Buyuk hofiz yodi
yoxud O'zbekiston xalq artisti Faxriddin Umarovni eslab…
Men chamasi qirq yil atrofida ulug' san'atkorimiz Faxriddin Umarov haqida bilganlarimni yozmoqchi bo'lib yurar edim. Bu yo'lda imkoni boricha teledasturlar va radio tarmoqlarida gapirdim. Faxriddin aka tiriklik chog'ida yoxud vafotlaridan so'ng ilmiy anjumanlar, to'ylar va oilaviy xursandchilik kunlarida to'lqinlanib aytganlarim bor.
Hatto bir ilmiy-ma'rifiy yig'inda taniqli olimimiz, akademik Aziz Qayumov: “O'zbek xalqining iftixori bo'lgan Faxriddin Umarovga hurmatingiz baland ekan”, deb e'tirof qilgandi.
Oilada o'n farzandmiz. Ikki akam, ikki opam Ukrainaning Skadovsk tumanida, qolgan oltovimiz Toshkentda tug'ilganmiz. Rahmatli bobom Po'latbekning Toshkentda bir-ikkita do'koni, hozirgi Zangiota tumanidagi dalalarida qo'y va sigirlari bo'lgan. Sho'rolar tuzumi unga nisbatan “quloq” tamg'asini bosib, 1931 yilning sentyabrida oila a'zolari bilan Xerson dashtlariga badarg'a qilgan. Farzandlari orasida 21 yoshli otam To'xtabek Karimbekov ham bo'lgan.
Xuddi shunday qismat onamning taqdirida ham sodir bo'lgan. Asli Xorazm diyoridan bo'lgan volidam Eshniyozova (Karimbekova) Bibijon Beki qizining otalari ham Xersonga “quloq” sifatida surgun qilingan. Onamning aytishlaricha, otalari Beki ancha savodli, ma'rifatparvar bo'lgan. Beki bobomiz o'z kulbalarida yoki Skadovskdagi o'zbek, turkman, qirg'iz, qozoqlar davrasida: “Biz Vatanga, o'z diyorimizga qaytishimiz kerak, nima uchun o'zga yurtlarda xor bo'lib yashashimiz kerak?” deb aytar ekan. Bunga javoban bobom Beki Eshniyozov sho'rolar tomonidan 1938 yilning 9 oktyabrida otib o'ldirilgan.
Bu voqealardan so'ng volidamning onasi — Jumasulton buvimiz ham qirqqa kirmay vafot etgan, qabri Skadovskda qolib ketgan.
Qarangki, bunday nohaqliklar girdobiga tushganlar orasida buyuk hofizimiz Faxriddin Umarovning oilasi ham bo'lgan ekan. Ota-onamning hikoya qilishicha, Skadovsk tumanida ular ulug' san'atkorimizning oilasi bilan yonma-yon yashagan. 1931 yil, ya'ni qadim Turkiston xalqlari Ukrainaga badarg'a qilingan yilda Faxriddin aka 5 yosh bo'lgan. To'xtabek otam va Annamurod tog'amning so'zlab berishicha, Faxriddin aka oq-sariqdan kelgan, juda chiroyli, to'g'ri so'z, rus tilini yaxshi biladigan ajoyib inson bo'lgan. U kishi tog'amning yaqin qadrdonlaridan bo'lib, Skadovsk surgunidagi 6-o'zbek to'liqsiz o'rta maktabida birga o'qishgan. Menda tog'amdan esdalik bo'lib qolgan o'sha maktab bitiruvchilarining “vinyetka”si bor. Unda Faxriddin Umarov bitiruvchilarning a'lochisi sifatida eng yuqorida turibdi.
Bolalik chog'larim oilamizda Faxriddin aka haqida suhbatlar bo'lar edi. Dadam va irrigatsiya institutining yetuk domlasi bo'lmish tog'am ko'p gapirar edi. Faxriddin aka bolaligida ko'p qiyinchiliklar chekkanligi, qamishdan nay yasab, uni chiroyli chalishi, “bolshevoy”lar bilan rus tilida baralla tortishganligini va eng muhimi, juda odobli, halol va a'lochi bo'lganligini bizga namuna qilib aytishardi.
Uyimizda Faxriddin Umarov ijrosidagi gramplastinkalar ko'p edi. Ayniqsa, “Onam derman”ni qo'ysak, volidam o'kinib-o'kinib yig'lar va ularga qo'shilib opalarim ham yig'lar edi. To'y qilsak, dadam rahmatli Faxriddin akani taklif qilar edilar.
Yillar o'tib, hofizning yaqin do'stiga, xuddi o'g'liga aylanib qoldim. U meni erkalab “Begim” deb aytar edi.
Dastlabki tanishuvimizdayoq (80-yillar boshlarida televidenieda) o'zim kimning farzandi ekanligimni aytishim bilan Faxriddin aka meni quchoqlab: “To'xtabek aka tachankada, (yana qaytarib) tachankada Odessadan non tashir edilar, bormilar?” deb so'radilar. Men otam hayot ekanligini, 70 dan oshganligini aytdim. Faxriddin aka duo qildilar va dadamga salom yo'lladilar. Darhaqiqat, To'xtabek otam surgunda bo'lgan yillarida Odessa bilan Skadovsk oralig'idagi chamasi 200 kilometr keladigan yo'lda ot-arava, ya'ni tachankada non tashigan ekan. Vatandan badarg'a bo'lganlar koriga yaragan ekanlar.
Men Faxriddin aka bilan, asosan, televidenieda, ba'zida radioda uchrashar edim. To'ylarda ham ko'p bor ko'rishganmiz. U meni ko'rishi bilanoq samimiylik bilan bag'riga bosar edi. Yonlariga chaqirib olar edilar. Suhbatlari nihoyatda dilkash, o'ta madaniyatli, ilmga boy, birorta ortiqcha gap bo'lmasdi.
Taqdir taqozosi bilan hozirgi O'zMUda o'qituvchi, katta o'qituvchi, keyin esa televidenieda siyosiy sharhlovchi bo'lib mehnat qildim. Kam bo'lmadim. 1996-1999 yillarda O'zbekiston Prezidentining madaniyat, ma'naviyat va jamoat tashkilotlari bilan ishlash xizmatida bosh konsultant, ya'ni o'sha davr maqomi bo'yicha davlat maslahatchisi o'rinbosari vazifasini bajardim. Faxriddin aka bilan qo'ng'iroqlashib turar edim. 1997 yil bo'lsa kerak, Faxriddin Umarovga qo'ng'iroq qildim, avvalgidek samimiy suhbatlashdik. Shunda men “katta idorada” ekanligimni aytib, u kishiga nima uchun hanuz xalq artisti unvoni berilmayotganligi bilan qiziqdim. Balki, boshqa san'atkor bunday idoraning nomini eshitishi bilanoq, “menga yordam bering” degan bo'lardi. Faxriddin aka unday qilmadilar. Ulug'likni saqlab qoldilar.
“Qobilbek, menga bo'lgan hurmatingiz, sadoqatingiz uchun minnatdorman. Biroq meni deb burningiz qonamasin. Bu masalani ko'targanlardan ancha-munchasi tanbeh oldilar. Shunday bo'lsa-da, Hojiakbar (H.Hamidov) harakat qilib yuribdi. Baraka topsin!” — dedilar.
Men faoliyat olib boradigan Milliy teleradiokompaniyada bir necha ming xodimlar bor. Yaxshi ijodkorlardan biri, shogirdim — bugungi kunda filologiya fanlari doktori Guljahon Mardonova. 2002 yilda Faxriddin Umarov “Xalq hofizi” unvonini olgach, u buyuk san'atkor haqida ancha salmoqli ko'rsatuv tayyorladi. Muallif G.Mardonova uzoq yillar mobaynida ayrimlar Faxriddin akaga azob berganligi haqida so'z boradi va ular kim edi, degan ma'noda savol beradi. Faxriddin Umarovning ulug' madaniyat darg'asi ekanligini shunda ham ko'rib yana hayron qoldim. Javobni qarang: “Keling, bugun o'shalarni eslamaylik, men shu ekran orqali ularga “rahmat” aytmoqchiman. Chunki ularning otgan toshlari oyog'im ostiga tushib, mening bo'yim baland ko'rinyapti”. Menimcha, bunday kamyob fikrni faqat donishmand odamgina ayta oladi.
Men Faxriddin Umarov ishtirok etgan olimlar davrasida ham bir necha bor qatnashganman. Bir kuni Alisher Navoiyning qo'shiq qilingan g'azali ustida uch fan doktori bir tomon va Faxriddin aka yolg'iz bir tomon bo'ldilar. Munozaraning yakuni bo'lmagach, Faxriddin Umarov: “Kelgusi uchrashuvimizga Alisher Navoiyning kitobini olib kelaman”, dedilar. Alqissa, kelgusi uchrashuvda Faxriddin aka Alisher Navoiyning kitobini olib kelib, uch fan doktorini mot qilib, hayratga solganligining guvohi bo'lganman.
Faxriddin Umarovning qo'shiqchilik san'ati alohida mavzu. Faxriddin akaning qo'shiqlari bir nechta kitob yozishga arziydi. Men ham, inshoolloh, hofizning qo'shiqlariga ashaddiy muxlisman. O'zim va akalarim to'plagan yuzlab qo'shiqlar bor.
Faxriddin akaning boy san'at bisotida mumtoz she'riyat alohida o'ringa ega. Jumladan, hofizning qo'shiqlari Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Ogahiy, Muqimiy, Furqat, Xislat kabi ulug' daholar ijodi bilan bog'liq. Ayniqsa, Faxriddin Umarov Bobur she'riyatiga ko'p bor murojaat qilgan. “Sochining savdosi tushdi” yoki “Jamoling vasfini, ey yor” kabi ajoyib qo'shiqlar hofizning Boburga bo'lgan yuksak ehtiromidan darak beradi. Faxriddin Umarov Boborahim Mashrab ijodiga ham ko'p bor e'tibor qaratgan.
Faxriddin aka bilan uchrashuvlarimizdan birida Mashrabning “Mehribonim, qaydasan?” nomli kitobga dastxat yozib berishlarini iltimos qildim. U kishi quyidagi jumlalarni yozib, imzo chekdilar: “Mashrabning g'azallari muxlisi ukam Qobilbekka samimiy hurmat ila F.Umarov”.
Faxriddin aka Yong'in Mirzo, Mirtemir, Po'lat Mo'min, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, To'ra Sulaymon, Shuhrat, Yodgor Baxshi, Chustiy, O'tkir Rashid, Haydar Muhammad, Jumaniyoz Jabborov, Shukrullo, Zohidjon Obidov, Haydar Yahyoyev, Muhammad Yusuf va boshqa o'nlab shoirlarning she'rlarini kuyga solib ijro etgan.
Faxriddin aka oqibatli, vafodor do'st, lafzi halol inson edilar.
U kishi o'z davrining ulug'lari bilan ham juda qadrdon bo'lgan. Shulardan biri haqida qisqacha aytib bersam. Bu san'atkor O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Zokirjon Sultonov edi. U kishi Faxriddin akaga qattiq muxlis ekanligimni bilib, ishonasizmi, qahraton qishda Faxriddin Umarovning “tesha tegmagan” 125 ta qo'shig'i yozilgan diskni yashab turgan xonadonimga olib kelsalar bo'ladimi! Darrov issiq choy, bir burda non bilan mehmon qilgan bo'ldim, qarasam, shoshyaptilar, qo'llarida katta paket. “Zokirjon aka, shoshilmang, keliningiz ovqat tayyorlayapti”, dedim. U kishi: “Yo'q, Qobilbek, mana shu setkada Faxriddin akamga dorilar bor, tezda yetkazishim kerak, qand kasali ancha bezovta qilyapti”, dedilar-u tashqariga otildilar. U yog'ini cho'zmayman. Mana insoniylik, mana sadoqat, mana do'stga ehtirom!
Yana bir voqeani qisqacha bayon etsam. 2022 yilning kech kuzi. Qibray tumani madaniyat saroyida Faxriddin Umarovning xotira kechasi bo'ldi. Ajoyib san'atkorlar ishtirok etdi, dilkash suhbatlar bo'ldi, hofizning qo'shiqlaridan namunalar ijro etildi. Shunda ajoyib inson, shoir, mohir pedagog Shukur Dadash Faxriddin aka haqida ma'ruza qildilar. Mubolag'a emas, bunday chuqur mazmundagi nutqni men faqat ilmiy kengashlarda yoki akademiyaning yig'ilishlarida ko'rganman, xolos.
Ayni shu tadbirga hofizning Jamoliddin ismli farzandlari ham kelgan ekan. U kishiga otalari yozib bergan dastxatni ko'rsatishim bilanoq, xalq hofizimiz meni alqagani kabi, farzandlari ham o'z bag'riga bosdi…
Qobilbek KARIMBEKOV,
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist.
