Iste'mol madaniyati

unga ega bo'lish uchun tarbiya oiladan boshlanishi kerak!

Misr piramidalarining birida shunday yozuv bor ekan:

“Odam iste'mol qiladigan ovqatining to'rtdan bir qismi hisobiga o'zi hayot kechiradi. To'rtdan uch qismi hisobiga esa uni davolaydigan tabib kun ko'radi!”

Qadimda ham ovqatlanish bilan bog'liq xastaliklar mavjud bo'lib, bu hol bugungi davrgacha davom etayotgani ayon. Lekin haqiqat shuki, o'tmishda odamlar musaffo havodan nafas olishgan, doimiy ravishda jismoniy harakat qilishgan, bu esa o'z-o'zidan ovqat hazmini tezlashtirgan. Mutaxassislar bot-bot ogohlantirmoqda, endilikda kamharakatlilik va ekologik ahvolning yomonligi, shuningdek, organizm moslashmagan yeguliklar xilma-xilligi tobora ortayotgani tufayli ko'pincha yeyilgan taomning (ayniqsa, me'yordan ortiq iste'mol qilinganining) hazmi og'ir kechib, turli kasalliklarga sabab bo'ladi.

O'zimizga parvarish zarur

Aslida, g'alati fe'limiz bor. Hovlimizdagi daraxt va gullarni mehr bilan parvarishlaymiz, kuya tushmasin deb kiyim-kechaklarni avaylab-asraymiz, qimmatbaho buyumlarga gard yuqtirmaslikka harakat qilamiz. Lekin o'zimizga qolganda… shunchalik e'tibor hamda vaqt ajratmaymiz. Axir bizning ham vujudimiz va ruhiyatimiz parvarishga muhtoj. Uzoq umr kechirishni orzu qilarkanmiz, o'z sog'lig'imiz haqida qayg'urmay turib bunga erishib bo'lmaydi, shunday emasmi?

Qadimgi tabiblar me'dani tozalab turish va tez-tez qon oldirishni uzoq yashash omili deb hisoblashgan ekan. Ko'plab allomalar masalaning boshqa jihatiga e'tiborni qaratishgan. Masalan, Ahmad Donish: “Ovqatlanish qoidalariga amal qilgan kishi 120 yil yashaydi”, deydi. Mahatma Gandi esa 1000 xil kasallikning 999 tasini to'g'ri ovqatlanish orqali davolash mumkinligini aytadi.

To'g'ri ovqatlanish, aslida, tanamizga kerakli kuch-quvvat va zarur vitaminlarni yetkazib beruvchi taomlarni tanlashdan iborat. Nutritsiologiya (ovqatlanish haqidagi fan) mutaxassislarining ta'kidlashlaricha, vujuddagi sog'lom hujayralarni zararlovchi erkin radikallarning ishga tushishiga sharoit yaratib beruvchi asosiy omil sifatsiz yeguliklar bilan ovqatlanish ekan.

Biz ko'pincha do'konga kirsak, peshtaxtaning eng yuqorisidan joy olgan yarqiroq idishlardagi yeguliklarga mahliyo bo'lamiz, hatto qimmat bo'lsa-da, xarid qilamiz. Bunday qadoqlangan mahsulotlarning organizm uchun nafi kamroq. Tanani to'la quvvat bilan ta'minlash uchun o'z tuprog'imizda yetishtirilgan sarxil meva-sabzavotlardan tayyorlangan oziq-ovqatlarni ko'proq iste'mol qilish foydali ekanligi ma'lum.

Iste'mol madaniyati, aslida, salomatligimiz uchun xizmat qiladigan oziq-ovqatlar haqidagi bilimga ega bo'lishimizdir. Ana shundagina ulardan oqilona foydalanishimiz mumkin.

Oziq-ovqat mahsulotlarini sifat jihatdan to'g'ri tanlay olishimiz zarur. Ma'lumki, konservalangan, denaturlangan, rafinirlangan, umuman, kletchatkasi (oziq tolalari) bo'lmagan, mineral tuzlari va vitaminlari kam yeguliklarni me'da yaxshi qabul qilmaydi. Bizga chetdan keltirilayotgan ko'plab yeguliklar qadoqlangan idishlardagi raqamli belgilar alohida mazmunga ega ekanligini shu soha mutaxassislari aniqlashgan. Ularning aytishlaricha, xorijning yirik oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi kompaniyalari va filiallari aynan bitta mahsulotning uchta toifasini sotuvga chiqaradi. Ya'ni, birinchisi ichki bozorda sotish uchun sifatli, ikkinchisi rivojlangan davlatlarga eksport qilish uchun yuqori sifatli va uchinchisi rivojlanayotgan davlatlarga sotish uchun past sifatli mahsulotlar chiqarilib, aynan oxirgi toifadagi mahsulot tarkibida inson sog'lig'iga zarar yetkazuvchi konservantlar (qo'shilmalar) bor.

Nutritsiologlar ta'kidlashlariga ko'ra, zararli konservantlar “E” harfi va uch xonali son bilan belgilanadi. Ularni xarid qilayotganda harf va raqamlariga e'tibor berish muhim. Masalan, Ye-250 — qon bosimi bor bo'lganda iste'mol qilish mumkin emas. Ye-320 — tarkibida xolesterin ko'p. Ye-340, Ye-453 harf va raqamlari esa yeyilgan ovqatning ichaklarga so'rilishini susaytirishini bildiradi.

Shunday ekan, yeguliklarni tanlash va iste'mol qilishda hushyor va sergak bo'lishimiz zarur. Negaki, bu salomatligimiz uchun juda muhim.

Taomlarga oid tadqiqotlar

(Olim bilan shu mavzuda suhbat)

Bugungi tezkor davrda hamma qaergadir shoshadi: ishga, o'qishga yoki biror xizmatga… Vaqtni tejash maqsadida yo'l-yo'lakay ovqatlanish hollari ko'p uchraydi. Buning uchun deyarli barcha bekatlar yonida fast-fudlar bilan savdo qiluvchi shoxobchalar mavjud. Ularning borligi, albatta, yaxshi, chunki bir zumda nimadir yeb olib, yana yo'lda davom etish mumkin. Ko'cha taomlari hisoblangan gamburgerlar, sendvich, pissa, xotdog kabilar, ayniqsa, yoshlar orasida juda ommalashib ketgach, tinib-tinchimas olimlar ularning salomatlikka foyda-zararini taroziga solish maqsadida bir qancha tadqiqotlar o'tkazishibdi. Suhbatimiz chog'ida biologiya fanlari doktori, professor Shoniyoz Qurbonovga o'zimni qiziqtirgan savol bilan murojaat etdik.

— Sog'lom ovqatlanishga oid ko'plab maqolalar muallifi sifatida bunday tadqiqotlar natijasidan xabardor bo'lsangiz kerak-a?

— Aslida, fast-fud mahsulotlarini iste'mol qilish yomon holat emas. Lekin har narsada me'yorni unutmaslik lozim. Buni qarangki, ko'cha taomlariga haddan ortiq ruju qo'yish o'smir yoshlarda rinit (tumov) va ekzemaning yuzaga kelishiga sababchi bo'lishi aniqlangan. Chunki ularga qo'shilgan har xil moddalar ba'zan allergen vazifasini o'taydi. Yana bir jihati, fast-fud taomlarning ko'pchiligiga shirin qayla qo'shiladi, lazzatli ta'm beruvchi qo'shilmalari borligi tufayli fast-fudlarning energetik qiymati uch marotaba ko'payadi. Doimiy ravishda iste'mol qilinganda, bu taomlar semizlikni keltirib chiqarishi mumkin.

Tadqiqotlar davomida ma'lum bo'lishicha, birgina kartoshka-fri tayyorlashda sof kartoshkadan tashqari yana 18 xil modda qo'shiladi. Bularning har biri oshqozon-ichaklar faoliyatiga sezilarli darajada ta'sir qiladi. To'yingan yog' kislotalari (asosan, margarin) qo'shib tayyorlanayotgan fast-fud yeguliklar, birinchidan, qiyin hazm bo'ladi, ikkinchidan esa, ulardagi margarin yuqori haroratda zararli transyog'larga aylanib, tanadagi himoya funksiyasining kuchsizlanishiga olib keladi. Bundan tashqari, tayyorlash jarayonida me'yordan ortiq tuz ishlatilishi oqibatida fast-fudlar organizmdagi suv miqdorini kamaytirib, arterial qon bosimi ko'tarilishiga sabab bo'ladi, o'z navbatida yurak va qon tomir kasalliklari yuzaga keladi.

— Domla, yaqinda ilmiy jurnalda o'qib qoldim. Amerikalik tibbiyot olimlari kuniga ikki stakan miqdorida gazli suv ichadigan o'smirlarning buyragi juda tez zararlanishini aytishibdi. Biz tez-tez ichib turadigan gazli sharbatlar nahotki shu darajada ziyon keltirsa?

— Aytishim joiz, fast-fud taomlar bilan birgalikda iste'mol qilinadigan gazli sharbatlarni (“Coca-Cola”, “Fanta”, “Pepsi” singarilarni) doimo ichish oshqozon-ichak va hazm a'zolari, hatto asab tizimiga anchagina zarar yetkazadi. E'tibor qiling, oddiygina “Coca-Cola” ichimligining bir stakan miqdordagisida 15 dona rafinadlangan qand shirinligiga teng energiya bor bo'lib, u muntazam ichilganda, organizmda moddalar va energiya almashinuvi izdan chiqadi. Shu bois gazlangan sharbatlarni doimiy ravishda iste'mol qilishdan saqlanish kerak. Kundalik ovqatlanish davomida oddiy toza suv, ko'k choy va yangi tayyorlangan tabiiy sharbatlar ichish ancha foydaliroq. Yoshlarimiz shuni ham bilishlari muhimki, olib borilgan tadqiqotlardan so'ng Jahon Sog'liqni saqlash tashkiloti energetik ichimliklarni haddan ziyod ko'p ichish salomatlikka jiddiy xavf soladi, degan xulosaga keldi. Bo'yoq, ta'm, to'qlik hissini beruvchi moddalar qo'shilgani e'tiborga olinsa, bunday ichimliklar zararli mahsulotlarning “qora ro'yxati”dan joy olgan.

— Suhbatlaringizning birida yoshlarimizning turli paytda yo'l-yo'lakay ovqatlanib ketaverishlari oddiy holga aylanib qolayotgani haqida tashvishlanib gapirgan edingiz…

— Bilishimiz kerakki, ovqatlanayotganda taom hazm bo'lishi va moddalar almashinuvi jarayonlari bosh miya orqali boshqariladi, hamma ichki a'zolar miyaning “buyrug'i” bilan ishlaydi. Yurib ketayotganda esa miyaning diqqat-e'tibori bexatar va adashmay qadam bosishga qaratilgan bo'ladi. Shu uchun yo'l bo'yi iste'mol qilingan ovqatni hazm qilish jarayoniga bosh miya “aralashuvi” kechikadi va yeyilgan taomning foydasidan ko'ra zarari ortadi. Bundan tashqari, xotirjam holda va o'z vaqtida ovqatlanmaslik yoki do'konlardagi tayyor qadoqlangan maqsulotlarni doimiy iste'mol qilish ko'pincha kamqonlikni keltirib chiqarishi aniqlangan. Kamqonlik (anemiya) oqibatida o'smirning zehni pasayadi, o'qishga hafsalasiz yondashadi, ko'pincha holi quriydi. Gastrit (oshqozon-ichak devorlari yallig'lanishi) paydo bo'lishi ham noto'g'ri ovqatlanish oqibatidir. Shunday ekan, to'g'ri ovqatlanishni yo'lga qo'yish orqali o'z sog'lig'ingizni tiklashingiz mumkin. Asosan, uyda tayyorlangan ovqatlarni iste'mol qilish va ko'cha taomlariga ruju qo'ymaslik tufayli bunga erishsa bo'ladi.

— Chet elda yashab kelgan bir kishining aytishicha, qaysidir yili uning tobi qochib qolibdi. O'sha yerlik do'xtirlar tibbiy ko'rikdan o'tkazishgach: “Ichaklaringizda dard bor, yuragingiz ishi ham yaxshi emas”, deyishibdi. So'ng resept yozib berishibdi. Dorixonadan berilganlarni uyiga kelib ochib qarasa, bitta qutichadagi “yurak dorisi” — o'n dona turshak, yana birida “ichaklarni davolovchi” o'n dona jiyda bor ekan! Domla, qarang-a, xorijda jiydayu turshaklarimiz dori o'rnida sotilarkan. Bizning bozorlarda esa qop-qop jiydayu turshaklarga deyarli xaridor yo'q. Bu xususda Siz nima deysiz?

— Do'kondagi qadoqlangan sun'iy shirinliklardan ko'ra o'zimizning jiyda va turshaklarimiz, mayiz va anjirqoqilar, hatto mevalardan tayyorlangan shinnilar quvvatlilik jihatdan kuchli bo'lib, immunitetni ko'tarishga xizmat qiladi. Nonjiyda, qushjiyda, chilonjiydalar kamqonlikda ham davo bo'lishini ibn Sino aytib ketgan, bu meva hatto bo'y o'sishini tezlashtirish xususiyatiga ega. Turshak jigarni ham davolaydi, keksalikda ko'p uchraydigan aterosklerozning oldini oladi. Anjir qoqisi sutda qaynatib ichilsa, o'pka yallig'lanishini tuzatadi. Ayni qish-ko'klam oylarida turli meva qoqilarini qaynatib, shakarsiz ichilsa, ular vitamin tanqisligining o'rnini to'ldiradi. Shifosi beqiyos bunday mevaqoqilar bozorlarimizda kimyoviy dorilar hamda sun'iy vitaminlarga nisbatan ancha arzon turadi.

Yog'li ovqat — “dard”li ovqat

Biror joyimiz bezovta qilib, shifokor qabulida bo'lsak, u dori-darmonlar yozib bergach, ko'pincha: “Qovurilgan ovqatlarni cheklab, dimlab pishirilganini iste'mol qilib turing”, deydi. Nega shunday? Chunki qattiq qovurilgan taomlarning hazmi og'ir bo'lib, yurak va jigar ishini qiyinlashtiradi. Bundan tashqari, yuqori haroratda qovurib tayyorlangan barcha mahsulotlarda organizm uchun xavfli hisoblangan akrilamid moddasi ko'p miqdorda bo'lib, u turli xastaliklar yuzaga kelishiga imkon yaratadi. Bug'da dimlab pishirilgan taom esa, aksincha, tez hazm qilinadi, vitaminlari ham to'la saqlanadi.

Soha mutaxassislaridan biri sog'lom ovqatlanishga oid maqolasida: “Qizartirib qovurilgan kartoshka juda mazali, lekin eng yomoni undagi yog'ning tanaga singib, kanserogen (yomon sifatli) moddalarni yuzaga keltirishidir”, degan edi.

Telekanallarimizda “Oshxona qirollari”, “Bugun nima ovqat?”, “Olov pazanda”, “Demak — yemak” singari anchagina ko'rsatuvlar mavjud. Ularning ko'pchiligida jizillagan yog'da biror xil taom pishirib ko'rsatiladi.

Aslida, ko'rsatuvni minglab kishilar tomosha qiladi, uy bekalari ulardan nimalarnidir o'rganadi ham. Shunday ekan, umrni uzaytirib, salomatlikni tiklovchi “tirik” mahsulot hisoblangan sholg'om, behi, qovoq, karam, turp, lavlagi, sabzi kabi servitamin sabzavotlardan taom va salatlar tayyorlash yo'lga qo'yilsa… ko'rsatuv orqali kishilarimizga sog'lom ovqatlanish xususidagi bilimlar berib borilgan bo'lur edi.

Ko'pchiligimiz chetdan keltirilayotgan meva-sabzavotlardan xarid qilamiz, oziq-ovqat do'konlarida bunday mahsulotlar qadoqlangan holda yaltiroq suvqog'ozlarga solib qo'yilgani bois ko'zimizga olovday ko'rinadi. Aslida esa o'zimizning ona yerimizda dehqonlar mehnati bilan yetishtirilgan va bozorlardagi qop-qanorlarda dumalab yotadigan sabzavotlarning tanamizga foydalilik darajasi peshtaxta yuqorisida savlat to'kib turgan xorijiy mahsulotlarnikidan bir necha baravar ortiqroq va shu bilan birga arzon hamdir. Chunki o'zimizda yetishtirilgan maxsulotlarni necha asrlarki, ajdodlarimiz ham iste'mol qilib kelishgan, qolaversa, azaldan genlarimiz ularga moslashgan. Quvvatliligi jihatdan hatto go'sht o'rnini bosadigan no'xat, yasmiq (chechevitsa), marjumak (grechixa), loviya ham shular qatoridadir.

Qadimgi kishilar ovqatlanish chog'ida bir-ikki xil yeguliklar bilan kifoyalanishgan. Endilikda esa mo'l-ko'llik bisyor, kundalik dasturxonga kamida besh-olti xil noz-ne'matlar tortiladi. Ziyofatlar yoki to'ylarda yanada xilma-xillikni ko'ramiz. Shunday bo'lsa-da, ota-bobolarimizning ovqatlanish tartibi to'g'ri ekanligini bugungi olimlar isbotlashmoqda. Chunki bir vaqtning o'zida iste'mol qilinadigan turli taomlar tarkibi har xil bo'lganligi sababli bir-birining hazm bo'lishiga xalaqit berarkan. Bu esa o'z-o'zidan me'da va jigar faoliyatini susaytiradi, hazm ishi uchun ortiqcha qon haydagani bois yurak ham zo'riqadi. Shuningdek, oqsilli taomlarni (masalan sut, tuxum, go'shtni) birgalikda yeyish turli kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin ekan. Vaholanki, bu kun bolalar bog'chalari yoki maktab oshxonalarida bunday yeguliklar bir vaqtning o'zida taom sifatida beriladi.

Tibbiyot bilimdoni Buqrot “Eyilgan taom dori o'rniga o'tsin” degan ekan. Buning mazmuni shundayki, ovqatlanish jarayoniga faqat nafsni orom oldirish emas, balki salomatligimizni mustahkamlovchi omil deb qarashimiz lozim. Iste'mol madaniyatiga amal qilsakkina biz uzoq yillar dard ko'rmasdan, sog'-omon yashashimiz mumkin bo'ladi.

Gulchehra JAMILOVA,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

16 + one =