Xalq dilining ko'zgusi

Har chorshanba erta tongdan ko'nglimda ajib tuyg'u hukmron bo'ladi. Ha, bugun biz sevib o'qiydigan “Hurriyat”ni mutolaa qilamiz. Bugun bizga qanday qiziqarli maqolalar tuhfa qilinar ekan? Dangal aytib qo'ya qolaman: agar sizda ko'pchilikni o'ylantiradigan, fikringizni yangi mavzular bilan oshno qiladigan maqola, esse, she'r o'qish istagi bo'lsa, maslahatim — “Hurriyat”ga obuna bo'ling!

Gazetada e'lon qilinadigan publitsistik chiqishlar, ocherk va reportajlar hayotiy, samimiy va gazetxon qalbiga yetib boradigan tilda ifodalangan bo'ladi. Bugungi kunda ziyolilar qanday o'y bilan band, hayotimizda qanday dolzarb muammolar bor, ularning yechimi qay taxlit hal etilishi kerakligi haqida hikoya qiladi. Men Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi Xurshid Do'stmuhammad haqida ko'p narsani bilaman deb yurardim. Lekin “Hurriyat”ning 3 iyul sonida Dilmurod Qirg'izboyevning ustoz haqidagi “Hazrati inson ibrati” maqolasini o'qiganimda, adibimizning yana ko'p qirralarini kashf etdim.

Jamoatchilik orasida Vatanimiz tarixi haqida juda ko'p savollar, muammolar mavjud. Prezident Shavkat Mirziyoyevning tariximizdagi oq dog'lar haqida quyidagi fikriga nazar tashlang: “Sohibqiron Amir Temurning To'xtamishxonga qarshi jangi haqida o'qib chiqdim. Amir Temur bu jangda yettita usulni qo'llagan ekan. Jasorati, o'z askarlarini mardonavor tarbiyalashi bilan birga, janglarni ham o'zi boshqargan. O'zim uchun bu yangilik bo'ldi. Keyin kimdir shu jang usulini o'rgangani bilan qiziqdim. Hech kim o'rganmagan ekan. Eng avvalo, bobolarimizning usullarini o'rganmog'imiz kerak”. “Hurriyat” gazetasi ana shu ma'naviy ehtiyojni hisobga olib, shu yil 1 va 9 oktyabr sonlarida hamkasbimiz To'lqin Hayitning “Amir Temur va To'xtamishxon” sarlavhali essesini e'lon qildi. Maqolaning birinchi qismi gazetxon e'tiboriga havola qilinganda, juda ko'plab mushtariylar essening davomini qachon o'qirkanmiz, deb so'rab-surishtirganlariga guvoh bo'ldim. Unda muallif Amir Temurning To'xtamishxonga qilgan ro'shnoliklari, bag'rikengligi haqida ishonchli manbalarga tayanib hikoya qiladi. Keyinchalik bu oliyhimmatlikni to'g'ri baholamay xiyonat qilgan To'xtamishxon Sohibqiron tomonidan qanday javob olganini hammamiz qiziqib o'qidik.

Gazetaning aksariyat sonlarida so'nggi sahifasida diqqatga sazovor karikaturalar berib boriladi. Bu sakkiz sahifani qoldirmasdan o'qigan gazetxonning ozroq hordiq olishiga, kayfiyatini ko'tarishga imkon beradi.

Ayniqsa, ustoz adib va jurnalist Ahmadjon Meliboyevning “Hurriyat” sahifalarida faolligi hamma ijodkorlar uchun o'ziga xos ibratdir. U kishining 16 oktyabr sonidagi “Til — tirik organizm” maqolasi o'zbek tilining hayotimizdagi alohida mavqei haqida ajoyib maqola bo'lgan. Uni o'qiganda o'zimiz ham tilga e'tiborimiz davr talabidami, deb o'ylanib qolamiz.

Shuningdek, sevimli gazetamizda Muhtarama Ulug'ovaning “Allasini yo'qotayotgan avlod”, Humoyun Akbarning “Avesto: zardusht qo'shiqlari”, Zulfiya Yunusovaning “Ma'naviyat negizida vatanparvarlik mujassam”, Ashurali Jo'rayevning “Asrni hayratga solgan inson” sarlavhali maqolalarida bugungi kunimiz qahramonlari, xalq ichidan chiqqan zamondoshlarimiz tafakkuri xususida juda maroqli hikoyalarni o'qidik.

Darvoqe, “Hurriyat” nomining o'zi ijodkorlarda so'z erkinligi uchun maydon ochadi. Barchamiz uchun ko'ngil ko'zgusi bo'lgan gazetamiz hamisha mushtariylar e'tiborida bo'lsin.

Shuhrat JABBOROV,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 − 1 =