Chori avazning yo'li

Joriy yilning 15 mayida Sharqiy Qozog'istonning Ust-Kamenogorsk shahar viloyat kutubxonasida bo'lib o'tishi rejalashtirilgan hassos, atigi 35 yil umr ko'rgan marhum shoir Chori Avaz xotirasiga bag'ishlangan tadbirga taklif etildik.
14 may kuni avval Olmaotaga, undan Ust-Kamenogorsk shahriga uchdik. U yerda viloyat kutubxonasi direktori o'rinbosari Meruert xonim Kemesheva boshchiligidagi bir guruh do'stlarimiz peshvoz chiqishdi. Ertasi kuni biz mehmonlar — “Favvora” kinostudiyasi rahbari Keldiyor Xo'jayorov, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, “Sharq yulduzi” jurnali bosh muharriri Sirojiddin Rauf, shoirning qizi, xalqaro jurnalist, shoira Guli Nigor Avazova, shoirning nabirasi Mehri Nigorni ulug' rus shoiri Aleksandr Pushkin nomidagi kutubxonaning majlislar zalida bo'lib o'tadigan tadbirga boshlab borishdi.
“Chori Avaz: so'zi mangu shoir” deb nomlangan ushbu tadbirni viloyat kutubxonasi direktori Nazimgul Ernazar qizi olib bordi va shoirning adabiy merosi haqida qisqacha nutq so'zladi. “Favvora” kinostudiyasi tomonidan ishlangan “Chori Avazning yashil yo'li” nomli hujjatli qissa namoyishidan so'ng shoirning qozog'istonlik muxlislari uning ijodidan she'rlar o'qishdi. Bundan tashqari, kechada ikki qardosh xalq vakillari shoirning she'rlaridan parchalar o'qib, uning boy ijodiy merosi va hayot yo'li haqida fikr-mulohazalar bildirishdi.
Uchrashuv yakunida shoir, dramaturg va O'skemen shahar deputati Askerxon Aqtay so'zga chiqib, Chori Avazning qozoq tiliga o'zi o'girgan she'rlaridan o'qib berdi. Kutubxona jamoasi uzoqdan tashrif buyurgan mehmonlarga hadya va sovg'alar topshirdi. Kecha mehmonlari ham o'zlari bilan olib kelgan kitoblarni kutubxona fondiga taqdim etishdi. Bu kecha ikki qo'shni millatni yanada bir-biriga yaqinlashtirgan, qalblarni she'riyat orqali bog'lagan adabiy uchrashuvga aylandi. Tadbirdan so'ng qatnashchilar estalik uchun suratga tushishdi, shoir ruhiga ehtirom ko'rsatildi.
So'z — unutilmas, she'r — o'chmas. Shoir Chori Avazning abadiy so'zi xalqlar qalbida yashashda davom etaveradi. O'zaro birodarlik, qon-qardoshlik davom etaverar ekan, yuraklarda she'r quyulib kelaveradi:
Oskemenlik do'stlarimga
Yurak kengliklarda sayr etdi
to'rt kun,
Mehr qanotida ko'klarga uchdim.
Bovurim bag'rida yastanib butun,
Osmonga aylandim, samoni quchdim.
Siz mening jonimmi, jonim bovurim,
Qoningiz qonimmi, qonim bovurim.
Siz mening Abayim, o'lmas O'ljasim,
Nazm osmonida porlagan yulduz.
Sizdan kelib turar otashin nasim,
Shu nasim qalbimni etadi kunduz.
Ko'nglingdan bu ko'nglim suv ichar,
qardosh,
Sen desam, yuragim yorishar, qardosh.
Oskemen, ketdimmi, qoldimmi, bilmam,
Qalbimni qalbingga bog'lablar ketdim.
Irtish daryosining qirg'oqlarida
Ruhim dunyosini dog'lab-la ketdim.
Siz mening jonimmi, jonim bovurim,
Siz mening qonimmi, qonim, bovurim!
Zebo OMONOVA