Alloma (Akademik Toshmuhammad Sarimsoqovni yod etib)
Maktabda o'qib yurgan kezlarim akademik Toshmuhammad Sarimsoqov haqida eshitib hayratga tushganman (sobiq mustabid tuzum davrida o'zbek olimlari haqida maqolalar yo'q hisobi edi-da). Soddadil yoshlik davrimdagi orzularimdan biri — shunday buyuk olimlar, shoir va yozuvchilarni ko'rish, suhbatidan bahramand bo'lish edi. Ishonasizmi, bu orzuga 1993 yili “O'zbekiston ovozi” gazetasi tahririyatida ishlab yurgan kezlarda erishdim.
O'sha davrda akademik Toshmuhammad Aliyevich Sarimsoqov hozirgi Amir Temur xiyobonidan nariroqda mo''jazgina hovlida turar ekan. Iymanibgina borganimda ulug' siymo ochiq chehra bilan kutib oldi. Ichkariga kirayotib, uchta xonasiga razm soldim: shiftigacha to'la kitoblar. Ba'zi kutubxonalarda ham shuncha kitob bo'lmasa kerak. Hammasi javonlarga rasamadi bilan taxlab qo'yilgan. Ish stolida qalin-qalin kitoblardan bir nechtasi ochib qo'yilgan. Chamasi, domla qandaydir ilmiy tadqiqot bilan mashg'ul edi.
Oddiylik — eng buyuklik timsoli, degan naqlga o'shanda tan berganman. Dunyoga dovrug'i doston bo'lgan akademikning yuzidan nur yog'ilib turishi, gap-so'zlari shu qadar oddiy, samimiy ediki, har qanday kishini o'ziga maftun etib qo'yardi. Suhbatdoshimning mayingina so'zlashiga mahliyo bo'lib o'tirar ekanman, qani edi shu siymodan barcha yoshlar ibrat olsa arziydi, degan o'y xayolimda charx urardi.
O'shanda alloma ustoz bilan suhbat asosida yozilgan va “O'zbekiston ovozi” gazetasida yoritilgan maqola ko'pchilikda qiziqish uyg'otgandi. U ilm cho'qqilari sari intilayotgan bugungi talabalarimizda ham qiziqish uyg'otadi, degan umiddamiz.
* * *
Boshiga do'ppi kiyib, yelkasiga to'n tashlagancha ma'rifatxonasida bir zum xayolga cho'mgan, nigohlari olislarga qadalgan bu inson suratiga razm solsangiz, ajib siyratini anglagandek, his qilgandek bo'lasiz. Hayotini ilmu fanga baxsh etgan alloma fanimizning ertangi ufqlari haqida o'ylayotgan bo'lsa, ne ajab… Fizika-matematika fanlari sohasida o'ziga xos katta maktab yaratgan zahmatkash olim, O'zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Toshmuhammad Sarimsoqov hamisha ana shunday ezgu xayollar og'ushida o'tirardi. Qahramonimiz suratini o'zgacha izohlash mushkul.
Hurmatli ustoz bilan baqamti suhbatni ushbu suratga tushayotgan kezda xayolidan qanday o'ylar kechgani haqidagi savol bilan boshladik.
— Ochig'i, fotomuxbir B.Molgachev kelib, suratga tushirmoqchi ekanini aytganida, xayolimdan ulug' ajdodlarimizning beqiyos merosi haqidagi fikrlar o'tayotgan edi, — dedi Toshmuhammad Aliyevich. — Suratga atay “yasama” tushganim yo'q. Hayotimda eng yomon ko'rganim — yasamalik. Ish ustidagi oddiy holatimni suratga olishda fotomuxbir ham qiynalmagandi, shekilli.
Keling, o'shanda ham, hozir ham xayolimni band etgan fikrlar xususida gaplashaylik. Bilasizmi, jahon ilm xazinasiga juda ulkan hissa qo'shgan buyuk bobokalonlarimiz Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Muhammad al-Xorazmiy, Mirzo Ulug'bek, Ali Qushchi va boshqalarning merosini chuqur o'rganish dunyoning siru sinoatidan voqif bo'lishga, ulkan kashfiyotlar kalitini topishga, fan-texnikani rivojlantirishga xizmat qilgan. Zotan, Sharq allomalari ilmiy tafakkurlari samarasini ko'plab rivojlangan arab davlatlari timsolida ham ko'rish mumkin, desak, mubolag'a bo'lmaydi!
Biz esa uzoq yillar o'z o'tmishimizga, bobokalonlarimizning boy merosiga befarq qarab kelganmiz. Faqat kezi kelgandagina ularning nomlarini sanashga o'rganib qolgan edik…
Qiziq bir voqea yodimdan chiqmaydi. Qaysidir yili Yevropa bo'ylab sayohatga chiqib, qaytishda Istanbulga to'xtab o'tdik. Ayo Sofiya madrasasida bo'ldik. Hozir u tarix muzeyiga aylantirilgan. O'shanda akademik V.P.Shcheglov shunday bir gap aytdiki, bu ulug' bobokalonimiz Mirzo Ulug'bekning merosi taqdiri bilan bog'liq edi. Aytishlaricha, Mirzo Ulug'bek o'ldirilgach, uning ko'plab nodir asarlari, qo'lyozmalaridan iborat ilm xazinasini sodiq shogirdi Ali Qushchi Istanbulga olib kelgan. O'zi bu yerdagi madrasalarda mudarrislik qilgan va ustozining xazinasini ko'z qorachig'idek asragan. Ali Qushchi olamdan o'tgach, Ulug'bek xazinasini angliyalik bir sayyoh Londonga olib ketgan. Ana shu xazina hozir ham Londondagi “Britan” tarixiy muzeyining Sharq bo'limida saqlanayotgan bo'lishi mumkin…
Demoqchimanki, biz endi ulug' allomalarimizning boy merosini mukammalroq o'rganishimiz, yosh avlodga ham bu haqda saboq berishimiz zarur. Ayni vaqtda jahonning ilg'or fan-texnikasi, yuksak darajada taraqqiy etgan texnologiyasi siru sinoatini ham tezroq o'zlashtirib olmog'imiz va pirovardida respublikamizni chinakam taraqqiyot pog'onasiga ko'tarmog'imiz kerak.
U kishining olislarga tikilgan nigohlarida shunday ezgu maqsadlar, o'ylar mujassam. Beixtiyor o'ylab qolasan kishi, ulug' bobokalonimiz Mirzo Ulug'bekning ilm sohasidagi benazir ishlarini davom ettiruvchi olimlar keyingi asrlarda ham salmoqli darajada bo'lganida, ilm-fan uzluksiz ravishda rivojlantirilganida yurtimiz hozirgidan-da go'zalroq bo'larmidi! Jahongir Amir Temur bobomizning saltanati, o'sha davrda dunyoni lol qoldirgan davlat parchalanib, xor-u zor bo'lmasmidi! Xonliklarga bo'linib ketgan yurt peshvolari payti kelib oddiy zambaraklarni g'ildiratib kelishgan bosqinchilarni ko'rganda tahlikaga tushmasmidi!..
Ming qatla shukrki, tarix g'ildiragi xalqimizni yana ro'shnolikka olib chiqdi! Mustaqil O'zbekiston o'z istiqlol va taraqqiyot yo'lidan dadil odimlamoqda. Respublikamiz ham rivojlangan ilg'or mamlakatlar qatoridan o'rin olishiga umid uyg'onmoqda.
Suratga chizgilar asnosida ulug' zamondoshimiz, alloma Toshmuhammad Sarimsoqovning ham ajib siyrati ko'z oldimda namoyon bo'la boshladi.
Toshmuhammad Aliyevich 1915 yilda Andijon viloyati Shahrixon qishlog'ida tavallud topgan, o'sha davrlardagi turli g'alayonlarni o'z ko'zi bilan ko'rgan. Qo'qondagi maktablardan birida 8-sinfni bitirgach, 1931 yil iyul oyida O'rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti) tayyorlov bo'limiga kirgan va o'sha yili sentyabr oyida fizika-matematika fakultetiga qabul qilinadi. Qunt bilan o'qib, har qanday masalani tub ildizlarigacha tushunib yetmagunicha jiddiy izlanishni odat qildi.
Bo'lg'usi olim 4-kursda o'qib yurgan kezlaridayoq murabbiylik faoliyatini boshlashga to'g'ri kelgan. 1-2-kurs milliy guruh talabalariga dars bergan.
— O'sha davrlarda milliy kadrlar juda kam edi-da, — deb xotirlagan edi Toshmuhammad Sarimsoqov. — Ikkinchi tomondan, professor Toshmuhammad Qori-Niyoziy respublika Maorif Xalq komissari etib tayinlangach, uning o'rniga ham dars o'tishim zarur bo'lgan. Taqdirni qarangki, kezi kelganda men professor Qori-Niyoziyning doktorlik dissertatsiyasi himoyasida opponent sifatida qatnashganman. Doktorlik ishiga o'zi tomonidan bitilgan oddiy differensial tenglamalar darslik kitobi asos qilib olingandi. Qori akaning mazkur kitobiga ham o'zim muharrirlik qilganman…
1936 yili Toshmuhammad Sarimsoqov “Klassik ortogonal ko'phadlilarning ildizlari” mavzuidagi diplom ishini muvaffaqiyatli himoya qilgach, kuzda Samarqand shahrida bo'lib o'tgan O'zbekiston olimlarining 1-s'yezdida qatnashish sharafiga musharraf bo'ladi. S'yezdning ochilish marosimida O'zbekiston xalq Komissarlari Sovetining Raisi Fayzulla Xo'jayev nutq so'zlaydi. So'ng ilmiy anjuman o'z ishini davom ettiradi. Anjumanning matematika seksiyasida Toshmuhammad Sarimsoqov birinchi ilmiy tadqiqotlari natijasi haqida ma'ruza qiladi. Bu yosh olimning ulkan ilm dargohidagi dadil qadamlaridan biri edi.
Nomzodlik dissertatsiyasi mavzui “Ikkinchi tartibli differensial tenglamalar hadlari va ba'zi algebraik tenglamalarning asimptotik yechimi” edi. Bu ilmiy ish 1938 yil may oyida a'lo darajada yoqlangach, Oliy attestatsiya komissiyasi unga fizika-matematika fanlari nomzodi ilmiy darajasi va dotsentlik unvonini berishga qaror qildi.
Ikkinchi jahon urushi boshlanganida Toshmuhammad Sarimsoqov harbiy xizmatga chaqirilgan bo'lsa-da, har qalay, ilmiy izlanishlarini davom ettirishga imkon bo'ladi. U O'rta Osiyo harbiy okrugining Toshkentdagi meteorologiya qismida xizmat qilgan. O'shanda o'ziga biroz yangi soha bo'lgan sinoptik xaritani to'ldirish va uning ustida ishlash bilan shug'ullandi. Ob-havoni oldindan aytib berish ilmiga juda qiziqib qoldi. Markov zanjiri ustida ish olib bordi. Bir guruh mualliflar ishtirokida “O'rta Osiyo osmonining sinoptik protsesslari” degan yirik risola tahririda qatnashdi.
“Holatlari sanoqli bo'lgan tasodifiy protsesslarga oid” mavzuidagi doktorlik dissertatsiyasini 1942 yilning may oyida yoqladi. Himoya marosimi tugashi bilanoq uni harbiy qismga navbatchilikka jo'natishdi.
Har qanday kurashlar silsilasida ezgulik sari intilish ustuvor bo'ladi. Vatan taqdiri hayot-mamoti uchun shiddatli janglar ketayotgan bir paytda ham mamlakat ichkarisida ilmiy izlanishlar, yangi-yangi kashfiyotlar yaratish davom etardi.
1943 yilning mart oyida Toshkent davlat universitetiga rektorlikka tayinlangan Toshmuhammad Sarimsoqovga bu lavozimda uzoq ishlash nasib etmadi. O'sha yilning noyabr oyida O'zbekiston Fanlar akademiyasini tashkil etish to'g'risida qaror chiqdi. Hurmatli olim ham Akademiyaning birinchi ta'sis tarkibiga kiritilgan edi. Shundan so'ng Fanlar akademiyasining umumiy majlisida u birinchi vitse-prezident lavozimiga saylandi. 1946 yilning yoz oylarida esa Akademiyaning umumiy majlisida O'zbekiston Fanlar akademiyasining prezidenti etib saylanadi.
Respublikamizning birinchi akademiklaridan biri, taniqli olim Toshmuhammad Sarimsoqov mehnat faoliyatining asosiy qismini fan arbobi sifatida fizika-matematika fanlarini rivojlantirish va bu sohada yoshlarga murabbiylik qilish tashkil etadi. 1952 yilda ToshDUga rektorlikka qaytib kelgach, taqdirni qarangki, 1959 yilda yana bu lavozimni tark etishga to'g'ri kelgandi. U 1959 yilda respublika Ministrlar Soveti qoshidagi Oliy va o'rta maxsus o'quv yurtlari davlat komitetiga raislik, so'ngra, komitet vazirlikka aylantirilgach, 1960 yildan vazir lavozimida faoliyat ko'rsatdi.
1971 yil may oyida uchinchi marta jonajon universitetiga rektorlikka qaytdi va 1983 yilning yoziga qadar o'zi uchun eng muqaddas va sharafli vazifani ado etdi. So'ng tabarruk ustoz O'zbekiston Fanlar akademiyasi prezidiumida maslahatchi sifatida faoliyatini davom ettirdi. Biz suhbat qurgan o'sha chog'da yetmish sakkizinchi bahorini qarshilayotgan bu mo''tabar inson chehrasida hamon yoshlik shijoati aks etib turardi.
Akademik Toshmuhammad Sarimsoqovning “Haqiqiy o'zgaruvchining funksiyalari nazariyasi” darslik kitobi 1968 yilda “O'qituvchi” nashriyotida chop etilgan. 1982 yilda qayta nashr qilingan. “Markov protsesslarining asosi” deb nomlangan rus tilidagi qo'llanmasi esa 1954 yilda Moskvada nashr qilingan edi. Shuningdek, u kishining “Funksional analiz kursi” darslik kitobi 1980 yilda, “Kvantli ehtimollar nazariyasiga kirish” deb nomlangan yirik ilmiy risolasi 1985 yilda yaratilgan. Esdaliklar va xotiralardan iborat “Hayot dovonlari” kitobi 1989 yilda nashr etilgan.
Halol mehnatlari tufayli allomaning ko'ksini qator orden va medallar bezagan. Ikki marta Beruniy nomidagi davlat mukofoti hamda Mehnat qahramoni degan yuksak nomga musharraf bo'lgan.
Har qanday baxt shaxsiy baxtdan boshlanadi, degan gap bor. Ilmu ma'rifatda yuksak dovonlarni zabt etgan alloma Toshmuhammad Aliyevich munosib oila boshlig'i ham edi. Rafiqalari Tursunoy aya bilan farzandlari kamolidan mamnun yashamoqdalar. O'g'illari Baxtiyor bilan Olimjon ota izidan borishib, matematika fanlari nomzodi bo'lishgan, Ravshan esa tarix fanlari nomzodi. Dilbar huquqshunoslik bo'yicha universitetda ingliz tilidan dars beradi. Rustam ham huquqshunoslik kasbini tanlagan.
* * *
Atoqli olimni 1995 yil 17 dekabr kuni so'nggi manzilga kuzatdik… Yurtimiz mustaqilligi sharofati bilan buyuk olim vafotidan keyin 2002 yilda “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlandi.
10 sentyabr Toshmuhammad Sarimsoqov tavalludiga roppa-rosa 115 yil to'ladi. O'zbek ilm-fanida, O'zbekiston Milliy universiteti tarixida yorqin iz qoldirgan atoqli allomaning betakror ilmiy merosi asrlar osha mangu yashayveradi.
To'lqin EShBEK,
Mirzo Ulug'bek nomidagi
O'zbekiston Milliy universiteti
dotsenti.
