Ko'ngli — bag'ri keng ustoz

Taniqli publitsist Dilmurod Qirg'izboyevning “Hurriyat”ning shu yil 11-iyun sonida e'lon qilingan “Daryodil ustoz” essesini miriqib o'qib chiqqach, ustoz O'tkir Rahmat haqida men ham fikr aytgim keldi.
Esseda Muhammad Yusuf, Shavkat Rahmon, Matnazar Abulhakim, Ortiqali Namozovga ustoz O'tkir akaning ko'rsatgan muruvvat, mehribonliklari haqida ham gap boradi. Do'stimiz, rahmatli shoir Abduvali Qutbiddinning ustoz O'tkir akadan ko'rgan oqibati bilan shu mavzuni davom ettirmoqchiman.
Jurnalistika fakultetida do'st bo'lgan birodarimizni Alloh haqiqiy shoir qilib yaratgan, u tug'ma shoir edi. Ilk she'rlarini paxta terib, horib kelgan paytimizda ko'p eshitganmiz. Uning poeziyada hech kimga o'xshamagan, hech kimga taqlid qilmagan o'z yo'li bor edi.
Bir kuni Abduvalining “Xalq so'zi”da ishlayotgani to'g'risida eshitdim. U hech qachon gazetachi bo'lmagan, qaerda mehnat qilmasin, doim u shoir deb qabul qilingan. Biz do'stlari bu yangilikdan shoshib qoldik.
O'tkir aka uning kimligini bilib ishga olgan ekan, qisqa paytda Abduvali dolzarb mavzuda maqolalar yozib, jurnalist bo'lib tanila boshladi. Eslasangiz, respublikamizda bir muddat non tanqisligi ro'y bergandi. Do'stimizning O'tkir Rahmat topshirig'i bilan yozgan “Qizimga non ushatdik” maqolasi shov-shuvga sabab bo'ldi. U bir oilaning shakllanishida non o'rnini ifodalab berdi, odamlarning nonga munosabatini katta mehr bilan yoritdi. Eng muhimi, Abduvali O'tkir aka va tahririyatning ishonchini oqladi.
Do'stimiz og'ir xastalikka duchor bo'ldi, uzoq davolanishiga to'g'ri keldi. Oyoqqa turganida ko'zida yosh bilan shunday degandi: “Do'stim, bilasanmi, hammasi Allohdan- ku-ya, lekin O'tkir aka bo'lmaganida, men allaqachon o'lib ketgan bo'lardim”.
Darhaqiqat, O'tkir aka Abduvali kabi iste'dodlarni qadrlaydi, izzat qiladi, ulardan mehrini va yordamini ayamaydi.
Shoir do'stimiz oyoqqa turgach ham u “Xalq so'zi”dan uzoqqa ketmadi. Bosh muharrirga maslahatchi bo'lib ustozining bevosita yonida bo'ldi. Ijod qildi. Yaxshi kitoblar yaratdi.
Ammo Yaratganning ishi, taqdiri azal, umri qisqa ekan…
Hadisi shariflarda bemorni borib ko'rish to'g'risida ibratli rivoyat bor. Qiyomat kuni Alloh: “Ey, Odam bolasi, bemor bo'ldim, ko'rgani kelmading!” deydi. “Ey, Robbim, qandoq qilib Seni ko'rgani boraman? Sen Robbul Olamiyn bo'lsang?” deydi. “Bilmadingmi? Falonchi bandam bemor bo'ldi. Agar uni ko'rgani borganingda, meni uning huzurida topgan bo'lar eding”, deydi…
O'tkir aka nafaqat bemorlarni borib ko'radi, dardiga darmon bo'ladi, balki ularga batamom tuzalib ketgunicha ko'mak-shafqat ko'rsatishga odatlangan inson. Bu ham infoq-ehson emasmi? Albatta, shunday!
1993 yil edi. yuqori idorada ishlaymiz. Yemakxonalarda peshinda odam gavjum bo'ladi. Yon stolimizda ustoz xonadoshlari bilan yemak yeyish uchun joylashadi. O'tkir aka xizmat ko'rsatayotgan ayoldan: “Bu nima ovqat?” — deb so'raydi, u ham tayinli javob aytolmaydi. Oshxona rahbari nimalarnidir tushuntiradi, javobdan ko'ngli to'lmaydi. U kishi:
— Mustaqillikka erishganimizga ikki yil to'ldi, nega haligacha ruscha “Menyu”dan foydalanamiz, qachon o'zbekcha “Taomnoma”ga o'tiladi? — deb tanbeh bergani hali-hali yodimda. U shunday o'zbek tili jonkuyarlaridan biri.
Yurtimizning oliy idorasida davlat tili himoyasiga baralla chog'langan katta mulozimlardan biri chamamda, O'tkir Rahmat bo'lgandi!
Bir muddat uyda ijod qilishimga to'g'ri keldi.
Kutilmaganda O'tkir aka telefon qildi:
— Abrorjon, uka, erkak kishi uyda o'tirib qolmasligi kerak, siz ijodkor odamsiz, keling, “Xalq so'zi”da birga ishlaymiz.
Vaqtincha ishsiz bo'lganimni kimdandir eshitgan chog'i, ko'rishganda salom-alikdan nariga o'tmagan kishi telefon raqamimni topib, menga iltifot ko'rsatgandi. Esse muallifi juda to'g'ri ta'riflagan. “Daryodil ustoz” degani shu emasmi?
Keyingi yillarda matbuotda faollashgan paytim. Telefonda yana O'tkir aka:
— Abrorjon, biz uchun ham yozib bersangiz bo'lardi, — dedi.
Iltimosni bajardim. Ertasiga jo'yali sabab bilan maqolamni bera olmasliklarini aytib, uzr so'radi. Bu ham O'tkir akaga xos muallifga hurmat-e'tibor.
Ba'zan gazetalarga yozib bergan maqolalarim, ishoning, yarim yillab chiqmaydi. Muharrirga eslatsangiz, bo'limda qolib ketibdi, deb osongina qutuladi. Uzrxohlikni ham xayoliga keltirishmaydi…
Esse qahramoni O'tkir Rahmatovga ham, muallif-publitsist Dilmurod Qirg'izboyevga ham ijodiy zafarlar tilayman. Bir o'quvchi sifatida tahririyatdan yana shunday daryodil ustozlar haqida ocherklar kutib qolaman.
Abror G'ULOMOV,
O'zbekiston Jurnalistlar
uyushmasi a'zosi,
diplomat.