Ustoz ibrati

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Safar Ostonovni yod etib

Dorilfunun tahsilini tugatib, ilk bor yangi jamoada ish boshlaydigan har bir yosh xodim uchun o'sha korxona ichki muhiti naqadar muhim! Biz oliy ta'limni tugatgan o'tgan asrning 80-yillari yosh jurnalist uchun ishga joylashishning o'zi katta bir muammo edi. Zero “ko'chadan kelgan”, tanish bo'lmagan yosh mutaxassisni ishga olishlari amrimahol paytlar edi. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zMU)ning jurnalistika fakulteti 4-kursini tugatgach, maqsadli ravishda Leningrad davlat universiteti jurnalistika fakultetiga o'qishga jo'natilganim hamda yo'llanmam bo'lishiga qaramay, sho'ro davri “buyuk”lari meni Davlat Matbuot qo'mitasiga ishga olishmadi.

Ishga kirishdan avval nazardan o'tkaziladigan maxsus bo'limda u vaqtda bir rus polkovnik o'tirardi. U menga ham savol-javob mahali bir uyum qog'ozlarni oldimga tashlab, ruschalab:

— Razberis! — deya o'dag'ayladi.

So'ng xonadan chiqib ketib, o'n daqiqalardan so'ng qaytib keldi-da:

— Qani, nima qilding?! — deb so'radi.

— Mana bu xatlarga javob tayyorladim. Mana bularni tekshirib, chora-tadbir belgilash kerak. Bularni chop etish uchun matbuotga bersa bo'ladi.

— Ie, aqlli chiqib qolding-ku! Qanaqa tillarni bilasan?

— Ingliz, rus, fors va dari tillarini bilaman. Dari tilidan maxsus harbiy tarjimonman.

— O'-o', juda yaxshi! — yayrab ketdi u. — Sendaylarni armiyaga jo'natish kerak! Armiyamizni mustahkamlashimiz lozim!

Uning nega meni Matbuot qo'mitasiga ishga olishga ro'yxushlik bildirmayotgani bir telefon qo'ng'irog'idan so'ng yanada ayon bo'ldi. U telefon qilgan ayolga javob berayotib:

— Mana, sen aytayotgan o'zbeklardan biri mening qarshimda o'tiribdi! Bular sen bilan mening o'rnimga ishga joylashtirish uchun kadrlarni Leningradga maxsus maqsad bilan o'qishga jo'natib, mana endi ishga olishmoqchi. Men uni armiyaga jo'natib yuboraman!

Men, albatta, bunga rozi emas, jurnalistika, she'riyat va adabiyot bilan bog'liq bir olam orzularimdan voz kechishni xayolimga ham keltirolmasdim. Shu bois bu kimsani insofga chaqirishga harakat qildim:

— O'rtoq polkovnik, men ijodkor odamman. O'z sevgan kasbimda Vatanimga ko'proq foyda keltiraman, degan fikrdaman!

Xullas, o'sha kezda “O'zbekiston” nashriyotida xizmat qilayotgan Boboxon Sharipovning xayrixohliklariga qaramay, meni ishga olishmadi. Toshkentda va Leningradda o'qib yurgan chog'larimdan “Yosh leninchi” (hozirgi “Yoshlar ovozi”), “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” (hozirda tugatilgan) gazetalari, “Yoshlik”, “Yosh kuch” jurnallariga turli maqolalar bilan qatnashib turardim. Qo'mita bo'lmasa, shu nashrlardan ish chiqib qolar, degan umidda edim. Ammo propiskam yo'qligi ishning beliga tepib, 9 oy uysiz, maoshsiz gonorarlar hisobiga kun ko'rishimga to'g'ri keldi. Nihoyat, “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasi xatlar bo'limi mudiri, shoira Muhabbat Turobovaning ko'magi bilan Toshkentda opaning dugonasinikiga propiskaga qo'yilib, “Yosh leninchi”ning ijodkor yoshlar bo'limiga ishga kirishga muvaffaq bo'ldim.

Bag'ri ham tafakkuri, mehri kabi keng va daryodil ustoz Jabbor Razzoqov rahbarlik qilayotgan bu gazetaga yaqin-yaqingacha adabiyot gazetasining satira va yumor bo'limi rahbari bo'lib ishlab kelgan Qulman Ochil bosh muharrir o'rinbosari bo'lib ishga o'tgandi. Bu dargohda Karim Rahim, Mahkam Rahmon, Safar Oston, Muqaddas Abdusamatova, Islom Usmonov, Abduqodir Niyozov, Turg'un Nazarov, Ziyovuddin Ortiqxo'jayev, Zayniddin Rixsiyev singari zabardast jurnalistlar ishlar, keyin ular safiga Ahror Ahmad, Qurbon Eshmat, Sahobiddin Sirojiddinov, Norqobil Jalil, To'lqin Hayit, Muyassar Isroilova, Suvonqul Rustam, Haydar Akbar, Gulchehra Aliboyeva, Qo'chqor Norqobil kabi iqtidorli yoshlar qo'shilishdi.

Bir kuni ishchi yoshlar bo'limi mudiri Mahkam aka Rahmonov menga topshiriq berdilar: “Bektemirdagi motor zavodiga borib, ishchi yoshlar bilan suhbatlashasiz va material tay­yorlaysiz”.

Boshqa gazetalarda chop etilgan maqolalarim shov-shuv bo'lganidan ancha o'zimni tutib olgan bo'lsam-da, bu menga ushbu gazetadagi ilk jiddiy topshiriq edi. Avtobuslarga ilashib, Bektemirga, motor zavodiga yetib bordim. U yerdagi komsomol tashkiloti rahbariga uchrashib, ishlab chiqarish jarayonlari, yosh, ilg'or ishchilar bilan tanishdim. Ulardan intervyular oldim. Ko'rsatkichlarini daftarchamga qayd etgach, uyga kelib qariyb 4 betlik muxbirnoma (korrespondensiya) tayyorladim. Go'yo hammasi binoyidek edi. Shu bois tongda ishchi yoshlar bo'limi mudiri Mahkam akaga qo'limdagi materialni tutqazdim.

— Qani, bu yerga o'tiring-chi, — dedilar ustoz. — Bir kun shuncha uzoq joyga borib olib kelgan narsangiz shumi? — dedilar jiddiy qarab.

— Ha, shu. Kammi? — deyoldim qimtinib.

So'ngra Mahkam aka materialni tahrir qilishga tushdilar. 4-5 betlik korrespondensiya zumda 1,5 betlik xabarga aylandi.

— Mana materialingiz, ko'chirishga bering. Bundan keyin biror joyga borsangiz, kamida bir hafta yozishga material bo'ladigan fakt va axborot topib keling, xo'pmi! Bu sizga saboq bo'lsin!

O'zimni shu qadar ojiz va notavon sezdimki, hatto “jurnalistikani tanlab xato qilibman”, degan xulosaga bordim: “Kasbimni o'zgartirishim kerak!” deb o'yladim.

Shu kunlarda Mahkam aka qaysidir komsomol konferensiyasini yoritish uchun Xorazmmi yoki Qoraqalpog'istonga safarga jo'natildilar. Safardan qaytayotib, bir ilg'or ishchi yoshlar vakili bilan samolyotda 2 soat birga Toshkentga qaytibdilar. Mana shu suhbat asnosida olingan faktlardan Mahkam Rahmonov gazetaning har bir sonida bir hafta davomli material tayyorlab berdilar. Bu menga o'sha suhbatimizdan so'ng “jurnalist va jurnalistika mana bunaqa bo'ladi!” degan tarsakining o'zi bo'ldi.

Keskin qaror qabul qilish arafasida edim. O'shanda sport bo'limi mudiri bo'lib ishlayotgan Safar Ostonovning Olimpiya sovrindori bo'lgan bokschimiz Rufat Risqiyev haqida yozgan kitobi chiqqan paytlar edi. Safar akaga juda havas qilardim. Garchi tahririyatda Jabbor Razzoqov, Qulman Ochilov, Muqaddas Abdusamatova kabi so'zingni tinglab, samimiy to'g'ri maslahat olsa bo'ladigan qalbi pokiza insonlar bo'lsa-da, negadir Safar akadan maslahat so'radim.

Kunda-kun ora bo'lib turadigan “letuchka” – hisobot va rejalar muhokamasi chog'larida Safar akaning yozgan materiallari doim maqtalar, bundan tashqari, yosh jurnalistlar sha'niga biror adolatsiz so'z aytilsa, muharrirga qarshi borib bo'lsa-da, u kishi yoshlarni himoya qilishga so'z topa olar edi. Balki dil yorishimga ustozning shu adolatpeshaligi sabab bo'lgandir.

Safar aka jurnalistikani tashlash fikrimdan mutloq kechishimni, o'z mavzularim bo'lishi lozimligini ta'kidladilar. “Shunday maqola yozingki, u gazeta sahifalarida qolib, unutilib ketmasin. Uni keyin yoziladigan kitoblarga kiritish mumkin bo'lsin, eskirmasin”.

Safar akaning bu o'gitlari mening “Mukammal insonni izlab” turkum maqolalarim yozilishiga turtki bo'ldi. Safar aka “Sport” gazetasi yoki “O'zbekiston ovozi” gazetasi bosh muharriri bo'lgan kezlarida ham Milliy matbuot markazi raisi, “Hurriyat” gazetasi bosh muharriri bo'lgan paytlarimda ham u kishidan maslahatlar olib turdim.

Ustozda o'zganing muammosini o'zinikidek qabul qilish, vaziyatdan chiqish uchun tezda mavjud choralarni safarbar etishga kirishish xislati bor edi. Shuning uchun bo'lsa kerak, atrofi mudom muammosi mavjud odamlarga to'la bo'lardi. Sportchilar-ku u kishini o'ziniki deb bilishardi. Shu asnoda men Rufat aka Risqiyevlar oilasi bilan yaqin bo'lib, do'stlar orttirdim. Hatto Rufat aka, Alisher akaning onalari bilan ona-bola tutinib, ularning hovlisida tez-tez mehmon bo'ladigan bo'ldim. Rufat akaning onalari Safar akani, ayniqsa, juda yaxshi ko'rardi.

Tahririyatimizdagi sog'lom muhit, ijodiy raqobat, ahillik bois gazeta yoshu qarining sevimli nashriga aylandi. Yoshlar gazetasida ishlash faxr edi! Gazeta ommaviyligini yanada oshirish uchun mamlakatimizdagi turli tumanlarda gazetxonlar bilan uchrashuv va muloqotlar, sport bayramlari, konsertlar tashkil etishga kirishdik.

Gazetaning bu yutuqlarida, shubhasiz, nafaqat sport, balki huquq sohasida muammoli maqolalar bilan qatnashgan Safar aka Ostonovning munosib hissasi bor edi.

Safar akaning ibrati biz yoshlarga ham yuqib, prokuratura, sud-huquq sohasidagi islohotlar, huquqi poymol bo'layotgan insonlar haqida muammoli maqolalar yozishga jazm etdik.

Esimda, bir gal Shahrisabzdan bir ota nomidan shikoyat xati keldi. Unda o'ligi hovuzdagi suv tubidan topilgan yosh kelin taqdiri va jazosiz qolayotgan gumondor haqida yozilgan edi. Ushbu shikoyatni tekshirish menga topshirildi. Voqeani chuqur o'rganib, dalillangan faktlar bilan tergov voqeaga yuzaki yondashganini qayd etib, “Farzand dog'i” degan maqola yozdim. Ana shu maqolamga mingdan ortiq xatlar kelgan. Bu juda katta shov-shuv bo'lgan edi. Ammo tajribasizligimdan prokuror “qarori” deyish o'rniga “buyrug'i” deb yozibman. Qaror va buyruqning farqini u kezlar chuqur tushunmaganmiz. Ana shu so'zga yopishib, prokuratura raddiya talab qildi. O'shanda Safar aka Ostonov va tajribali yurist va jurnalist Habibulla Olimjonov birgalikda meni himoya qilib chiqdilar.

Bu ezguliklarini aslo unutolmayman. Men keyinchalik Safar akani ko'p mas'ul vazifalarda ishlagan paytda ham kuzatdim. U kishi aslo o'zgarmadi. O'sha-o'sha keragida bosiq, sermulohaza, to'g'ri maslahatgo'y inson sifatida qoldi. Ammo bir gal jahllari chiqqanini kuzatganman.

“Paxtakor” stadionida matbuot xodimlari uchun ajratilgan bo'lmada futbol boshlanishini kutib turgandik. Allaqayoqdan o'zini daho sanaydigan bir tanish fotograf kelib qoldi. U har joydan rizq chiqarishning ustasi bo'lib, bu o'rinda “ko'cha egalari”ga aloqadorligini ham pisanda qilishdan toymasdi. Shu odam Safar aka haqida xunuk gaplarni tarqatib yurgan ekan, aka o'sha lahza fotografning ta'zirini sportchilarga xos tarzda berib, unga: “Bor, endi o'sha “ko'chang”dagi akalaringga borib ayt, qo'lingdan kelsa! Sen va o'sha “ko'chadagi”laringning xohlagani bilan xohlagan joyda gaplashaman. Ikkinchi g'iybat gaplarni tarqatganingni eshitsam, o'zingdan ko'r!” dedilar. Shu-shu “daho” o'z qadamini bilib bosadigan, “mo'mintoy” bo'lib qoldi.

Safar Ostonovni o'z farzandiga, oilasiga qayg'uruvchi ota, oila boshlig'i, rahbar, do'st, aka, hamkasb sifatidagi turfa fazilatlarini tilga olib o'tirmadim. Bular haqda boshqa do'stlar ko'p yozishgan. Ammo men ustozning qalbimda va hayotimda qoldirgan izini, nurli siymosini aslo unuta olmayman.

Yaqinda ajoyib jurnalist, oramizdan erta ketgan Abdukarim Rahimberdiyev haqida “Olislarda miltirar shu'la” degan kitob tay­yorlandi, unga marhum jurnalistning hikoya, maqola, hajviyalaridan iborat ijod namunalaridan tashqari, hamkasb do'stlarning xotiralari ham e'lon qilingan edi. Safar akaning o'zlari ham ko'rolmagan bu kitobda eng samimiy xotiralardan biri u kishi qalamiga mansub “Birortasi yo'qlab qolar deb yuribman” degan maqola edi. Unda ustoz S.Ostonov A.Rahimberdiyev haqidagi xotiralarini xulosalab, ushbu satrlarni bitgan ekanlar:

“Amal talashib, birovga ichiqoralik qilganlar o'ylamaydilarki, bir kun kelib amal ham, davru davron ham qo'ldan ketadi. Bu dunyo ham qolib ketadi. Ikki savolga javob berishga to'g'ri keladi: “Kimga nima yaxshilik qilding? Kimga nima yomonlik qilding?” Keyingi qismat mana shu savollar javobiga bog'liq bo'ladi”. Naqadar haq gap. Bu so'zlardan ustoz Safar Ostonov ham ana shu ikki savolga umr bo'yi javob berishga tayyorlangan ekan, degan fikrga keldim. Ishonchim komilki, ustoz bu ikki savolga yorug' yuz bilan javob berolgan.

Yaqinda Safar akaning katta o'g'li Sanjarbek bilan ko'rishib qoldim. U yoshligidan sho'x bo'lib, ustozni ancha tashvishga qo'ygan paytlari bo'lgan. Ammo qarshimda o'zini bosib olgan, so'zlari otasiniki kabi salmoqli, mulohazali yigitni ko'rib, xalqimizning “olmaning tagiga baribir olma tushadi” degan hikmati ko'nglimdan o'tdi. U menga otasi yozgan kitobni esdalik uchun taqdim etar ekan, Samarqandda padari buzrukvorining qarindoshlari, sinfdoshlari, qishloqdoshlari bilan uchrashganini, Oqdaryo tumanidagi otasi o'qigan 51-umumta'lim maktabida ijodkor, davlat va jamoat arbobi, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Safar Ostonov xotirasiga bag'ishlangan “Umid bilan yashagin” deb nomlangan kecha tashkil etilganini, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi, viloyat hamda Oqdaryo tumani hokimliklari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda otasining hamkasblari, do'stlari, shogirdlari, farzandlari va yaqinlari ishtirok etganini so'zlab berdi. Ushbu tadbirni tashkil etish va maktabda Safar Ostonov xotira burchagi tashkil etilishida alohida jonbozlik ko'rsatgan Oqdaryo tuman hokimi, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo'limi raisi Akram Haydarov, 51-umumta'lim maktabi direktori Mohidil Hasanova, ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha direktor o'rinbosari Xurshid Shonazarov, o'quv ishlar bo'yicha direktor o'rinbosari Jasur Abbosov hamda Oqdaryo tuman Maktab va maktabgacha ta'lim bo'limi rahbarlarini alohida mamnuniyat bilan tilga oldi.

Ma'lum bo'lishicha, ko'pgina hamkasblar o'sha maktabga o'z kitoblari, ijod mahsullari, sport inventarlari bilan ko'maklashishga qaror qilishibdi. Bu ezguliklardan juda mamnun bo'ldim. Sanjarbekdan ham juda ko'nglim to'ldi. Yaxshi inson bo'lib kamolga yetibdi! Bu ham ustozning ibratlaridan biri-da! Shu bois men ham “Oltin meros press” nashriyotida yaqinda chop etilgan 30 ga yaqin kitoblarni ustoz Safar aka o'qigan 51-maktabga sovg'a qilishni ko'nglimga tugdim. Yaxshilarning nomi ham ezguliklarga esh bo'ladi. Nazarimda, 13 noyabr kuni (ustozning tavallud kuni) Samarqand viloyatining Oqdaryo tumanidagi 51-maktabda bo'ladigan xotira kechasida bu kitoblarni maktab kutubxonasiga topshirish ma'qul ish bo'ladi!

Yaxshi insonlar ibratidan yaxshi, savobli ishlar bardavom bo'lib, o'tgan ustozlarni Alloh rahmat qilsin!

Amirqul KARIM,

Xalqaro “Oltin meros”

fondi boshqaruvi raisi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

12 + 9 =