Ustoz ijodkor xotirlandi
Kuni kecha Guliston shahridagi Yoshlar markazida O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Sirdaryo viloyati bo'limi hamda Guliston davlat pedagogika instituti hamkorligida atoqli shoir, tarjimon va jamoat arbobi Sa'dulla Hakim tavalludining 75 yilligiga bag'ishlangan “So'z dehqoni edi…” nomli xotira kechasi bo'lib o'tdi.
Kechada O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi rahbari Shuhrat Oripov, “Tong yulduzi” gazetasi bosh muharriri Feruza Adilova, “G'uncha” jurnali bosh muharriri Dilfuza Shomalikova, sud-tibbiy eksperti, “Zakovat” guruhining bilimdoni Bobur Yoqubov, ustozning shogirdlari, oila a'zolari, olimlar, atoqli ijodkorlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etishdi.
Unda ustozning boy ijodiy merosi, jurnalistika va adabiyotimiz taraqqiyotiga qo'shgan hissasi alohida e'tirof etilib, so'zga chiqqanlar tomonidan yodga olindi.
Tadbir davomida Sa'dulla Hakimning yaqin do'sti, Ahmad Yassaviy mukofoti sovrindori, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Baxtiyor Xolxo'jayev tomonidan shoirning she'rlari asosida yaratilgan qo'shiqlar ijro etildi. Talabalar tomonidan sahna ko'rinishlari namoyish etilib, shoir ijodidan namunalar o'qildi.
Sa'dulla Hakim 2016-2020 yillar davomida O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi sifatida faoliyat yuritib, jurnalistlarni qo'llab-quvvatlash va ularning ijodiy salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan ko'plab loyihalarga rahbarlik qilgan.
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan Sa'dulla Hakim tavalludining 75 yilligiga bag'ishlangan tadbirlar boshqa hududlarda ham o'tkazilishi rejalashtirilgan.
O'z muxbirimiz.
