Shukur qilishni unutib qo'ymadikmi?

Inson dunyoga kelibdiki, baxtga intilib yashaydi. Saodatli bo'lib, tolega cho'mib hayot kechirishni orzu qiladi. Unga yetishish yo'llarini izlaydi. Albatta, bu ne'matga o'z-o'zidan erishilmaydi. Xalqimiz azaldan baxt deganda tinchlik, xotirjamlik, sihat-salomatlik, farzandlar kamoli, el-yurt oldida yuzi yorug'lik kabilarni asosiy mezon sifatida bilgan.

Hazrat Alisher Navoiy shahzoda Badiuzzamonga yozgan maktublaridan birida shunday hikmatomuz fikrlarni bayon qiladi: “Odamning murod-maqsadi bo'lmasa, balolardan omon qolmaydi. Ammo har kishining murodi ko'proq bo'lsa, Haq taolo amriga itoati ham bo'ladi”. Shunday ekan, har birimiz o'z maqsadimizni aniq belgilashimiz, ogoh bo'lishimiz, Vatan, ota-ona, qarindosh-urug', farzandlar, xalq, el-yurt oldidagi mas'uliyatimiz va burchimizni anglagan holda, bunyodkorlik hissi bilan yashashimiz va shu orqali barcha ezgu maqsad va niyatlarimizga erishishimiz mumkin.

O'zini shu Vatanning farzandi deb bilgan insonlar nafaqat ta'lim-tarbiya jarayonida, balki ota-onasi va farzandi bilan muloqotda yoki aka-ukalari suhbatida ham dunyoda yuz berayotgan notinchliklar, to'polonlardan bir-birini ogoh etib turmog'i kerak. Shuningdek, xunrezliklarning ortida turgan kuchlar hamda ularning g'arazli maqsadlari mohiyatini ochib berishi, mamlakatimizdagi yutuqlar, bunyodkorliklar, tinchlik va barqarorlikni saqlash borasidagi amaliy ishlar va vazifalar haqida mulohaza yuritishi darkor.

Biz go'zal, ozod va obod Vatan quryap­miz. Hayotimiz osoyishta, turmushimiz farovon, ertangi kunimizga ishonchimiz katta. Biroq buning o'zi hayotimiz va tinchligimiz, ertangi kunimiz, ko'zlagan maqsadlarimiz, erishishimiz lozim bo'lgan marralar uchun yetarli emas. Bugungi mafkuraviy xurujlar, “ommaviy madaniyat” tahdidi davrida biror daqiqa ham loqayd va befarq bo'lmasligimiz zarur. Hamisha ogoh va hushyor bo'lgan holda tinchligimizni ko'z qorachig'idek asrashimiz, yoshlarimiz ongini yot g'oyalardan himoya qilmog'imiz, maqsad va muddaolarimizni aniq belgilab olmog'imiz zarur.

Bu borada davlatimiz rahbarining “Shu o'rinda deputat va senatorlarimiz, mahalla, nuroniy, xotin-qizlar va yoshlar faollariga, butun xalqimizga qarata aytmoqchiman: eng bebaho oliy ne'mat — tinchligimiz va osoyishtaligimizning qadriga yetaylik, oilalarimiz, farzandlarimiz, kelgusi avlodlarimizning baxtu kamoli uchun bu ulug' boylikni asrab-avaylaylik!” — degan xitobi barchamizni takror va takror ogohlikka undaydi.

Afsuski, qanchadan-qancha shart-sharoit, imkoniyatlar yaratilayotgan bo'lsa-da, hali-hamon boqimandalik kayfiyatiga berilgan, “davlat menga hamma narsani qilib berishi kerak”, degan qarashda yashayotgan odamlar ham bor. Ular doimiy o'qish, hunar o'rganish, malaka oshirish o'rniga davlatning yordamiga o'rganib qolgani, tashabbus ko'rsatishdan yiroqligi, umuman olganda, boqimandalikka berilgani ayni haqiqat. Bunday toifadagi shaxslar davlatga suyanib qolmoqda.

Tajribadan kelib chiqib aytish kerakki, yaxshi yashash uchun, eng avvalo, harakat qilish, boqimandalik kayfiyatidan voz kechib, mehnatsiz hech narsaga erishib bo'lmasligini tushunish lozim. Kambag'allikni faqat davlat ko'magi bilan bartaraf etib bo'lmaydi.

Ma'lumotlarga ko'ra, 1990 yillarda Xitoyda aholining yarmidan ko'pi kambag'al bo'lgan. Ya'ni odamlarning topgan puli faqat oziq-ovqatiga yetgan. Oradan yigirma-o'ttiz yil o'tib, aniqrog'i, 2021 yilda Xitoy dunyo mamlakatlari ichida birinchilardan bo'lib kambag'allik ustidan to'liq g'alaba qozonganini e'lon qildi.

Xo'sh, qanday qilib tarixan qisqa fursat ichida bunday mo''jiza yuz berdi? Olimlarning ta'kidlashicha, Xitoyda, birinchi navbatda, xususiy sektorga, ya'ni tadbirkorlarga ustuvorlik berilgan. Davlat kompaniyalari soni keskin kamaytirilib, xususiylashtirilgan. Natijada aholining bandligi hamda davlatning barqaror iqtisodiy o'sishiga erishilgan.

Buning barchasiga esa o'sha mehnatkash xitoy xalqi bilan erishilgan. Bu davlatda bo'lib kelgan bir kishi bilan suhbatlashganimda, aholining mehnatkashligi, davlat tomonidan belgilangan qonun hamda talablarga qat'iy amal qilishi, doimo intilish va o'z ustida ishlashga bo'lgan harakatini ko'rib hayratlanganini bildirdi.

Shuningdek, katta shaharlarida ham soat 22.00 dan keyin elektrni iqtisod qilish hamda xavfsizlik maqsadida barcha ko'cha, ob'yekt va ko'ngilochar maskanlarning chiroqlari o'chirilishi hamda aholining ko'chaga chiqmasligi, taksi, kafe, restoran va boshqa ko'plab xizmatlarning ko'rsatilishi qat'iy tartibda man etilishini eshitib hayron qoldim. Bular faqat yodimda qolganlari.

— Havo juda sovuq: -15 daraja, shamol esa qattiq esayotganidan ko'chada yurish juda xavfli edi. Mehmonxona qabulidan kuzatdim, odamlar har kungidek skuterlarda odatiy hayot tarzini davom ettirayotgan edi. Menga tushuntirmoqchi bo'lgani piyoda yurish xavfli, skuter bilan-ku, qo'yavering. Tasavvur uchun skuter haydayotgan erkakning ko'zoynagi muzlagan, lekin u ishga borib, smena almashishi kerak, bo'lmasa, oqibatini biladi va ishsiz qoladi.

Xo'sh, bugun nega davlat barcha masalalar yechimini mahallaga tushiryapti? Javobi oddiy: mahalla kimning qanday sharoitda yashayotganini juda yaxshi biladi, demak, odamlar o'z muammosi bilan o'zi yolg'iz qolib ketmasligi kerak.

Nega davlat organlari, rahbarlar mahallalarda xonadonma-xonadon yurib real holatni o'rganish ishlarini olib boryapti? Maqsad bitta: bugun odamlar qaysidir davlat organiga kelib, muammosini, dardini aytishini kutib o'tiradigan vaqt emas.

Shunga yarasha odamlar ham boqimandalik kayfiyatidan chiqishi, tashabbus ko'rsatishi, yangi-yangi g'oyalarni o'rtaga tashlashi, islohotlar jarayoniga daxldorlik hissi bilan yashashi — adolatdan bo'ladi, albatta. Aslida, bugun kambag'allikni qisqartirishda odamlardan ko'p narsa talab qilinayotgani yo'q. Tashabbus ko'rsatish, berilgan imkoniyatlardan foydalanish, yangi-yangi g'oyalarni hayotga tatbiq etish kerak, xolos.

Yaqin o'tmishimizda gaz va elektr ta'minoti asosiy muammolarimizdan biri edi. Puli bo'lsa-da, gaz yoki elektr yoqolmasdan onalarimiz ro'zg'or qilishar, o'choqqa o't qalab umrlari o'tgandi. Gaz hamma joyga yetib bormagan, elektr ham nomiga — ya'ni kuniga ikki yoki uch soatga berilar edi. Bugun esa bu masalani uydan chiqmasdan, telefon orqali onlayn hal qilmoqdamiz. Yangi imoratga chiqsangiz yoki biror texnik nosozlik bo'lganda birgina qo'ng'iroqning o'zida mutaxassislar yetib kelmoqda. Bugun texnik nosozlik tufayli elektr yoki gaz bir soatga o'chgudek bo'lsa, dunyo qorong'ilashib ketgandek kamida o'n kishiga qo'ng'iroq qilinadi, 4-5 ta telegram gruppalarida bong uriladi. Xo'sh, nega biz bunchalar besabr bo'lib boryapmiz? Bularning barchasi shukur qilmasligimiz, borini qadrlamasligimizda emasmikan?

Hayotda turli kamchilik va nuqsonlar bo'lishi tabiiy hol. Ular sekin navbati bilan to'g'rilanyapti. Biz bugun nafaqat yurtimizda, balki tumanimizda ham bo'layotgan yangiliklar va o'zgarishlarni ko'rib, guvohi bo'lib boryapmiz. Bu, albatta, har bir kishini xursand qiladi. Ammo ko'pchiligimiz qilinayotgan ishlarning yaxshi tomoni qolib, kamchiliklarni qidirishga o'rganib qolganmiz. Masalan, tumanimizning markaziy chorrahasida avtotransport vositalari hamda piyodalar harakatlanishi tartibga solindi, shahar ichi va tashqarisida svetoforlar soni ko'paydi, bunda esa, albatta, tirbandliklarning oldi olinmoqda. Bundan tashqari, tuman markazida joylashgan ko'chalarga temir panjaralar qo'yildi, bozorlar yaqinidagi piyodalar o'tish yo'laklari YPXX xodimlari nazoratida. Ammo mana shu yaxshi sharoitlar haqida o'ylamasdan, bunga shukur qilmasdan, qaerdadir biror svetofor ishlamay qolsa yoki boshqa bir muammo chiqqudek bo'lsa, qo'liga telefon olib, bong uradiganlar ham anchagina. O'zidan “bloger” yasab olib, o'zini ijtimoiy tarmoqlarda har xil muammolarni olib chiqqandek ko'rsatayotgan, bundan faxrlanayotganlar ham ko'payib ketmoqda. Xo'sh, bundan dilxiralikdan boshqa nima ham olardik? Qo'lidan kelsa yordam bersin, bo'lmasa, masalani hal qiladigan mutasaddilarga qo'yib bersin! Shunday emasmi?

Bugun harakat qilish, bilmaganini o'rganish vaqti. Davlat buning uchun imtiyoz ham, mablag' ham beryapti, ilm o'rganish uchun barcha shart-sharoit mujassam. Shunchaki befarq bo'lmasak, yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalansak, uyimiz, ko'chamiz, mahallamiz obodligiga imkon qadar hissa qo'shsak, tomorqani bo'sh qo'ymasak, har bir ishga uyg'oq fikr, teran tafakkur bilan yondashsak bas. Axir davlat fuqarolar oldida mas'ul bo'lgani kabi biz fuqarolar ham ona yurtimiz oldida burchlimiz. Shunday emasmi?

Matluba RABBIMOVA,

“Ishtixon ovozi” gazetasi

muharriri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 − 1 =