Olako'z

Xo'jayin yo'g'ida uy hayvonlari haddidan oshib ketgan Itni muhokama qilishdi.
— O'tgan-ketganga huda-behuda vovillayveradi!
— Akillashini-chi?!
— Tovuqlarni quvlab, patini to'zg'itib tashlayapti!
— Buning dastidan bechora do'mboq Jo'jalarga kun yo'q!
— Ochofat!
— O'zi vazifasi qorovulligu o'g'ri Mushuklarga oshna bo'lib olganiga o'laymi?!
— O'g'rilarga sherikmi, demak, o'zi ham – o'g'ri!
— Eh, xo'jayin bilmaydi-da! Eng sadoqatligim shu, deb o'ylaydi. Esiz!
— Xo'jayinning oldida dumini likillatib, o'zini vafodor qilib ko'rsatadi-da!
— Uyatsiz!..
Mana shu oxirgi so'z boyadan buyon ola ko'zlarini osmonga qadab, bepisand va beparvo esnab yotgan Itni javob qaytarishga majbur qildi:
— Uyatim bo'lganida, it bo'larmidim?..
Nosirjon TOShMATOV