Ijod ahliga yuksak ishonch

27 iyun — O'zbekistonda Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni. Bu sana har yili faxr va ehtirom, teran minnatdorlik va fidokorlik ila kutib olinadi. Bu kun — qalami bilan jamiyatni uyg'otgan, mikrofon orqali xalq ovozini jahonga eshittirgan, ekran orqali haqiqatni ko'rsatgan va internet vositasida fikr maydonini kengaytirgan barcha ijodkorlar bayrami hisoblanadi.
Bu yilgi bayram alohida ruhda, yuksak saviyada o'tdi. “O'zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida tashkil etilgan “Oltin qalam” XIX Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov g'olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi nafaqat jurnalistika, balki keng jamiyat ahli e'tiborini tortdi.
Tantanali tadbirda jamiyatimizda axborot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, so'z erkinligi va kasb professionalizmi borasidagi yangilanishlar yana bir bor yorqin namoyon bo'ldi. Marosimda Prezident tabrigi o'qib eshittirildi. Mamlakat rahbarining samimiy tilaklari — bugungi murakkab media muhitida ham o'z adolatli pozitsiyasini yo'qotmagan, millat va Vatan manfaatini qalamiga bayroq qilgan jurnalistlar uchun beqiyos ma'naviy quvvat manbai bo'ldi.
Matbuot va OAV xodimlariga yo'llangan Prezident tabrigini Prezident Matbuot kotibi Sherzod Asadov o'qib eshittirdi. Unda, xususan, OAV xodimlarining mamlakat taraqqiyotidagi o'rni, ularning jamiyat ongiga ta'siri va axborot maydonidagi mas'uliyati alohida qayd etildi.
Marosimda, shuningdek, Davlatimiz rahbari farmoniga binoan jurnalistika sohasi rivojiga katta hissa qo'shgan, halol va sadoqatli mehnati bilan e'tirof topgan bir guruh soha fidoyilariga davlat mukofotlari topshirildi. Ushbu yuksak mukofotlarni O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva tantanali ravishda topshirdi. Bu esa jurnalistlik faoliyati jamiyatimizda nechog'liq muhim va ta'sirli kasb ekanini yana bir bor isbotladi.
Tantanali tadbirda so'zga chiqqan O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b, “Oltin qalam” Milliy mukofot uchun XIX xalqaro tanlovi tashkiliy qo'mitasi raisi X.Salimov yurtimizda matbuot va so'z erkinligining qo'llab-quvvatlanayotgani va O'zbekistonda jurnalistikaga e'tiborning yuksak ekanligini alohida ta'kidladi. Ta'kidlanganidek, bu yilgi “Oltin qalam” tanloviga jami 499 nafar jurnalist 3251 ta ijodiy ishlar bilan qatnashdi. Bu — har bir yurtdoshimiz hayotida yuz berayotgan o'zgarishlarni kuzatish va xalq dardini yoritishga bo'lgan yuksak mas'uliyat va sadoqat belgisidir.
Tanlov tarixiga nazar tashlasak, u 2006 yildan beri har yili an'anaviy tarzda tashkil qilinadi. 2007 yildan boshlab bosh milliy mukofot ham joriy etildi. Tanlov doirasida har yili televidenie, radio, bosma nashrlar va internet-jurnalistika yo'nalishlarida 1, 2, 3-o'rinlar hamda 12 ta rag'batlantiruvchi nominatsiya bo'yicha g'oliblar aniqlanadi. Joriy yilda “Chet ellik jurnalistning O'zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun” nominatsiyasida ham 40 dan ortiq davlatdan 87 nafar jurnalist ishtirok etdi.
Biz bu yilgi g'olib va sovrindorlaridan ayrimlarining dil so'zlarini ham yozib oldik.
Zahro HASANOVA,
“Gulxan” jurnali bosh muharriri,
“Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun XIX xalqaro tanlovining Jurnalistika sohasida Bosh milliy mukofot (“Gulxan” jurnali jamoasi) g'olibi:
BU FAXR BIZNIKI EMAS — BU BOLALARIMIZNIKI!
Bugun qalbimizda g'urur va hayajon, ko'zlarimizda esa quvonch yoshlari… Chunki yillar davomida bolalar qalbi, orzulari va tasavvurlari uchun mehnat qilgan “Gulxan” bolalar jurnali jamoasining fidokorona sa'y-harakatlari nihoyat yuksak bahosini oldi. “Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun XIX xalqaro tanlovning Bosh milliy mukofoti — Prezident sovg'asi “Chevrolet Onix” avtomobili jurnalimizga, jamoamizga nasib etdi!
Bu e'tibor — nafaqat jurnalimizni, balki butun bolalarimizni, yosh avlodni, ularning orzu-umidlarini e'zozlashning yaqqol belgisidir. “Gulxan” — bu shunchaki jurnal emas. Bu — har bir sahifasida ezgulik, mehr, vatanparvarlik, do'stlik va bolalar uchun chinakam hayot maktabi mujassam bo'lgan yurakdan yurakka yozilgan fidoyilik mahsuli.
Bugun ushbu yuksak e'tirofni qabul qilib olar ekanmiz, avvalo, bu yo'lda yelkadosh bo'lgan jamoamizga, adabiyot, jurnalistika va bolalar tarbiyasiga befarq bo'lmagan muhtaram Prezidentimizga, ustozlarimizga, ijodkorlarimizga, muxlis bolajonlarimizga chuqur minnatdorchiligimizni bildiramiz.
“Gulxan” bugun nafaqat mukofot oldi, balki yana bir haqiqatni isbotladi: bolalar uchun ishlash — eng sharafli va mas'uliyatli burchdir! Biz kelajakda ham bu yo'ldan chekinmaymiz. Har bir bolakayning qalbida ezgulik, hayotga muhabbat, kitobga, Vatanga sadoqat uyg'otadigan nashr bo'lib qolamiz!
Halima MAXAMADSAIDOVA,
“O‘zbekiston” radiokanali katta muharriri, “Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun XIX xalqaro tanlovining “Eng yaxshi jurnalistik material uchun” (radio) nominatsiyasi birinchi o'rin g'olibi:
OVOZ ORQALI YuRAKLARGA YeTIB BORISh — BU SAN'AT, BU FIDOYILIK, BU IShONChDIR!
Bugun qalbimda so'zga sig'maydigan bir hayajon bor. Bu hayajon — minnatdorchilik, mas'uliyat va albatta, iftixor bilan to'la. “Oltin qalam” xalqaro tanlovida radio yo'nalishi bo'yicha 1-o'ringa sazovor bo'lish — bu oddiy bir g'alaba emas, bu — bir umr mikrofon ortida sarflangan fidoyilik, e'tibor va eshituvchiga sadoqatning yuksak e'tirofidir.
Radio — bu ovoz san'ati. U ko'zsiz ko'rsatar, qo'lsiz tutar, yuraksiz eshittiradigan kuchdir. Har bir eshittirish — yurakdan yurakka yo'l topishi kerak. Har bir soniya — tinglovchining ishonchi bilan to'ldirilishi lozim. Men yillar davomida mana shu fidoyilik tamoyiliga sodiq bo'lib ish yuritdim. Bugun esa bu mehnat e'tirof etilgan bo'lsa, demak, ovozim yuraklarga yetib borgan.
Bu mukofot — meniki emas, u bizni tinglagan millionlab yurtdoshlarimizniki, men bilan yelkama-elka mehnat qilgan tajribali, bag'rikeng ustoz va hamkasblarniki, har bir eshittirishni hayotimdek qabul qilgan ijodkor qalbnikidir.
“O'zbekiston” radiokanali — bu Vatanimizning ovozi, yuragining ritmi, xalq bilan xalqni, avlod bilan avlodni bog'laydigan ko'prikdir. Men esa shu ko'prikda so'z, ma'rifat, mehr va haqiqat bilan yurishga harakat qilgan oddiy xizmatkorman. Bugungi mukofot menga shuni yana bir bor anglatdiki — halol, pok niyat bilan qilinadigan har qanday mehnat e'tirof etilmasdan qolmaydi!
Qobuljon AXMEDOV,
“Mening yurtim” telekanali rahbari,
“Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun XIX xalqaro tanlovining “Eng yaxshi jurnalistik material uchun” (televidenie) nominatsiyasi birinchi o'rin g'olibi:
EKRAN ORQASIDA TURGAN HAQIQAT — BU XALQ, BU YuRAK, BU MAS'ULIYaT!
Bugun “Mening yurtim” telekanali jamoasi uchun tarixiy kun. Bugun biz nafaqat mukofot oldik — biz xalqning e'tirofini, jurnalistik jasoratimizga bo'lgan ishonchni, ko'ngillarga yetib boruvchi haqiqatga berilgan eng oliy bahoni oldik. “Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovda televidenie yo'nalishi bo'yicha birinchi o'ringa loyiq deb topilish — bu biz uchun katta sharaf, ulkan faxr, ayni paytda mas'uliyatdir!
Televidenie bu — ko'rish, eshitish, his qilish, anglash va harakatga chorlov san'atidir. Har bir kadr ortida tunlarni tongga ulagan ijodkorlar, kamerani yelkada ko'targan fidoyilar, montajxonada sukutda ishlaydigan professional muharrirlar, efirda tabassum ila xushxabar ulashayotgan boshlovchilar turadi. Biz — “Mening yurtim” telekanali jamoasi — bir maqsad, bir ruh, bir qalb atrofida birlashgan ijodkorlar oilasimiz.
Bu g'alaba faqat meniki emas. Bu — jamoamniki. Bu — kamera ortidagi ko'zga ko'rinmas qahramonlar, sahnaga chiqqan- chiqmagan, lekin fikri, ruhi bilan har daqiqada efirni to'ldirib turgan har bir ijodkorniki. Ular bilan faxrlanaman!
Laylo HAYITOVA,
“Buxoro yoshlari” gazetasi bosh muharriri, “Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun XIX xalqaro tanlovining “Eng yaxshi jurnalistik material uchun” (bosma nashrlar) nominatsiyasi birinchi o'rin g'olibi:
BU MUKOFOT — YoShLARGA IShONCh, BIZGA MAS'ULIYaTDIR!
Bugun qalam ahli uchun unutilmas kun. Bugun SO'Z g'olib bo'ldi, haqiqat e'tirof etildi. Bugun “Oltin qalam” tanlovi g'oliblarini taqdirlash marosimida Bosma nashrlar yo'nalishi bo'yicha 1-o'rinni egallaganimiz haqida sahnada nomimiz jaranglaganida, yuragimda har bir so'zning, har bir satrning, har bir sarlavhaning mashaqqati, yuki va mas'uliyati ko'z oldimdan o'tdi. Bu — oddiy bir mukofot emas. Bu — yoshlarga atalgan e'tibor, ularning dardini, orzularini, oromini yozishda bizga bildirilgan buyuk ishonch!
“Buxoro yoshlari” gazetasi — bu oddiy nashr emas. Bu — bir avlodning ko'zgusi, zamon bilan hamqadam fikrlovchi, qalbi uyg'oq yoshlar minbaridir. Biz gazeta sahifalariga yuragimizni quyamiz. Har bir maqola — yoshlar bilan yuzma-yuz suhbat, har bir lavha — hayotning jonli tasviri.
Men ushbu e'tirofni bugun izzat bilan qabul qilar ekanman, avvalo, o'z jamoamga — fidoyi ijodkorlar, tahririyatda tunlarni tongga ulagan kasbdoshlarimga minnatdorlik bildiraman.
* * *
Chindan ham, tantanali tadbirda yaratilgan bayramona muhit, milliy liboslardagi san'atkorlar, cholg'uvchilarning chiqishlari, “Prezident sovg'asi” deb yozib qo'yilgan milliy avtomobilning namoyish etilishi, Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuniga atab tayyorlangan bannerlar… bularning barcha-barchasi tadbirga nafaqat davlat, balki jamiyat ham qanday yuksak e'tibor bilan yondashishini ko'rsatdi.
Inchunin, “Oltin qalam” — bu shunchaki mukofot emas, bu ijodkor ahli uchun mas'uliyat va ishonch ramzi. U zamon bilan hamnafas, jamiyat so'zga muhtoj ekanini his etgan qalam egalarining yuragida yonadi.
Islom ASILBEKOV yozib oldi.