“Haq olinur, berilmaydur”

yoxud Behbudiy ijodida inson huquqlari himoyasi

“Turk adami markaziyat (federalist) firqasining maromnomasi” hujjati buning tasdig'idir. Bu hujjatning tashabbuskorlaridan biri Mahmudxo'ja Behbudiydir. Bu hujjatni u Turkistonning o'n uchta taraqqiyparvarlari bilan ishlab chiqdi. “Maromnoma”dan maqsad o'lkada muxtoriyat masalasi edi.

Inson huquqlarini  himoyalashga qaratilgan hujjatning birinchi  bo'limida “Davlat va muxtoriyat” masalasi bo'lib, o'lkada “Xalq jumhuriyati tashkil etmak” masalasi turadi. O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 7-moddasida: “Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir” deyilganidek, ular ham xalq hokimiyati bo'lishni ayni paytda o'rtaga qo'ygan edilar.Taraqqiyparvarning o'lkada muxtoriyatni tashkil etishga qaratilgan insonparvarlik g'oyalari keyingi moddalarda birin-ketin kafolatlanib boradi. Hujjatda xalq tomonidan saylanadigan deputatlarning mavjud bo'lishligi aytiladi: “Muxtoriyatli qit'alarda ochiladurg'on majlisi mab'usong'a (deputatlar palatasi), mahalliy idoralarga va boshqa butun tashkilotga saylanadurgan a'zolar umumiy, barobar, yashirin va bevosita saylov usuli ila saylanadur”. Bunday demokratik qoidalarning 1917 yilda qo'yilishi chinakam jasorat edi.

“Maromnoma”da ushbu qoidaga rioya qilingan holda haq va huquqlarni olish masalasi ham qo'yilgan. Ya'ni, erkaklar va xotinlarning tenglik masalasi bo'lib, “millatning yigirma yoshig'a yetub ahliyat paydo qilg'on har bir fardi: er bo'lsin, xotun bo'lsin – sinf, din va mazhab ayirmasig'a boqmasdan – saylamak va saylanmak haqina molikdur”. O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 58-moddasida: “Xotin –qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar” deb yozib qo'yilgan. Taraqqiyparvarning qarashlarida insonlarning istiqboliga adolat tamoyili tomonidan yondashganligini ko'ramiz. Bu hujjat mustabidlik tuzum davrida yaratilishiga qaramasdan, millatning kelajagi va huquqlari himoyachisi sifatida maydonga chiqqan edi.

Millat fidoyisining ishlab chiqqan hujjatini o'qir ekansiz, insonning huquqi bilan bog'liq bironta ham qoidalarning qolib ketmasligiga e'tibor qaratganligini ko'rasiz. Muxtoriyatli o'lkaning ma'muriy-hududiy tuzilishi ishlab chiqilgan bo'lib, uni viloyat, sanjoq (uezd), nohiya (uchastka) boshqaruv tizimlaridan iborat bo'lishi ko'rsatiladi.

Shuningdek, muxtoriyatli o'lkani “rasmiy tili aksar xalqning so'ylag'on tili” masalasi qonuniylashtirilgan.

Hujjatda milliy, diniy masalalarda ham kelajakni nazarda tutuvchi normalar ishlab chiqilgan. E'tiborga molik bo'lgan masalalardan keyingisi “Muxtoriyatli qit'alarda ahliyat (fuqarolik huquqi)” masalasidir.  Unda inson va fuqarolarning asosiy huquq hamda erkinliklari o'z aksini topgan. Ya'ni, “Jumla aholi, qaysi din va qaysi mazhabda bo'lsa ham qonun qoshida barobar sanalur”. Qarangki, mustaqil demokratik Konstitutsiyamizning 19-moddasida: “O'zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo'lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, e'tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeidan qat'i nazar, qonun oldida tengdirlar” normasining aynan o'zi shu norma bilan bir xil berilganligini ko'ramiz.

Behbudiyning “Maromnoma”sida keltirilayotgan moddalarning mazmuni, uning inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi normalari bugungi kundagi rivojlangan mamlakatlar konstitutsiyalariining normalariga hamohangdir.  “Inson huquqlari Umumjahon Deklaratsiyasi”ning 18-moddasida kafolatlanganidek: “Har bir inson fikr, vijdon va din erkinligi huquqiga ega; bu huquq o'z dini yoki e'tiqodiini o'zgartirish erkinligida va ta'limotda, toat-ibodat qilishda va diniy rasm-rusm hamda marosimlarni ommaviy  yoki xususiy tartibda ado etish, o'z dini yoki e'tiqodiga yakka o'zi, shuningdek, boshqalar bilan birga amal qilish erkinligini o'z ichiga oladi”.

“Maromnoma”da: “Hurriyati vijdon (vijdon erkinligi) tom ma'nosila ijro qilinub, aholidan hech kim dini, mazhabi va e'tiqodi uchun ta'qib va tazyiq qilinmas”. Bu normaning ham O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ifodalanishi 35-moddada qo'yidagicha: “Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har kim xohlagan dinga e'tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e'tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo'l qo'yilmaydi”. Shuningdek, “har kim o'z fikrini, xayolini so'ylamakda, matbuot va boshqalar vositasi ila nashr va e'lon  qilmoqda ixtiyoriydur”, “har kimning yig'ilib ijtimo' yasamoqg'a (yig'ilmoqg'a) haqqi bordur” kabi normalari bugungi kun demokratik qomusiy hujjatlardan mustahkam o'rin egallaganligini ko'ramiz.

Qomusiy hujjatning “Maorif ishlari” bobi muhim norma sifatida alohida ahamiyat kasb etadi: “ilm va maorif ishlarida jumla aholi din va millatga ayrilmasdan, erkak va xotunlar barobardur”. Ko'rinadiki, taraqqiyparvar tomonidan kiritilayotgan normalarning hammasi xalqaro inson huquqlari normalariga hamohang ravishda ishlab chiqilgan. Shuningdek, hujjatda xususiy maktablarning ochilishiga yo'l qo'yilishi rasmiylashtirilgan. Ta'kidlash joizki, hujjatda maktablarning bosqichlari, tizimi to'g'risida alohida qoidalar joriy qilingan. Ya'ni, boshlang'ich maktab, to'liqsiz o'rta maktab, o'rta maktab, oliy o'quv yurtlarining bo'lishi shular jumlasidandir. Eng muhimi, hujjatda: “Ta'limi ibtidoiyaning umumiy, majjoniy (pulsiz) va majburiy bo'lmog'i kerakdur”. Ushbu modda bugungi kunda Konstitutsiyamizda: “Har kim ta'lim olish huquqiga ega. Davlat uzluksiz ta'lim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat ta'lim tashkilotlari rivojlanishini ta'minlaydi. Davlat maktabgacha ta'lim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratadi. Davlat bepul umumiy o'rta ta'lim va boshlang'ich professional ta'lim olishni kafolatlaydi. Umumiy o'rta ta'lim majburiydir (50-modda)”.

“Maromnoma”ning “Iqtisod va moliya masalalari”, “Yer masalasi”, “Ishchilar masalasi”, “Adliya masalasi” bo'limlarida ham muhim normalar kiritilgan bo'lib, inson huquqlarining himoyasiga qaratilgan moddalar joy olgan. Jumladan, “Xususiy yerlar to'g'risida”gi qoidalar kiritilishining o'zi ham Behbudiyni kelajakni oldindan ko'ra bilgan qonunshunos ekanligini ko'rsatadi. “Ba'zi havodislar (hodisalar) sababli (Mingtepadagi eshon voqeasi kabi) jamoat qo'lidan jabran musodara qilinub, boshqalarg'a taqsim qiling'on yer va qishloqlarni avvalg'i egalariga qaytarmoqg'a harakat qilinur”.

Behbudiy mustabid davrida mahalliy xalqlarning yer borasidagi haq-huquqlari paymol etilganligiga to'xtaladi. “Hukumat yoki jamoat tarafidagi musodara qiling'on vaqflarning barchasini vaqfnomaga muvofiq aslig'a qaytarmoq uchun teyishli tadbirlarg'a hozirdan boshlab kirishur” deb norma sifatida kiritiladi. Shuningdek,  ushbu yer va qishloqlar avvalgi xususiy holda tegishli millat vakillariga qaytarilishi kafolatlanadi.

“Maromnoma” hujjati Turkiston o'lkasida millat huquqini himoya etuvchi tarixiy hujjat hisoblanadi. Unda muxtoriyatli davlatning barcha huquqiy masalalari kafolatlab berildi. Qolaversa, fuqarolik, vijdon erkinligi, so'z va matbuot erkinligi, yig'ilish o'tkazish, maxsus organlarning ruxsatisiz fuqaroga tintuv o'tkazmaslik, shaxsning oila muhofazasi ham asosiy joy olgan edi.

Behbudiyning inson huquqlari va erkinliklari bo'yicha qarashlari bugungi kunda ham o'z qadrini va kuchini yo'qotganicha yo'q. Uning butun qarashlari kelar zamon uchun edi. Hazrat aytganiday: “Har bir millat va mamlakat xalqi o'zini huquqi diniya va siyosatini harakat va ittifoq ila boshqalardan oladi. Bilmoq kerakki, “Haq olinur, berilmaydur!”.

Normurod AVAZOV,

Alfraganus universiteti professori,

filologiya fanlari doktori.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

13 − 6 =