Qatrada to'fon kuchi

(Najmiddin Komilov yoqqan ilm chirog'i haqida)

Filologiya fanlari doktori, professor Najmiddin Komilov (1937-2015) o'zbek ilmiga salmoqli hissa qo'shgan hassos olim edi. Dastlab u ilmiy izlanishlarini tarjima va qiyosiy adabiyotshunoslik, tarjima tarixining nazariy masalalariga bag'ishladi. Matnshunoslik va adabiy janrlar taraqqiyoti bilan bog'liq masalalarni o'rgandi. So'ngra olim o'z tadqiqotlarini kam o'rganilgan tasavvuf ta'limotiga yo'naltirdi.

O'rta asrlarda Markaziy Osiyoda tasavvuf, so'fiylik — insonni ruhiy va axloqiy jihatdan poklovchi, jismini va ruhini tarbiyalovchi ta'limot sifatida yuzaga keldi. Tasavvufning tub ildizlari islom dini arkonlariga taqalib, u tariqat, ma'rifat va haqiqat bosqichlaridan iborat bo'lgan. U komil inson shaxsini shakllantirish yo'lidagi g'oya va sa'y-harakatlarni o'z ichiga qamraydi. Ta'limotning nazariy tomonlari bilan birgalikda, ruhiy-psixologik mashqlari, o'z-o'zini tarbiyalash va chiniqtirish kabi amaliy tadbir-usullari shakllangan.

Aynan tasavvuf tarixi, uning asosiy yo'nalishlari va tushunchalari N.Komilovning diqqat markazida bo'ldi. Bu yo'nalishda u Ahmad Yassaviy, Najmiddin Kubro, ibn Arabiy, Aziziddin Nasafiy, Bahouddin Naqshband qarashlarini o'rgandi. Ular ilgari surgan g'oyalarning mohiyatini ochib berdi.

Bu izlanishlari mahsuli sifatida “Najmiddin Kubro” (1995), “Tavhid asrori” (1999), “Tafakkur karvonlari” (1999), “Islom — ma'rifat dini” (2000), “Faqr nuri porlagan qalb” (2001), “Komil inson — millat kelajagi” (2001), “Xizr chashmasi” (2006), “Tasavvuf” (2009) kabi asarlar yaraldi.

N.Komilov “Tasavvuf” kitobida komil inson konsepsiyasini qaytadan kashf etadi. Ustoz “Tasavvuf — inson kamoloti, axloqiy poklanish haqidagi ilm”ligini uqtirar ekan, insondagi qarama-qarshiliklar, jaholat va ezgulikning orasidagi kurashlarni shaytoniy va rahmoniy quvvatlarning mavjudligiga bog'laydi.

“Inson uchun qayg'urish, uning ma'naviy kamolotini o'ylash tasavvufning doimiy o'zak masalasi bo'lib kelgan. Ayniqsa, insonning botiniy olami, ichki ziddiyatlari, ruh va jism orasidagi kurash so'fiylarni ko'p qiziqtirgan. Ular insonda azaliy ikki qarama-qarshi kuch — rahmoniy va shaytoniy quvvatlar borligini, inson Allohning bandasi sifatida shayton qutqusini yengib, rahmoniy fazilatlarga ega bo'lishi lozimligini ta'kidlaydilar”. Ya'nikim, inson o'zidagi shaytoniy quvvatlarni yenga olsa, ma'nan va ruhan poklanish yo'liga tushadi.

Tasavvuf olimlari jamiyatdagi qarama-qarshiliklar, insonlarning o'zaro kelishmovchiliklari zamirida ham rahmoniy va shaytoniy quvvatlarning ta'sirini ko'radi:

“Insonning hayotdagi o'rni, jamiyat bo'lib yashash tartiblariga ham shu mavqedan turib qaralgan; chunonchi, ijtimoiy nizolar, urush-janjallar, mulkiy tengsizlikning tub mohiyati, bosh sababini ham tasavvuf inson tabiati va siyratidan qidiradi, insonning axloqini tuzatishni uning tabiatidagi salbiy, hayvoniy kuchlarni mahv etishdan boshlash kerak, deb tushuntiradi”.

Olim ta'kidlaganidek, so'fiylar qanoatli bo'lish, nafs xohishlari bilan kurashishni komillik sari bosilgan qadam deb bilishgan.

Ustoz komillikka intilishni nafsning salbiy istaklaridan voz kechish, ruhiy-ma'naviy yuksalish yo'lidagi solih ishlarni ko'paytirish, ilm o'rganish va Allohga chin ibodatda ko'radi. O'z nafsoniy istaklari bilan kurashgan inson komillik sari boradi. Olim bunday sifatli (xususiyatli) insonlarga shunday ta'rif beradi: “Komil inson insonlar jamiyati ichidan yetishib chiqadigan mo''tabar zotdir. U azaldan martabasi aniq bo'lgan ruh emas, balki axloqiy-ma'naviy poklanish jarayonida kamolga erishgandir”. Olim komillikka intilgan va bu maqomga yetishgan insondan davlatga ham, jamiyatga ham faqat naf kelishini qayta-qayta uqtiradi: “Komillikning oliy belgisi Haq yo'lidan borib, xalqqa foyda keltirishdir. Kishi o'z so'zi, amaliy ishlari, niyati bilan qanchalik odamlarga naf keltirsa, yomonlarni to'g'ri yo'lga solsa, Haq yo'lida fido bo'lsa, u shuncha komildir”. Komillikka yetishish juda mashaqqatlidir. Ammo shu maqsadga intilib yashashning o'zi ham ma'nan boy bo'lishga, ham kamolot yo'liga tushishga sababdir.

N.Komilov o'z davrida so'fiylarga ruhiy rahnamo bo'lgan, Sharqda dong taratgan olimu ulamolarning asarlarini o'zbek tiliga tarjima qilgan. U inson ruhiyati, ma'naviyatini tarbiya qilishda juda muhim bo'lgan Farididdin Attorning “Ilohiynoma” va “Mantiq ut-tayr”, Sulton Valadning “Maorif”, A.Nasafiyning “Zubaydat ul-haqoyiq” va Husayn Voiz Koshifiyning “Futuvvatnomai Sultoniy yoxud javonmardlar tariqati”, Sayyid Muhammad Hotamiyning “Islom tafakkuri tarixidan” asarlarini ona tilimizga tarjima qildi.

“Xizr chashmasi” (2006) asarida N.Komilov Alisher Navoiyning ijodini chuqur o'rganib, tasavvuf g'oyasini tadqiq etdi. Ularda tarannum etilgan komil inson g'oyasini tahlil etdi. Alisher Navoiyning qator asarlarida komillikka intilganlarning turli mashaqqatlarni yengishi turli obrazlarda gavdalantirilgan.

Ustoz nazmda ham qalam tebratib, tuyg'ularini oq qog'ozga durdek sochgan. Najmiddin Komil taxallusi bilan bitilgan she'rlar so'fiyona tarzda chuqur mazmun-ma'nolarda yo'g'rilgan. Aksar ruboiylar o'tmishdagi buyuk shoirlarga nazira (tatabbu') tarzida yozilgan. She'riy misralar, asosan, forsiy tilda bitilgan.

 

Bir qatraman, ichimda ming to'fonim bor,

Bir zarraman-u unda nihon jahonim bor.

Jannat nuridan boshda quyoshim porloq,

Ruhul Qudsdan qalbimda iymonim bor.

(Zarif Sulton tarjimasi)

 

O'ta kamtarligidan o'zini tomchiga qiyoslagan olim ichida ming to'foni borligini uqtiradi. Tomchida to'fonning kuchi… Aslida, to'fonlar tomchilardan yaraladi. “Jannat nuridan porloq quyoshi bor” olimning “ruhul Qudsdan iymoni bor”ligi tomchidagi to'fonning qudratidir.

Inson hayotida g'am va shodlik baravar yashaydi. Qalb shodlikka qanchalik to'yinsa-da, dilining bir chetida g'am yashirin. Bu g'amlar tug'ilajak she'rlarga, yozilajak g'oyalarga turtkidir. Ustoz buni shunday ifodalaydi:

 

Bir menmu bu olam alamin chekkan,

Ozurda dili g'am tig'iga tekkan?

Shodlik guli ungan har inson diliga,

Bu charx ming g'ussa urug'in ekkan.

(Zarif Sulton tarjimasi)

Benazir she'riy satrlaridan muallifning qanchalik orif, ma'rifatli va qalban so'fiy bo'lganini anglash qiyinmas.

 

Bu olamda ne kamim bor?

Adog'i yo'q bir g'amim bor.

Agar bir lahza shodlansam,

Dag'i yuz bor alamim bor.

Tunim mahzun kunimdan ham,

Tong-la oqshom sitamim bor.

Agar bor davlatim shudir,

Nechun bu ko'zda namim bor?

 

Ustoz o'z ilmiga amal qilgan nodir va betakror shaxs bo'lgan. Quyidagi she'rlar buni takror isbot qiladi:

 

…Ruhim topsin orom, halovat,

Iymonimni saqlab salomat,

Allohim deb umrim o'tkazsam,

Omonatni Senga yetkazsam…

(Zarif Sulton tarjimasi)

 

Professor N.Komilov qator nufuzli tashkilot va muassasalarda faoliyat ko'rsatgan. O'zbekiston Milliy universiteti (ToshDU), Toshkent davlat sharqshunoslik institutida talabalarga saboq berdi. Prezident devonida konsultant, Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasida prorektor, Markaziy saylov komissiyasi raisi kabi mas'ul lavozimlarda ishladi.

Hamisha ezgu yumushlar boshida yurgan, yuzlab shogirdlarning ustozi bo'lgan N.Komilov yozgan kitoblari, tarjimalari, ilmiy tadqiqotlarining ma'naviy, ilmiy salohiyati shunchalik zalvorliki, bular yana yuzlab ilmiy izlanishlarga mavzu bo'la oladi.

Umida XUDOYBERGANOVA,

O'zDJTU tadqiqotchisi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen − 18 =