Xalq roziligining sharafli yo'li

yoxud yaqinlashayotgan olis manzillar quvonchi
Qadim yo'llar tutashgan zamin
Xalqimiz orasida “Oqqan daryo oqaveradi” yoki “Yo'l qurganning yo'li ochiq” singari azaliy tajribadan o'tgan naqllar ko'p. “Yo'l tani, yo'lga chiqsang, do'st tani”, “Yo'lga chiqqan yo'ldan topar”, “Olis yo'l otni sinar, og'ir yo'l mardni sinar” singari shunday gaplar ham borki, ularning nechog'liq teran mazmunga ega ekanini yo'l qadrini bilganlar boshqalarga qaraganda teranroq his eta olishadi. Ha, insonning dunyoga kelishi ham, aslida, umr yo'lining ibtido, boshlanishiga qiyoslanishi bejiz emas.
Yo'l. Shu birgina qisqa so'z yangrashi bilanoq o'z uyi ostonasidan uzoqqa bormaganlar tasavvurida ham nimalardir jonlanib qoladi.
Yo'l qadri, ayniqsa, xalqimizning og'irini yengil qilib, istagan manziliga olib borib qo'ya olish imkoniyatiga ega temir yo'llarsiz bugungi hayotimizni tasavvur etib bo'lmaydi. Yangi O'zbekistonda Uchinchi Renessansning poydevori yaratilayotgan bugungi kunda bu hodisa yanada o'zgacha ma'no-mazmun kasb etadi. Albatta, ildizsiz daraxt ko'karmaganidek, bugungi taraqqiyotimizga ajdodlarimiz tomonidan tamal toshlari qadim zamonlardayoq qo'yilganini xalqimiz o'tmishi, yurtimiz tarixi isbotlaydi. Ana shu jarayonlarda ham qadim yo'llarning ahamiyati tengsiz bo'lgani haqidagi fikrlar bot-bot uchraydi. Ha, haqiqatan ham, endi tetapoya qilayotgan go'dakdan tortib har bir mustaqil davlatning o'z yo'li zarurligi ham majoziy, ham o'z ma'nosida qadr-qimmat kasb etadi.
Bugungi kunda O'zbekiston temir yo'llarining umumiy uzunligi respublika bo'yicha 7 488,9 kilometr bo'lib, bundan 5 314,4 kilometr asosiy, 1 784,1 kilometr stansiya va 390,4 kilometr shoxobcha temir yo'llaridir. Yuqori tezlikda harakatlanuvchi yo'lovchi poezd qatnovchi temir yo'llar uzunligi 913,3 kilometrni tashkil etadi.
Yo'l qurish, ularni ozoda tutish, yo'l bo'ylarini obodonlashtirish kabilar azal-azaldan xalqimiz qoniga singib ketgani qadim madaniyatimizdan darak beradi. Aytishlaricha, Bahouddin Naqshband hazratlari ham dunyoga dong'i ketgan tariqatning “Dil ba yoru dast ba kor”, ya'ni “Qo'ling mehnatda-yu, qalbing Allohda bo'lsin” shioriga amal qilib, yo'l bo'ylarini tozalab yurar ekanlar. Bu, albatta, haqiqiy mo'min kishi yerda yuradi, mehnat qiladi, oila boqadi, jamiyatda o'z o'rnini topadi, degan ma'noni beradi. Bahouddin Naqshband hazratlari ham yuksak ma'rifiy darajada bo'lishlariga qaramay, yo'llarni tozalab, kamtarlik va halol mehnat bilan xalqqa namuna bo'lganlar. Bu ajdodlarimizning hayot uslubi, qalbning yuksalishi, ma'rifatga erishish yo'lidir. Yo'l tozalash, odamlarga qulaylik yaratish, atrof-muhitni obod qilish Alloh nazdida ham savobli ishlar hisoblanadi. Inson o'z umri davomida faqat o'zi uchun emas, balki jamiyat uchun, el-yurt uchun foydali ish qilsa, u qalb va amalni birlashtirgan bo'ladi.
Biz yashab turgan qutlug' zaminni kesib o'tib, mashriqdan mag'ribga, mag'ribdan mashriqqa cho'zilgan yo'llarning chorrahasida buyuk tamaddunlar yaralgani ham bejiz bo'lmagan. Aynan ana shunday yo'llar bo'ylarida Birinchi va Ikkinchi Sharq Renessansining tamal toshlari qo'yilgan. Masalan, qadimiy nefrit yo'li biz bugun ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma'rifiy, iqtisodiy jabhalarda muhim aloqaga kirishgan hamkorimiz Xitoyning g'arbiy hududlaridan, ya'ni Shinjon va Turfan vodiylaridan boshlanib, Tyan-Shan tog'lari orqali Farg'ona vodiysi va keyinroq Markaziy Osiyoning boshqa mintaqalarigacha cho'zilgan. Bu esa mahalliy san'atning rivojlanishiga turtki bo'ldi. Nefritdan yasalgan jimjimador ziynatlar, haykalchalar va diniy ramzlar hududda keng tarqaldi. Bu yo'l bo'ylab yurgan sayyohlar, savdogarlar va ziyoratchilar orqali til, din va ilm-fan sohalarida shakllangan aloqalar tufayli ikki tomonlama madaniy boyish, hunarmandchilik va savdo sohalarida rivojlanish kuzatilgan. G'arbu Sharq iqtisodiy va madaniy muhitiga birdek ta'sir etgan Buyuk Ipak Yo'li esa insoniyat tarixidagi eng katta va muhim savdo yo'llaridan biri hisoblanadi. Bu yo'l Sharq va G'arbni bog'lab, Xitoydan boshlab, Markaziy Osiyo orqali Yevropagacha cho'zilgan. Yurtimizning Samarqand, Buxoro, Xiva, Termiz, Toshkent kabi yirik shaharlari mana shu yo'l tufayli savdo va madaniyat markazlariga aylandi. Bu shaharlarda turli xalqlar vakillari uchrashib, madaniy muloqot olib borishdi, turli madaniyatlar uyg'unligi yuzaga keldi. Forobiy, ibn Sino, Beruniy kabi mutafakkirlar jahon tamadduniga katta hissa qo'shishgani, geografiya, astronomiya, tibbiyot, matematika va falsafa sohalaridagi yutuqlar Ipak yo'li orqali tarqalgan bilimlar asosida rivojlangani ham tarixdan ma'lum. Yurtimiz madaniyatiga katta ta'sir ko'rsatgan bu yo'l faqatgina iqtisodiy emas, balki madaniy aloqalarni ham kuchaytirib, mintaqaning rivojiga hissa qo'shdi.
Islohotga muhtoj temir yo'llar
Temir yo'l va temiryo'lchilar haqida so'z borganda, sohaning o'tgan yillar davomida bosib o'tgan tarixiy taraqqiyot yo'liga nazar tashlash o'rinli bo'ladi. Sir emas, o'tgan asrning oxirlarida infratuzilma eskirib, harakatdagi tarkib, ya'ni lokomotiv va vagonlar o'z xizmat muddatini o'tab bo'lgan, mamlakatimiz temir yo'llari katta islohotlarga muhtoj edi. Sobiq Ittifoq sohaga rels, shpal, lokomotiv, vagon, aloqa va elektr ta'minoti uchun zarur ehtiyot qismlar va boshqa asbob-uskunalar yetkazib berishni to'xtatib qo'ygan, mutaxassislar kam, endi har kim o'z boshiga kelgan qorni o'zi kurashi lozim edi. Bu nafaqat xalq xo'jaligining temir yo'l transportiga bo'lgan ehtiyojini qondirish, balki harakat xavfsizligini ishonchli ta'minlash, yuk va yo'lovchi tashish kafolatini bera olmas edi. “O'zbekiston temir yo'llari”ning boshqa davlatlardan qarzdorligi mavjud, yillik valyuta tushumi ehtiyojlarni qoniqarli qoplaydigan darajada emasdi. Qarz to'layolmasligi hisobiga O'zbekiston chegaralari orqali vagonlarni qabul qilish cheklab qo'yilardi. Bundan tashqari, sohada yagona temir yo'l tizimi yo'qligi ham bir qancha muammolarni keltirib chiqarardi. Jumladan, Qoraqalpog'iston, Xorazm va Surxondaryo viloyatlariga borish uchun Turkmaniston orqali, Farg'ona vodiysi viloyatlariga borish uchun qo'shni Tojikiston orqali o'tish lozim bo'lgan. Boz ustiga, yo'lda qayta-qayta chegara bojxona tekshiruvidan o'tishlar yuk va yo'lovchi tashishda juda ko'p muammo va qiyinchiliklarni keltirib chiqarardi.
Zavol bilmas ezgu maqsadlar
Yurtimiz o'z mustaqilligini qo'lga kiritgach, tegishli qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilinib, ular asosida temir yo'l sohasida ham bosqichma-bosqich islohotlar amalga oshirila boshlandi. Xususan, temiryo'lchilar tomonidan 2297 kilometrdan ortiq temir yo'llar qurildi. 4961,3 kilometr temir yo'llar rekonstruksiya qilindi. 2088 kilometr temir yo'l uchastkasi elektrlashtirildi. Navoiy — Uchquduq — Sulton Uvaystog' — Nukus, Toshg'uzor — Boysun — Qumqo'rg'on, Angren — Pop elektrlashtirilgan temir yo'li, “Qamchiq” temir yo'l tunneli, Buxoro — Miskin, Qarshi — Kitob, Urganch — Xiva, Maroqand — Qarshi, Qo'qon — Marg'ilon — Andijon, Qarshi — Termiz kabi temir yo'l uchastkalari qurilib, elektrlashtirildi. Mamlakatimiz poytaxtidan Samarqand, Buxoro, Qarshi kabi tarixiy shaharlar o'rtasida tezyurar va yuqori tezlikda harakatlanuvchi zamonaviy poezdlar qatnovi yo'lga qo'yildi. O'nlab yangi temir yo'l vokzallari bunyod etildi, mavjudlari rekonstruksiya qilindi. Bir so'z bilan aytganda, temir yo'l transporti sohasi O'zbekistonning eng mustahkam iqtisodiy tarmog'iga aylandi. Ana shu yangilanish, o'zgarishlar olib kelayotgan katta bunyodkorlik ishlari, yirik qurilishlar, avvalo, minglab vatanparvar, o'z yurti uchun fidoyi insonlar, haqiqiy zabardast temiryo'lchilarning matonati, beqiyos mehnatlari evaziga yuzaga keldi. Aloqa va harakat har qanday sivilizatsiyaning poydevoridir. Bugungi global dunyoda mamlakatlarni bog'lab turuvchi temir yo'llar nafaqat iqtisodiy taraqqiyot, balki tarixiy merosning zamonaviy davomi sifatida ham muhim ahamiyatga ega. Bu nuqtai nazardan qaraganda, hozirgi kunda rivojlanayotgan temir yo'llar tizimi va uning yurtimizdagi ahamiyati, o'tmishdagi buyuk karvon yo'llari, jumladan, yuqorida tilga olganimiz Buyuk Ipak yo'li va Nefrit yo'li kabi tarixiy marshrutlar bilan taqqoslanganda, juda qiziqarli parallellar namoyon bo'ladi. Hozirgi kunga kelib, karvonlar o'rnini poezdlar egalladi. Unsurlari o'zgargan bo'lsa-da, insonlarni, yurtlarni va imkoniyatlarni bog'lash ezgu maqsadi bizni o'tmish bilan bog'lab turadi.
Iqtisodiyotning qon tomiri
Yangi O'zbekiston dunyoga tanilayotgan bugungi kunda ildizi o'sha qadim tarmoqlarga bog'langan zamonaviy yo'llarning ahamiyati oshsa oshdiki, aslo kamaymadi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev yo'lsozlik sohasini iqtisodiyotning qon tomiriga qiyoslar ekan, “transport va logistikani yangi bosqichga olib chiqmasak, iqtisodiyotning barqaror rivojini ta'minlay olmaymiz”, degan nihoyatda dolzarb masalani oldimizga mas'uliyatli vazifa sifatida qo'ygani biz uchun dasturilamal bo'lib kelmoqda.
“O'zbekiston temir yo'llari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufida 8 ta yirik ishlab chiqarish korxonasi — “O'ztemiryo'lmashta'mir” AJ, “Andijon mexanika zavodi” AJ, “Quyuv-mexanika zavodi” AJ, “Toshkent yo'lovchi vagonlarini qurish va ta'mirlash zavodi” AJ, “14-rels payvandlash poezdi” MChJ, “O'zvagonta'mir” AJ, “Toshkent mexanika zavodi” AJ, “Eyvalekmaxsustemirbeton” MChJ hamda 4 ta kichik ishlab chiqarish korxonalari mavjud.
So'nggi yillarda mamlakatimiz iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish va xalqimizning farovon hayot kechirishi uchun temir yo'l transportini takomillashtirishga davlat tomonidan katta e'tibor qaratilmoqda. Ilgari bunday darajada investitsiyalar kiritilishi va zamonaviy infratuzilmalar yaratilishi, yo'llar, vokzallar, logistika tizimlari qayta qurilishi haqida tasavvur qilish qiyin edi. Hozir esa davlat siyosatida temir yo'l tarmog'ini bosqichma-bosqich kengaytirish, yangi yo'nalishlarni yaratish va mavjud trassalarni modernizatsiya qilish ustuvor vazifaga aylanib, bu jarayonda katta loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu o'z navbatida tovar va yo'lovchi oqimlarini yaxshilash, iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish hamda xalqaro savdo imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda. Natijada mamlakatimiz iqtisodiyoti yanada barqarorlashmoqda, yangi ish o'rinlari yaratilmoqda va aholining turmush darajasi sezilarli darajada yaxshilanmoqda. Bu esa jamiyatning barcha qatlamlariga davlatning xalq manfaatlariga qay darajada mas'uliyatli yondashuvini namoyon etmoqda. Sohada yangi loyihalar hayotga tatbiq etilishi natijasida ko'rsatkichlar ham oshib bormoqda. Temir yo'l sohasining rivojlanishiga hukumatimiz tomonidan alohida e'tibor berilishi mamlakat iqtisodiyotini modernizatsiya qilish va raqobatbardoshligini oshirish bo'yicha ustuvor vazifalardan biriga aylangan.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti 2024 yil 27 noyabrda “Temir yo'l transporti to'g'risida”gi yangi tahrirdagi qonunni imzoladi.
Qoraqalpog'iston Respublikasini Xorazm viloyati bilan bog'laydigan uzunligi 82 kilometr “Shovot — Qorao'zak” yangi temir yo'l liniyasi hamda Amudaryo ustidan o'tuvchi, uzunligi 423 metr temir yo'l va avtomobil yo'li qo'shma ko'prigi foydalanishga topshirildi. Ushbu infratuzilma orqali transport masofasi 240 kilometrga qisqarib, yuk jo'natish 6 soat ichida, yo'lovchilar esa 2 soatgacha vaqtni tejaydilar. Uzunligi 68,6 kilometr bo'lgan “Toshkent — Chirchiq — Hojikent” yo'nalishi bo'yicha zamonaviy tezyurar elektropoezdlar qatnovi yo'lga qo'yildi. Keyinchalik ushbu yo'nalish “Chinorkent” bekatigacha uzaytirildi. Shuningdek, asosiy temir yo'l uchastkalarining o'tkazuvchanlik qobiliyati 25 foizga, yo'lovchi oqimlari esa 15 foizga oshirildi. Tashish hujjatlarini rasmiylashtirish vaqti ham 3 baravarga, operatsion xarajatlar 7 foizga qisqardi. Yaratilgan tizimlar evaziga umumiy xarajatlar 50 milliard so'mga qisqarishi kutilmoqda. 2023 yil oktyabrida yangi AT-markazi ochilib, endi 24 dasturchi zamonaviy axborot tizimlarini ishlab chiqmoqda. Joriy yilning may oyida “Buxoro — Urganch — Xiva” temir yo'l liniyasi to'liq elektrlashtirildi. 465 kilometrlik uzunlikdagi yo'nalish bo'ylab yangi tezyurar elektr poezdlari harakatlana boshladi. Shuningdek, raqamli transformatsiya yo'l xaritasi tasdiqlanib, shu yil dekabrigacha yo'lovchi va yuk tashishni avtomatlashtirish, bojxona tizimlari bilan integratsiya, stansiyalarda onlayn arizalar va statistika joriy etilishi rejalashtirilgan.
Kelgusi yildan boshlab esa “Toshkent — Urganch — Xiva” yo'nalishida “Jaloliddin Manguberdi” poezdlari harakatlanadi. 2024 yilda “Hyundai Rotem” kompaniyasi bilan yuqori tezlikda harakatlanadigan poezdlar xarid qilindi. 42 vagonli 6 ta yangi poezd 2026 yilgacha yetkazib beriladi. Poezdlar “Toshkent — Urganch — Xiva” va “Toshkent — Nukus” yo'nalishida yo'lga qo'yiladi va yo'lovchilarning ushbu shaharlarga borish vaqti 2 barobarga qisqaradi.
Ayni paytda 196,12 kilometrlik “Miskin — Nukus” temir yo'li yuqori tezlikda harakatlanuvchi poezdlar uchun moslashtirilib, elektrlashtirilmoqda. “Navoiy — Buxoro” yo'nalishida yuqori tezlikka moslashtirilgan 92,1 kilometrlik ikkinchi elektrlashtirilgan temir yo'l liniyasi bunyod etilmoqda. “Samarqand — Urgut” yo'nalishida 55 kilometrlik hamda “Baytqo'rg'on — Parkent” oralig'ida 23,8 kilometrlik yangi elektrlashtirilgan temir yo'l liniyalari qurilmoqda. Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi va hayotga tatbiq etilayotgani, eng avvalo, turizm salohiyati va jozibadorligini oshiradi, shuningdek, yuk va yo'lovchi tashish tezligi bir necha barobarga ortib, yo'lovchilarga xizmat sifati yanada yaxshilanadi. Eng muhimi, ekologiya va atrof-muhit musaffoligi saqlanishiga erishiladi.
Temir yo'l transporti eng samarali va ekologik jihatdan tozaligi bilan ajraladigan yo'lovchi va yuk tashish vositasi hisoblanadi. Shu sababli mamlakatimizning barcha mintaqalari o'rtasidagi aloqani mustahkamlash, logistika tizimini takomillashtirish va xalqaro tranzit salohiyatini oshirish maqsadida temir yo'l infratuzilmasini modernizatsiya qilish va kengaytirish ishlariga katta mablag'lar yo'naltirilmoqda. Yangi loyihalar orqali yangi yo'nalishlar ochilmoqda, mavjud liniyalar qayta qurilmoqda va zamonaviy texnika hamda innovatsion texnologiyalar joriy etilmoqda.
Tranzit yo'llar
Temir yo'l tarmog'i tranzit yo'llar sifatida mintaqadagi savdo aloqalarini mustahkamlashda muhim o'rin tutadi. Yurtimiz orqali o'tayotgan yirik temir yo'l loyihalari “Trans-Osiyo temir yo'l yo'nalishi”, “Xitoy-Evropa temir yo'li” hamda ichki yo'nalishlardagi Toshkent-Xorazm, Andijon-Termiz, Navoiy-Buxoro-Qarshi kabi temir yo'llar bugungi kunda O'zbekistonni transport va logistika markaziga aylantirmoqda. “Oq ko'prik” (Qozog'iston — O'zbekiston) chegara o'tkazish punktida qo'shimcha 2 ta yo'l qurish evaziga poezdlarni qabul qilish va jo'natish quvvati sutkasiga o'rtacha 28 juftdan 40 juftga yetkazildi. 7 ta stansiyada 10 ta qo'shimcha temir yo'l qurilishi natijasida mazkur stansiyalarning o'tkazuvchanlik quvvati 30 foizga oshirildi. Afg'oniston temir yo'l boshqarmasi va “O'zbekiston temir yo'llari” aksiyadorlik jamiyati o'rtasida “Hayraton — Mozori Sharif” temir yo'l infratuzilmasini ta'mirlash va qayta tiklash bo'yicha tuzilgan shartnomaga binoan “Qo'shtepa” temir yo'l ko'prigi ustiga uzunligi 163 metr temir yo'l izlari yotqizildi, “Naibobod” stansiyasi to'liq ishga tushirildi. “Hayraton” stansiya binosi qayta tiklandi.
2025 yil boshida “O'zbekiston — Qirg'iziston — Xitoy” temir yo'li qurilishi loyihasi ham boshlab yuborildi. Ushbu yirik loyihada “O'zbekiston temir yo'llari” aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari ham faol ishtirok etishmoqda. Xitoyning eng yetuk loyiha institutlari tomonidan ushbu loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilgach, umumiy uzunligi 454 kilometr bo'lgan temir yo'l qurilishi boshlandi. Loyihaning ahamiyatga ega bo'lgan jihati shundan iboratki, Qirg'iziston orqali tranzit yo'lining qurilishi bizga o'rta hisobda 5 million tonna qo'shimcha tranzit yuklarni olib keladigan bo'lsa, Afg'oniston orqali quriladigan temir yo'l orqali tranzit yuklarining miqdori 10 million tonnagacha yetishi mumkin.
Sohadagi yana bir mintaqaviy loyiha “Termiz — Mozori-Sharif — Kobul — Peshovar” temir yo'lidir. Afg'onistondagi murakkab vaziyatga qaramay bu borada ham sezilarli siljishlar bor. Xususan, Afg'onistonning Mozori-Sharif shahridan Pokistonning Torxam shahrigacha tadqiqot ekspeditsiya ishlari o'tkazildi. Qayd etilganidek, loyiha doirasida 765 kilometrlik temir yo'l qurilishi rejalashtirilmoqda. Yana shuni ta'kidlab o'tish kerakki, avvallari Afg'onistondan umuman bo'lmagan eksport yuklari hozirda katta miqdorda mavjud va bu eksport yuklarini O'zbekistondan tranzit orqali o'tkazib, Xitoyga eksport qilish yo'lga qo'yildi. Albatta, bu tadbirkorlarga juda katta qulaylik bo'ladi. Avvallari bu yuklar avtomobil orqali Afg'oniston bilan O'zbekiston chegarasiga olib kelinib, u yerda juda ko'p tekshiruvlardan o'tib, ko'p vaqt sarflangan bo'lsa, bugungi kunga kelib Afg'onistondan temir yo'l orqali eksport qilinayotgan yuklar chegara orqali o'tishi deyarli qisqarib, ularni zamonaviy skaner mashinalari orqali juda qisqa vaqtda tekshiruvdan o'tkazish va hujjatlarni elektron tarzda rasmiylashtirish hamda yuklarni qisqa muddatlarda Xitoy hududiga yetkazib berishga erishiladi.
Bu ikki temir yo'lning qurilishi O'zbekistonning transport kommunikatsiyalarini diversifikatsiya qilib, logistika imkoniyatlarini keskin kengaytiradi. Har ikki temir yo'l yo'nalishlari qurilishidan maqsad O'zbekiston, xususan, Markaziy Osiyoni transport xabiga aylantirish, Osiyo va Yevropa mintaqalarini bog'lash, shuningdek, mamlakatimiz transport yo'laklarini diversifikatsiya qilishdan iboratdir.
Bu yo'llar orqali nafaqat tovarlar, balki sayyohlar, investorlar va innovatsiyalar oqimi ham yurtimizga kirib kelmoqda. Shuningdek, raqamli texnologiyalar yordamida temir yo'llar yanada samarali va xavfsiz faoliyat yuritmoqda. Lokomotivlar “GPS” va avtomatik boshqaruv tizimlari bilan jihozlangan, stansiyalarda esa logistika markazlari faoliyat ko'rsatmoqda. Bugungi kunda mamlakat transport tizimini zamonaviylashtirish yo'lida olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlar temir yo'l tizimida ham o'zining yorqin ifodasini topmoqda. O'zbekiston — Yevroosiyo qit'asidagi quruqlik hududining o'rtasida joylashgan davlat. Mamlakatimiz hududidan xalqaro dengiz va okean portlariga borish uchun kamida ikkita davlat hududini bosib o'tish lozim. Shu bois biz uchun nafaqat yurtimizda, balki qo'shni davlatlarda ham quruqlik orqali transport yo'laklarini rivojlantirish muhim masala. Bu borada eng ishonchli, xavfsiz va arzon transport turi esa shubhasiz temir yo'ldir. Shu sababli, temir yo'l sohasiga e'tibor mamlakatimiz kelajagi uchun mustahkam poydevor yaratish demakdir.
Xalqaro dengiz portlariga chiqish orzusi
Yuqorida aytilganidek, O'zbekiston dengiz portlariga ega emas. Bu esa xalqaro savdo va yuk tashishda qulay logistika imkoniyatlarini cheklab qo'yadi. Ammo bu cheklovni imkoniyatga aylantirish uchun yurtimizda temir yo'l infratuzilmasi yangi bosqichga chiqmoqda. Nega deganda, temir yo'l arzon, xavfsiz, yuqori hajmda yuk tashish imkoniyatiga ega va uzoq muddatli samara beradigan vositadir.
O'zbekiston temir yo'llarini endilikda ikki bosqichda rivojlantirishga katta ahamiyat qaratilmoqda. Birinchisi — mamlakat hududidagi ichki temir yo'lni tranzit hamda mahalliy yuk va yo'lovchi tashish uchun yanada taraqqiy ettirish, ikkinchisi, O'zbekiston temir yo'llarini xalqaro temir yo'llar bilan yanada integratsiya qilish va yangi yo'llar orqali xalqaro dengiz portlariga chiqishdir. Shu bois mamlakatimiz uchun temir yo'llarni diversifikatsiya qilish, jahon bozorlariga tez va erkin chiqish juda muhim. Davlatimiz rahbari xalqaro anjumanlarda bu masalani doim ko'tarib, amaliy tashabbuslarni ilgari surmoqda. Qo'shni va manfaatdor davlatlar bilan hamkorlikda loyihalar jadallashtirilmoqda. Temir yo'l mamlakatimiz iqtisodiy rivojlanishi va xalqaro transport tizimida muhim o'rin egallaydi.
Huquqiy asoslar
Temir yo'l sohasining huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida O'zbekiston Respublikasining 2024 yil 27 noyabrda “Temir yo'l transporti to'g'risida”gi yangi tahrirdagi qonuni qabul qilindi. Davlat rahbari tomonidan sohaga oid 2 ta muhim qaror va 1 ta farmon imzolandi. Shuningdek, hukumatning 18 ta farmoyishi qabul qilinib, ularning amaliy ijrosi ta'minlanmoqda. Ayniqsa, Prezidentimizning 2023 yil 10 oktyabrdagi “O'zbekiston Respublikasi temir yo'l transporti sohasini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga asosan so'nggi 2 yil davomida tizimda katta o'zgarishlar bo'ldi. Bu yillarda temir yo'l transportini isloh qilish natijasida mazkur sohada yuksak marralarga erishilmoqda. Prezident qarori ijrosi natijasida bugungi kunga kelib temir yo'l transporti tizimi o'z taraqqiyotining yangi bosqichiga ko'tarildi. Sohani tubdan isloh qilish, murakkab tog' va cho'l sharoitlarida yangi temir yo'llarni barpo etish, yuqori tezlikdagi poezdlar harakatini tashkil qilish, temir yo'llarni elektrlashtirish, yuk va yo'lovchi tashish vagonlarini ishlab chiqarish bo'yicha yirik loyihalarning amalga oshirilishi nafaqat transport infratuzilmasini rivojlantirish, balki butun mamlakatni taraqqiy ettirishga xizmat qilmoqda. 2024 yilning o'zida sohaga oid 2 ta Prezident qarori, 1 ta farmon, hukumatning 18 ta farmoyishi qabul qilindi.
Hamkorlik
Yaqinda Xitoy Xalq Respublikasidan Navoiy shahriga “O’Z12T” rusumli ilk teplovoz olib kelindi. Mazkur teplovoz mamlakatimiz iqtisodiyotida katta ahamiyatga ega bo'lgan “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati kabi yirik sanoat korxonasining yuklarini “Navoiy — Uchquduq” temir yo'l uchastkasida tashish uchun mo'ljallangan.
Toshkent shahrida 2024 yilda MDH davlatlari Temir yo'llari Kengashining 81-yig'ilishi o'tkazilib, 14 davlatdan 158 nafar xorijiy ishtirokchi ishtirok etdi. Bu O'zbekiston temir yo'l tizimiga bo'lgan ishonchning, uning mintaqaviy ahamiyatining yana bir isbotidir. Mazkur xalqaro anjumanda Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog'iston, Qirg'iziston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston, O'zbekiston, Eron, Gruziya, Latviya, Estoniya va Afg'oniston singari 14 ta davlatdan temir yo'l ma'muriyatlari rahbarlari boshchiligida umumiy 158 nafar xorijiy ishtirokchi qatnashdi.
“Qarshigami, Termizgami poezd yurar”
Dunyo shiddat bilan o'zgarmoqda. Sir emaski, davlatlar o'rtasidagi raqobat, bozorlar, logistika tizimlari va infratuzilmalarning sifatli, barqaror va samarali bo'lishi har qaysi davlatning kelajakdagi o'rnini belgilab beradi. O'zbekiston ana shunday tez o'zgarayotgan global sharoitda o'z strategik maqsadlarini belgilab, transport va logistika tizimini modernizatsiya qilishga alohida e'tibor qaratmoqda. Bu yo'lda eng muhim qurollardan biri temir yo'l transporti.
“O'zbekiston temir yo'llari” AJ tarkibida “Temiryo'linfratuzilma” AJ, “Temiryo'lekspress” AJ, “Shahar atrofida yo'lovchi tashish” MChJ va “Temir yo'l vokzallari” MChJ kabi yangi kompaniyalar tashkil etildi. Bu islohotlar sohadagi boshqaruv samaradorligini oshirib, faoliyatni aniq tartib va maqsadli natijaga yo'naltirmoqda. Ichki infratuzilma rivojlanmoqda, shaharlar va viloyatlar bog'lanmoqda. 2024 yilda yuk tashish hajmi 74,1 mln. tonna, yo'lovchi tashish esa 10 mln kishini tashkil etdi. “DAS UTY” MChJ “IT Park” rezidenti sifatida raqamlashtirishni jadallashtirdi. Tashish hujjatlarini rasmiylashtirish uch barobar tezlashdi, operatsion xarajatlar 7 foizga kamaydi. Joriy 2025 yil oxirigacha raqamli logistika, avtomatlashtirilgan statistika, bojxona bilan integratsiya to'liq amalga oshiriladi.
Temir yo'l iqtisodiyotimiz poydevori, mintaqalarni bog'laydigan, odamlar hayotini yaxshilaydigan, mamlakatni jahon bilan uyg'un bog'laydigan yo'ldir. Bu yo'llarda sayyohlik rivojlanadi. Infratuzilma yaxshilanadi. Eng muhimi, ardoqli xalq shoirimiz, O'zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov “Poezdda” degan she'rida yozganidek, yo'lovchilar bir-birlari bilan tanishib, bir-birlariga ko'ngil yozadilar.
Qarshigami, Termizgami poezd yurar,
Ikki ayol choy ho'plashib suhbat qurar,
Biri deydi: — Ming shukrki uyimiz bor,
Tarnovlari oq tunuka, zap naqshinkor.
Unisi der: — Bizniki ham juda ko'rkam,
Bordir hatto hovlimizning devori ham.
Qarshigami, Termizgami poezd yurar,
Ikki ayol choy ho'plashib suhbat qurar…
“Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ezgu tamoyilga asoslangan Yangi O'zbekiston g'oyasi amalga oshishida o'ziga xos o'ringa ega bo'lgan temir yo'l sohasidagi o'zgarishlar xalq roziligi bilan chambarchas bog'liqdir. Tinch, osoyishta yurt poezdlarida samimiy suhbatlar bardavom bo'lsin.
Zufar NARZULLAYEV,
“O'zbekiston temir yo'llari”
AJ boshqaruvi raisi.