Do'st yodi

Xalqimizda “Yo'qolgan pichoqning sopi oltin” degan gap bor. Pichoq-ku, kundalik ehtiyojlarimizda ishlatiladigan jonsiz bir buyum. Uning o'rnini boshqasi bilan to'ldirish imkoni bor. Agar yaqin do'stingizdan ayrilsangiz-chi? Afsuski, uning o'rnini boshqasi bilan to'ldirish imkoni bo'lmas ekan. Ayniqsa, u jon kabi yaqin, samimiy, sadoqatli, yaxshi-yomon kunlaringizda yoningizda yelkadosh bo'lib turadigan bag'ri keng inson bo'lsa…

Uzoq yillik qadrdonimiz, samimiy do'st Arslon (Abduvosit Obidov) ham do'stlari uchun jonini fido qilishga tayyor insonlar sirasiga kirardi. Davralarni gullatadigan, tanish-notanishga ham qo'lidan kelgan yordamini ayamaydigan, yaxshi-yomon kunlarda qamishdan bel bog'lab do'stlari yonida kamarbasta bo'ladigan haqiqiy do'st-qadrdon edi.

Oilaparvar, nevaralarining sevimli bobosi — Abduvosit Obidov Pavel Benkov nomidagi rassomchilik bilim yurti (hozirgi Pavel Benkov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabi)ni bitirgan musavvir, “O'zbektelefilm” studiyasida rejissyor assistenti sifatida mehnat qilgan san'atsevar fidoyi inson sifatida ham ardoqli kishi edi. Zero, san'atga oshufta qalbning bag'ri keng bo'ladi. Ko'nglida odamlarga ezgulik ulashish, ularning dardi bilan yashash xislatlari mavj urishi bejiz emas.

Abduvosit Obidov “Qismat”, “Silsila”, “Hikmat chirog'i”, “Erka o'g'il” va boshqa bir qancha badiiy film va seriallarda yaratgan qator obrazlari bilan ham yodimizda qoldi.

Insonning tanasi Yer yuzidan yo'qlikka singib ketishi mumkin, ammo uning yodi, qilgan yaxshi amallari qalbimizda bir umr yashab, siymosi ko'z oldimizda manguga muhrlanib qoladi. Hayotda yashashdan maqsad ham, umr mazmuni ham ana shundan iborat emasmi?!

G'ayrat RAHMATULLAYEV,

O'zbekiston Jurnalistlar

uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

sixteen + 8 =