Hayot gulzor bo'lmas, ustoz bo'lmasa…

“So'nggi qo'ng'iroq” tadbirlarini kuzatib…
Jaranglaydi so'nggi qo'ng'iroq!
Maktablarda jaranglaydigan qo'ng'iroqlar bizni hamisha o'ziga chorlab turadi. Lekin hayotda faqat 11 yil bag'rida bilim olgan qadrdon sinflarga chorlovchi qo'ng'iroqlargina emas, balki bir hayot qo'ng'irog'i bo'lib, bizni ogohlikka chorlovchi bir mayoq bo'lib jaranglayveradi… Qo'ng'iroqlarni quloqlarimiz eshitganida esa har safar bir shirin entikib qo'yamiz.
Maktabni tugatayotgan bitiruvchilarning ko'zlaridagi yoshni ko'rib, ko'ngilda boshqacha bir tuyg'ular paydo bo'ldi. 11 yil-a! Bu yillarda ularni kichkinagina o'yinqaroqlik davridan to balog'at yoshiga yetguniga qadar maktab otlig' ulug' bir dargoh o'z bag'rida ulg'aytirdi. Bu dargohlarda 11 yilning ichida o'g'il-qizlarning kulgilari qoldi, sog'inchlari qoldi. Faqat ular tahsil olgan sinflar ularni kutmaydi endi. Ular o'tirgan partalar ularni emas, ularning izidan kelayotgan ukalariga, singillariga pillapoya bo'ladi…
24 may kuni respublikamizning barcha hududlarida bo'lganidek, Xorazm viloyatida ham “So'nggi qo'ng'iroq” tadbirlari bo'lib o'tdi. Ushbu o'quv yilida Xorazm viloyatidagi mavjud 557 ta maktabning 9-sinfini 35 291 nafar, 11-sinfini esa 28 854 nafar o'quvchi tugatmoqda.
Urganch shahridagi 22-sonli maktabda bo'lib o'tgan “So'nggi qo'ng'iroq” tadbirida Xorazm viloyat hokimi J.Rahimov qatnashdi va Prezidentimizning mamlakatimizdagi barcha umumta'lim maktablarining bitiruvchilariga yo'llagan tabrigini o'qib berdi. Mazkur o'quv yilida vohada ta'lim sohasida erishilgan yutuqlar haqida fikr bildirdi, mustaqil hayotga qadam qo'yayotgan o'g'il-qizlarning o'qish va ishlariga omad tiladi.
Ushbu hayajonli lahzalarda bir guruh a'lochi o'quvchilar, ota-onalar va fidoyi ustozlar viloyat hokimining “Tashakkurnoma”si bilan taqdirlandilar.
Shuningdek, Urganch tumanidagi 7-sonli umumta'lim maktabida bo'lib o'tgan kechada ham faxriy o'qituvchilar, mahalla faollari, maktabni tugatib ketgan sobiq o'quvchilar hamda ota-onalar ishtirok etdi.
Maktab direktori G'ofurjon Otajonov farzandlari a'lo baholarga o'qiyotgan, jamoat ishlarida faol bo'lgan hamda turli musobaqa va olimpiadalarda yuqori natijalarga erishgan o'quvchilarning ota-onalariga “Tashakkurnoma” va qimmatbaho sovg'alar hadya etdi.
— 11 yil o'qigan maktabni bittagina “So'nggi qo'ng'iroq” tadbiri o'tkazilishi va o'quv yili yakuni bilan tugatish oson emas. Shu yillar davomida o'quvchilar kamolga yetdilar, ulg'aydilar. Ularni har kun qo'ng'iroq sadolari maktabga chorlab turdi. Bugun esa ana shu qadrdon maktablari bilan xayrlashib, mustaqil hayotga qadam qo'ymoqdalar. Men ham o'zimning sinfimdagi o'quvchilarni kuzatar ekanman, ularning ko'zlaridagi yosh mening ham qalbimga ko'chib o'tgandek bo'ldi. Mustaqil hayotlarida farzandimdek bo'lib qolgan o'quvchilarimga baxt va omadlar tilayman, — dedi tajribali ustoz Muborak Allaberganova.
— Men jurnalist bo'lishni istayman va poytaxtimizdagi O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetiga hujjatlarimni topshirmoqchiman, — dedi mazkur maktab bitiruvchisi Asaloy Yo'ldosheva. — Matbuotga juda qiziqaman. Ayniqsa, “Hurriyat” gazetasini muntazam o'qib boraman va o'qishga kirganimdan so'ng shu dargohda tajribamni oshirishni niyat qilganman.
“So'nggi qo'ng'iroq” tadbirlari esda qolarli darajada hayajonli va shukuhli onlarga boy kechdi.
Oq yo'l, bitiruvchilar! Hayotingiz tekis va oydin bo'lsin!
Feruza TANGRIBERGANOVA