Oltin zanglamas

yoxud Olmaliq konchilari davrasida bir kun

Ikki yoshga kirayotgan nabiram Samiyaga dadasi bir necha misqol tillasi bor sirg'a sovg'a qilibdi. Jajji barmoqchalari bilan sirg'ani ushlab “doda taqqa”, “doda taqqa” deb xursand bo'lganini ko'rsangiz! Bolajonlarning ham ko'zini quvontiradigan, xotin-qizlarimizning oromini o'g'irlaydigan oltin qanday dunyoga kelishi haqida ulug' yoshda bo'lsam ham shu paytgacha hecham o'ylamagan ekanman…

Xizmat taqozosiga ko'ra yaqinda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati aksiyadorlik jamiyatining kon, zavod va fabrikalarida bo'lib, yer qa'ridan ma'danlar qanday qazib olinishi-yu, ularning qanday usulda ajratib olinishi jarayonlari bilan tanishish nasib etdi. Zamin bag'ridan ajratib olinayotgan xomashyo sanoqsiz chig'iriqlardan o'tib, oltin-mis bo'lgunicha bir ming uch yuz darajadan yuqori otashlarda, otash bo'lganda ham quyosh yanglig' olovlarda erib-erib toblanar ekan.

Yodingizda bo'lsa, “Hurriyat” gazetasining 2025 yil 9 iyul sonida “Tuprog'i zar, ma'danim manim” sarlavhali maqolada “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi, Oliy Majlis Senati a'zosi Abdulla Xursanovning fazilatlari, rahbarlik salohiyati hamda jamoada qo'lga kiritilgan ulkan zafarlar haqida hikoya qilgandik. Mamlakatimizda katta salohiyatga ega katta korxona rahbari bilan suhbatlashish jarayonida u kishining tavsiyasi bilan kombinat zavodlari va fabrikalari jamoalari vakillari bilan ijodiy muloqotlar o'tkazgandik. Quyida ana shu taassurotlar bilan o'rtoqlashmoqchimiz.

Ishchi-xizmatchilar, injener-texnik xodimlar bilan uchrashuvlarda bizga hamrohlik qilgan, davraga qaynoq ruh kiritgan kombinat vakilasi haqida qayd etishni vojib deb bildim. OKMK aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish va davlat tili to'g'risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta'minlash bo'yicha maslahatchisi Kamola Umaraliyeva ushbu katta dargohda faoliyat ko'rsatib kelayotgan ijodkor bo'lishi bilan birga, kombinat o'tmishini chuqur biladigan, jurnalist ahliga hurmat-e'tibori baland va yana eng muhimi, ma'naviyatli ayol ekan. Ijodiy uchrashuv jarayonlarida ishchi-xizmatchilar, injener-texnik xodimlarning Kamola Umaraliyeva bilan o'zaro munosabatlaridan sezilib turibdiki, u jamoa orasida obro'-e'tibor topgan, muomala madaniyati va kamtarinligi bilan hurmatga sazovor bo'lgan mutaxassis ekan.

Mis boyitish fabrikasi “Olmaliq KMK” AJ tarkibiga kiruvchi asosiy korxonalardan biri. 2-Mis boyitish va 3-Mis boyitish fabrikalariga olib boruvchi yo'lning ikki tomoni yashillikka burkanibdi. Turli xil manzarali daraxtlarga, alvon gullarga ko'zingiz tushdi deguncha dilingiz yayrab ketadi.

Kuchaytirilgan tartibdagi qo'riqchilar tekshiruvidan o'tib, 2-Mis boyitish fabrikasi ma'muriyati joylashgan binoning yuqori qavatidagi zalga kirdik.

Uzun davra atrofiga yig'ilgan — ko'pchiligi yoshlar hisoblangan fabrika vakillariga kombinat konlarida ishlayotgan azizlarning mehnat shijoatini ko'rib, hayratlanganimni gapirib berdim.

— Sizlar mamlakatimizning baxti kulgan, omadi chopgan o'g'il-qizlarisiz, – deyman. – Nafaqat Toshkent viloyatida, qo'shni viloyatlarda yashovchilar ham ushbu kombinatda ishlashni orzu qilishadi. Sizlarga yaratilgan shart-sharoitlar, ijtimoiy himoya poytaxt korxonalarida ham kam topiladi. Kombinatingizning atroflarini qarang, bog'lar, gullarga burkanib ketibdi.

Suhbat chog'i e'tiborimni pahlavon kelbatli jilmayib turgan yigit tortdi. U tegirmonlar mashinisti Islom Haydarov ekan.

— Yosh mutaxassis ekansiz, uylanganmisiz? — deya so'radim undan.

— Nasib etsa, kuzda to'y qilishmoqchi.

— Kelin bo'lmish aniqdir?

— Xudo xohlasa, topilib qolar, uydagilar harakat qilishyapti.

— Iboli, hayoli, ota-onasining duosini olgan qiz nasib qilsin, — deb unga samimiy tilak bildirdim. — O'shanday bo'lsa, kelin turmush o'rtog'ining ham, qaynona-qaynotasining ham qadriga yetadi-da! Aytasiz, nasib etsa, to'yingizga gilam ko'tarib kelamiz.

— Hofizimiz ham o'zimizdan, — dedi fabrika xotin-qizlar maslahat kengashi raisi Malohat Dostova. — Yong'in xavfsizligi muhandisi Bekmirza Janibekovning shirali ovozi bor, to'yni ham qizdiradi.

Suhbatlarning xayrlisi ota-onalar haqidagisidir. Afsus, zamona zayli bilan internet orqali “G'arb madaniyati” shiddat bilan kirib kelib, ko'plab navqiron yoshlarimizning axloq-odobi, islomiy hayot tarzi, ma'naviyati zaharlandi, e'tiqodlari sustlashdi. Uzoq avlodlarimizdan meros bo'lib kelayotgan ota-otalarga hurmat borasidagi muqaddas an'analar davomiyligi xavf ostida qoldi. Xayriyatki, ona desa, ota desa mehrdan, muhabbatdan qalbini titroq bosadigan farzandlar bor.

Malohat Dostova ota haqida she'r o'qiganida, ro'paramizda u mehri daryodek toshqin, nigohlari tiniq, ota-ona duosini olgan saodatli farzand bo'lib gavdalandi:

 

Egolmas boshimni sinovlar,

Sherikmas yuragim alamga.

Men uchun o'rnakmas birovlar,

Dadamga o'xshayman, dadamga.

 

Omadni qidirsam, yonda bor,

Shijoat, dadillik jonda bor.

Qonda bor, birodar, qonda bor,

Dadamga o'xshayman, dadamga.

 

Menda bir yaxshilik ko'rsangiz,

“Kim ekan bu?” deya so'rsangiz,

Aytaymi bilmoqchi bo'lsangiz,

Dadamga o'xshayman, dadamga!

 

Bunday ta'sirli she'rni tinglaganlar beixtiyor gulduros qarsaklar bilan olqishlashdi.

U hayotiy hikoyasini ham aytib berdi:

— Onam qoramag'izdan kelgan, qosh-ko'zlari tim qora ayol. Kunlardan bir kuni qo'lidagi oppoqqina, ko'zlari ko'm-ko'k chaqalog'i bilan avtobusga chiqadi. Nogahonda chaqaloqqa ko'zi tushgan kishi onamga qarab: “Singlim, mabodo shu bolachaning dadasining ismi Ortiqboy emasmi?” deb so'raydi. U dadam bilan Rossiya o'lkalarida armiyada birga xizmat qilgan do'sti bo'lib chiqadi. Xizmatdoshi do'stining qizini ko'zidan o'xshatib topishib olishadi. Ular hozirgacha bordi-keldi qilib turishadi. Shunaqa, ko'zim ham, o'zim ham dadamga o'xshayman, dadamga!

— She'rni o'zingiz yozganmisiz?

— Yo'q, lekin instagramda o'qib yodlab olgandim…

— Islombekning to'yida shu she'rni kuyga solib, qo'shiq qilib aytib berasiz-a! — deyman Bekmirzaga yuzlanib. — Klip qilsa ham go'zal chiqadi-da!

Ijodiy uchrashuvimiz keksa nuroniylarning, ota-onaning, qaynona-qaynotaning xizmatlarini qilib duolarini olishga erishgan yoshlar mavzusi bilan qizib ketdi.

Chap tomonimizdagi qatorda o'tirgan yoshi o'ttizga yetib-etmagan singlimiz so'z so'radi.

— Aytganlaringizdan judayam ta'sirlanib ketdim, — dedi o'zini tegirmonlar mashinisti deb tanishtirgan Malika Begimova.

U baxtiyor oilasidan faxrlanishini hayajonlanib gapirdi. Qaynona-qaynotasini o'zining ota-onasidek ko'rib, chin dildan hurmat qilgani bois, baxt-farog'at topganini, ularning duolari tufayli oilasiga baraka kirganini, turmush o'rtog'ining mehriga erishganini aytib berdi.

— Ismingiz jismingizga monand kelibdi, baxtiyor oilangizning haqiqiy malikasi bo'libsiz!

So'zlarimni tinglab, Malikaning ko'zlari quvonchdan yondi. Davrada o'tirganlar ham unga havas bilan boqishdi. Malikalar bor bo'lsin, baxtiyor oila baxtiga, iloho, ko'z tegmasin!

* * *

3-Misni boyitish fabrikasiga kiraverishda bizni bosh injener Islomjon Umaraliyev kutib oldi. Fabrika hududiga kirish uchun maxsus tekshiruvlardan o'tishga to'g'ri keldi. Bu tartib tushunarli, albatta. Fabrika ma'muriy binosiga qarab ketaverishda atrofdagi manzara fayzu tarovati ko'zimizni quvontirdi. Har qadamda gullar, gulzorlar.

Ijodiy muloqotimiz boshlanishidan avval fabrika direktori Baxtiyor Vaqqosov bilan uchrashdik. U bizni nafaqat gazeta jurnalisti, balki uyiga kelgan aziz mehmondek samimiyat bilan kutib oldi. Kelgusida ham o'zaro hamkorlikni davom ettirishga ahdlashib oldik.

Majlislar zali ixlosmandlar bilan to'lgan. Yig'ilganlar nigohini majlisxona to'rida o'tirganlardan uzmaydi. Hamrohimiz Kamola Umaraliyeva yig'ilganlarga bizni tanishtirib, ma'naviy-ma'rifiy suhbatga kelganimizni bildirdi.

Avvaldan rejalashtirilgan uchrashuv bo'lmagani bois, yig'ilganlardan suhbatni nima haqda boshlashni so'radim. Zalning chap tomonida o'tirgan yigit “halollik haqida” degan taklifni berdi.

— Halol luqma yemoqlik, halol gapirmoqlik, halol juft bo'lmoqlik insoniy fazilatlarning eng go'zallaridandir, — dedim dilimga kelganlarini aytar ekanman. — Ota-bobolarimiz, ona-momolarimiz, avvalo, halol bo'lishni uqtirib kelganlar. Bugun judayam baxtim kulgan kun ekan, sizdayin kasbidan halol rizq topayotgan fidoyi insonlar bilan bir davradaman. Halol mehnatdan horib uxlagan insonning uyqusi ham ibodatdek gap deyishadi.  Halol yashash lazzatini faqat halol yashayotganlar biladi. Bu faqat Allohning suyukli bandalarigagina nasib etadigan ne'mat. O'zlaringiz bilasizlarmi-bilmaysizlarmi, siz azizlarga hamma havas qiladi. Negaki, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati”da ishlashni xohlaganlarning barchasiga ham nasib qilavermaydi. Yana bir baxtingiz, bugungi kunda adolat bilan ish yuritadigan, halol ishlaydigan mutaxassislarni qadrlaydigan, soha sir-sinoatlarini yaxshi biladigan, mamlakatimiz iqtisodiyoti taraqqiyoti yo'lida fidoyi mutaxassis Abdulla Xursanovdek inson kombinatga rahbarlik qilayotganidir.

Og'ir-vazmin o'tirishidan, yoshi ulug'ligidan payqadimki, yaqinrog'imizdagi kishi tajribali mutaxassis bo'lsa kerak. U kishini suhbatga tortdim. Adashmabman. Mahmudjon aka Xolmurodov sulfat korxonaning kislota ishlab chiqarish sexida uchastka ustasi bo'lib ishlar ekan.

— Tajribali mutaxassisga o'xshaysiz, pensiyada bo'lsangiz kerag-a? — deya uni gurungga chorladik.

— Yoshim oltmish to'rtda, — dedi Mahmudjon aka. — Pensiyaga chiqsam ham haliyam ishimni davom ettiryapman.

Sulfat kislota ishlab chiqarish sexi boshlig'idan olingan ma'lumotga qaraganda, Mahmudjon Xolmurodov qirq yetti yildan beri kombinatda ishlar ekan. O'n sakkiz yoshida markaziy ta'mirlash texnika zavodiga tokar bo'lib ishga kirgan. O'ndan ortiq shogirdlari ham tajribali mutaxassis bo'lib kombinatda tanilibdi.

— Umringizdan, rizqingizdan baraka topgan inson ekansiz, — dedim unga. — Yaxshi niyat bilan bir qo'zichoq bog'lab qo'ying, bir yilda qo'chqor bo'ladi. Shu davrada o'tirganlarga bir dasturxon yozasiz. Kelgusi yili oktyabr oyida oltmish besh yoshingizda shukrona kuningizda Olmaliqqa kelib, alohida tabriklab ketamiz. Siz haqingizda gazetamizga maqola yozamiz, nasib etsa…

Davramiz bir jonlanib oldi. Yaxshi niyat — yarim davlat. Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor. Taklifimizni qatorimizda o'tirgan fabrika bosh injeneri Islomjon Umaraliyev ham qo'llab-quvvatladi.

Etakroqdagi yosh ishchilardan biri esa ustozlariga havas qilib o'tirganini aytib, ular singari usta mutaxassis bo'lish niyatini bildirdi. Yana bir ishchi xonadonlarimiz farishtalari bo'lgan qariyalar haqidagi ibratli hikoyamizdan hikmat oldi, shekilli, “Hozir shu joydan chiqiboq to'g'ri saksondan oshgan buvimni ko'rgani, duosini olgani boraman”, dedi…

Inson yuragini titratadigan, odamlarni ezgu amallarga yetaklaydigan, mehr-shafqatni ibratlaydigan hayotiy hikoyalarda hikmat bor ekaniga amin bo'ldik. Uchrashgan chog'larimizda ma'naviyat atalmish buloqning zilol suvlaridan davradagilarni ozuqmand etib, ularga zavq-shavq, mehr-muhabbat ulasha olsak, baxtiyor bo'lamiz.

Oltin zanglamas, deydilar. Ha, zanglamaydi. Yaltirab-yaltirab ko'zlarimizni qamashtiraveradi, jilolanib-jilolanib qalbimizga orom beraveradi. Nechun deysizmi? Chunki u yuzlab, minglab, o'n minglab oltin qalbli zartoparlarning og'ir mehnati, peshonalaridagi marjon-marjon terlari evaziga yuz ko'rsatgan qimmatli topilmadir, bebaho boylikdir!

Yangi O'zbekistonimiz taraqqiyoti va iqtisodiyotiga mustahkam poydevor bo'lgan konlarimiz yanada barakali bo'laversin! Metindek irodali metallurglarimizning qo'llari dard ko'rmasin!

Dilmurod QIRG'IZBOYEV,

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

7 + fifteen =