“Sinus” va “kosinus”siz hayot yo'q!

yoki matematikasiz yashab bo'ladimi?
“Hurriyat” gazetasining shu yil 16 iyul 28-sonida boshqa qiziqarli maqolalar qatori muallif Saodat Musayevaning “Sinus va kosinussiz hayot” sarlavhali mushohadali maqolasini o'qidim.
To'g'ri tushungan bo'lsam, muallif o'z hayotiy kechinmalari asosida (aynan o'z shaxsiy hayoti kechinmalari) sinus va kosinuslarning qandaydir la'natlangan, keraksiz, aniqrog'i, “boshog'riq” narsalar ekanligini isbot etmoqchi bo'libdi.
Balki, kimlardir gap nima haqida ketayotganligini to'la anglab yetmagan ham bo'lishi mumkin. Umumiy olganda esa gap hisob-kitob, ya'ni matematika haqida, matematikaning arifmetika, algebra, geometriya, trigonometriya singari bo'limlarining biri, ya'ni burchak o'lchamlari haqidagi ilm — trigonometriya (lotincha: trigonon — uchburchak, metreo — o'lchayman) — mamematikaning uchburchak tomonlari va burchaklari o'rtasidagi bog'lanishlar amaliyotini o'rganadigan bo'limi to'g'risida ketyapti.
Ma'lumki, fanlar ichida eng keragi bo'lgan — matematika ham, uning muhim bo'lagi, o'sha “sinus va “kosinus”larga oid fan — trigonometriya ham insoniyatning hayotiy zaruriyati tufayli yuzaga kelgan — kashf etilgan. Avvalo, “sinus” va “kosinus” o'zi nima ekanligini bilib olish, u nima uchun maktablarda fan sifatida o'qitilishini tushunib olish darkor.
Men matematik yoki shu fanga yaqin soha mutaxassisi emasman, binobarin, uning chuqur bilimdoni ham emasman, shunchaki ijodkorman. Ammo bu fansiz inson yashay olmasligi, bashariyat taraqqiyoti, fan va texnika aslo rivoj topmasligini yaxshi anglayman. Balki, ayrim olganda, kimlardir matematikasiz yashay olar, ammo jamiyat va davlat, qolaversa, butun bashariyat emas.
Hisob-kitobsiz, oldiga aniq maqsad — istiqbol rejasini aniq qilib qo'ymagan jamiyat — halokatga mahkum. Mana shuning uchun ham har qanday jamiyatda — davlat yoki mamlakat, deb tushunavering — istiqbol marralari belgilab olinadi. Buni davlatning falon yillarga mo'ljallangan dasturi deysizmi, bosh reja yoki taraqqiyot strategiyasimi — mohiyat bitta: kelajakning, farovon hayotning hisob-kitobi.
Sinus va kosinuslar, burchak katetlari masalasiga kelsak, ular bo'lmaganida, Ahmad Farg'oniy bobomiz Nil daryosi suvining ko'tarilish va qaytish holatlarini oldindan hisob-kitob qila olarmidi?! Matematikaning ana shu murakkab masalalari bo'lmaganida, al-Xorazmiy bobomiz o'sha sizning boshingizni qotirgan va siz mutlaqo qoralab tashlayotgan algebra (olimning “Al-jabr va al-muqobala” asari nomidan olingan) fani ravnaq toparmidi va hozir tunu kun barcha farishtaga sig'ingandek tutadigan va aynan o'sha sinus-kosinuslar asosida ishlab chiqariladigan qo'l telefonlari-yu kompyuterlarning asosi bo'lgan algoritm (al-Xorazmiy atamasidan olingan)lar yaratilarmidi?
O'sha “burchak qarshisidagi katet” fani bo'lmaganida, Beruniy bobomizning Yer shari aniq o'lchamlari — gorizont va meridian chiziqlari vujudga kelarmidi?
Axir Hindistonga borib, kashf etilgan bu kabi o'lchamlar natijasida Beruniy bobomiz Amerika qit'asini kashf etmadimi?
Maktabda mening matematikani juda puxta biladigan, Siz singari “gajakdor” baholar emas, jimjimador “a'lo” baholar oladigan do'stlarim bo'lardi. Ana o'sha “matematiklar” “sinus va kosinus”lardan emas, aksincha, insho yozishdan bezillashardi. Nima, endi ular ham Sizga o'xshab “bezillagan”, ular uchun azob bo'lgan inshoni qoralab, bu fan (adabiyot)ni yo'qotishni targ'ib etsinlarmi?!
Alloh taolo har kimni har xil qilib yaratgan: tashqi ko'rinishi ham, ichki olami ham betakror. Shuning uchun dunyoda kasb-korlar ham turli-tuman. Har kim o'z iqtidoriga, dunyoqarashiga ko'ra yashaydi. Kimgadir nimadir yoqmasa, bu hamma uchun shunday bo'lishi, shunday yashashi kerak deyilsa, qanchalik xato bo'lardi.
Umumta'lim maktablarida hamma bir xil o'qitiladi. Keyinchalik o'quvchi o'z iste'dodi va qiziqishiga ko'ra tabaqalanib boraveradi. Shu sabab ham oliy ta'lim muassasalari xilma-xil: marhamat, o'z qiziqishingizga ko'ra tanlab, o'qishni davom ettiravering, o'z sevgan faningizni chuqur o'rganib, o'sha soha mutaxassisi bo'ling!
Ammo fanni o'zlashtira olmaganligi uchun uni mujmallikda ayblash, bu — juda yumshoq qilib aytganda, adolatsizlikdan boshqa narsa emas.
Xalqimizda “O'ynab gapirsang ham o'ylab gapir”, degan naql bor. Ko'pchilikka biron-bir taklifni bildirish uchun uni obdan o'ylab ko'rgan ma'qul. Yetti o'lchab, bir marta kessa, aslo xato qilmaydi. Ha, darvoqe, buning uchun ham aniq hisob-kitob qilish, ya'ni matematikani bilish kerak bo'ladi. Siz esa “axir men kosinussiz hayot uchun behuda kaltak yedimmi? Shunisi alam qiladi…” deya barchani, shu jumladan, otangizni ham ayblagandaysiz.
Sizning fan bilan bog'liq iddaolaringizni o'qigan kishida “shu ulug' zot ham qandaydir bema'ni narsalar, bema'ni talablar uchun nohaq jabr chekkan, nohaq otasidan kaltak yegan ekan-da”, degan taassurot uyg'otadi.
Sinfda asli 2-3 ta “a'lochi” o'quvchi bo'ladi, yana 5-6 ta “o'rtacha” o'qiydiganlar, qolganlarining deyarli barchasi qaysidir fanni yoki qaysidir fanlarni yaxshi o'zlashtira olmaydigan qoloq o'quvchilar bo'lishi mumkin.
Bu — hamma biladigan, butun dunyo ta'limida tan olingan haqiqat. Bu holat qisqa va lo'nda holda “hamma olim bo'lishi shart emas, kimdir boshqa ishlarni ham qilishi kerak” deya izohlanadi, xolos.
Bashariyat taraqqiyoti, ilmu fan rivoji sizu bizning injiqligimiz bilan aslo hisoblashmaydi. Bu hech narsani hal qilmaydi va bu hech qanday ahamiyatga ham ega bo'lmagan mutlaqo shaxsiy masala.
Kimningdir qaysi fanni o'zlashtirishga salohiyati yetmasa, bu uning muammosi, aslo ommaning, jamiyatning, texnikaviy taraqqiyotning muammosi emas.
Ma'murjon BOZORALIYEV