O'zbekiston va Tojikiston ikki davlat taraqqiyotining ustuvor yo'nalishlarini muvofiqlashtirmoqda
image description
Xorijiy ekspertlar Tojikiston Prezidentining O'zbekistonga davlat tashrifi yakunlarini ikki mamlakat
strategik sherikligini institutsionallashtirish va mintaqada ko'p qirrali hamkorlikni rivojlantirish
yo'lidagi muhim qadam, deb baholamoqda.
Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning shu yil 26–27 mart kunlari O'zbekistonga davlat tashrifi ikki mamlakat o'rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashda muhim bosqich bo'ldi. Tashrif doirasida davlat rahbarlarining muzokaralari, Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig'ilishi bo'lib o'tdi, sanoat kooperatsiyasi bo'yicha 10 ta qo'shma loyihaning boshlanishi, savdo, sanoat, energetika, transport, fan va madaniyatni rivojlantirishga qaratilgan ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to'plami imzolandi.
Sammitda iqtisodiy kooperatsiyaga alohida e'tibor qaratildi. Yetakchilar tovar ayirboshlashni ikki milliard dollarga yetkazish, transport va chegaraoldi infratuzilmasini kengaytirish, sanoat ishlab chiqarishini rag'batlantirish va qo'shma investitsiya loyihalarini ilgari surish chora-tadbirlarini muhokama qildi. “Yashil” energetika, suv ob'yektlarini raqamlashtirish va hududlar o'rtasidagi transport-logistika bog'liqligini mustahkamlash borasidagi tashabbuslar hamkorlikning muhim jihati bo'ldi.
Buxoro viloyatidagi “Merganteks” paxta-to'qimachilik klasteri tarkibidagi “Nigora” fabrikasida O'zbekiston yengil sanoati imkoniyatlari bilan tanishish tashrifning muhim voqeasi bo'ldi. Prezidentlar ikki mamlakat yetakchi korxonalari o'rtasidagi kooperatsiyani kengaytirish, qo'shimcha ish o'rinlari yaratish va mahsulotlarning eksport salohiyatini oshirish muhimligini qayd etdi.
Tashrifning madaniy-gumanitar dasturi O'zbekiston va Tojikiston xalqlarining ma'naviy yaqinligini tasdiqladi. Davlat rahbarlari Buxoroning tarixiy obidalari – Bahouddin Naqshband maqbarasi, Somoniylar maqbarasi, Ark qal'asi, Poyi Kalon va Labi Hovuz ansambllarini ziyorat qildi, ikki mamlakat san'at ustalarining konsertida ishtirok etdi. Bu, ekspertlarning fikricha, do'stlik va madaniy meros mushtarakligining ramzidir.
Syuy Tao,
Xitoy Davlat kengashi huzuridagi Yevroosiyo ijtimoiy rivojlanish instituti direktori o'rinbosari:

— Xitoy ekspert-tahlil doiralarida Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonning O'zbekistonga davlat tashrifiga Markaziy Osiyodagi davlatlarning ichki muvofiqlashuvini mustahkamlash yo'lining izchil rivojlanishi sifatida qaralmoqda.
Bu yerda gap ikki tomonlama voqea haqida emas, balki Markaziy Osiyo mamlakatlarining barqaror va institutsional o'zaro hamkorlik formatlariga o'tishi bilan bog'liq kengroq mintaqaviy dinamikaning namoyon bo'lishi haqida bormoqda.
Markaziy Osiyo mamlakatlari so'nggi yillarda rivojlanish va xavfsizlik masalalari bo'yicha kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqishga intilishlarini namoyish etmoqda, bu esa mintaqa ichida ham, tashqi hamkorlar bilan ham hamkorlikni chuqurlashtirish uchun asos yaratmoqda.
Shunga ko'ra, O'zbekiston – Tojikiston aloqalarining faollashuvi Xitoy tomonidan to'plangan ishonch va pragmatizm darajasining ifodasi sifatida qabul qilinadi.
Aleksandr Vorobyov, Rossiya Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti ilmiy xodimi, Jamoatchilik diplomatiyasi va jahon siyosatini tahlil qilish markazi direktori, Rossiya xalqaro ishlar kengashi eksperti:
— Toshkentda bo'lib o'tgan oliy darajadagi muzokaralar natijalarini ikki mamlakat munosabatlarida o'ta muhim deb baholash mumkin, chunki tashrif davlat tashrifi maqomiga ega edi. Bir tomondan, Prezident Emomali Rahmonning tashrifi O'zbekiston va Tojikiston o'rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi vaqtda erishilgan chuqur xarakterini ta'kidladi. Tomonlar, asosan, Toshkent va shaxsan O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning faol pozitsiyasi tufayli ko'p narsaga erishdi.
Boshqa tomondan, ushbu tashrif ikki tomonlama aloqalarni, birinchi navbatda, savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada jadallashtirishga yangi va jiddiy turtki berdi, garchi tomonlar siyosiy muloqot va xavfsizlik sohasidagi muloqotni unutmagan bo'lsalar-da.
Birinchidan, ikki tomonlama munosabatlarning yanada institutsionallashuvi yuz berdi – ikki mamlakat Oliy davlatlararo kengashining birinchi yig'ilishi bo'lib o'tdi. Bu aloqalarni mustahkamlash yo'lidagi katta qadamdir.
Ikkinchidan, oziq-ovqat, qurilish, to'qimachilik va charm sanoatida o'nga yaqin yangi iqtisodiy loyihalarni amalga oshirishga kirishildi. “Oybek – Fotihobod” chegaraoldi savdo markazini tashkil etishni jadallashtirish, tovarlarni sertifikatlash va ruxsatnomalar almashishning raqamli tizimlarini joriy etish, chegara o'tish joylarini modernizatsiya qilish to'g'risidagi kelishuvlar savdo, sanoat kooperatsiyasi, ikki mamlakat ishbilarmonlari va fuqarolarining o'zaro hamkorligini osonlashtirishi kerak.
26-27 mart kunlari erishilgan qarorlarning samarasi, albatta, darhol bo'lmaydi. Loyihalar uzoq muddatli xarakterga ega. Biroq istiqbolda bu ham O'zbekiston va Tojikiston o'rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlaydi, ham ularning iqtisodiyoti o'sishiga, yangi ish o'rinlari yaratilishiga turtki beradi va umuman olganda, Markaziy Osiyoda mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlaydi.
Said Xolid Amir Jafri,
Janubiy Osiyo tahlili va xalqaro tadqiqotlar markazi direktori (Pokiston):

— Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning Prezident Shavkat Mirziyoyev taklifiga binoan O'zbekistonga davlat tashrifi Markaziy Osiyodagi siyosiy-iqtisodiy yaqinlashuv jarayonlarining mantiqiy davomi sifatida baholanishi mumkin.
Ushbu tashrif nafaqat O'zbekiston va Tojikiston o'rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasidagi integratsiya jarayonlarini yangi, sifat jihatidan yuqori bosqichga olib chiqish nuqtai nazaridan ham alohida ahamiyatga ega.
Tojikiston va O'zbekiston o'rtasida gidroenergetika va suv resurslarini boshqarish masalalari bo'yicha muloqotni izchil chuqurlashtirish alohida ahamiyatga ega. Shunisi e'tiborga loyiqki, bir necha yil oldin ma'lum ziddiyatlarni keltirib chiqargan mavzular bugungi kunda konstruktiv va o'zaro manfaatli tarzda hal qilinmoqda. Bu mintaqada o'zaro ishonch darajasi sezilarli o'sayotganidan dalolat beradi va Markaziy Osiyoning barqaror taraqqiyotini ta'minlash uchun zarur bo'lgan hamkorlikning samarali institutsional mexanizmlarini shakllantirishga xizmat qiladi.
Pokiston uchun ushbu tashrifning ahamiyati kengroq geoiqtisodiy kontekstda qabul qildi. Markaziy Osiyo mamlakatlari o'rtasidagi o'zaro bog'liqlikning kuchayishi Pokiston uchun shimoliy yo'nalishda yangi tranzit va savdo imkoniyatlarini ochadi. Xususan, Markaziy va Janubiy Osiyoni temir yo'l va avtomobil kommunikatsiyalari, jumladan, Afg'oniston orqali o'tadigan transport yo'laklari orqali bog'lash tashabbuslari butun mintaqa uchun strategik ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtai nazardan, Toshkent va Dushanbe o'rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash butun Yevroosiyo makonida logistika zanjirlarini diversifikatsiya qilish va barqaror yetkazib berish yo'nalishlarini shakllantirishga xizmat qiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyoda tinchlik, xavfsizlik va yaxshi qo'shnichilik muhitini shakllantirishdagi o'rni alohida strategik ahamiyatga ega. O'zbekiston yetakchisining tashabbuslari bilan so'nggi yillarda mintaqa mamlakatlari o'rtasida siyosiy muloqotning muntazam va institutsionallashgan mexanizmlari yo'lga qo'yildi, chegara va suv masalalari bo'yicha o'zaro maqbul yechimlar topildi, savdo-iqtisodiy hamkorlik sezilarli darajada faollashdi.
Go'zal Maytdinova,
Geosiyosiy tadqiqotlar markazi direktori, tarix fanlari doktori, professor:

— Ushbu tashrif faqat ikki davlat munosabatlari doirasida emas, balki butun Markaziy Osiyodagi xalqaro munosabatlarga ham ta'sir ko'rsatadi. Bunday hamkorlik aloqalari mintaqada davlatlar o'rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Asosiy natijalardan biri “Mintaqa ichida yetakchilik” modeli mustahkamlanayotganidir. Ya'ni Markaziy Osiyo davlatlari tashqi kuchlarga bog'liq bo'lmasdan, o'zlari mustaqil ravishda hamkorlik tizimini shakllantirishga harakat qilmoqda.
So'nggi yillarda O'zbekiston va Tojikiston o'rtasidagi aloqalar oddiy va qisqa muddatli hamkorlikdan chiqib, uzoq muddatli va tizimli sheriklikka aylandi.
Tashrifning eng muhim jihatlaridan biri – yangi hamkorlik mexanizmining ishga tushirilishi bo'ldi. Ya'ni Toshkent shahrida Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig'ilishi bo'lib o'tdi. Bu tuzilma ikki davlatga muhim qarorlarni birgalikda qabul qilish, harakatlarni muvofiqlashtirish va umumiy strategiya asosida ish yuritish imkonini beradi.
“Dunyo” AA.
