Munavvar hayot va ilm sohibi

Munavvar hayot va ilm sohibi

O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Temuriylar tarixi davlat muzeyi anjumanlar zali har galgidan-da gavjum bo'ldi. Boisi o'zbek islomshunos olimi, hadisshunos, sharqshunos, arabshunos, tarix fanlari doktori, professor Ubaydulla Uvatov xotirlanib, nomi ulug'lanmoqda. Allomaning ilmiy-ma'rifiy, ma'naviy hamda insoniy merosi haqidagi xotiralar, maqolalar, bag'ishlovlar jamlangan “Munavvar hayot va ilm sohibi” kitobi taqdimot marosimini O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi Muslimbek Yo'ldoshev ochdi.

— Ubaydulla Uvatov olim sifatida ham, inson sifatida ham ajoyib ustoz edi. U kishini ilm olamidagi javohirga o'xshataman, — dedi u. — Odamlar hayotini islom olamida taniqli allomalarga baxsh etgan olim bilan bir ko'rishsam, deb orzu qilishar edi.

Anjumanga yig'ilgan olimlar, ulamolar, yozuvchi-shoirlar, jurnalistlar, olimning do'stlari va barcha yaqinlariga Ubaydulla Uvatov haqidagi qisqa film namoyish etildi. Ekrandagi tasvirda ham yuzlaridan nur yog'ilib turgan ustozning qo'li ko'ksida, uning siymosida haqiqiy ilm egasiga xos kamtarinlik aks etib turibdi.

— Ulug' inson va sharqshunos ustozimiz haqidagi risola bizlarga munosib sovg'a bo'ldi, — dedi Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori, professor Gulchehra Rixsiyeva. — Ubaydulla Uvatovning bilimi va insoniy xislatlaridan hayratlanardim. Ular bilan birga ishlaganimdan faxrlanaman. Yoshlarni kitob ichida yashashga o'rgatishga domlaning hayoti ibrat maktabi bo'lib xizmat qildi. Universitetimizda millatimiz faxri bo'lgan Ubaydulla Uvatov o'quv xonasini tashkil etishni niyat qilganmiz.

Ubaydulla Uvatov Sohibqiron Amir Temur hayoti va faoliyatini o'rganishga bag'ishlangan tadqiqotlarga sobiq sho'rolar davrida qo'l urgan o'z davrining jasoratli olimi edi. Ma'lumki, sobiq mustabid tuzum davrida Amir Temur va temuriylar tarixi haqida ilmiy tadqiqot olib borish o'ta qaltis va xavfli ish edi. Qancha qarshiliklarga qaramay, olim ilmda jasorat ko'rsatib, “Ibn Arabshohning “Ajoib al-makdur fi tarixi Taymur” (Temur tarixidagi taqdir ajoyibotlari) asarining tarjimasi va ilmiy tahlili” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. Ushbu ishga asos bo'lgan asar qo'lyozmasi Qohiradagi “Dor ul-kutub” (“Kitoblar uyi”)da saqlanadi. Ushbu qo'lyozmadan foydalanishda va nusxa olishda kutubxona mas'ul xodimi, vatandoshimiz, islomiy qo'lyozmalar bo'yicha yirik olim, doktor Nasrullo Mubashshir at-Taroziyning xizmatlari katta bo'lganini Ubaydulla Uvatov o'z xotiralarida mamnuniyat bilan eslaydi:

“O'n beshinchi asrda yashagan arab tarixchisi Ibn Arabshohning Amir Temur bobomiz hayoti va faoliyatiga bag'ishlangan asarini o'qib, unga oshiq bo'lib qoldim. Garchi ma'lum sabablarga ko'ra, Ibn Arabshoh Amir Temur bobomizning faoliyatiga tanqidiy ruhda yondashgan bo'lsa-da, lekin bu asarda Sohibqironning hayot yo'llari, shaxsiyati, uning siyrati va suvrati, ajoyib insoniy fazilatlari, davlat arbobi va lashkarboshi sifatidagi benazir salohiyati haqida shu qadar ma'lumotlar keltirilganki, boshqa birorta asarda Amir Temur haqida bunchalik aniq va batafsil ma'lumotlarni uchratmaysiz”.

Shu o'rinda o'quvchilarga Ubaydulla Uvatov ilmiy faoliyatining o'ziga xosligi va qamrovi kengligini yana bir karra eslatmoq zarur. Mustaqillik sharofati tufayli u o'zini batamom yurtimiz allomalari hayoti va ilmiy-ma'naviy merosini o'rganishga bag'ishladi. Arab tilini mukammal bilishi, tarixiy manbalar bilan ishlash ko'nikmasining to'liq shakllangani tufayli islom olamida juda mashhur bo'lgan, ammo o'zbek kitobxoniga notanish ko'plab allomalarimizning hayot yo'li, ularning ilmiy-ma'naviy merosi bilan qimmatli yozma manbalar asosida tanishtirdi.

Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Hakim Termiziy, Imom Moturidiy, Mahmud Zamaxshariy, Abul Muin Nasafiy, Lomishiy va boshqa yurtimizdan yetishib chiqqan allomalar haqida birinchilardan bo'lib o'zbek tilida ilmiy-ma'rifiy risolalar nashr etdi. Tabarruk zaminimizda yetishib chiqqan 70 nafar olimning hayoti, faoliyati va ilmiy merosi haqidagi qimmatli ma'lumotlar jamlangan “Buyuk yurt allomalari” kitobini yaratdi. O'z ilmiy faoliyati davomida ellikka yaqin risolalar chop ettirdi. Yuzlab kitob va ilmiy risolalarga muharrirlik qildi, taqrizlar yozdi.

Ulug' olim Ubaydulla Uvatov 2009 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan, 2017 yilda “O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni bilan, 2020 yilda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi.

— Ustozimiz umrining oxirigacha Amir Temur tarixini ulug'lashga sarfladi, — dedi Temuriylar tarixi Davlat muzeyi direktori Xurshid Fayziyev. — Temurshunos olimlarga katta meros qoldirdi. Muzeyimizda u kishi tayyorlagan ko'plab ma'lumotlar bor.

— Marhum ustozimiz Ubaydulla aka “dinga xizmat qilyapsizlar” deb bizlarga boshqacha mehr bilan munosabatda bo'lardi, — dedi O'zbekiston Musulmonlari idorasi Faxriylar kengashi raisi shayx Abdulaziz Mansur. — Ilm, ma'rifat yuki haqiqiy olimni kamtar qilib qo'yadi. Ubaydulla aka nihoyatda kamtarin inson edi. Nuri iymonlari o'zlariga hamroh bo'lsin, jannatda ham birga bo'lishlik nasib etsin.

— 1958 yili O'rta Osiyo universiteti (hozirgi O'zbekiston Milliy universiteti)ning sharqshunoslik fakultetida o'qishni birga boshlaganmiz, — dedi akademik Dilorom Yusupova. — O'n to'rtinchi-o'n beshinchi asr manbalarini, katta allomalar hayoti va faoliyatini chuqur o'rgangan olim edi. Ilmga hamma ham uningdek intila olmaydi. Oilaviy bordi-keldimiz tufayli ayta olamanki, u ajoyib oilaparvar inson bo'lgan.

O'zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi bosh ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori, professor Zohidilla Munavvarov shunday xotirladi: “Arab tili bilimdoni Ubaydulla Uvatov bilan ellik yil ustoz-shogird munosabatida bo'lganman. Yodingizda bo'lsa, bir paytlar Imom Buxoriy bobomizni “Ismoil Buxoriy” deb atardik. Bu xato ekanini Ubaydulla Uvatov isbotlab, bobomiz nomini o'zligimizga qaytardi. Sohibqiron bobomizning portretini mashhur rassom Malik Nabiyev aynan Ibn Arabshoh asarining Ubaydulla Uvatov tarjima qilgan kitobidan foydalangan holda yaratgan.

Yaxshi insonlar yodi ulug'lanadigan fayzli davraning harorati ham boshqacha bo'ladi. Anjuman ishtirokchilarining so'zlarini tinglar ekansiz, Ubaydulla Uvatov ko'z o'ngimizda namoyon bo'ldi. Undayin benazir olim bilan “Qishloq hayoti” gazetasida ishlagan chog'larimda yaqindan tanishgan edim. Bosh muharririmiz Chori Latipovni yo'qlab, tahririyatga tez-tez kelib turardilar. Birga-birga tushlikka, gohida kechki ovqatga chiqardik. Oddiyligi, samimiyati, kamtarinligi va mehmondo'stligi bilan xotiramda qolgan.

Tadbir ishtirokchilariga taqdimoti bo'layotgan kitob sovg'a qilindi. Taniqli olim Rahmon Qo'chqor mas'ul muharrirlik qilgan Ubaydulla Uvatovning hamkasblari, do'stlari, shogirdlari va yaqinlari tomonidan yozilgan bir-biridan ibratli, yangi ma'lumot va ilmlarga boy xotiralarni o'qiyman. Mualliflarning aksariyati mamlakatga taniqli ulamolar, davlat va jamoat arboblari, yirik olimlardir. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi, O'zbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sultonov shunday yozadi: “Domlaning insoniylik va pedagogik fazilatlari ham barchaga ibratli edi. U kishining hayotda o'ta kamtarin va odamoxunligi, samimiy va zakiyligi maqomot va darajotini hamisha yuksaltirib keldi. Kim bilan so'rashsa, nurli yuzida tabassum, tilida boldek kalom, qalbida izzat-ehtirom va samimiyat balqib turardi. Ko'rinishidan alpdek qomati va donishmandona qiyofasi salobat bosar, ammo muomala madaniyati bilan kishini o'ziga darrov jalb qilardi. O'zaro suhbatlarda esa domlaning sharqona hikmat to'la so'zlariga, muloqot madaniyati, islomiy lutfu odobiga qoyil qolardik”.

Shaksiz, ushbu kitobni o'qigan har bir zakiy kishining ko'ngli to'ladi,  qalbiga ma'rifat nuri kiradi, tafakkuri qoniqadi. Rahmon Qo'chqor ta'kidlaganidek, Ubaydulla Uvatov xotirlangan bu to'plamning ilmiy, ma'rifiy, ma'naviy darajasi yaqqol ko'zga tashlanadiki, buning uchun biz kitobxonlar unda ishtirok etgan mualliflardan har qancha minnatdor bo'lsak, arziydi.

Dilmurod QIRG'IZBOYEV,

O'zbekiston Jurnalistlar

uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × 3 =