Ona tiliga mehr

21 oktyabr — O'zbek tili bayrami kuni

Ona bilan til bir-biridan ajralmas egizak tushuncha. Go'dak qalbiga, vujudiga o'z tilining jo etilishi ona allasidan boshlanadi. Bola tinglaydigan ilk qo'shiq ham, uning qulog'iga chalinib, vujudiga singib ketadigan ilk kalom ham ona allasidir. Ona tilim deya g'urur bilan gapirishimiz bejizga emas.

Avvalo, ona tilimizga davlat tili maqomining berilishi — bu xalqimizning katta yutug'i, taqdirning go'zal in'omidir. O'tgan o'ttiz olti yil mobaynida, ayniqsa, mustaqillik yillarida ona tilimizning gullab-yashnashi, yanada ravnaq topishi yo'lida tinimsiz harakatlar qilindi, qo'llanma va darsliklar, izohli lug'atlar yanada boyitildi. O'zbek tilini o'rganishga bo'lgan havas va ishtiyoqning nafaqat yurtimizda, balki xorijda ham ortib borayotganligi, ayrim mamlakatlarda o'zbek tilining dars rejasiga kiritilib o'qitilayotganligi quvonarli hol.

Ildizlari teran, tarixi buyuk bo'lgan xalqimizning orzu-umidlari ushalib, biz endilikda jahon hamjamiyatida o'zbek degan nomning baralla jaranglayotganligini, dunyo sarhadlariga dadil va mag'rur kirib borayotganligini yurak-yurakdan his etyapmiz. O'zbekcha so'z, o'zbek degan nom dunyo minbarida jaranglab tursa, bundan faqat faxrlanish, g'ururlanish kerak.

Davlatimiz rahbarining BMT minbaridan turib o'zbek tilida ma'ruza qilganligi qalblarimizni faxr-iftixorga to'ldirdi. Yangi-yangi tashabbus va takliflarning o'zbek tilida ifoda etilgani jahon jamoatchiligining diqqat-e'tiborini yana bir bor oshirdi.

Prezidentimizning ona tilimiz ravnaqi yo'lida kuyunchaklik bilan aytgan quyidagi so'zlari diqqatga molikdir: “…Har birimiz davlat tiliga bo'lgan e'tiborni mustaqillikka bo'lgan e'tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim”. Demakki, o'zbek tiliga bo'lgan munosabat bu yurtga, ona Vatanga bo'lgan munosabatdir!

Bugun dunyo ahli “do'stlik”, “mehr”, “muhabbat” so'zlarini yoki kurash bobida “halol”, “yonbosh”, “chala” deb ifoda etiladigan o'zbekcha talaffuzlarni tarjimasiz ham tushuna oladi. Bu bizga g'urur bag'ishlaydi.

Shu o'rinda ayrim takliflarim ham bor. Tilimizga hurmat va e'tibor bilan yondashish uchun avvalambor ona tilimizdagi so'zlarni to'g'ri talaffuz qilishni bilishimiz kerak. Yana bir gap. O'zbek tilining izohli lug'atlarini yoki o'zbekchadan boshqa tillarga o'girilgan lug'atlarni ko'paytirish va yanada boyitish maqsadga muvofiqdir. Internet imkoniyatlaridan keng foydalangan holda dunyoning eng ko'p muloqot qilinadigan tillarida o'zbek tilidagi so'zlar, muloqotni to'g'ridan-to'g'ri xorijiy tillarga, xorijiy so'zlarni, atamalarni va muloqotni o'zbekchaga shu zahoti o'giradigan dasturlarni yo'lga qo'yish zamon talabi bo'lib turibdi.

Nargiza MIRZAQULOVA,

Bekobod shahar politexnikumining

ona tili va adabiyot fani o'qituvchisi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seven + 8 =