Zominning yorug' tonglari

Zomin so'zi qadim kitoblarda ham zikr etilgani ko'pchilikka ayon bo'lsa kerak. Purviqor tog'lar qurshagan ushbu go'sha tanti odamlari, musaffo tabiati hamda qulay geografik joylashuvi, ijtimoiy, iqtisodiy infrastrukturalari rivoj topayotgan go'shadir. Zomin kabi rivojlanayotgan shaharlarimizning samaradorlik maqomini yanada oshirib borish yurtimiz ravnaqiga ravnaq, qudratiga qudrat qo'shadi. Zomin o'zining qadimiyligi va navqironligi bilan, garchi tuman negizida bo'lsa ham, ayrim shaharlarning shaharlik maqomidan ham balandroq.

O'zbekistonning elektr yuragi hisoblangan gidrostansiyasi bilan mashhur Shirin shahri bu tumanga yaqinligi bois Zominning energiya bilan yuqori darajada ta'minlanishi – har qanday rivojlanish, taraqqiyotning bosh mezoni, desak, yanglishmaymiz.

Suv omborining yaqinligi esa ichimlik va sanoat suvi bilan ta'minlanganlik – bu ham barqaror rivojlanish kafolati. Bu aholi va investorlar uchun juda ko'p qulayliklarni beradi.

Ko'p tomonlama tarmoqlangan transport logistikasi hamda yangi qurilgan aeroport davlatimizning muhim qon tomirlariga Zomin nuqtasidan bog'lanish imkoniyatini kengaytirdi.

Bu hudud o'z qadimiy urf-odatlari, madaniyatini saqlab qola olgan, qadriyatlarni avaylab-asrab kelayotgan hududlar sirasidan. Bu esa milliy brendlar yaratilishida, chet el brendlarining mahalliylashtirilishida muhim omildir.

Yaxshi eslayman, ilk bor sevimli maskan – Zomin bilan tanishuvim O'zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov boshchiligida “Zomin” ijodiy seminari bahonasida xushmanzara tabiatli O'riklisoy bag'riga qadam tashlashdan boshlangan edi. Ijod zavqi bilan to'lib-toshgan biz yoshlar Sirojiddin Sayyid, Mahmud Toir, Hayotxon Ortiqboyeva kabi ustozlar bilan turli sho''balarda mahorat darslaridagi ishtirokimiz, barcha viloyatlardan kelgan yosh ijodkorlar bilan do'stlashganimiz bugungi kungacha bo'lgan katta davrning metin poydevori bo'lib xizmat qilib kelmoqda. Hanuzgacha O'riklisoy buloqlaridan ijodimiz suv ichib ilhomlanib turadi. O'sha vaqtlarda Jizzax viloyati hokimi lavozimida ishlagan, uzoqni ko'ra bilgan millatparvar inson ­Shavkat ­Mirziyoyevning ijodkorlarga qanot bag'ishlovchi loyihalari dunyo darajasida e'tirof etgulik g'oyalar sirasidan, albatta.

Kuni kecha O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan berilgan ijodiy safar yo'llanmasi bilan Zomin bag'rida joylashgan “Navoiy sanoatni rivojlantirish kompleksi” maxsus sanoat direksiyasi Zomin filiali hamda chet ellik investorlar tomonidan qurilayotgan “Zomin texnoparki”ning to'rt yuz gektarlik hududlarida bo'ldik. Bu yerda ko'ngilda nish otayotgan orzularning amaliy natijalarini, jamiyatning ish ilinjida yurgan qatlamiga yaratilayotgan imkoniyatlarni kuzatib, bu zamin kelajagi naqadar yorqinligi ko'z o'ngimizda bor bo'y-basti bilan jonlandi.

Safar davomida bizga yo'ldosh bo'lgan sanoat zonasining har bir qarich yeri haqida erinmay to'lqinlanib so'zlashi, qaerda kichik elektr stansiya, qaerda suvni filtrlash joyi, qaerda mehmonxona qurilayotgani haqida so'zlagan Zomin tuman hokimining investitsiyalar, sanoat va savdo masalalari bo'yicha o'rinbosari Davron Karimovning kuyunchakligini alohida ta'kidlashni istardik. Ana shunday bilimli, tinib-tinchimas navqiron rahbarlar bor ekan, yurtimizning kelajagi chindan ham buyuk bo'ladi. Zominning yorug' tonglari, har bir kuni yangidan-yangi yutuqlar olib kelaveradi…

Bug'doydan oqsil va etanol, tibbiy buyumlar, shamol parragi, alyuminiy profillar, metall konstruksiyalar va drenaj uchun quvur ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona va “Midea” brendi ostida sovutkich va elektr gaz plitalari ishlab chiqarish loyihalarini o'zida jamlagan ikki yonma-yon gigant korxona. Ular – Yangi O'zbekistonning mevalari, yangi imkoniyat eshiklari.

Muhtaram Prezidentimiz iyul oyida “Zomin texnoparki”ga qilgan tashrifi davomida maishiy texnika zavodini ko'zdan kechirgandi. “Navoiy” maxsus sanoat parkining filiali sifatida tashkil etilgan majmua 80 gektarda joylashgan. Loyihaning umumiy qiymati 150 million AQSh dollari. Bu yerda kir yuvish mashinasi, sovutkich, televizor, elektr suv isitkich kabi yiliga 1 million dona turli maishiy texnika hamda butlovchi qismlar ishlab chiqariladi. Zavod bir guruh xodimlarini hurmat bilan mehnat ta'tiliga kuzatayotgani, o'zida ishlab chiqarilgan maishiy texnikalar bilan faol ishchilarini rag'batlantirayotgani uchun ularning quvonganlari yuzlaridan sezilib turardi.

Respublika miqyosida ulkan qudratga ega ushbu sanoat zonalari chuqur o'ylangan loyihalar asosida, ilmiy institutlar tekshiruvlari xulosasini olgan holda, hududni strategik rivojlantirishda juda olisni nishonga olib, davlatni obod qilishga yo'naltirilgan. Sanoat zonasining bir qismida xodimlar malakasini oshirish markazi tashkil qilinib, shu yerning o'zida zavodning mutaxassislarga bo'lgan talabini qondirib, kambag'allikni qisqartirish masalasida ustuvor maqsadlarni amalga oshirmoqda.

Darvoqe, chet ellik investorlar haqida gap ketganda, ommaga xuddi yerlarimizni ular egallab olayotganday tasavvur uyg'otishga harakat qiluvchi kishilar ham yo'q emas. Haqiqat shuki, davlat yerni ijaraga berish orqali o'z iqtisodiyotini mustahkamlamoqda. Aholining ishga bo'lgan talabini qondirmoqda. Chet el investorlari orasida ota-bobolari asli o'zbekistonlik bo'lgan biznesmen, tadbirkorlar ham kam emas.

Muhtaram Prezidentimizning ushbu sanoat zonalariga tashrifi yuzasidan ko'pchilik xabarlarda loyihalarni tezlashtirish, investorlarga ko'maklashish taklifi berilganligi aytiladi. Rostdan ham bu borada kechiktirib bo'lmaydigan, ayrim tadbirkorlarni inqiroz xavfidan asrab qolish yo'lida choralar ko'rilishi kerak. Jumladan, tish protezlarini ishlab chiqaruvchi firma patentlash bilan bog'liq muammoga duch kelib, mahalliy xomashyodan tayyorlangan dunyo standartlariga mos tayyor mahsulotini sotishda qiyinchiliklarga duch kelayotganini ma'lum qildi. Tadbirkorlarni qo'llab-quvvatlash asnosida “Zomin farm” kompaniyasi farmatsevtika sohasida milliy iqtisodiyotimiz vakili sifatida dunyo bozoriga chiqib bormoqda.

Sanoat zonasida betondan tayyor uylar ishlab chiqarilmoqda. Bizning ota-bobomizdan qolgan odat bo'yicha bir uyning qurilishidan tortib to bitgunicha yillar sarf bo'lgan bo'lsa, endilikda bir-ikki haftada har tomonlama qulay uy qurish imkoni paydo bo'ldi. Bunday uylar, ayniqsa, qishloq joylarda juda zarur.

Ma'lum bo'lishicha, o'zimizning milliy brend “Artel” zavodi filiali ham Zominda sentyabr oyida to'liq quvvat bilan ish boshlaydi. Ushbu korxona mingdan ortiq ishchilarni ish bilan ta'minlashi va milliy mahsulotlar eksport hajmini oshirishi bilan tahsinga sazovor. Hududning ellik kilometrlik radiusida ishchilarga avtobus xizmati yo'lga qo'yiladi. Sirdaryo viloyatining Zominga chegaradosh Xovos, Sardoba tumanlaridan ham ishchilar jalb etilib, yilma-yil malakasi oshirib borilishi ko'zda tutilgan. Kelajak avlodlar Jizzaxning Zominidagi bu qudratli zavodlarga mahliyo bo'lib qarashsa, ajab emas.

Umid qilamizki, zominlik kuchli tadbirkorlar ishlab chiqarayotgan mahsulotlar dunyo bozorini zabt etajak. Qizilsoy, Qang'li, Yoyilma, Quduqcha, Laylakuya, Boymoqli, Ko'rpasoy, So'loqli kabi qishloqlar bugun boshqacha go'zal, maftunkor. Bu yerlarning musaffo havosi tanga davo. Bu go'sha mahalliy sayyohlar eng ko'p tashrif buyuradigan manzilga aylangani bejiz emas. Vaqti kelib dunyo sayyohlarining ham eng sevimli markaziga aylansa, sira ajablanmaymiz. Mustaqilligimizning 34 yilligi arafasida Yurtboshimiz tomonidan ilgari surilayotgan “Islohotlar shtabi”, “Innovatsion tuman”, “Kelajak maktabi”, “Monomarkaz”, “G'oyalarni tiriltiramiz” va shu kabi yangidan-yangi g'oyalar ostida qanchalar zalvorli yuk borligini barcha birdek anglab yetgan. Yangi O'zbekistonda yorug' manzillarni ko'zlab borayotgan Zomin ham yanada gullab yashnayversin!

O'zbektosh TO'RAXONLI,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × three =