Ustoz mehri

Betakror adib va muharrir, O'zbekiston xalq yozuvchisi Ne'mat Aminovni eslab…
Talabalik yillarimiz edi. “Bir qaynovi ichida gaplar”dan yozib, hali siyohi qurimasdan “Mushtum” jurnali tahririyatiga yugurdim.
O'sha paytlarda, aniqrog'i, 1983 yilda jurnal har o'n besh kunda — bir, oyda ikki marta chop etilardi. Tahririyat eshigidan mo'raladim. Xonada ikki-uch kishining gurungi avjida edi.
— Keling, ukajon, tortinmasdan kiravermaysizmi, baraka topgur? — deya yuzida tabassum bilan meni ichkariga taklif qildi ochiq chehrali kishi. Bu ko'ngli ochiq, samimiy inson Ne'mat Aminov edi. — Bir nima yozib kelganga o'xshaysiz, qani o'qib ko'raylik-chi, — dedi qo'limda ushlab turgan qog'ozga ishora qilib.
Men “betakror qo'lyozmalarim”ni u kishiga uzatdim. Ne'mat aka qog'ozga ko'z yugurtira boshladi, bir vaqt sharaqlab kulib yubordi.
— Zohidjon aka, quloq soling, — deya yonidagi Zohidjon Obidovga yuzlandi va “Bir qaynovi ichidagi gaplar”ni ovoz chiqarib o'qib berdi. — Baraka toping, ukajon, ko'proq yozing. Keyin xandalar, hajviyalardan ham bo'lsin.
Shu tobda quvonchim ichimga sig'masdi. “Mushtum”da ketma-ket mashqlarim bosildi. Familiyam Ayizov emas, Azizov bo'lib ketibdi.
— E, ukaginam, xafa bo'lmaysiz-da endi, familiyangiz Aist /Laylak /ov emasmidi, ishqilib? Bu hazil, ukajon. Keyingi sonda xandalaringizni beryapmiz. Endi familiyangiz bexato chiqadi. Yozib turing, xo'pmi?..
O'shanda mendek oddiy talabaning qoralamalarini o'qish, maslahat berish, qizg'in gurungni to'xtatib, notanish kimsaga mehr ko'rsatish aytishga oson. Bu har kimning ham qo'lidan kelavermaydi. Bu Ne'mat Aminovning samimiyligi, ko'ngli ochiqligidan edi.
1998 yil. Uzoq yillar Qashqadaryoda faoliyat yuritib, poytaxtga ishga keldim. Hajviy hikoyalarimni to'plam holiga keltirish niyatida Ne'mat Aminov rahbarlik qilayotgan nufuzli ishxonaga yo'l oldim.
Menga boshdan-oyoq razm solgan kotiba:
— Boshliqning vaqtlari ziq, hech kimni qabul qilmaydilar… — dedi.
Men negadir ishonch bilan:
— Bir og'iz aytib qo'ysangiz, vaqtlari bo'lmasa, boshqa kun kelaman, — dedim.
Kotiba bir zumda ichkariga kirib chiqdi:
— Kirar ekansiz…
Ne'mat Aminov meni har doimgidek yana ochiq chehra bilan qarshi oldi. Fikrimni aytdim.
— Juda yaxshi o'ylabsiz-da, Abdullajon, hajviyalarni o'qib chiqqach, ma'qul bo'lsa, fikrimni aytaman.
Yozganlarimni tashlab ketdim. Oradan ancha kunlar o'tgach, men xizmat qilayotgan gazetaning bosh muharriri xonasiga chaqirib:
— Sizni Ne'mat Aminov so'radi… — deya savolomuz tikildi. — Uchrashar ekansiz.
Ustoz tag'in mehr bilan qarshiladilar:
— Ukajon, o'qidim. Ijodingizga baraka. Mana, so'zboshi ham yozdim. G'ayrat qiling, — deya samimiy istaklar bildirdilar.
Shunday qilib, “Bir gap bo'lar” nomli hajviy hikoyalar to'plamim O'zbekiston xalq yozuvchisi Ne'mat Aminov so'zboshisi bilan chop etildi.
Oradan yillar o'tdi. Endi o'ylasam, soddalik qursin, o'shanda tushunmagan ekanman. Katta lavozimda ishlayotgan, ming bir tashvish bilan mashg'ul bo'lgan, hatto biroz orom olishga ham vaqti yetishmayotgan, ham rahbarlik mas'uliyati, ham badiiy ijod fikrini chulg'agan, buning ustiga, yoshi ulug' adib — Ne'mat Aminov qoralamalarimni o'qishga fursat topibdi. Buni chin insoniylik mehri desa bo'ladi.
Ustoz shifoxonaga tushib qolganlarini eshitib, ko'rgani bordim. O'zlari bir ahvolda bo'lsalar-da, qo'llarida “Afandi” gazetasi. Palatadagi stol ustida gazeta va jurnallarning yangi sonlari… Nazira kelinoyi ustozning atrofida parvona. Buxoroyi sharifdan singillari, kuyovlari kelib qolishdi. Ahvollari og'ir bo'lsa-da, ko'rishga kelganlarga minnatdorchilik bildirar, hazil-huzul so'zlarni aytishga harakat qilardilar. Oradan bir necha kun o'tdi. Netongki, betakror ijod sohibi, mashhur hajvchi Ne'mat Aminovning vafoti haqidagi sovuq xabar dillarni vayron qildi.
Ustozdan qolgan bebaho meros — sara asarlar adabiyotimizning yutug'i hisoblanadi. Adibning umri o'z asarlarida davom etaveradi. O'zbekiston xalq shoiri Anvar Obidjon aytganidek: “Iymonli inson edi Ne'mat aka, halollikning nodir namunasi edi. Hatto salbiy qahramonlarni ham xuddi uning ko'nglini avaylayotgandek haqoratomuzlikdan yiroqlashib ta'riflar edi”.
Ne'mat Aminovning sadoqatli shogirdi, taniqli adib, O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan jurnalist Ashurali Jo'rayev ta'kidlaganidek:
“…Kulgi Ne'mat Aminovni izlab yurardi. O'z navbatida Ne'mat Aminov ham yaxshi kulgini axtarishdan to'xtamasdi.
Ustoz adib Ne'mat Aminov kulgi bilan tug'ilib, kulgi bilan yashab o'tdi. Umrbod kulgiga, hajvga sodiq qoldi. Buxoro va buxoroliklarning barhayot kulgisini adabiyotda muhrlab ketdi. Uning halollik bilan tutgan qalami aslo titramadi…”
Hajviy adabiyotimiz rivojiga ulkan hissa qo'shgan ustoz adib, O'zbekiston xalq yozuvchisi Ne'mat Aminov o'zining “Ikki pullik obro'” nomli ilk kitobi bilanoq muxlislar e'tiborini qozongan edi. Yozuvchining “Qirq uchinchi pochcha”, “Labihovuz xandalari”, “Tillo tabassumlar” singari hajviy kitoblari qo'lma-qo'l o'qildi va o'qilyapti. Adibning “Yolg'onchi farishtalar” hajviy romani o'zbek adabiyotida voqea bo'ldi.
Ne'mat Aminovning “Qahqaha” saylanmasi, “Bir asr hikoyati” asari o'quvchilar tomonidan iliq kutib olingan.
Sermahsul adib Ne'mat Aminov roman, qissa va hajviy hikoyalar yaratish bilan birga boshqa xalqlar adabiyotidan bir qancha hajviy asarlarni o'zbek tiliga mahorat bilan tarjima qildi. Bular: Molyerning “Soxta oqsuyak”, Derfashning “Tirqish”, Sergey Mixalkovning “Dumaloq xat”, Gorinning “Sen kim-u, men kim?” kabi komediyalari, Chexov, Zoshchenko, Aziz Nesin kabi yozuvchilarning hajviy hikoyalaridir.
Ne'mat Aminov uzoq yillar “Mushtum” jurnalida faoliyat yuritdi. Jurnal bosh muharriri sifatida ijodiy jamoaga boshchilik qildi. Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazida rahbar bo'ldi. Qaerda, qaysi lavozimda faoliyat yuritmasin, ochiq ko'ngil, samimiy, benazir insonligini aslo tark etmadi. Odamlardan, hamkasblari va shogirdlaridan, yosh ijodkorlardan o'zining qimmatli maslahatlarini ayamadi. Bir so'z bilan aytganda, o'zidan yaxshiliklar, ezguliklar qoldirdi.
Abdulla AYIZOV,
O'zbekiston Yozuvchilar va
Jurnalistlar uyushmalari a'zosi.