Oy

Jumanazar BEKNAZAR
Tiniq edi osmon, termuladi oy,
Ta'rif bergil deya men tomon boqib,
Men bunga ojizman, ojiz, ne qilay?
Eplarmanmi bir kun xislating topib.
Tiniq edi osmon, endi kular oy,
Ojizmisan deya men tomon boqib,
Aslingni bilay deb izlandim bir oy.
Va xayolga keldi satrlar oqib.
O'tdi necha asrlar, yolg'iz erkinsan,
Tegrangda yo'q hatto keng yo tor qafas.
O'zgarmas qiyofang, go'yo tutqunsan,
Nechun tanholikni qilgansan havas?
Ne javob bo'lar deb kutdim ataylab,
O'n olti kunlikdan o'tganda hatlab.
Javobim shu deya masofa saqlab,
Lablarimga bosdi nozlanib oy lab.
(Tun ekan ozorsiz, umr ham sokin,
Quyoshning nurisiz borliq ham taftsiz.
Hayot mazmuni ham ayondir lekin,
Aynan azob ekan, yashamoq juftsiz).