimizning majmua haqida aytgan so'zlarini eslatib o'tmoqchiman, — dedi fidoyi yurtdoshlarimizdan biri Farida Abdurahimova. — bu so'zlar barchamizga dasturilamaldir: “Islom sivilizatsiyasining, islom ta'limotining zamini — aslida, ilm-fan, madaniyat, ta'lim va tarbiyadir. Vatanimiz poytaxtida barpo etilayotgan markazning bosh g'oyasi, asosi ham shu. Eng muhim tomoni — yurtimizdagi islom madaniyati bilan bog'liq bir necha ming yillik qadimiy o'tmish bir joyda — mana shu majmuada mujassam bo'ladi. Markaz bilan tanishgan odam ana shu tarixni yaqqol ko'rib, islom dini, bu avvalo, tinchlik, taraqqiyot va bag'rikenglik dini ekanini, o'zbek xalqining dunyo tamadduniga qo'shgan buyuk hissasini anglaydi”.
Muhtasham Islom sivilizatsiyasi markazi binosi oldida foto va videotasvirga tushar ekanmiz, Eski shaharning tarixiy Qorasaroy ko'chasidan o'tib ketayotgan yo'lovchilarning, yosh-yalanglarning bu qutlug' majmuaga qaraganlarida ko'zlarida porlagan hayrat, quvonch, g'urur tuyg'ularini ko'rar ekanman, o'zimga ham Yangi O'zbekiston havolaridan nafas olish, shunday tarixiy kunlarning guvohi bo'lish baxti nasib qilganidan masrur edim.
Sharifa SALIMOVA