“Tanqiddan xoli” odamlar
Ha, hayotda shunday voqealar ham uchrab turarkan, men bunga o'z vaqtida guvoh bo'lganman. O'shanda Qo'shko'pir tumanidagi “Mo'l hosil uchun” gazetasida muxbir bo'lib ishlardim. 1970 yilning boshlari edi. Muharririmiz Egam aka Safoyozov gazetaning har bir sonida, albatta, tanqidiy maqola bo'lishini talab qilardi. “Tanqidning foydasi katta. U jamiyatning qon tomiri bo'lib, hayotdagi kamchilik va nuqsonlarni tugatishga samarali ta'sir qiladi, gazetani ham o'qishli qiladi. Shuning uchun foydali tanqidlarni gazetaning har bir sonida berib borishimiz kerak”, — derdi u.
Bir kuni rahbarimiz meni huzuriga chaqirib qoldi. Xonasida men bilan hol-ahvol so'rashgach, tahririyatga bir guruh fuqarolar tomonidan yuborilgan shikoyat-xatini qo'limga tutqazdi:
— Yaxshilab o'rganing. Fuqarolar yangi pasport olish uchun rasmga tushishda byurokratik to'siqlarga uchrayotganga o'xshaydi. “Uch-to'rt kunlab qatnab rasmga tusholmayapmiz, yuqoridan esa qistashyapti. Pasport berish bo'limiga faqat Nikolay Ivanovich (ism-familiyasi o'zgartirilgan) olgan rasmgina qabul qilinadi. Boshqa rasmchilarning mahsuloti qabul qilinmayapti”, deb norozilik bildirishibdi. Tumanda undan ham sifatli rasm tayyorlaydigan mutaxassislar ishlayapti-ku, sababi nimada ekan? Yaxshilab o'rganib, bir material tayyorlang, keyingi sonlarda e'lon qilamiz. Iloji bo'lsa, felyeton bo'lsin, — dedi u.
O'sha davrlarda tuman gazetalari haftada uch marta chiqardi. Men ishni Nikolay Ivanovich ishlayotgan tuman maishiy xizmat ko'rsatish kombinatiga borib, rasmchining oyma-oy topshirayotgan pul miqdori haqida ma'lumot to'plashdan boshladim. U ko'p oylarda pul topshirmagan, topshirganlari ham haminqadar edi. Kombinat direktori halol, fidoyi inson ekan. Uning o'zi ham bu holatdan qiynalib yurgan ekan. U kishi men so'ragan ma'lumotnomani tayyorlab berarkan: “U menga bo'ysunmaydi, kattakonlardan himoyachilari bor, bo'shatib ham yuborolmayman. Shundaylarning ta'sirida kombinatimiz iqtisodi orqaga ketyapti. Yaxshi yigit ekansiz, siz ham ehtiyot bo'ling. Bundan tashqari, tumandagi barcha o'rta maktab bitiruvchilari uchun vinyetka rasmlarini ham faqat Nikolay tayyorlashga haqli emish, boshqalarga yo'l bermayapti”, — dedi.
Men dastlabki hujjatlarni papkaga solib, Nikolay Ivanovich ishlayotgan rasmxonaga qarab yo'l oldim. Shu yillari uning rasmxonasi tuman markazini teng ikkiga bo'lib o'tgan G'ozobod kanalining eski ko'prigi etagida, bahavo joyda edi. Rasmxona oldi xuddi bozorni eslatardi. Bundan tashqari, kolxoz mashinalarining kuzovini liq to'ldirib odamlar olib kelinayotgan edi. Sababi yangi pasport tizimiga o'tish uchun kam vaqt belgilangan, muddat tugashiga esa oz qolgandi. Tirband odamlar orasidan o'tib, Nikolayga uchrashish oson bo'lmadi. Nihoyat, navbatda turganlarga uzrimni aytib, binoning kirish eshigi oldiga yaqinlashdim, ammo rasmchining shotirlari meni ichkariga kiritishmadi. Ularga maqsadimni tushuntirib, Nikolay bilan qachon uchrashishim mumkinligini so'rab berishlarini iltimos qildim. Biroq Nikolay shotiri orqali hech kim bilan uchrashmasligini ma'lum qilibdi.
Ertasi kuni barvaqt turib, rasmxona eshigi oldida uni kuta boshladim. Erta tongdanoq bu yerda vaqtliroq navbat olish ilinjidagi mijozlar ko'payib qolgan edi. Nikolay soat 11 larga yaqin ishga keldi. Men unga peshvoz chiqib, uchrashish maqsadimni aytdim. U muttasil ravishda shampan vinosi ichib yurarkan, ertalabdan shirakayf edi. Men bilan bepisand gaplashib, qaysi gazetadan kelganimni so'radi.
— “Mo'l hosil uchun” gazetasi muxbiriman, — dedim.
U kuldi-da:
— “Krokodil”dan kelgan bo'lsang ham “visht!” “Mo'l hosil uchun” bo'lsa, dalaga bor, — dedi.
Yon-atrofdagi odamlar kulib yuborishdi. Men mulzam bo'ldim, go'yo yer yorilmadi-yu, yerga kirib ketmadim. Biz, jurnalistlar uchun gazetadan yuqori turuvchi tashkilot yo'q va bo'lishi ham mumkin emasdek edi.
Ertasi kundan boshlab yayov holda tumandagi o'ttizdan ortiq maktabga qatnab, Nikolayning vinyetka uchun direktorlardan olgan pullari miqdori haqida ma'lumotnomalar yig'a boshladim. Keyin qancha odam yangi pasport uchun rasmga tushganini va har ikkala manbadan Nikolay topgan pullarning o'rtacha summasini aniqladim. Bu ancha katta mablag' edi. Kombinatga esa bu pullarning uch foizi ham topshirilmagan ekan. Shundan so'ng “Mushugiga “pisht” aytilmaydigan odam” sarlavhali felyeton yozib, muharrirga ko'rsatdim. Muharrir Nikolayning yarim yil davomida o'zlashtirgan pullari raqamini ko'rib:
— Voybo'y! Oddiy bir rasmchining yarim yil davomida o'zlashtirgan pullari shunchami? — dedi hayratlanib.
— Hali bu faqat vinyetka va pasport rasmlari orqali topganlari. Kunlik oddiy mijozlar va to'ylardan topganlarini hali aniqlab bo'lmadi, — dedim.
Muharrir yana ajablanib, to'plagan hujjatlarim bilan tanisha boshladi.
— Puxta, — dedi u hujjatlardan bosh ko'tarib. — Katta bir jinoyat ishini ochibsiz. Revizorlar, prokuratura, ma'muriy organlar qaerga qaragan? Umuman… shunday erkatoylar ko'payib bormoqda, — deb o'ylanib qoldi, so'ng menga qarab: — Bu markaziy gazetalarning felyetoni bo'libdi, tuman gazetasi buni ko'tara olmaydi. “Xorazm haqiqati”ga olib borish kerak, ular jon deb bosishadi, qalam haqini ham yaxshi to'lashadi, — dedi.
Albatta, men xafa bo'ldim, lekin bildirmadim. Ertasiga viloyat markaziga borib, “Xorazm haqiqati” tahririyatiga kirdim. Meni bo'lim mudiri xonasiga yo'llashdi. U kishi felyetonni o'qib, hujjatlar bilan tanishib chiqqach:
— Tabriklayman, yaxshi material bo'libdi, tez orada chiqaramiz, — deb meni xursand qildi.
Oradan bir oy o'tdi. Felyetondan darak bo'lmadi. Men sababini surishtirish uchun yana bo'lim mudirining xonasiga kirdim. Xonada faqat bir xodima ayol o'tirgan ekan. Men undan bo'lim mudirini so'radim.
— Ta'tildalar, sihatgohda dam olyaptilar, — dedi u.
Men felyetonim taqdirini surishtirdim. U:
— Haligi rus kishisi to'g'risidagimi? — dedi.
Men:
— Ha, — dedim.
— U kishi tahririyatda bir-ikki ko'ringandek bo'ldi. Bilmadim, faktlar tasdiqlanmadi, shekilli, rejaga ham kiritilmadi, — dedi.
Men ajablandim va juda xafa bo'ldim. Uyga kelgach, bezovtaligim yanada oshdi. Gazeta bosh muharriri nomiga shikoyat yozib jo'natdim. Oradan o'n kuncha o'tgach, bosh muharrir o'rinbosari meni chaqirib, bo'lim mudiri bilan yuzlashtirdi. U kishi menga qarab:
— Men seni ko'rmaganman. Qachon tahririyatga kelding, qachon menga material berding? — deb so'roqqa tutdi.
Men hayron qoldim:
— Bergandim-ku, — deya oldim, xolos.
Keyin bosh muharrir o'rinbosari: “Bizga kelgan xatlar uchun alohida bo'lim bor. Siz materiallaringizni shu bo'limga eltib berishingiz kerak edi. Keyin ular xatni qayd qilib, tegishli bo'limga uzatishardi”, — deb tushuntirmoqchi bo'ldi. Uning bu gapidan bo'lim mudiriga yana jon kirdi:
— Yoshulli, men bu yigitning o'zini tuhmatchi deb gazetaga chiqaraman, menga ruxsat bering, — deb po'pisa qildi. Muharrir o'rinbosari kulib, bosh chayqadi. Men mulzam bo'lib ajablangancha xonadan chiqdim. Ishdan ham ko'nglim qoldi.
Ikki kundan keyin muharririmiz uyga kelib, meni ishga olib ketdi. Uning maslahatlari va dalda berishlari bilan, ish jarayonida hujjatlarning nusxasini qaytadan to'plashni boshladim. Felyetonni “Mushtum” jurnaliga pochta orqali yubordim. O'shanda ToshDU (hozirgi O'zMU)ning jurnalistika fakultetida sirtdan o'qirdim. Oradan 4 oy o'tganiga qaramay, bu gal ham felyeton jurnal yuzini ko'rmadi.
Yozgi o'qish sessiyaga borish uchun Toshkentda samolyotdan tushdim. Avtobus tomon borayotganimda, oldimdan sovuq basharali bir rus kishisi chiqdi. U dabdurustdan menga: “Sen qo'shko'pirlik jurnalistmisan?” — dedi. Men: “Ha”, dedim. “Sen “Mushtum”ga boradigan yoki yozadigan bo'lsang, shu yerda kallang ketadi! Tushundingmi?” — dedi-da, mening javobimni ham kutmasdan odamlar orasiga suqilib, ko'zdan g'oyib bo'ldi.
Men o'qishda ikki kun karaxt bo'lib yurdim va nihoyat, ma'ruzalardan keyin qo'rquvni yig'ishtirib, “Mushtum” tahririyatiga bordim. Xatlar bo'limiga kirib, maktubimni surishtirdim. Xat qayd qilinmagan ekan. Men o'sha kuni felyetonni qaytadan yozib, xatlar bo'limiga topshirdim.
Ertasi kuni auditoriyada ma'ruza tinglab o'tirganimda, dekan kotibasi kirib kelib:
— Xorazmlik yigit, sizni “Mushtum” mas'ul kotibi Ne'mat Aminov bugun soat uchga chaqirtiribdi. Xonasiga kechikmay boring, — dedi.
Meni shu kuni Ne'mat aka (Alloh rahmat qilgan bo'lsin) iliq kutib oldi. U xushchaqchaq, doim tabassum qilib yuradigan kishi ekan. “Mushtum”ga yozgan xatim uchun taklif qilgan ekan.
— Felyeton yozaman deb qiyin ahvolga tushib qolibsiz, — deb u kishi mendan ancha narsalarni so'rab-surishtirib oldi. — Ertaga Xorazmga uchyapman, xatingizni tekshirishga, — dedi.
Unga oq yo'l tilab, xayrlashdim. Bir haftadan keyin u kishi dekanatga telefon qilib, men bilan gaplashdi:
— Yozganlaringizning hammasi to'g'ri chiqdi. Har doim shunaqa haqgo'y bo'ling. Navbatdagi sonda yomonlarning kirdikorlari to'la fosh bo'ladi, — deb rag'batlantirdi.
Nihoyat, Ne'mat aka aytgan sonida uning imzosi bilan “Bechora chora istar” nomli adabiy-tanqidiy felyeton chiqib, Nikolay Ivanovichning basharasi to'la fosh bo'ldi va u yetti yilga qamalib ketdi.
Men har gal o'qishga borganimda, ustoz Ne'mat aka Aminov bilan uchrashardim. U kishi nihoyatda haqiqatgo'y, dono, odamoxun adib edi.
Mustaqillikdan keyin Ne'mat aka menga bir sirni ochdi:
— Sizning felyetoningiz nima uchun tuman va viloyat gazetalarida, hatto “Mushtum” jurnalida ham bosilmaganining sababini bilasizmi? — deb so'radi.
— Bilaman, jurnalistlar orasida ham kalamushlar yetarli edi, — dedim men.
— Buyam to'g'ri, lekin, menimcha, boshqa sababi ham bor: muharrirlar orasida yozilmagan qonun bor edi. Ular rus millatiga mansub odamni tanqid qilishdan qo'rqishardi. Chunki tuman, viloyat, respublika kompartiyalarining ikkinchi kotiblari ruslardan qo'yilardi. Davlatni boshqarish, aslida, shularning qo'lida edi. Lekin men ulardan qo'rqmadim.
Ne'mat aka mustaqillikdan keyin bosh muharrirlikka ko'tarilgandi. “Hozir zamon boshqacha, mustaqillik bizga erk berdi! Huquqiy davlat quryapmiz. Hamyurtingiz, jurnalist Ro'zimboy Hasan yaqinda Xorazm obkom partiyasi ikkinchi kotibi Nityagani va Bog'ot tumani kompartiyasining birinchi kotibi R.Qutlimurotovni “Mushtum”da tanqid qilib chiqdi. O'zim qo'llab-quvvatladim, ikkalasi ham vazifasidan olindi. Endi jurnalistlarning yo'li ochiq, tanqiddan xoli odamlar yo'q va bo'lishi ham mumkin emas”, — dedi u.
Ushbu xotiralar matbuot va so'z erkinligi yo'lidagi mashaqqatli kurash jarayonidan bir shingildir. Bir paytlar tizimning “yozilmagan qonunlari” sabab daxlsiz hisoblangan, “tanqiddan xoli kimsalarning” qilmishlari baribir kun kelib fosh bo'lgani haqiqatning egilishi, ammo sinmasligidan dalolat berardi. Bugungi yangi davr jurnalistikasi esa bizdan yanada hushyor va shijoatli bo'lishni talab qilmoqda. Zero, jamiyat rivojlanishi, adolat tantana qilishi uchun hech kim tanqiddan ustun turmasligi, qonun oldida hamma teng bo'lishi shart. To'rtinchi hokimiyat o'z so'zini ayta olgan joydagina Nikolay Ivanovich kabi erkatoylar va ularning ortidagi “kattakonlar”ga o'rin qolmaydi.
Erkin ERMATOV,
O'zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar
uyushmalari a'zosi,
I darajali “Mehnat faxriysi”.
