Niyatni to'g'ri qiling

Yaxshilikni orzu qilmaydigan odam bo'lmasa kerak. Ammo hammaniyam yaxshi niyat qiladi, deb bo'lmaydi. Hatto yaxshi insonlar ham ba'zan kutilmagan holatlarda o'zi bilmagan holda yomon niyat qilib qo'yar ekan. Chunki badnafslik kishini chalg'itishi natijasida odam bilib-bilmay, tushunib-tushunmay badniyat qilishi mumkin ekan. Oqibatda boshiga ayanchli kulfat va ko'rgiliklar tushib qolishini yoki arzimas yaxshilik evaziga judayam katta ezgulik qaytishini quyidagi fikrlarimizda bayon etamiz.
Bir tanishim aytib qoldi. Qarindoshi xizmat vaqtida xatoga yo'l qo'yib, xizmatdan bo'shatiladigan bo'libdi. Kimdir maslahat bergan, shekilli, pensiyani o'ylab, tanishlarini ishga solib, o'ziga II guruh nogironlik maqomini to'g'rilash uchun rosa yuguribdi. Gepatit kasali bo'lmasa-da, yo'lini qilib, men shunday kasalman deb, shifoxonalarga yotib, bir amallab hujjat qilibdi.
Albatta, kimdir bunaqa holatlar uchrab turadi-ku, buning nimasi ajablanarli, deyishi mumkin. Ammo…
O'sha qarindosh oradan 2 yil o'tib chindan ham sariq kasalga chalinib, tag'in uning og'ir turiga uchrab qolibdi. “Balki, bunga ayrimlar ishonmasdir, lekin bu holga men guvohman”, dedi u boshini chayqagancha, yaqin kishisiga achinib.
Yana bir shifokorning aytishicha, rahbarlarining topshirig'i bilan bir odamga nogironlik maqomini olishi uchun unga og'ir tan jarohati olgan, deb ma'lumotnoma qilib berishiga to'g'ri kelibdi.
“Tan jarohati bor-u, lekin nogironlik guruhiga tortadigan darajada emas edi. Sherigim bilan rosa boshimiz qotdi. Ochig'i, yashirib nima qilaman, rahbar so'zidan o'tolmay, lekin dilimiz og'rib, ko'zimizni chirt yumib ma'lumotnomaga qo'l qo'ydik. Ammo ko'nglimiz g'ash edi. Negaki, mabodo tekshirib qolishsa, biz ham javobgar bo'lishimiz aniq. Buni qarangki, oradan bir oy o'tar-o'tmas o'sha yigit mashinasida avtohalokatga uchrab, og'ir tan jarohati bilan kasalxonamizga tushib qoldi. Tavba, niyating – yo'ldoshing deganlaridek, endi u birinchi guruh nogironiga aylangandi. Uning ahvolini ko'rib, norozi bo'lganimizga pushaymon bo'ldik. Ammo endi kech edi”, — dedi afsus bilan shifokor.
“Nafaqat yaxshi niyat, balki yaxshi amallar ham kishini turli balo-qazolardan asrar ekan, — deb hikoya qiladi bir ukamiz. — Cho'milish maqsadida daryoga borayotganimizda, yo'l yoqasida bir notanish “Niva” mashinasi loyga tiqilib qolganini uchratdik. Ular ham cho'milishga ketayotgan ekan, shekilli, bir rus kishining ayoli va bolasi mashina orqasidan itarib botqoqdan chiqazmoqchi bo'lar, ammo kuchlari yetmasdi. Shunda biz to'xtab, ularga yordam berdik. Mashina botqoqdan chiqdi. Ular minnatdor bo'lib, rahmat aytib, yo'lida davom etishdi. Qarangki, ular ham biz to'xtab cho'miladigan joydan sal narida yeguliklarini qo'yib, daryoga cho'mila boshlashdi.
Oradan chamasi biron soatlar o'tgach, sheriklarimizdan ikkalasi bir-biriga suv chaplashib, daryoning ekskavatorlar qumini olib, chuqur qilib ketgan joyiga yaqinlashib qolganini sezmay qolishdi. Biz darrov hayhaylab, baqirib, ularni qaytarishga urindik. Ammo biri qaytdi, boshqasini esa suv o'sha chuqur tarafga oqizib ketsa bo'ladimi? Shunda deng, haligi biz mashinasini botqoqdan chiqarishga yordam bergan baquvvat rus kishi shartta o'zini suvga otdi-yu, zuv etib oqib ketayotgan do'stimizga yetib oldi. Darrov uni suv girdob bo'lib tushadigan joyning yaqinidan ushlab olib, do'stimizning jonini saqlab qoldi. Biz jo'ralar qo'rqqanimizdan karaxt bo'lib, nima qilishni bilmay qotib qolgan edik. Arzimas yaxshiligimiz evaziga do'stimiz omon qoldi. Uning javobi bir soatga qolmasdan qaytdi”, — dedi u boshini chayqagancha o'sha mudhish holatning oldini olgan ibratli voqeani eslab.
Darhaqiqat, inson taqdiridagi ko'p narsalar yaxshi niyatga va yaxshi amallarga bog'liq ekanligini sira unutmaslik kerak ekan. Bejiz xalqimiz “Yaxshi niyat — yarim davlat”, “Neniki niyat qilsang, shuni topasan” yoki “Hammasi niyatga yarasha bo'ladi”, deb aytishmas ekan-da. Zero, Mirzo Bobur bobomiz: “Kim qilmag'ay, kim topmag'ay”, deya afsus chekmaganlar.
Ulug' donishmand Abu Rayhon Beruniy esa: “Odam hamisha boshqalarga yaxshilik qilishi kerak. Agar yaxshilik qilish imkoniga ega bo'lmasa, yaxshi tilaklar izhor etsin”, degani bejiz emasdir.
Shuhrat RO'ZIYEV,
O'zbekiston Jurnalistlar
uyushmasi a'zosi.