“Xorijliklarga tillaqosh taqdim” — dedi sirdaryolik zargar Ra'no Azimboyeva

Agar dunyoda bitta ayol bo'lsa ham zargarga ish topiladi, degan maqolni bugun sal boshqacharoq talqin etishga to'g'ri keladi. Ya'ni bir nafar zargar ayol bo'lsa, u dunyoni hayratga solishga qodir.
Gulistonlik zargar Ra'no Azimboyevaning Hindistondagi nufuzli xalqaro ko'rgazmalarda ishtirok etgani haqida ko'p eshitganmiz.
Ra'no Azimboyeva yaqinda nufuzli xalqaro festival sanalgan “Surajkund International Crafts Mela” 38-xalqaro hunarmandchilik festivalida ishtirok etib qaytdi. Ushbu festivalda har yili Hindistonning barcha hududlari va dunyoning 50 dan ortiq mamlakatlari vakillari, shuningdek, 1,5 milliondan ortiq sayyohlar va mahalliy fuqarolar ishtirok etadi. Mazkur tadbir hunarmandchilik sohasidagi dunyodagi eng yirik festival-yarmarkalardan biri sanaladi. “Surajkund International Crafts Mela” 38-xalqaro hunarmandchilik festivalida O'zbekiston paviloniga mahalliy va xorijlik sayyohlar tomonidan katta qiziqish bildirilayotir.
Darvoqe, yurtimiz zargarlari vakili bo'lgan R.Azimboyeva avval ham hindistonliklar va boshqa xorijliklarni o'z qo'llari bilan yasagan milliy taqinchoqlar bilan lol qoldirgan edi. O'tgan yili oktyabr oyida Hindistonning Dehradun va dekabr oyida Krukshetra shahrida bo'lib o'tgan hunarmandlar festivalida qatnashgan va o'sha ishtiroki bilan keyingi nufuzli ko'rgazmaga yo'llanma olish imkoniga ega bo'lgan edi… Festivalda ishtirok etgan barcha milliy madaniy markazlar, 20 dan ortiq davlat vakillari o'zbek ayoli yaratgan milliy hunarmandchilik mahsulotlarini ko'rib, tasannolar aytishdi.
Festival doirasida millatlararo do'stlik, tasviriy san'at asarlari, milliy hunarmandchilik mahsulotlari ko'rgazmalari ham tashkil etildi.
Ra'no Azimboyeva Guliston shahrining “Ulug'bod” mahallasida yashaydi. Dastlab ish faoliyatini chevarlikdan boshlagan hunarmand ayol keyinchalik milliy taqinchoqlar yasash sirlarini ham puxta o'rgandi. Uning zargarlikka qiziqishining sababi bor edi.
— Uyimizdagi sandiqda buvi, ammalarimdan qolgan tillaqosh, tumor, zirak va boshqa zeb-ziynatlar bo'lib, kichkinaligimda onam ularni bayram va hayitlarda menga taqib qo'yardi, — deya eslaydi zargar. — Men ularni hammaga ko'z-ko'z qilardim. Yoshim ulg'aygach, ularni havas bilan uzoq tomosha qilarkanman, bu taqinchoqlarni yasash mening ham qo'limdan kelarmikan, deb o'ylardim. Bu havas orzuga aylandi va men bu ishga astoydil kirishdim. Asta-sekin oddiy munchoqlardan va boshqa mahalliy xomashyolardan binoyidek taqinchoqlar yasay boshladim.
O'n yildan beri shu hunar bilan jiddiy shug'ullanyapman. Yillar o'tib, oilamiz bisotidagi o'sha momomeros zeb-ziynatlarga o'xshagan buyumlar dunyoga keldi va men endi o'zim yasagan taqinchoqlar bilan shahar, viloyat va respublika miqyosidagi ko'rgazmalarda qatnashib, zargar degan nom oldim. 2018 yili “Hunarmand” uyushmasiga a'zo bo'ldim va ular meni qo'llab-quvvatlab kelmoqda. Yurtboshimiz tomonidan hunarmandlarga berilayotgan e'tibor, g'amxo'rlik va imtiyozlardan keng foydalanyapman. Uyushma tomonidan respublika va xalqaro miqyosdagi festival va ko'rgazmalarga yo'llanmalar berildi. Hozirgacha Qoraqalpog'iston Respublikasi, Surxondaryo, Farg'ona, Buxoro va boshqa viloyatlarda, Toshkent shahrida o'tkazilgan xalqaro ko'rgazmalarda ishtirok etdim. Uch yildan beri Toshkent shahridagi “Samarqand darvoza” nomli katta savdo marketida har yakshanba kuni bo'ladigan hunarmandlar yarmarkasida qatnashaman. Har gal boshqa hududlardan kelgan zargarlardan ko'p narsa o'rganib qaytaman. Shu hunarim orqasidan bir necha marta Hindistonga bordim va o'tmishda momolarimiz taqqan zargarlik ishlarimni namoyish etdim. Qaerga bormay, yurtimning kichik bo'lagi ekanligimni his etaman, faol ishtirokchilar va g'oliblarni taqdirlash chog'ida O'zbekiston nomi e'lon qilinganda yuragim faxr-iftixorga to'ladi. O'n nafardan ziyod shogird tayyorladim. Ular orasida Ruxsora Kamoliddinova, iste'dodli yosh zargar Muhabbat Ziyoyevalarni alohida tilga olsam arziydi. Ruxsora mening o'ng qo'lim desam bo'ladi, doimo yonimda. Yutuqlarimda uning ham hissasi bor. Garchi farzandlarim Laziza va Azamatning kasblari boshqa bo'lsa-da, ular ham bolaliklaridan shu qadimiy hunarga mehr qo'yib ulg'ayishdi, menga yaqindan yordam berishdi.
Tadbirkor va hunarmand ayol hozirgi kunda o'z xonadonida ustaxona bunyod etib, ko'plab shogirdlariga o'z hunarini o'rgatish bilan bir qatorda, kasanachilik asosida ko'plab xotin-qizlarning bandligini ham ta'minlagan.
Viloyat “Hunarmand” uyushmasi rahbari Muzaffar Rahmatov zargar ayol haqida iliq fikrlar bildirar ekan, uning juda tirishqoq, izlanuvchan va yangilikka o'chligini alohida ta'kidlab, shunday dedi:
— Ra'no xorijdagi festivallarda shunchaki qatnashib kelmaydi, har gal yangi g'oyalar, yangi takliflar bilan keladi, ularni amalga oshirishga intiladi hamda shogirdlariga o'z bilganlarini o'rgatadi.
— Avval tarixiy manbalar, albomlar, kitoblar va rasmlarda berilgan milliy bezaklarni ko'rib, ular asosida taqinchoqlar yasab yurgan bo'lsam, xorijdagi ko'rgazmalarda qatnashgan chet ellik hamkasblarimdan bu hunarning o'zim bilmagan sirlarini, yangi qirralarini o'rganib qaytyapman, — dedi suhbatni davom ettirib, zargar. — Qadimda Hindistonda zargarlik keng rivojlangan. Hind zargarlari yasagan buyumlar dunyoni lol qoldirgan va hozir ham shunday. Zargarlikning ulardan o'rganadigan jihatlari ko'p. Hind filmlarida ayollari quloqlariga, burunlariga, qo'llariga taqqan taqinchoqlarga havas qilardim. Ko'rgazmamizni tomosha qilgan hind ayollari esa bizning milliy taqinchoqlarga juda qiziqib qolishdi. Ayniqsa, tillaqosh ularga juda yoqdi. Eng chiroyli tillaqoshni bir ayolga taqib qo'ygandim, rosa xursand bo'ldi.
Xorijliklar zebigardon, zirak, bilaguzuk va boshqa milliy taqinchoqlarimizni ham ko'plab xarid qilishadi. Ular adras, atlas, beqasam va boshqa matolardan tikilgan milliy liboslarimiz va taqinchoqlar bir-birlariga uyg'unligini, go'zal va betakror ekanligini e'tirof etishadi. Ish faoliyatim davomida men melxior va latun kabi oddiy metallardan foydalanardim. Bir safar Hindistonga borganimda mahsulotlarimning ko'p qismini sotdim va anchagina daromad qildim. Ana shuning hisobidan feruza, yoqut, aqiq, aleksandriya va boshqa qimmatbaho toshlardan belgilangan miqdorda xarid qildim. Maqsadim — ular asosida o'ziga xos milliy bezaklar yasash va kelgusi ko'rgazmalarda yangicha ko'rinishdagi zargarlik buyumlari bilan ishtirok etish.
Qadimiy hunar bilan hurmat va e'zoz topayotgan zargar ayolning chin niyatlari amalga oshishiga ishonamiz.
Xolida PARDABOYEVA
Suratlarda: hunarmand Ra'no Azimboyeva xorijdagi ko'rgazmalarda milliy zargarlik buyumlarini namoyish etmoqda.