Vatan ishqi qilar elni mushtarak

To'lqin EShBEK
Muallif haqida:
To'lqin EShBEK — 1963 yili Ishtixon tumanida tug'ilgan. 1985 yilda Toshkent davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti)ning jurnalistika fakultetini tamomlagan. Ayni paytda u ana shu dargohda faoliyat ko'rsatmoqda.
Muallifning “Jigarbandlar”, “Shabada esgan kun”, “Qishloqlik bola qissasi”, “Jaydari hangomalar”, “Adashgan qiz qismati”, “Hayot karvonlari”, “Samarqand farzandi”, “Olimning beqiyos olami”, “O'zbekning yomoni bo'lmaydi”, “Ikki asr odami”, “Korrupsiyasiz hayot zavqi”, “Generalning mangu yulduzi”, “Boburning gavharlari”, “Buxoroi sharif ziyosi”, “Ayol va Oy”, “Jadidlar javhari” deb nomlangan nasriy hamda she'riy to'plamlari nashr etilgan.
To'lqin Eshbek O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi, respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi “Ma'rifat” targ'ibotchilar jamiyati a'zosi. Adabiyot sohasidagi Usmon Nosir mukofoti laureati (1993), jurnalistika sohasida “Oltin qalam” Milliy mukofoti sovrindori (2008) bo'lgan.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoniga binoan 2019 yili “Do'stlik” ordeni bilan taqdirlangan.
Qasida
Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun,
Bobolar ham kurashganlar azaldan.
Ona diyor, elu botirlar madhi
Joy olgandir o'lan, she'ru g'azaldan.
O'g'lonlar mard bo'lsa yurtim tuprog'i,
Ezilmagay yov etigi, nag'aldan.
Vatanning bir parchasidir uyimiz,
Iboratmas faqat bisot-bag'aldan.
Oqtovdayin osmon yaylov adirlar,
Qizg'aldoqlar undiradi shag'aldan.
Ipakdayin mehr chiqar tovlanib,
Ketmon tutgan qadoq qo'li dag'aldan.
Ko'kka bo'ylamoqda O'zbekistonim
Mustaqillik degan metin tamaldan.
Bahorning bir kuni yilni boqar deb,
Mehnat ahli qimirlaydi Hamaldan.
O'z lafziga sodiqlar – yurt boyligi,
Farqi yo'qdir so'zlarining amaldan.
Qalbimiz boy onajonlar allasi,
Momolardan meros maqol, mataldan.
Vatan ishqi qilar elni mushtarak,
Ko'tarilar el birgina yo'taldan.
Yurtim madhin bitgan Abdulla Orif,
Musiqaning zo'ri chiqqan Mutaldan.
Jo'rovoz xalqimning qudratli sasi,
Atrofga taralar azal-azaldan!
Surxon qovunidan bahramand dunyo,
Hayratda Chortoqda bitgan asaldan.
Erkin Vohid bitgan “Ruhlar isyoni”
Aslo qolishmaydi “Zarbulmasal”dan.
Ta'rifi dunyocha yurtga qasidam,
Daftar osmon bo'lsa, bitsam zarhaldan!
MAFTUNKOR O'ZBEKISTON
Nyu-York shahrining mashhur “Tayms-skver” maydonida O'zbekiston haqida videorolik namoyishi yo'lga qo'yildi. Mazkur loyiha O'zbekistonning Nyu-York shahridagi Bosh konsulxonasi tashabbusi bilan mamlakatimizning turizm salohiyatini xalqaro maydonda targ'ib qilish maqsadida tashkil etildi.
Dunyoning eng ko'p tashrif buyuradigan joylaridan biri – “Tayms-skver”dagi ikkita yirik ekranda O'zbekistondagi qadimiy obidalar, tarixiy shaharlarimiz, mamlakatimiz tabiatining go'zalligi va madaniy rang-barangligini o'zida aks ettirgan videolavhalar namoyish etilmoqda.
Internet xabarlaridan.
“Tayms-skver” bor – “Vaqt xiyoboni”,
Nyu-York atalgan dunyo tomida.
Kunda million odam kezib yurguvchi
Ajoyib chorraha “Zamon” nomida.
O'zbegim zamoni kelgani shudir –
Bayrog'imiz chorlar jami olamni!
Dunyo deganikim doim biri kam:
Yarmi baxtni bilmas, yarmisi – g'amni.
Men garchi sahroyi el farzandiman,
Ko'rib yuragimda qo'pti dovullar:
O'zbekiston degan go'zal yurtimda:
Vodiy va vohalar, kentlar, ovullar.
Tarixning bobosi azim Samarqand,
Bo'ylashar Buxoro, Xivalar bilan.
Bo'ynida qo'ng'iroq sochayotir zang –
O'tib borar karvon tevalar bilan.
Temur shavkatini tiklagan o'lka,
Ufq ortin ko'rolgan Beruniy bobom.
Tarixi moziyga uzaygan ko'lka,
Jadidlar uyg'otgan sabuhiy sabom.
Temur maqbarasin niliy gumbazi:
Samodan uzilgan ko'zyosh tomchisi.
Sir ila Amuni loylatib kechgan,
Uloqchi qo'lida irg'ay qamchisi.
Tasvirlar barini qilmoqda ko'z-ko'z,
Bizga do'stlar kerak yiroq-yaqindan.
Xudoyim ham axir hazar qilarmish
Hazar qilmaslardan o'zga haqindan.
O'zbegim ko'ngliday qo'li ochiq xalq,
Yaxshi-yomon kunda kift tutgan qo'shni.
Boshda do'ppisidan taniydi dunyo,
Oftobda qoraygan mard yalangto'shni.
Ta'rifi Rustami doston bo'lg'usi
Tanlasam ham ming bor xasisdek so'zni.
Bu dunyo jannatga monand bo'lardi,
Seni tanigancha tanisa o'zni!..
TUG' ILA TUG'RO
Mustaqillik nasib etdi, yetishdik tug'-u tug'roga,
Yarashdik bir-birimizga, ki o'xshab Tohir-Zuhroga.
Vatan qurboni bo'lgandan, Vatan dehqoni bo'lgan soz:
Mehr-la parvarish qilsak, o'rin qolmasdi sahroga.
Gerb-u bayroqqa munosib chiroyli bizda farmonlar,
Nazoratni qilib dastak, yetishsak qat'iy ijroga.
El ichiga kirib borsin amaldor qavmi har joyda,
Ulusga yuzma-yuz kelsin, biqinmay xona-hujroga.
Ilmsizlik jaholatdir, Vatan obod ilm birla.
Ilmga oshino bo'ldik, yetishgach “O'qi” – “Iqro!”ga.
O'zbekiston misoli bog'i jannat daryosi To'lqin,
Kim o'xshar Obi Kavsarga, hovuch tuprog'i – nuqroga!
YuRTGA MUHABBAT
“Qil meni jondin judo, qilguncha jonondin judo”.
Alisher NAVOIY
“Men bo'lay jondin judo, bo'lguncha jonondin judo…”
Erkin VOHIDOV
Bo'lur ba'zan shuningdek hol: qolursan xuddiki jonsiz,
Tirik bo'lib tirikmas jon, magarkim qoldi jononsiz…
Ki, sahrolar edi tilsiz, to paydo bo'lmayin karvon,
O'tur karvon, yana sahro qolur besas bu karvonsiz.
Bu loshning parvarishi ko'p olur vaqtingni, ruhning ham
Samoga yo'l olishi ayrumas zinayu narvonsiz.
Yaratganga erur birdek aziz behishtu uqbosi,
Bu dunyo ham bo'lur bir kam, magarkim, bog'u zindonsiz.
Tegirmon do'liga tushmay qachon nonga do'nar bug'doy?
Jafo chekmay sira Haq vasliga yetsam degan sonsiz.
Bir ummon bag'rida jo'shqin erur ming bittalar To'lqin,
Yashar yurtim meningsiz, men yasholmam O'zbekistonsiz.