“Kitob uyga boradi”

Keksalar va nogiron yurtdoshlarimizga kitoblarni yetkazib berish xizmati yo'lga qo'yilgan

Kitob — bu nur, ziyo. Nur bo'lganda ham shunchaki emas, balki qalb tuynuklarini chertib o'tadigan nur. U shunday nurki, o'quvchini ham kuldirib, ham kuydirib, ham suydirib, qalb to'riga joylashadi. O'ylantiradi, o'z-o'zi bilan so'ylantiradi. Kitob mutolaa qilish inson fikrini teran, so'zini chechan, irodasini esa mustahkam qiladi. Aqlni peshlaydi, o'tkirlaydi, maqsadga erishish sari yetaklaydi. Hayot, dunyo qonun-qoidalarini anglash, oq-qorani ajrata bilish fazilatlarini, chinakam odamiylik xislatlarini shakllantiradi. U insoniyatning o'zi yaratgan eng katta boyliklardan biri hisoblanadi. Shu bois nurxona-kutubxonada mehnat qiluvchi, uni boshqaruvchilar faoliyati o'ta savobli va muqaddas hisoblanadi.

Toshkent shahar Mirzo Ulug'bek tuman axborot-kutubxona markazi direktori vazifasini bajaruvchi Nargizaxon HASANOVA bilan suhbat kitob va kitobxonlik haqida bo'ldi.

 

— Avvalo, kutubxona tarixi haqida so'zlab bersangiz.

— Kutubxona ilk faoliyatini 1947 yilda jahon adabiyotining yirik namoyandasi Lev Tolstoy nomi bilan boshlagan. Kutubxonamiz Toshkent shahri markazidagi Sergey Yesenin muzeyi binosida faoliyat yuritgan. 1984 yildan hozirga qadar Hamid Olimjon maydoni 12- “A” uyning 2- va 3-qavatlarida ish yuritib kelmoqda. Bu bejiz emas, chunki bu bino joylashgan maydon — yirik transport yo'llari tutashgan hudud va shaharning asosiy markazlaridan biri hisoblanadi.

O'sha vaqtda kutubxonaning aynan shunday zamonaviy va Toshkent uchun o'ziga xos innovatsion binoda joylashtirilishi ham alohida  mazmunga ega edi. Bu holat kutubxonaga bo'lgan e'tibor va unga yuklangan muhim ijtimoiy vazifalarni namoyon etgan.

Shaharda uzoq yillar davomida yashab kelayotgan ko'pgina fuqarolar kutubxonani asosan Lev Tolstoy nomi bilan bilishadi. Yillar o'tdi, kutubxona o'z faoliyatini turli bo'limlarda olib bordi.

O'zbekiston Respublikasining 2011 yil 13 aprelda qabul qilingan “Axborot-kutubxona faoliyati to'g'risida”gi Qonuni hamda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2019 yil 7 iyunda imzolangan “O'zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko'rsatishni yanada takomillashtirish to'g'risida”gi qaroriga muvofiq, Mirzo Ulug'bek tuman axborot-kutubxona markazi deb atala boshlandi. Ushbu maskan amalga oshirayotgan vazifalariga ko'ra tumandagi kutubxonalar uchun uslubiy markaz hisoblanadi.

Hozirda axborot-kutubxona markazi kitob fondi salkam 60 mingga yaqin. Fondimiz asosan badiiy adabiyotlar (klassik va zamonaviy), ensiklopediyalar, lug'atlar, ma'lumotnomalardan tashkil topgan. Bundan tashqari, kitobxonlar talabidan kelib chiqqan holda, O'zbekistonda chop etiladigan 24 nomdagi gazeta va jurnallarga obuna bo'lganmiz.

— Keyingi yillarda yangi texnologiyalardan foydalanish hisobiga ish yuritish sohasida ko'pgina ijobiy o'zgarishlar yuz berdi. Bunday yangiliklar kutubxona tizimida ham amalga oshirilyaptimi?

— Ha, so'nggi yillarda kutubxona tizimida ham ilg'or texnologiyalar keng qo'llanilmoqda va bu sohada sezilarli ijobiy o'zgarishlarga olib keldi. Xususan, xizmat ko'rsatish sifatini yaxshilash, ma'lumotlarga tez va oson kirish imkoniga ega bo'lish singari qulayliklar umumiy ish samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Jumladan, bizning axborot-kutubxona markazimizda ham fondimizdagi kitoblar raqamli shaklga o'tkazilmoqda. Raqamlashtirish foydalanuvchilarga internet orqali kitoblarni o'qish, izlash va yuklab olish imkonini beradi.

Axborot-kutubxona markazimiz o'z saytiga ega. Bundan tashqari, barcha ijtimoiy tarmoqlarda o'z sahifalarimiz mavjud. Kitobxonlar bizning faoliyatimizdagi yangiliklar haqida ijtimoiy tarmoqlar va saytimiz orqali bemalol ma'lumot olish imkoniga ega. Ijtimoiy tarmoqlardagi manzillarimiz quyidagicha:

www. infocenter.uz

www.facebook.com/MirzoUlugbekTAKM

www.instagram.com/mirzo_ulugbek_takm

t.me/mirzo_ulugbek_takm

www.youtube.com/@mirzo_ulugbek_takm

Qiziqqan barcha insonlar shu manzillar bo'yicha qo'l telefonlari, kompyuter yoki planshetlar orqali bemalol kirib, faoliyatimiz bilan tanishishlari mumkin.

— O'zbekiston Respublikasi Prezidenti mahalla kutubxonalari institutini davlat siyosati darajasiga ko'tarishga katta e'tibor qaratmoqda. Bu infratuzilmalar mahallalarda ma'naviy muhitni mustahkamlash, kitobxonlik madaniyatini oshirish va aholining turli qatlamlari uchun zamonaviy ma'lumotlarga kirish imkonini kengaytirishga xizmat qiladi. Shu masalada siz faoliyat yuritayotgan axborot-kutubxona markazi qaysi mahallada joylashgan va sizlarni mahallalar bilan o'zaro hamkorlik aloqalaringiz haqida ham gapirib bersangiz.

— Bu siyosat mahallalarda ma'naviy muhitni sog'lomlashtirish, yoshlar va kattalar o'rtasida kitob o'qish madaniyatini shakllantirish hamda jamiyatda bilimli va faol shaxslarni tarbiyalashda muhim o'rin tutadi.

Axborot-kutubxona markazimiz “Lashkarbegi” mahallasi hududida joylashgan. Mirzo Ulug'bek tumanida 70 ta mahalla mavjud. Nafaqat “Lashkarbegi” mahallasi bilan, bizga yaqin bo'lgan ko'plab mahallalar bilan hamkorlik shartnomalari tuzganmiz. Biz mahalladagi faollar, tayanch guruhlar, mahalla raislari hamda ta'lim muassasalari bilan doimiy hamkorlikda ish olib boramiz.

Mahallalar bilan hamkorlikdagi asosiy yo'nalishlarimiz: kitobxonlikni ommalashtirish, ya'ni maktab o'quvchilari, kollej, litsey va oliy ta'lim talabalari hamda mahallada yashovchi yoshlar uchun “Kitobxonlik haftaligi”, “Eng faol kitobxon” tanlovi, badiiy asarlar muhokamasi kabi tadbirlar tashkil etamiz.

Shuningdek, ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar o'tkazamiz, masalan, mahalla bilan hamkorlikda milliy bayramlarimizga bag'ishlangan adabiy kechalar, an'analar va ma'naviy qadriyatlarga bag'ishlangan uchrashuvlar, mahallalarda yashovchi nafaqadagi ziyoli insonlar bilan uchrashuvlar o'tkazish an'anaga aylangan.

Aholi uchun axborot xizmatimizda ishsiz yurgan yoshlar va ayollar uchun kasb-hunar va tadbirkorlikka oid adabiyotlar, yo'riqnomalar taqdim etib, ularning bilim olishi va kasbiy ko'nikmalarni egallashiga imkon yaratamiz.

Bulardan tashqari, kutubxona harakati — “Kitob uyga boradi” xizmatimiz ham mavjud. Yurishga qiynaladigan, nogironligi bo'lgan fuqarolar uchun maxsus kitob yetkazib berish xizmati tashkil qilingan.

— Ushbu kasbni tanlashingizga nima sabab bo'lgan?

— Bu kasbni tanlashimning asosiy sababchisi — shu sohada ishlab, bizni kitob o'qishga, uni sevib, avaylashga o'rgatgan onajonimdir.

Har bir inson hayotida muhim davr — kasb tanlashdir. Bu qaror oson va shu bilan birga zavqli bo'ldi. Chunki onam aynan shu kasb egasi bo'lganlar va bolaligimdan biz farzandlarda kitobga mehr uyg'otganlar.

Onamning har bir kitobni ehtiyotlab saqlashlari, kitobxonlarga bo'lgan mehri va o'z ishlariga bo'lgan mas'uliyati menda katta taassurot qoldirgan. U kishi kutubxona faqat kitob saqlanadigan joy emas, balki bilim, madaniyat va ma'rifat markazi ekanini ko'rsata oldilar.

Shu sabab men ham onam kabi insonlarga xizmat qilishni, ularga ziyo ulashish va kitob orqali jamiyatga foyda keltirishni maqsad qildim. Bu tanlovim bilan faxrlanaman va uning zamirida onamga bo'lgan hurmat hamda minnatdorlik tuyg'usi ham mujassamdir.

— Yanglishmasam, bir paytlar boshqa davlatlar, jumladan, Germaniya bilan do'stlik aloqalari o'rnatilgan edi. Hatto kutubxonaning o'zida til o'rganish kurslari bo'lar, nemis ijodkorlari bilan uchrashuvlar o'tkazilar edi. Hozir ham bu kabi ezgu ishlar davom etyaptimi?

— Albatta, davom ettirilmoqda. Axborot-kutubxona markazimiz Germaniyaning O'zbekistondagi Gyote instituti bilan 20 yildan ziyod hamkorlikda ishlab kelmoqda. Axborot-kutubxona markazimizning 2-qavatida Gyote instituti tomonidan tashkil etilgan “Nemis o'quv zali” mavjud. Ushbu o'quv zalida 5 mingdan ziyod nemis tilidagi o'quv, badiiy, ilmiy va bolalar adabiyotlari mavjud. Bu yil ham O'zbekistondagi Gyote instituti bilan hamkorlikda bir-birini takrorlamaydigan, rang-barang, barcha yoshdagi kitobxon va foydalanuvchilarni qamrab oladigan haftalik tadbirlar o'tkazdik. Nemis tilidagi adabiyotlarni o'qishni sevuvchi, nemis tilini o'rganishni xohlovchi barcha yoshdagi kitobxonlarni axborot-kutubxona markazimizga taklif qilamiz.

— Hozirgi kunda yoshlar ko'proq telefonga bog'lanib qolgani rost. Ammo asarni telefonda emas, kitob holida o'qishning zavqi boshqacha. Buni tushunib yetadigan kitobxonlar bormi? Ularning safini kengaytirish uchun amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham so'zlab bersangiz.

— Juda ham dolzarb va haqiqatga yaqin fikr bildirdingiz. Ha, bugungi kunda ko'p yoshlar smartfon, planshet va ijtimoiy tarmoqlarga kuchli bog'langan — bu esa kitob o'qish madaniyatiga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda. Ammo shunga qaramay, asl kitobni o'qishning ruhiy va ma'naviy foydasini anglaydigan kitobxonlarimiz ko'p. Ularning safi kundan-kunga kengaymoqda.

— Kutubxonaning kelgusi ish faoliyati, rejalari haqida ham to'xtalib o'tsangiz.

— Ko'zlagan rejalarimiz ko'p. Faqatgina ularni amalga oshirishda mutasaddi tashkilotlarning ozgina qo'llab-quvvatlovi va moliyaviy ko'magi zarur.

Kutubxona jamiyat ma'naviyatini yuksaltirishda muhim o'rin tutadi. Shu bois kelgusida kutubxona faoliyatini yanada takomillashtirish va zamonaviy talablarga moslashtirish maqsadimiz bor.

Buning uchun:

– raqamli kutubxona platformasini yaratish;

– kutubxona fondidagi kitoblarni raqamlashtirish;

– elektron kitobxonlik xizmatini yo'lga qo'yish;

– internet orqali masofaviy kitob o'qish imkonini yaratish;

– raqamli kutubxona platformasini yaratish singari ishlarni amalga oshirish uchun bizda skaner va kompyuter jihozlari yetishmaydi.

Yangi adabiyotlar va resurslar bilan boyitish, o'quv zallari joylarini kengaytirish;

– interaktiv tadbirlar va madaniy loyihalar o'tkazish;

– kutubxona xodimlari malakasini oshirishga e'tibor qaratish;

– kutubxona faoliyatini takomillashtirish va undan samarali foydalanish orqali aholi, ayniqsa, yosh avlodning kitobga bo'lgan qiziqishini oshirish, ma'naviy dunyoqarashini kengaytirish eng muhim vazifalarimizdan.

Kelgusi rejalarimizda axborot-kutubxona markazi faoliyatini yanada jonlantirish, kitobxonlarga ko'rsatilayotgan xizmatlar samaradorligini oshirish maqsadida bir qator amaliy chora-tadbirlar ko'zda tutilgan. Jumladan, markazimizni kapital ta'mirlash, yangi jihozlar hamda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan ta'minlashga ehtiyoj sezilmoqda. Agar mazkur takliflar amalga oshirilsa, kitobxonlar uchun yanada qulay, zamonaviy va samarali muhit yaratiladi, markazimiz esa bilim va ma'rifat tarqatish yo'lida o'z hissasini yanada kuchaytirgan bo'lar edi.

Ahil va fidoyi jamoamiz shunday kun kelishidan umidvor va bunga ishonadi.

O'zbekiston Respublikasida

xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi

Muqaddas ABDUSAMATOVA

suhbatlashdi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × 5 =