Ajdodlar orzusi
Milliy hurlikning qadriga yetaylik!
Boqibeg'amlik kasofati
Taniqli o'zbek adabiyotshunos olimi Naim Karimovning “Qimmatga tushgan to'lov” maqolasida qiziq bir manzara bor. Maqolada aytilishicha, Oktyabr to'ntarishi arafasida Kavkazdan Sibirga Toshkent orqali Chor Rossiyasining katta qo'shini o'tgan. Ular Toshkentda to'xtab turganlarida, Turkiston jadidlari vakillari armiya qo'mondoni Aleksandr Kolchak bilan muzokaraga kirishgan. Kelishuvga ko'ra, shu qo'shin yordamida Ishchi va soldat sho'rolari qurolsizlantirilishi, Markaziy Turkiston davlati hokimiyat tepasiga kelishi, yangi davlat kuchga kirguncha Kolchak qo'shini shu yerda bo'lishi, buning uchun turkistonliklar ikki million so'm miqdorida mablag' yig'ib berishlari kerak edi. Munavvar qori va Ubaydulla Xo'jayev toshkentlik boylar bilan kengash o'tkazgan.
Munavvar qori ularga shunday degan edi:
“Agar siz, muhtaram a'yonlarga murojaat etib, dini islom foydasiga ma'lum bir mablag'ni ajratishni so'rasalar, sizlardan shu mablag'ni olish it azobi bilan teng bo'ladi. Millat foydasiga deb so'ralganda ham shunday ahvolni ko'ramiz. Sizlarga faqat o'z manfaatingiz bo'lsa bo'lgani. Hozirgi vaqtda xususiy mulkni aslo tan olmaydigan bolshevoylar firqasi inqilob qilishga shay bo'lib turibdi. Agar shu firqa hokimiyat tepasiga kelsa, sizlarning hamma molu mulkingiz — uyingiz ham, bog'-rog'laringiz ham, oltin-kumushlaringiz ham beistisno ular qo'liga o'tadi!”
Ammo boylar jon kuydirib aytilgan bu gaplarni chumchuqdan qo'rqqan dehqonning vahimasiga yo'ydilar. Natijada Turkiston davlati amalda tuzilmay qoldi. Kolchak qo'shini esa yo'lida davom etdi. Oradan ko'p o'tmay, bolsheviklar avval Rossiyada to'ntarish yasab, keyinroq Turkistonni egalladilar. Bashorat amalga oshdi: sovet hokimiyati boylardan borini tortib oldi. O'zlarini surgun qildi, hayot shamini so'ndirdi.
Xususiy mulkka egalik barham topgach, dushmanlar mamlakatning moddiy va ma'naviy boyliklarini ochko'zlarcha talon-toroj qildilar. Durdona asarlar, nodir osori-atiqalar xorijga pullandi. Odamlarga ajdodidan qolgan zeb-ziynat va quyma oltinlarni saqlash man etildi. Ular ham davlatniki bo'ldi.
“Bo'lib tashla va hukmronlik qil!”
Hosildor yerlar va boyliklarga ega Turkiston hududi XIX asrda Buyuk Britaniya va Rossiya imperiyalari o'rtasidagi “Katta o'yin”ning markaziga aylandi. Britaniya Hindiston xavfsizligi va savdo yo'llari uchun, Rossiya esa janubiy chegaralarini mustahkamlash va dengizga yo'l ochish uchun kurashdi. Xonlar va amirlar esa ichki ishlar bilan ovora bo'lib, xavfni oldindan anglay olishmadi.
Rusiya “sivilizatsiya olib kirish” niqobi ostida hududni bosib oldi. XIX asr oxiri – 1917 yilda Chor Rossiyasi mustamlakasi, 1917–1991 yillarda esa Sovet istibdodi davri bo'ldi. Har ikki bosqichda ham mahalliy xalq siyosiy jihatdan zaiflashtirildi: ruslar ko'chirib kelinib, ularga hosildor yerlar berildi. “Mehmon”lar imtiyozlarga ega bo'lishdi, tub aholi esa yeridan, huquqidan mahrum etildi. Bu ijtimoiy tengsizlik va qo'zg'olonlarga olib keldi.
1917 yil inqilobidan so'ng bolsheviklar hokimiyatga kelib, Turkiston xalqlariga ozodlik emas, balki yangi bo'yinturuq osdilar. Qo'qon muxtoriyati qonga botirildi, Xiva va Buxoro sho'rolar jumhuriyatlari tugatildi. Jadidlar o'lkadagi inqilob o'zlari uchun emas, o'zini do'st qilib ko'rsatgan bolsheviklar foydasiga bo'lganligini anglab yetdilar. Usmonxo'ja Po'latxo'jayev, Mustafo Cho'qay kabi milliy kadrlar xorijga chiqib ketishga majbur bo'ldi, boshqalar — Madaminbek, Shermuhammadbek, Ibrohim Laqaylar milliy ozodlik harakatini davom ettirdilar. Ular safini xorijdan kelgan Anvar posho to'ldirdi. Biroq xalq yakdil emasligi tarixga bosmachilik harakati nomi bilan kirgan bu kurashning samarasini yo'qqa chiqardi.
1924 yilda milliy-hududiy chegaralanish o'tkazilib, Turkiston mayda respublikalarga bo'lib tashlandi. Bu siyosat “har bir millatga o'z respublikasi” shiori orqali tenglik berganday tasavvur uyg'otsa-da, amalda Turkiston xalqlarining birlashib, mustaqillikka intilish imkoniyatini yo'qqa chiqargandi. Shu yo'l orqali milliy birdamlikka qaqshatqich zarba berildi. Dinni unutishga, ichkilik va axloqsizlikka o'rgatishda jonbozlik ko'rsatildi. Teatr, kino va matbuot kuchidan, tashviqotidan unumli foydalanildi. Bunga 1948 yilda suratga olingan “Farg'ona qizi” kinokartinasi jonli misol.
1930-yillar oxiridagi qatag'onlar Turkiston ustunlari — oydinlarini batamom quritdi.
Ekspluatatsiya uchun arzon ishchi kuchi
Sovet ittifoqi Turkistonga adadsiz paxta maydonlari va arzon ishchi kuchi manbai sifatida qaray boshladi. “Hujum” deb nomlangan siyosiy harakat milliy an'ana, urf-odat va diniy qadriyatlarga zarba berishni maqsad qilgan bo'lib, millatni o'zligidan ayirishga xizmat qildi. Kolxozlashtirish siyosati ham qurbonlarsiz kechmadi. Bor-budini davlatga bergan, qishin-yozin dalada zahmat chekkan bobolarimiz, momolarimiz arzimagan bahonalar bilan qamoqqa tiqilgan. Sun'iy ravishda paydo qilingan ocharchilik esa Markaziy Osiyo xalqlarining boshiga bitgan balo edi.
O'tgan asrning 80-yillari ittifoqning boshqa davrlariga nisbatan sokin va farovon kechgandek tuyuladi. Lekin shundog'am o'zini partiya g'oyalari uchun bag'ishlagan, umrida o'z dalasidan boshqasini ko'rmagan xalqimiz boshiga yana bir falokat yog'ildi. “Markaz” topshirig'i bilan ular ustidan “O'zbeklar ishi”, “Paxta ishi” deb ataluvchi tergov jarayonlari boshlanib, uning olovida ho'lu quruq baravar yondi. Aybsiz aybdorlarning mol-mulklari musodara qilindi, qamaldi, otildi.
Buvim Xolbibi Ro'ziyeva 108 yoshda vafot etdilar. El orasida hurmat-e'tiborlari yuqori ayol edilar rahmatli. Kolxozda ishlagan, tabiblik qilgan, umrining so'ngiga qadar qishloq odamlarining to'y-ma'rakalarida xizmatda bo'lgan. Osonlikcha ulovga o'tirmas, 5-10 kilometrlik masofaga (qiz va nevaralarinikiga) ham piyoda borib kelardilar. Buvim kolxoz davrlarini esga olarkan, ko'p voqealarni aytib berardi. Ertalab kallai sahardan ot mingan brigadir hovlilarga bir-bir kirib chiqar, kechikkanlarni qamchilab, qamatish bilan tahdid qilib dalaga haydarkan. Kenjatoyini uyda tuqqanini, chaqaloqni yo'rgaklab, o'sha kuni dalaga chiqib ketganini, o'g'il-qizlarining bari mana shu biyobonlarda ulg'ayganini aytgan. Shu tuzumning qattol siyosati tufayli u bir go'dagidan ham ayrilgan edi.
Rejissyor Shuhrat Mahmudovning 1988 yilda Ilmiy-ommabop hujjatli filmlar kinostudiyasi tomonidan suratga olingan “Alanga” nomli hujjatli filmi mustabid tuzumning qiyofasini ochib bergan. Siyosiy byuro tomonidan uning namoyishi taqiqlangan. Unda o'zini o'tga-cho'qqa urgan, 20 yoshida qirqdan oshgan xotindek qarimsiq bo'lib qolgan o'zbek ayolining bir etak bolani tug'ib qo'yib-da uy-ro'zg'or, dala ishlaridan ortmasligi, turmush sharoitlarining og'irlashishi natijasida maishiy, ruhiy qiyinchiliklar iskanjasida yashayotgani hikoya qilinadi. Eng dahshatlisi, filmda o'sha davrda (1986-1987 yillar va 1988 yilning birinchi yarim yili davomida) O'zSSRda ayollar orasida o'ziga o't qo'yish bo'yicha 364 holat qayd etilgani aytiladi. Mazkur raqam o'z joniga qasd qilish holatlarining taxminan qirq foizini tashkil qilgan bo'lib, o'rtacha 28 yoshgacha bo'lgan xotin-qizlarga tegishli. Bu nimadan dalolat? Adolatsiz tuzumning zulmiga qarshi isyondan darak emasmidi?
Bundan 10-15 yillar muqaddam yurt koriga yelka tutgan, uning rivoji uchun borini bergan bir rahbar to'g'risida maqola yozdim. U bilan ishlagan, undan yaxshilik ko'rgan kishilarning ko'pi bilan suhbatlashdim. Hatto oddiy cho'pon, suvchi, traktorchilar ham u haqida o'zgacha bir entikish va hayajon bilan so'zlardi. “U kishiga kibr begona edi. Etik kiyib dalalarni kezishdan, dehqonlar bilan suhbatlashib, hol so'rashdan charchamasdilar. Biz bilan yonma-yon o'tirib, qotgan nonni kanal suviga botirib tushlik qilgan paytlari ko'p bo'lgan. Bu odamdan oldin ham, undan keyin ham bunday rahbarni ko'rmadik”, degan edi bir mexanizator. Qahramonim ham o'sha davrda Gdlyan va Ivanov degan qattollar tomonidan tergovga chaqirilgan. Oilasini qistovga olishgan. Ammo qanchalik harakat qilishmasin, uni aybdor qilisholmagan.
Maqolani bir gazetaga olib bordim. Biroq bosh muharrir: “To'g'ri, hozir mustaqillik. Lekin aybi bo'lmasa ham u odam tergovga tortilgan. Xafa bo'lmang, bu materialni chop etolmayman”, degandi. Men shunda yurtimiz istiqlolga erishgan bo'lsa-da, ayrim qo'rqoq kimsalar dunyoqarashi, ittifoqqa bo'lgan e'tiqodi toshga o'yilgandek o'zgarmay qolganligini anglab yetganman.
Iqtisodiy manfaat yo'lida qilingan qurbonlik
Mustamlakani, u qaerda, kim tomonidan qilinganidan qat'i nazar, oqlab bo'lmaydi. Ammo Angliya va Sovet ittifoqining bu boradagi tajribalari qiyos qilinsa, tafovut sezilmay qolmaydi. G'arb koloniyalari ozodlikka erishgach, qisqa fursatda eng rivojlangan davlatlar qatoriga chiqib oldi. Masalan, g'arb ta'siridagi Janubiy Koreya gullab-yashnadi. SSSR etagidan tutgan Shimoliy Koreya esa hanuz dunyo uchun yopiq davlatligicha qolmoqda. Ikkinchi jahon urushidan keyin ikkiga bo'lingan Germaniya haqida ham shunday fikrlarni aytish mumkin. Ayrim davlatlarni fashizmdan ozod qilganligini da'vo qilgan ittifoq amalda ularni o'ziga tobe qilganligini ko'pchilik unutmagan.
Ittifoq ta'sirida bo'lgan davlatlar esa ekologik, demografik, iqtisodiy muammolar, milliy o'zlikni tiklashdagi qiyinchiliklar va boshqa muammolarni o'zlariga meros qilib oldilar. Masalan, biz “ura-ura”chilik davrida Katta Farg'ona kanaliga o'xshagan havzalarni qazib, gidroinshootlar qurib, Amudaryo va Sirdaryo suvlarini sahrolarni o'zlashtirishga hamda paxta monopoliyasini mustahkamlashga yo'naltirdik. Oqibatda esa Markaziy Osiyo mintaqasi uchun muhim ahamiyatga ega bo'lgan havza — Orol dengizi quridi. Baliqchilik yo'q bo'ldi. Havoga ko'tarilgan tuz bo'ronlari aholi sog'lig'iga putur yetkazdi. Ekologik inqirozga olib kelgan bu loyihalar xato emasdi, bu markazning iqtisodiy manfaatlariga xizmat qilgan olchoq siyosat tufayli edi.
“SSSR zamonida yaxshi yashaganmiz”, deyishadi ayrimlar. Markaziy Osiyo ikkala imperiya (Chor Rossiyasi va Sovet ittifoqi) ta'siri ostida 126 yil yashadi. Endi ayting-chi, shu tarixiy davrning necha yilini xalq huzur-halovatda o'tkazdi? Bu “huzurlar” nimaning evaziga kelganini unutishdimi? Qancha zahmatlar, qurbonlar va boyliklarimiz badaliga kelmaganmidi?
Cho'kkan kemadan nima naf?
Taqdir jon olib, jon bergan bobolarga nasib etmagan hurlikka bizni yetkazdi. Negadir biz uning qadriga hanuzgacha to'la yetmayotgandekmiz.
Atrofimizda hamon o'tmishni qo'msash kayfiyatidagi kishilar yo'q emas. Ularda eski zamonni qo'msash tuyg'usi kuchli. Umrining salmoqli qismini o'sha davrda yashagan, partiya mafkurasi ruhida tarbiya topgan. Xotiralar zanjiri, istaydimi-yo'qmi, o'tmishga tortaveradi. Tabiiyki, tuzumning parda ortidagi kamchiliklari ham uning ko'zlariga yutuq bo'lib ko'rinaveradi. Bu tuyg'u shu qadar og'riqliki, uning yuki o'z egasini jazavaga tushgan futbol fanatidek dalli qilib qo'yadi. Bugungi kundan illat izlasang, bundan chehrasi yal-yal yonadi. Ammo uning tasavvuridagi “jannat” haqida tariqdek tanqidiy so'z aytsang, giriboningdan oladi!
Bu odamlar cho'kib ketgan kemada xayolan yashaydilar. Mustaqillik yutuqlarini tan olishni istamaydilar. Aytishlaricha, qul o'z xojasining qilgan jabr-zulmlarini unutib, shu qismatga ko'nikarkan. Eng yomoni — bo'yniga ilingan qullik zanjiriga mehr qo'yarkan.
Undaylarga qarata “Siz xohlaganingizcha o'sha davrda yashang, xotirlang, bundan zavq oling. Hech kim qarshi bo'lmaydi. Lekin yurtning buguni-yu ertasiga tosh otmang. Chunki unda sizdan keyin davomchilaringiz yashaydi”, degim keladi. Ajdodlar orzusi — hurlikni asrash o'z qo'limizda. Buning yagona yo'li ma'naviy uyg'onish va milliy birlikdir.
Hamzabek TURDIYEV,
jurnalist.