“Boburnoma” nashrlari

Hech shubha yo'qki, “Vaqoe”, “Voqeoti Boburiy”, “Boburiya”, “Voqeanoma”, “Tavorixi Boburiy”, “Tuzuki Boburiy” yoki “Boburnoma” shahanshoh Bobur tomonidan turkiy tilda yozilgan mumtoz badiiy yodgorliklardan biri bo'lib, adabiy va tarixiy qimmatga ega bo'lgan asarlar ichida eng yuqori o'rinni egallaydigan manbadir. U o'tmish tariximiz, ma'naviy qadriyatlarimiz, qolaversa, umuman Markaziy Osiyo va Hindiston, Afg'oniston va Pokiston mamlakatlari tarixini o'rganishda muhim tarixiy manba hisoblanadi. Shu bois ham bu asar XVI asrning o'zidayoq boshqa tillarga tarjima qilina boshlangan. Ingliz tarixchisi Elfingstoun bu asarni “Osiyo tarixini haqqoniy yoritgan asar” deb baholagan. Ikkinchi ingliz tadqiqotchisi Leyn Poulning ta'biricha: “Agar biron tarixiy hujjatni boshqa guvohliklarsiz ham haqqoniy deb qabul qilish mumkin bo'lsa, bunday hujjat Boburning yodnomasi, ya'ni “Boburnoma”dir”, degan edi.

Asar boburiylar hukmronligi davridayoq to'rt marta fors tiliga tarjima qilingan. Humoyun va Akbar hukmronligi davrida “Boburnoma” bilan bir qatorda Bobur mirzo qo'lyozmalarining ko'pchiligi bir necha nusxada ko'chirtirilgan: Bobur mirzoning g'azallari to'plami — “Devon”, “Mubayyin”, “Risolai Volidiya”, “Xatti Boburiy”, “Aruz risolasi” shular jumlasidandir. “Boburnoma”, “Bobiriya” nomi bilan yuritilayotgan bu asar Markaziy Osiyo, keyinroq esa bir necha Ovro'pa tillariga, shu jumladan, ingliz va fransuz tillariga qayta-qayta tarjima qilingan. Ular orasida Annetta Suzan Beverij hamda Uiller Tekstonning asl turkiy matndan qilgan tarjimalari eng yaxshi tarjima asarlari hisoblanadi.

O'tmishdan ma'lumki, 1858 yilda britaniyaliklar Hindistonni bosib olgach, ular hind jamoasini boshqarishda qator qiyinchiliklarga duch keladi. Chunki mamlakatda mavjud bo'lgan turli til, turlicha din, e'tiqod va sharqona turmush tarzi yevropacha qonun-qoidalarni tan olmas, masalaga yevropacha qarash esa boshqaruv ishini mushkullashtirar edi. Shu bois qirolicha Viktoriyaning buyrug'iga binoan boburiylar davrida yaratilgan barcha asarlar qo'lyozmalarini to'plab olib ketdilar va ularning barchasini ingliz tiliga o'girib, Hindiston shtatlarini boshqarish uchun Londondan tayinlanadigan voliylar va viloyat hokimlari qo'liga tarjima qilingan asarlar, xususan, “Boburnoma”ni dasturilamal sifatida berish va undan hind jamoasini boshqarishni o'rganish ta'kidlab ko'rsatilishi odat tusiga kirgan edi.

Bobur nomli xalqaro jamoat fondi tasarrufidagi Xalqaro Bobur ilmiy ekspeditsiyasi o'z safarlari chog'ida ushbu asarning ko'plab nusxalari hamda tarjimalarini Andijondagi “Bobur va jahon madaniyati” muzeyida mujassamlashtirib kelmoqda.

“Boburnoma” quyidagi tarzda asta-sekin dunyo bo'ylab tarqala boshladi:

  1. Humoyunshoh hukmronligi davrida (1530-1555) “Boburnoma” ikki marta: dastlab Shayx Zayn Vafoiy tomonidan, ikkinchi marta esa Poyanda Hasan tomonidan turkiydan fors tiliga o'girilib, qo'lyozma sifatida xattotlar tomonidan ko'chirildi va o'quvchilar e'tiboriga havola etildi.

Uchinchi marta Akbarshoh hukmronligi davrida (1556-1605) Abdurahim Xonixonon tomonidan turkiydan fors tiliga o'girildi.

To'rtinchi marta esa Shoh Jahonning farmoniga binoan Abu Tolib Turbatiy tomonidan fors tiliga o'girildi. “Boburnoma”ning ana shu nusxalaridan Yevropada “Boburnoma” boshqa tillarga tarjima qilina boshladi.

  1. “Boburnoma”ning noma'lum qo'lyozmadan olingan parchalari 1705 yilda Vitsen tomonidan golland tiliga tarjima qilinib, Amsterdamda nashr etildi.
  2. Asarning ingliz tilidagi ko'plab tarjima nusxalari mavjud. Dastlab 1775-1811 yillarda yashagan ingliz sharqshunosi Jon Leyden 1809 yilda ingliz tiliga tarjima qilishga kirishgan. U bevaqt vafot etgach, bu ishni shotlandiyalik rohib, sharqshunos olim Uilyam Erskin davom ettirgan va 1816 yilda oxiriga yetkazgan. Jon Leyden va Uilyam Erskin hammuallifligidagi o'zbekcha va forscha nusxalarini solishtirish asosidagi ushbu tarjima 1826 yili Londonda nashr etiladi. Bu tarjima o'z navbatida 1921 yilda mashhur ingliz ziyolisi Uayt King tomonidan to'ldirilib nashr etilgan.

1905 yilda Londonda Beverijxonim “Boburnoma”ning Haydarobod qo'lyozmasi faksimilesini sinkografiyada chop ettiradi. Beverijxonim tomonidan “Boburnoma”ning ingliz tiliga qilingan tarjimalari 1921, 1989 va 1990 yillarda Hindis­tonda qayta-qayta chop etildi. 2006 yili hamda 2017 yillari Dilip Xiro so'zboshisi bilan ham 2 marotaba chop etildi.

1993 yilda amerikalik taniqli sharqshunos, Garvard universiteti professori Uiller Tekston “Boburnoma”ni ingliz tiliga o'girgan bo'lsa, 1995 yilda yangidan tarjima qilingan “Boburnoma”ning ingliz tilidagi nashri Oksford universiteti nashriyotida chop etildi. Bu nashrga professor Uiller Tekstonning o'zi muharrirlik qilib, so'z boshi yozgan. 2002 yilda professor Uiller Tekston “Boburnoma”ni yana tarjima qilgan va tahrir etilgan inglizcha nusxasini AQShda qayta nashr ettirdi. Bu kitob­­ga taniqli jamoat arbobi Salmon Rushdi so'zboshi yozgan.

  1. “Boburnoma” nemis tiliga birinchi marta 1810 yilda Yulius Klaprot tomonidan, 1828 yilda esa nemis sharqshunos olimi Amadeus Kayzer tomonidan tarjima qilingan bo'lib, ular ingliz tili orqali o'girilgan. Shuningdek, ikkinchi jahon urushi davrida (1939-1945) turkiydagi asl nusxa, forscha va inglizcha tarjimalari asosida ham nemis tiliga o'girilgan. Nemis tilidagi keyingi ancha tuzuk tarjima 1990 yilda Volfgang Shtammler tomonidan amalga oshirilgan bo'lib, uni tarjimon fransuz tilidagi nusxadan o'girgan.

Germaniyalik tarixchi olim va tarjimon Xelmut Dalov esa 2015 va 2022 yillarda Porso Shamsiyev tomonidan tayyorlangan 1960 yildagi nashrdan foydalangan holda asarni Germaniyada chop ettirdi.

  1. 1857 yilda Qozon shahrida rus sharqshunos olimi Nikolay Ilminskiy tomonidan “Boburnoma”ning asl turkiy nusxasi toshbosma usulida nashr ettirildi. 1948 yilda esa rus tarjimoni Mixail Salye tomonidan “Boburnoma”ning rus tiliga qilingan tarjimasi Toshkentda nashr qilindi. Unda asarning 1504-1505 yillargacha bo'lgan voqealari bayon qilingan. 1958 yilda “Boburnoma”ning to'la ruscha tarjimasi Mixail Salye tomonidan Toshkentda nashrdan chiqdi. Bu asar 1993 yilda tarix fanlari doktori Sabohat Azimjonova tahriri ostida qayta nashr etilgan bo'lsa, 2008 yilda aynan Mixail Salye tarjima nusxasi asosida Vahob Rahmonov mas'ul muharrirligida jiddiy tuzatishlar bilan Bobur fondi tomonidan Toshkentdagi “Sharq” nashriyotida qayta chop etildi.
  2. 1948-1949 yillarda o'zbek olimlari Porso Shamsiyev va Sodiq Mirzayevlar tomonidan 2 ta kitob shaklida “Boburnoma” birinchi bora Boburning ona tilida nashr etildi. 1960 yilda esa Porso Shamsiyev tomonidan “Boburnoma”ning to'la nusxasi Toshkentda chog'ishtirish va tuzatishlar asosida qayta chop etildi. Porso Shamsiyev, Sodiq Mirzayevlarning ushbu o'zbekcha nashri, yapon olimi Eyji Mano tuzgan ilmiy-tanqidiy matni va Tehrondagi “Guliston” muze­yidagi “Bobur kulliyoti”ga asoslangan holda esa 2002 yilda Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi homiyligida Saidbek Hasanov tomonidan nashr etildi.

2008 yilda “Boburnoma”ning o'zbek olimlari Vahob Rahmonov va Karomat Mullaxo'jayevalar tomonidan hozirgi o'zbek tiliga qilingan tabdili Bobur xalqaro jamoat fondi homiyligida nashr etildi. Jumladan, 2002 yildan to shu kungacha asarning bu tabdili Bobur fondi homiyligida 8 marotaba chop etilgan. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 25 yanvardagi “Buyuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligini keng nishonlash to'g'risida”gi qarorining “Boburnoma” asarining zamonaviy o'zbek va qoraqalpoq tillaridagi tabdilini yaratish” haqidagi maxsus 6-bandi ijrosi yuzasidan “Boburnoma”ni yangi oq va qora rasmlar bilan to'ldirilgan, zamonaviy o'zbek tilidagi tabdili tayyorlanib, “O'zbekiston” nashriyotida 5000 nusxada Bobur fondi grifi bilan chop etildi.

  1. Asarning fransuz tiliga qilingan tarjimalari 1871 yilda fransuz olimi Pave de Kurteyl hamda 1980-1985 yillarda ikkinchi marta fransuz olimi Bakyu Grammont tomonidan tarjima qilinib, nashr etildi.
  2. 1924 yili “Boburnoma” ilk marotaba urdu tiliga Mirzo Nosiriddin tomonidan tarjima qilinib, Dehlida chop ettirilgan bo'lsa, “Tuzuki Boburiy” nomi bilan 1969 yilda Axtar Nadviy tomonidan, 2000 yilda Hasan Bek tomonidan uchinchi marotaba rang­­li suratlar bilan bezatilgan holda nashrdan chiqarildi.
  3. Taniqli turk olimi Rashid Rahmati Arat dastlab 1943-1944 yillarda asar “Babur vaqaye” (Baburun xatirati) sarlavhasi ostida 2 jildda, keyinroq 1987 yilda Anqarada, xususan, uning yana bir turkcha nusxasi 1993 yilda Istanbulda turk olimi Mesut Shen tomonidan nashrga tayyorlanib chop etildi.
  4. “Boburnoma”ning hindcha tarjimasi Yugjit Navalpuriy tomonidan amalga oshirilgan va 1974 yilda Dehlida chop etilgan. Mazkur nashr o'ziga xosligi bilan ilmiy ahamiyat kasb etadi, ammo Boburning fors tilidagi farmonlari va Hindistondagi sarkorlardan tushadigan yillik daromad haqidagi ma'lumotlar tushirib qoldirilgan.
  5. 1992 yili asar Hamit Temur tomonidan Pekinda uyg'ur tilida chop etildi.
  6. 1995 yilda yaponiyalik tarixshunos olim Eyji Mano tomonidan “Boburnoma” inglizcha kirish qismi bilan yapon tilida Kioto universiteti nashriyotida nashrdan chiqdi. Ushbu nashr tez orada muxlislar tomonidan sotib olingani bois kitob 2006 yilda yana qayta chop qilindi.
  7. 1997 yilda Vang Jilay tomonidan Pekin shahrida xitoy tilida, 2001 yilda ispaniyalik olima Marisa Komas tomonidan “Boburnoma” ispan tiliga tarjima qilinib, nashrdan chiqarildi.
  8. 2008 yilda arab olimasi, Misrdagi Ayn Shams universiteti professori Majida Maxluf “Boburnoma”ni arab tiliga tarjima qilib, Qohirada qayta-qayta nashrdan chiqardi. Aynan shu tarjima sababli bugungi kunda 20 dan ortiq arab tilida so'zlashuvchi davlatlar asarni o'z ona tillarida o'qiydilar.
  9. 2011 yilda ozarbayjonlik jurnalist, navoiyshunos va boburshunos professor Ramiz Asker “Boburnoma”ni ozarbayjon tiliga tarjima qilib, uning bir necha nusxasini o'zbek xalqiga in'om qildi.

Xuddi shu yili professor Fuzuli Bayat ham ushbu ulug' asarni ozar tiliga o'girib, nashr ettirdi.

  1. 1990 yili Almati shahrida B.Kojabekov tomonidan “Boburnoma” nashri rus tilidagi tarjima asosida amalga oshirilgan bo'lsa, 2022 yilda qozog'istonlik professor olim Islom Jemeney tomonidan Mozori Sharifning “Ulug'bek” nashriyotida tayyorlangan “Boburnoma” (Eyji Mano ilmiy matni) Hidoyatulla Hidoyat nashri asosida qozoq tiliga o'girildi. Mazkur nashrning o'ziga xos jihati shundaki, asar, shaxs va joy nomlari tavsifi bilan o'quvchiga taqdim etilgan.
  2. “Boburnoma” asari Afg'onistonda ham bir necha marotaba nashr etildi. Jumladan, 2007 yilda mashhur olima Shafiqa xonim Yorqin tomonidan Kobulda (Kobul voqealari) fors-dariy tilida chop ettirildi.

2007 yilda Hidoyatulloh Puqniyor “Boburnoma”ning Eyji Mano yaratgan ilmiy matnini Afg'onistonda nashr ettirdi. 2020 yilda navoiyshunos va boburshunos olim Burhoniddin Namiq tomonidan “Xurshidiy” nashriyotida dariy tilida hamda 2023 yilda Mozori Sharifda boburshunos Rahim Ibrohim tomonidan arab grafikasidagi eski o'zbek tilida tayyorlangan nashrlar so'nggi nashrlar hisoblanadi.

…2023 yilda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligi munosabati bilan asar Italiyaning Rim shahridagi “Teti Editore” nashriyot uyida mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda atoqli italyan adibi Franko Kardini so'zboshisi bilan tarjimon Federiko Pastore tomonidan italyan tiliga o'girildi: “Boburning o'lmas ijodi dunyoning ko'plab tillariga tarjima qilingan. Endilikda uni tengsiz Petrarka va Dante, Mikelanjelo va Bokachcho tilida o'qish imkoniyati tug'ilganidan behad xursandman. Ishonchim komilki, “Boburnoma” kitobxonlarda katta taassurot uyg'otadi…” deyiladi mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tarjima asar so'zboshisida. Kitobni tayyorlashda yurtimizning taniqli olimi, professor Shuhrat Sirojiddinov va italiyalik turkshunos, professor Federiko De Rensi ilmiy va adabiy muharrirlar sifatida ishtirok etishgan.

Ta'kidlash joizki, Bobur nomli xalqaro jamoat fondi tashkil etilganidan to shu kungacha fondning 30 ga yaqin jamoatchilik asosidagi bo'limlarini tashkil etgan. Aynan italiyalik olim, “Sandra Editore” nashriyot uyining rahbari janob Sandro Teti rahbarligida tashkil etilgan Italiya bo'limi ham kelajakda Bobur va boburiylar ilmiy merosini jaxon bo'ylab targ'ib-tashviq qilishga xizmat qiladi, degan fikrdamiz.

Darvoqe, Bobur mirzo tavalludining 540 yilligi munosabati bilan 2023 yilda O'zbekiston va Qoraqalpog'iston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, taniqli yozuvchi va adib Kenesbay Karimov tomonidan qoraqalpoq tiliga tabdil qilinib, “Sahhof” nashriyot uyida chop etildi.

Ha, Bobur mirzoning o'lmas ijod namunasi dunyoning yana boshqa tillariga ham tarjima qilinishda davom etmoqda. Yuqorida nomlari tilga olingan “Boburnoma” tarjimalari Bobur xalqaro jamoat fondi tasarrufidagi “Bobur va jahon madaniyati” muzeyida jamlanishda davom etib, asar turli mamlakatlardagi sharqshunos va tarixchilar, tilshunos va adiblar tomonidan katta ishtiyoq bilan o'rganilmoqda.

Zokirjon MAShRABOV,

Bobur nomli xalqaro jamoat fondi

raisi, professor,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × 5 =