Maktablar korrupsiyadan xoli(mi?)

Yovuzlik tag-tomiri bilan yulib tashlanmasa, u tomir otib, boshqa yerdan ko'karib chiqaveradi. Jamiyatning jirkanch illati bo'lgan korrupsiya ham shunday.
…Bu voqea yoz faslining oxirlarida ro'y bergandi. Bu noxush xotirani unutay deyman-u, hech yodimdan ko'tarilmaydi. Biz bilgan pokiza, toza manzillarni ham o'rgimchak to'ridek poraxo'rlik, ta'magirlik qoplayotganiga ishongim kelmaydi. Aslida, ulg'ayayotgan avlodga ta'lim-tarbiya berguvchi dargoh ma'naviyat va ma'rifat o'chog'i bo'lmog'i kerak. Ammo…
Yashash manzilimizni o'zgartirganimiz sababli farzandlarimizni yangi hududdagi maktabga o'tkazmoqchi bo'lib, maktab direktori huzuriga bordik. Ko'rinishidan jiddiy va bosiq rahbardan: “Oldin farzandlaringizni olib keling, gaplashib ko'raylik”, degan javobni oldik. Negadir bizga u my.gov.uz yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda my.maktab.uz elektron qabullari haqida eslatmadi ham.
Maktabdan maktabga o'tkazishda suhbat bo'lishini birinchi marta eshitib tursak-da, direktorning ko'rsatmasi bilan bolalarni maktabga yetaklab keldik. U bolalar bilan birma-bir savol-javob qila boshladi. Hayajonlangan bolalarning javoblaridan qoniqmagan muassasa rahbari norozi qiyofada bizga yuzlandi.
— Farzandlaringizning bilimi unchalik yaxshi emas, — dedi u, so'ngra qo'shib qo'ydi: — Ularga yana bir imkon beraman. Ikkinchi sinov o'qituvchilar guruhidan iborat komissiya ishtirokida bo'ladi.
Bunday munosabatni qanday tushunish mumkin? Maktab biz yashaydigan hududda joylashgan va, qolaversa, biror fanni chuqur o'zlashtirishga ixtisoslashmagan bo'lsa. Bu bolalarning ustidan mazax qilishmi? Yoki bu o'rta ta'lim maktabining o'z “qonun-qoidalari” bormi?
Tushunarsiz holatga izoh qidirib, Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligining Ishonch telefonlariga sim qoqdim. Sabr bilan, ikki soatlik kutishdan keyin qisqa gudoklargina eshitildi. Qanchalik zoriqib kutsak-da, ular bilan bog'lanishning iloji bo'lmadi.
Xalq ta'limi vazirining 2015 yildagi “O'quvchilarni sinfdan-sinfga va bir umumiy o'rta ta'lim muassasasidan boshqasiga o'tkazish tartibi to'g'risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrug'i hamda Maktabgacha va maktab ta'limi vazirining “O'quvchilarni sinfdan-sinfga va bir umumiy o'rta ta'lim muassasasidan boshqasiga o'tkazish tartibi to'g'risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruqqa o'zgartirishlar va qo'shimchalar kiritish to'g'risidagi hujjatni o'rganib chiqib, maktabdan maktabga o'tkazishda o'quvchilarning komissiya oldida sinovdan o'tkazilib, maktabga qabul qilinishi haqida biror jumlani topolmadim.
Xullas, mazkur maktabda ishim yurishmaganidan so'ng, Sergelidagi maxsus fanlarni o'qitishga ixtisoslashgan maktabga my.maktab.uz elektron sayti orqali farzandlarimning hujjatlarini jo'natdim. Elektron qabulxonadan mazkur maktabning sinflarida bo'sh o'rinlar yo'qligi haqida javob oldim. Ushbu maktabning batartibligi, o'qituvchilarining bilimi kuchliligi haqida ko'p eshitgandim. Tavakkal qilib, maktabga bordim. Direktor opaning jamoat ishlari bilan bandligini aytishdi. Rahbarni topolmagach, shu yerdagi xodimlar bilan suhbatlashdim. Niyatimni eshitgach, xushro'ygina juvon meni chekkaga tortdi:
— Opa, men bilan gaplashavering, rahbariyatni nima qilasiz? Ular ham mendan kam haq so'rashmaydi. Har bolaga 400 dollar bo'ladi. Ikki nafar bolangiz bo'lsa, 350 dan atigi 700 dollar-da.
Paradoksni qarang! Aynan shu maktabga my.maktab.uz qabul saytidan “ayni paytda maktabda bo'sh o'rinlar yo'q” degan xabar kelib tursa-yu, shu maktab xodimlari kelishilgan pulga o'quvchilarni qabul qilmoqchi! Unda elektron qabullar nimaga kerak? Undan ko'ra har bir maktabning qabul narx-navolarini e'lon qilishsin!
Maktab boshlanishiga sanoqli kunlar qolgan. Menga ushbu ixtisoslashgan maktabdan ketma-ket telefon qo'ng'iroqlari keladi. “Tezroq keling, joylar qolmayapti…” Hazrat Alisher Navoiyning “…Kimki ta'mai rishtasi qilg'usi, aning bila bo'g'zidan osilg'usi” degan hikmatlarini eslab, bu illatga sherik bo'lishdan tiyildim.
Prezidentimiz 2020 yilning 24 yanvar kuni O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga qilgan Murojaatnomasida “Jamiyatimizda korrupsiya illati o'zining turli ko'rinishlari bilan taraqqiyotimizga g'ov bo'lmoqda. Bu yovuz baloning oldini olmasak, haqiqiy ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratib bo'lmaydi, umuman, jamiyatning birorta tarmog'i rivojlanmaydi”, deganida ta'lim sohasi ham nazarda tutilgani rost. Zero, o'quv dargohlarimiz havas qiladigan halol va musaffo manzillar bo'lib qolishi kerak.
Umida XUDOYBERGANOVA,
O'zbekiston Jurnalistlar
uyushmasi a'zosi.