Surxondaryoga kelish uchun 10 ta sabab

Azaldan buyuk allomalar, baxshilar, polvonlar yurti sifatida nom qozongan Surxon diyori ayni paytda mamlakatimiz va xorijlik sayyohlar ko'p keladigan maskanlardan biriga aylangan. Vohaning tarixiy arxeologik yodgorliklari, me'moriy obidalari, muqaddas ziyoratgohlari, xushmanzara tabiati, betakror qadriyat va an'analari kishini ohanrabodek o'ziga tortadi. Sizning ham Surxondaryoga yo'lingiz tushsa, bu manzillarni ko'rmay qaytmang, degan maqsadda ularning ayrimlari haqida so'z yuritamiz.

 

  1. Teshiktosh g'ori

Boysuntog'dagi Zovtalashsoy darasida joylashgan ushbu g'or bundan 100-40 ming yil avval yashab o'tgan paleolit davriga mansub qadimgi odam makonidir. G'or dengiz sathidan 1500-1600 metr balandlikda joylashgan bo'lib, bo'yi 7, eni 20, uzunligi esa 21 metrni tashkil etadi. G'ordan 8-9 yoshli neandertal bolaning tana va bosh suyaklari, qadimgi hayvonlarning qoldiqlari, yaqin-atrofdan tosh asriga tegishli mehnat qurollari topilgan. Bu nodir topilma Osiyoda aniqlangan neandertal odamning ilk qoldiqlari, osiyolik neandertalning saqlanib qolgan yagona bosh suyagi hisoblanadi. Neandertal bolaning bosh suyagi asosida tiklangan qiyofasini Termiz arxeologiya muzeyida ko'rish mumkin.

 

  1. Zarautsoy qoyatosh suratlari

O'zbekiston hududidagi eng qadimgi, ibtidoiy san'atning noyob yodgorligi bo'lgan ushbu qoyatosh suratlari Sherobod tumanining Zarautsoy darasidagi Zarautkamar g'orida toshlarga ishlangan. Mezolit, neolit va keyingi davrlarga mansub 200 dan ortiq bu suratlarda odamlarning o'q-yoy, nayza, o'roqsimon qurollar va itlar yordamida turli hayvonlarni ov qilish manzarasi jigarrang va kulrang ko'rinishda o'ziga xos hayotiy qilib tasvirlangan. Rasmlarning qadimiylari kamar shiftini, keyingi davrda chizilgan suratlar kamar devorining pastki qismlarini egallaydi. Bu yerdan o'rta asrlarga oid arabcha “Muhammad” degan yozuvlar ham topilgan.

 

  1. Omonxona bulog'i va g'ori

Boysun tumanining tabiati so'lim Omonxona qishlog'i zamini toba, ya'ni yirik yassi toshlar bilan qoplangan. Ana shu qattiq jismni yorib ko'z ochgan buloq suvi turli foydali mineral moddalarga boyligi bilan dunyoga mashhur shifobaxsh ma'danli suvlardan afzal ekanligi tan olingan. Suv kishi tanasidagi o'tni surish, uni suyultirish, peshobni haydash, qabziyatni bo'shatish, qon bosimini pasaytirish kabi turli xastaliklarni davolashga ijobiy ta'sir etadi. Omonxona suvini iste'mol qilgan kishida oshqozon-ichak, sariq va jigar sirrozi singari o'tkir yuqumli kasalliklar uchramaydi.

Bu yerda Omonxona g'ori ham mavjud bo'lib, uning balandligi 3,5 metr, umumiy maydoni 60 kvadrat metrni tashkil etadi. Saratonning chillasida g'or ichidagi harorat 5-6 daraja minus, qishda esa 20-22 daraja iliq bo'lib turadi. Omonxona qishlog'ida balneologik davolash maskani bunyod etilgan.

 

  1. Sangardak sharsharasi

Sangardak — O'zbekistonning eng baland sharsharalaridan biri, tabiatning noyob durdonasidir. Sariosiyo tumanining Sangardak qishlog'ida joylashgan bu sharshara tog'ning 150 metrdan ortiq balandlikdagi qismidan otilib tushadi. Sharshara buloq suvlaridan hosil bo'lib, buloqlar suvni qoyalar ichida joylashgan ko'ldan oladi. Buloq suvlari tog' yonbag'irlaridagi turli giyoh ildizlarini yuvib chiqayotgani bois inson vujudini tetiklashtiruvchi foydali xususiyatlarga ega. Sharsharaning tovushi o'ziga xos “sharshara-terapiya” — asabni tinchlantirib, yurakka quvvat beradi.

Sharsharaning o'ng tomonida, undan 200 metr balandlikda mahalliy aholi tomonidan “Javzo suvi” deb ataladigan g'aroyib buloq ham bor. Qizig'i shundaki, bir yilda bir marta faqat javzo (may) oyida tog' bag'ridagi buloqdan suv oqa boshlaydi. Ushbu oy tugashi bilan tog' bag'ridan oqayotgan suv ham to'xtaydi. Kishilarni hayratga soladigan bu g'aroyib jumboq haligacha ilmiy asosda o'rganilmagan.

 

  1. Al-Hakim at-Termiziy maqbarasi

Termiz tumanida, Amudaryo bo'yida joylashgan ushbu maqbara IX asrlarda yashab o'tgan hakimiylik tariqatining asoschisi, mashhur muhaddis va tasavvuf shayxlaridan biri, 400 dan ortiq diniy-falsafiy asarlar muallifi Al-Hakim at-Termiziy qabri ustida qurilgan. O'zida masjid, maqbara, xonaqo va sag'anani birlashtirgan majmua X-XV asrlarga oid bo'lib, u qoraxoniy hukmdor Abu Muzaffar Ahmad Tegin, Amir Temur hamda temuriy shahzodalar Shohruh Mirzo va Xalil Sulton hukmronligi davrida bunyod etilgan.

Maqbaraning chap tomonida V-X asrlarga oid bir nechta chillaxona mavjud. Ushbu chillaxonalarning chuqurligi 15 metrgacha yetadi. Bu yerdan qadimdan kasallarni davolash xonasi sifatida foydalanib kelingan. Negaki, janubning qaynoq jaziramasida ham ushbu g'orsimon uychalarda havo salqin, qahratonda esa iliq bo'lgan. Ba'zi manbalarga ko'ra, bunday g'orsimon uychalarda jazirama kunlarda go'sht mahsulotlari saqlangan va u sovitkich vazifasini o'tab bergan.

 

  1. Sulton Saodat majmuasi

Termiz tumanida joylashgan ushbu majmua 20 ga yaqin maqbaradan iborat. Dastlabki maqbara payg'ambarimiz avlodi, shu atrofdagi yerlar egasi, Termiz sayyidlarining sultoni Hasan al-Amir qabri ustiga bunyod etilgan. Manbalarda yozilishicha, IX asrda yashagan Hasan al-Amir o'z yaqinlari bilan dastlab Samarqandga ko'chib kelgan. Bu yerda o'n bir yil yashab, Balxga ko'chgan. Undan Termizga kelib, yashab qolgan. Vafot etgach, shu yerda dafn etilgan. XI-XVII asrlar mobaynida ushbu mo''tabar zotning avlodlari uchun ham bu yerda mahobatli maqbaralar qurilgan. Maqbaralarning eng qadimgisi somoniylar davrida, asosiy qismi Amir Temur tomonidan qurilgan. Maqbaralarda 170 tagacha qabr bor.

 

  1. Jarqo'rg'on minorasi

Jarqo'rg'on tumanidagi XII asrga oid ushbu minora Saljuqiylar hukmdori Sulton Sanjarning buyrug'i bilan 1109 yilda me'mor Ali ibn Muhammad Saraxsiy tomonidan qurilgan. Minoraning balandligi hozirda 21,6 metr, ammo qurilish vaqtida u 54 metr bo'lgan. Minoraga qarab, uning bezaklaridan ko'zingizni uzolmaysiz. G'ishtlarning mahorat bilan archa naqshida terilganligi to'qilganlik effektini yaratadi. Minoraning ostida turganingizda, g'ishtlarning terilgani g'isht emas, balki mato kabi ko'rinadi. Minora ichkarisida aylanali zinapoyalar bo'lib, ular yordamida gumbazsimon muazzinxonaga ko'tarilish mumkin bo'lgan. Ammo hozirda uning tepa qismi saqlanmagan. 1879 yilda minora yaqinida pishiq g'ishtdan qurilgan qadimiy masjidning xarobalari topilgan.

 

  1. Sayrob chinorlari

Boysun tumanining Sayrob qishlog'idagi qariyb ming yillik bu ikki tup chinorning bo'yi 26 metr, diametri 21 metr, tanasining balandligi bo'yicha o'lchami 9,7 metrni tashkil etadi. Kovagining balandligi yetti metrga teng. To'g'ri uchburchak shaklidagi kovak og'zi mehrobli eshikni eslatadi.

Tarixning turli talato'plarini boshdan o'tkazgan chinor kovagi o'tgan asr boshlarida eski maktab sifatida xizmat qilib, shu yerliklarning savodini chiqargan. Oktyabr to'ntarishidan so'ng qishloq kengashi idorasiga aylantirilgan. O'tgan asrning o'ttizinchi yillarida birinchi otliq askarlar polkining lager kutubxonasi, savdo do'koni sifatida faoliyat yuritgan. Ayni paytda noyob tarixiy yodgorlik sifatida davlat muhofazasiga olingan chinorlar kovaklari mo''jazgina muzeyga aylantirilgan. Chinorlar yonidagi qora tusli baliqlar suzib yuradigan shifobaxsh buloq suvi qandli diabet xastaligini davolash xususiyatiga ega.

 

  1. “Xo'jaikon” tuz g'ori

Sherobod tumanida joylashgan tuz g'orining uzunligi 200 metrni tashkil etadi. G'or devorlari 1-3 santimetrgacha tuz qatlami bilan qoplangan. Bu yerda harorati, namligi, bosimi va mikroiqlimi bir-biridan farq qiladigan keng va shinam xona-kameralar mavjud. G'orning ichki uzun yo'lakchasida tuz eritmali shifobaxsh suv bor. G'ordagi muhit nafas yo'llarining allergik kasalliklari, zob-bo'qoq, o'tkir va surunkali bronxit, astma, surunkali laringit, rinit, pollinoz, zotiljam, pnevmoniya asoratlari, o'pkaning shamollashi, asab sistemasi va teri kasalliklarini samarali davolaydi.

“Xo'jaikon” tuz g'oridan tashqari bu hududda mahalliy aholi “Buyraksuv” deb ataydigan ikkita yer osti suvi ham bor. Keng adirlikda sizib chiqadigan bu shifobaxsh suv buyrakdagi toshlarni maydalab, beozor tushirib yuborish xususiyatiga ega.

 

  1. Termiz arxeologiya muzeyi

Termiz arxeologiya muzeyi O'rta Osiyodagi yagona arxeologiyaga ixtisoslashtirilgan muzey hisoblanadi. Muzey 27 mingdan ortiq eksponat bilan faoliyat boshlagan. Ayni paytda bu yerda Vatanimizning miloddan avvalgi yuz ming yillik o'tmishidan boshlab bugungi kunga qadar bo'lgan hayoti keng yoritilgan qariyb 116 mingga yaqin noyob topilma va osori-atiqalar saqlanmoqda. Ularning 84 mingdan ortig'i arxeologiyaga, 32 mingga yaqini numizmatikaga oid eksponatlardir. Muzey kutubxonasida 3700 dan ortiq qo'lyozmalar, tarixiy adabiyotlar va badiiy kitoblar mavjud. Muzey fondi yildan-yilga turli davrlarga oid yangi topilmalar bilan boyib bormoqda.

Xullas, ming marta eshitgandan bir marta ko'rgan yaxshi, deb bejiz aytishmagan. Agar tabiat in'om etgan mo''jizalardan hayratlanishni, moziy va bugun bilan yuzlashishni istasangiz, Surxondaryoga keling, ko'ring, zavq oling. Bundan oladigan taassurotlaringiz arzirli va ko'ngilga xush yoquvchi bo'lishiga shubha yo'q!

Humoyun NIZOMIDDINOV,

“Hurriyat”ning Surxondaryo viloyati bo'yicha  muxbiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × 1 =