“Har kimki jafo qilsa…”

1987 yili Moskvaga xizmat safari bilan kelib, bir hafta davomida “Moskovskaya pravda” gazetasining ish faoliyatini o'rganganman. Shod Mullajonov degan dushanbelik tojik yigit gazetada mas'ul kotib lavozimida ishlar ekan, meni ijodiy jarayon, materiallarning tayyorlanishi, mualliflar bilan ishlash, gazetxonlarning xatlaridan foydalanish tajribasi bilan erinmay tanishtirdi.

Bir kuni mas'ul kotibning xonasida gazetaning eski taxlamlarini varaqlab o'tirgan edim, xonaga ko'zlari yig'idan qizargan asabiy bir ayol kirib keldi.

— Mas'ul kotib shu yerdami? — deb so'radi u qovog'ini uygan holda. Men: “Ha, shu yerda, hozir bir ish bilan tashqariga chiquvdi”, dedim. Dedim-u, tutildim. Chunki mas'ul kotib qayoqqadir jo'nab ketgan ekan.

— Siz kim bo'lasiz? — dedi ayol so'zlashgani boshqa hech kim yo'qligiga ishonch hosil qilgach, biroz yumshab.

— Menmi, men — o'zbekistonlik jurnalistman, tajriba o'rgangani kelganman, — dedim shosha-pisha.

— Tajriba deng? — ensasi qotdi ayolning. — Bularda tajriba bor ekanmi? Mana, bitta maqolani bir oydan beri e'lon qilmay, cho'zib, paysalga solib yotishibdi. Mehnatkashlarning arizalariga e'tiborlari qandayligini o'rgansangiz bo'larmidi, o'rtoq jurnalist…

O'zim bilmagan holda arining uyasiga cho'p suqib qo'ygan ekanman. Rosa bir soat davomida uning noyob, boshqa hech joyda eshitish mumkin bo'lmagan hikoyasini e'tibor bilan tinglashimga to'g'ri keldi.

“Andrey bilan meditsina institutida birga o'qiganmiz, — hikoyasini boshladi Olya hayajonini biroz bosib olgach. — Asli men boshqa bir yigitni sevardim. Ammo uning yaqin dugonamga ilakishib qolganini sezib, jahl ustida Andreyga ko'ngil ochdim. U uch xonali uyda bir o'zi turardi, buning ustiga, pul topishga usta edi. Oradan hech qancha vaqt o'tmay, nikohdan o'tdik. Birga yashay boshladik. Bu orada otam avtohalokat tufayli olamdan o'tdi, onam uyda bir o'zi qoldi. Andrey bilan maslahatlashib, sharti ketib, parti qolgan uyni sotdik-da, onamni yonimizga olib keldik. Bir-ikki yil binoyidek yashab yurdik, yeyish-ichishdan kamimiz bo'lmadi.

To'yimizning uchinchi yili Andrey kasallanib qoldi, yaxshigina ishidan bo'shadi. Ro'zg'orning yuki onam ikkimizning yelkamizga tushdi. Bir amallab tirikchilik o'tkaza boshladik. Topgan-tutganimiz dori-darmonga ketardi. Mayli, tuzalib ketsa, hammasi unut bo'ladi, deb sabr qildik.

Bir kuni, qaysidir bayram edi, chamamda, elektrichkada kursdosh do'stim Sashani ko'rib qoldim. Bu o'sha — men ko'ngil qo'ygan yigit edi. Juda o'zgarib ketibdi. Kiyimlarini ko'rib, og'zim ochilib qoldi. O'sha kuniyoq meni restoranga taklif qildi. Bordim. Miriqib suhbatlashdik. Krasnoyarsk o'lkasida ishlayotgan ekan. Og'zidan bol tomib gapiradi deng. Moskvadan borgan yosh mutaxassislarga e'tibor katta emish, uy berisharmish, maoshini, qo'shimcha mukofotlarini aytmaysizmi!

Endi bilsam, o'shanda Sashaning ertaklariga ishonib, xato qilgan ekanman. U meni har kuni, to Krasnoyarskka qaytib ketgunicha, qimmat restoranlarda mehmon qildi, qulog'imga tilla sirg'a taqib qo'ydi. Andreyning tashvishi bilan bo'lib, uydan tashqariga deyarli chiqmay yurardim. Mayli, bir ko'nglimni yozay, deb u bilan rosa bir hafta vaqtixushlik qildik.

Sasha jo'nab ketishi bilanoq hayolim bo'lindi. Fikri-yodim uning aytgan-deganlarida. Andreyning ahvoli bo'lsa ancha durust, ammo hali-beri ishga chiqa olmaydi. Sasha yordam beraman deb turibdi, borib, bir-ikki yil ishlasam-chi? Daromadi yaxshi bo'lsa, balki Andrey bilan onamni ham o'sha tomonlarga olib ketarman? Havo almashtirib, uncha-muncha pul orttirib qaytib kelarmiz… Nima, hech narsa ko'rmay o'tib ketishim kerakmi?

Bu gaplar ko'nglimga shu qadar o'rnashib qoldiki, avval onamga, keyin Andreyga aytmasdan tura olmadim. Ikkalalari ham qattiq qarshilik qilishdi. Onamga yotig'i bilan tushuntirdim, mayli, o'zing bilasan, qizim, deganday bo'ldilar oxiri. Andreyning bo'lsa, meni u yoqlarga Sasha taklif etayotganini bilib, kayfiyati tushib ketdi. Ammo qattiq gapirmadi, “Yaxshilab o'ylab ko'r, keyin afsuslanib yurma, qaytib kelib, hozirgidek ish topishing qiyin”, dedi. Men: “Andrey, bu ishlarni sen uchun qilyapman, hammasini o'ylab ko'rdim, sira tashvish qilma”, deb oyoq tirab turib oldim.

Xullas, ishdan bo'shab, Krasnoyarskka otlandim. Sasha meni yaxshi kutib oldi. Avvaliga mehmonxonaga joylashdim, keyin ishchilar yotoqxonasidan joy olish uchun qurilish tashkilotining meditsina punktiga ishga kirdim. Do'stim tez-tez kelib xabar olib turdi. Haftada bir-ikki marta kechki ovqatni birga qilamiz, kino-teatrga tushamiz. Bir qarashda hammasi ko'ngildagiday, ammo maoshning cho'g'i past, o'zim bilan olib kelgan pulning esa tagi ko'rinib qoldi.

Bir kuni Sasha meni uyiga taklif qildi. Men tentak qiz laqqa tushib bordim. To'rt xonali uy ekan. Jihozlari zamonaviy bo'lmasa-da, ancha bejirim. “O'zingning uyingmi?” desam, “Ha, sotib oldim, sen ham, Xudo xohlasa, ha-hu demay shunaqa uyli bo'lasan, kel, shu bo'lajak uyingni yuvaylik”, dedi. Yuvdik. Buyog'ini aytmasam ham bo'laveradi.

Xullas, Sasha bilan birga, er-xotinlarday yashay boshladik. Topgan-tutganini uyga olib keladi. Ro'zg'orimiz but, ixtiyorimiz o'zimizda. Ammo bunday “baxt” uzoqqa cho'zilmadi. Bu dardimni, jurnalist ekansiz, sizga aytyapman, boshqa hech kimga shu choqqacha aytmaganman. Bir kuni eshik qo'ng'irog'i jiringladi, ochsam… ostonada bir ayol, qo'lida ikki yashar bolasi bilan menga mo'ltayib qarab turibdi. “Keling, kimsiz?” desam, “Shu uyning egasiman, siz kim bo'lasiz?” deb menga ko'zlarini lo'q qilib qaradi. Yuragim shuv etib ketdi. Nima deyishni bilmay, ostonada dovdirab turib qoldim.

Ayol ichkariga kirdi-yu, baqira ketdi:

— Qani, megajin, buzuqi, joning borida bu yerdan jo'nab qol-chi! Nafsingni qondirishga Moskvada erkak topilmay, shu yerga keldingmi, iflos? Jo'na, deyapman!..

Hammasi bir zumda ravshan bo'ldi. Qo'limga ilingan narsalarimni olib, ko'chaga otildim. Sashaga telefon ham qilmadim. Yotoqxonaga kelib, bir amallab xonamga kirib oldim.

O'sha kuni, xuddi bilganday, onam qo'ng'iroq qildi. Hech narsa bo'lmaganday, yaxshi gaplashdim. Onam: “Andrey “Qizingiz meni tashlab, avvalgi xushtori bilan ketdimi, ketdi, endi siz bilan birga tura olmayman, uylanaman”, deyapti, juda boshim qotdi”, desalar bo'ladimi? Miyamda chaqmoq chaqqandek bo'ldi. Hushimni yo'qotmadim, ammo undan battar bo'ldim.

Sasha bir hafta qorasini ko'rsatmadi. Oxiri, vijdonimni qiynab bo'lsa-da, ishxonasiga bordim. Bordim-u, uni… taniy olmadim. Qarshimda butunlay boshqa odam menga mug'ombirona tikilib turardi.

Bilsam, Sasha avvaliga sodda dugonamni laqillatibdi, keyin bu yerga kelib, tuzog'iga boshqasini ilintiribdi. Unga uylanib, farzandli ham bo'lishibdi. Keyin oralaridan ola mushuk o'tib qolibdi, xotini bolasini ko'tarib, Odessada yashaydigan ota-onasining oldiga bir-ikki oy dam olaman, deb ketib qolibdi. Bu paytda men paydo bo'libman. O'l deydigan odam yo'q.

Xullas, Sasha bilan mutlaqo uzilishib ketdik. Bir yaxshi odamning yordamida ishimni o'nglab oldim. Qo'limga durustgina pul tusha boshladi. Bir qismini onamga, Andreyga jo'natib turdim. Oradan bir yil o'tdi. Zerikdimmi yo boshqa bir sababmi, birdaniga Moskvaga qaytgim kelib qoldi. Lash-lushlarimni yig'ishtirib, yo'lga otlandim. Yo'l-yo'lakay, onamga, Andreyga sovg'a-salom oldim. Ularga syurpriz bo'lsin deb, qaytayotganimni bildirmadim ham. Eh, taqdir, uyga kelsam, syurpriz deganlarining eng kattasi meni bu yerda kutib turgan ekan.

Gapni cho'zib nima qilaman, Andrey onamga xarxasha qilaverganidan keyin, bechoraning iloji qolmabdi. Uyiga qaytay desa, hovli sotilib ketgan, quruq hamyon bilan borsa, kimgadir yuk bo'ladi. Oxiri, taklif… onamning o'zidan chiqibdi. “Andrey, qizimdan xafa bo'lma, u tentak bir kuni boshini changallab oldingga keladi, kelmasa, tuzalib, ishga tushib ketsang, birorta tengingni toparsan. Hozircha, kel, birga yashab turaylik, ovqatingni pishirib, kiyim-boshingni yuvib turibman-ku”, debdilar. Mana sizga ilojsiz qolgan odamning ishi. To'g'risini aytsam, onam ko'hlikkina ayol, kiyinib ko'chaga chiqsa, yigitlar gap otmay qo'yishmaydi. Andrey avvaliga bir nima demabdi, ammo keyinroq taqdiriga tan berib, onam bilan qovushibdi. Rasmiy bo'lmasa-da, er-xotin bo'lib yashay boshlashibdi. Shunday kunlardan birida eshikni taqillatib men kirib kelibman…

Bu yog'i endi jumboq, yechib bo'lmaydigan muammo. Ona-bola Andreyni talashib, bir-birimizni sudga berishga, bir-birimizning sochimizni yulishga tayyor turibmiz. “Ona, juda bema'ni ish bo'libdi, mayli, o'tgan ishga salavot, qishloqqa qayting, yordam jo'natib turaman”, desam, onam “Qizim, ahmoqlikni o'zing boshlading, endi bizlarga xalaqit berma, hali yoshsan, birortasini topasan, albatta”, deb turibdilar.

Nima qilishni bilmay, boshimdan o'tgan voqealarni qog'ozga tushirib, redaksiyaga olib kelganimga, mana, bir oy bo'ldiki, bular na javob qilishadi, na bosib chiqarishadi…”.

Xizmat safarim tugab, Toshkentga qaytdim. Olyaning “maqola”si gazetada e'lon qilindimi-yo'qmi, bundan xabarim bo'lmadi. Tahririyatga qo'ng'iroq qilib so'rashga esa jur'at qilmadim.

Ahmadjon MELIBOYEV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

8 − 6 =