Koreya va Xitoy delegatsiyalari ishtirokidagi Navro'z tantanalari
Farg'ona davlat texnika universitetida milliy qadriyatlarimizni o'zida mujassam etgan Navro'z umumxalq bayrami keng va ko'tarinki ruhda nishonlandi. Tadbir avvalida universitet ilmiy kengashining navbatdagi yig'ilishi bo'lib o'tdi. Unda Janubiy Koreyaning “AHA Co.,Ltd” kompaniyasi rahbari Ku Gi Doga Farg'ona davlat texnika universitetining “Faxriy professori” ilmiy unvoni tantanali ravishda topshirildi.
— Avvalo, bu kabi yuksak e'tirof men uchun katta sharaf ekanini ta'kidlab o'tmoqchiman. Bu ishonch va e'tibor menga yanada katta mas'uliyat yuklaydi. Kelgusida universitet bilan ilmiy-innovatsion loyihalarni amalga oshirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda yuqori malakali kadrlar tayyorlash yo'nalishlarida hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyormiz. Umid qilamanki, ushbu hamkorlik har ikki tomon uchun ham manfaatli bo'lib, ilm-fan va ta'lim sohasida yangi yutuqlarga zamin yaratadi, — dedi “AHA Co.,Ltd” kompaniyasi rahbari Ku Gi Do.
Yig'ilishda “AHA Co.,Ltd” kompaniyasi rahbari Ku Gi Do “ODA” kompaniyasi bilan hamkorlikda umumiy qiymati 7 million AQSh dollariga teng bo'lgan 6 ta zamonaviy press apparat universitetga olib kelinishini ma'lum qildi. Shuningdek, har yili 10 nafar talaba uchun stajirovka-amaliyot grantlari ajratilishi qayd etildi.
Shundan so'ng, Ku Gi Do hamda Xitoyning “Lonton” kompaniyasi boshqaruv raisi Xe Shinkay boshchiligidagi delegatsiya vakillari Navro'z bayrami tantanalarida ishtirok etdi. Fakultetlar tomonidan tashkil etilgan, milliy an'analar, urf-odatlar, hunarmandchilik namunalari va zamonaviy yondashuvlar uyg'unlashgan pavilonlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Bayram doirasida milliy sport o'yinlari, sumalak sayli, “Milliy liboslar podiumi”, kuy-qo'shiqlar hamda konsert dasturlari tashkil etildi. Shuningdek, taniqli san'atkorlar ishtirokidagi konsert dasturi professor-o'qituvchilar va talaba-yoshlarga yuqori kayfiyat ulashdi.
Shohsanam Eshmatova,
Farg'ona davlat texnika universiteti
Axborot xizmati rahbari.
