Sohir tuyg'u egasi
O'tgan asrning saksoninchi-to'qsoninchi yillari orasida “O'zbekiston” radiosining “So'nggi axborot” (hozirgi “Axborot”) bosh tahririyati eshittirishlari tinglovchilar e'tiborini qozongan edi. Chunki bu tahririyat o'sha yillari “ham eniga, ham bo'yiga” o'sgan, tahririyat muharrirlari jo'shib ishlashar, yangiliklarni asalaridek g'izillab izlashar, yangi-yangi ruknlar topishardi-da, efirga uzatishardi. Shuningdek, tahririyatga “Mash'al”, hozirgi “Mahalla” radiostansiyasi, sport, muxbirlar bo'limlari qo'shildi. Shu orada radio tarixida ilk bora “Xalqaro hayot” bo'limi ham tashkil etilib, axborotchilar zimmasiga yuklatildi. Tahririyat qoshida tashkil etilgan bu bo'lim hamda “Oqshom to'lqinlarida” axborot-musiqali eshittirishlar dasturi tez orada mashhur bo'lib ketdi.
Esimda, 1988 yilning 5 apreli edi. O'zbekiston Televidenie va radio eshittirish Davlat komiteti (hozirgi O'zMTRK)ning raisi Naim aka G'oibov telefon qilib qoldi. Salom-alikdan so'ng: “Bir maslahat chiqib qoldi. Kunning ikkinchi yarmida radioda bo'laman, uchrashsak”, dedi. Men “Xo'p bo'ladi”, deya o'z ishim bilan mashg'ul bo'lib ketdim. Va'dalashganimizdek, rais bilan radio uyidagi xonasida uchrashdik.
— Abdusamadjon (Naim aka hurmat ila doimo ismimga “jon” qo'shib murojaat qilardi. Oxiratlari obod bo'lsin), Sobir Sheraliyevichni tanisangiz kerak?
— Sobir aka Qurbonovnimi, albatta, taniyman.
— U kishi matbuot komiteti raisligidan bo'shatilganidan ham xabardorsiz, albatta. Tahririyatingizdagi “Xalqaro hayot” bo'limida o'rin bo'lsa, vaqtincha ishga olsak, nima deysiz?
Sobir Sheraliyevichning ishdan bo'shagani, bizda ishlash istagi borligiga ishonib-ishonmay o'ylanib qoldim. So'ng: “Hazil qilyapsizmi, Naim aka?” dedim.
— Rost gap. Ish o'rni bor-yo'qligini surishtiring. Sobir Sheraliyevichning radioda ishlash istagi borligi uchun sizga aytyapman.
— Bo'limda katta muharrirlik o'rni bo'sh turibdi. Buni siyosiy sharhlovchilikka almashtirilsa, akaga munosibroq bo'lsa kerak, — deya ishonchsizroq javob qildim.
— Ishonganim uchun bu taklifni sizga aytgan edim. Hozir reja boshqarmasining boshlig'i bilan maslahatlashaylik-chi, u kishi nima derkin? — deya qo'ng'iroq qila boshladi.
— Assalomu alaykum, G'affor Qahhorovich, biz radioda “So'nggi axborot”ning boshlig'i bilan birgamiz. Bu kishining tahririyatida katta muharrirlik o'rni bo'sh ekan. Shu o'rinni siyosiy sharhlovchilikka o'zgartirishning iloji bormi?
Telefonda iliqroq javob bo'ldi, shekilli: “Sizga Abdusamad A'zamovich uchrashadilar”, deya telefon go'shagini qo'ydi-da:
— Bu yog'ini o'zingiz pishirasiz endi, — dedi.
— Albatta. Buning uchun nomingizga taqdimnoma yozaman, tasdiqlab bersangiz bo'lgani, — dedim.
— Bu ishni kechiktirmay hal qilishga kirishing. Mana bu Sobir Sheraliyevichning hujjatlari. O'zingiz ham tanishib chiqing.
Men bo'lajak xodimimizning tarjimai holi bilan qiziqib tanishdim. Uning Buxoro shahrida tug'ilgani, Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining tarix fakultetini bitirgani, shu oliy o'quv yurtining aspiranti bo'lgani hamda nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagani, so'ng Buxoro davlat pedagogika instituti va Toshkent politexnika institutida o'qituvchilik qilganligi shaxsiy varaqada qayd etilgandi.
Ko'p yillar davlat idoralarida ishlagan, fan nomzodi va dotsent ilmiy darajasiga ega bo'lib, oliy ta'lim o'choqlarida faoliyat yuritgan kishining yonimizda bo'lishi, albatta, faxrli edi. Shundan bo'lsa kerak, ustozning ishga joylashishi xamirdan qil sug'urganday osonlikcha hal bo'ldi.
“Oqqan daryo oqaveradi”, deganlaridek, Sobir akaning siyosiy sharhlovchilik faoliyati ham risoladagidek jadal boshlanib ketdi. Sharhlovchining qalamiga mansub materiallari tahririyatning “Xalqaro kundalik”, “Oqshom to'lqinlarida” informatsion-musiqali dasturlarida kunora efirga chiqib turdi. Uning sharhlari oddiy tinglovchilarga ham tushunarli, qisqa, lo'nda, asosli, puxta yozilishi, bo'layotgan voqea-hodisalarga xolisona baho berilishi, G'arb va okean orti davlatlarining ochko'zligi-yu urishqoqliklari, insoniyat tinchligiga xavf soluvchi noto'g'ri siyosatlari kuyunchaklik bilan bayon etilishi faqat tinglovchilarni emas, hatto bizni ham mamnun etardi. Tarixan bir butun bo'lib kelgan Germaniya, Koreya va boshqa davlatlar zamonning zayli bilan ikkiga bo'linib ketganligi, aholisining esa bir-biriga dushman qilib qo'yilishi, Yer kurrasining ba'zi joylarida behuda kon to'kilayotganligi va uning aybdorlari sharhlovchining nazaridan chetda qolmas edi.
Sobir akaning materiallarini ataylab biror yangilik olish maqsadida qiziqish bilan o'qirdim, bilmagan narsalarimni o'rganishga harakat qilar edim. Uning bir sharhi matnini o'qib turib, hech qaerda ko'rmagan va bilmagan narsaga duch kelganman. Avval unga ishonmaganman, so'ng muallifning o'zidan tasdig'ini olgan edim. U ham bo'lsa Birlashgan Millatlar Tashkiloti to'g'risida yozgan sharhidagi bir misol yuzasidan bildirgan fikri edi. Qarang, bu nufuzli xalqaro tashkilot binosi peshtoqiga Sharqning ulug' donishmandi Sa'diy Sheroziyning:
Bir-birin muchasi bor barcha kishi,
Bitta gavhardandir yaratilishi… —
deb boshlanuvchi bitiklari ham ko'p tillar qatorida yozib qo'yilganligi ko'tarinki ruh va g'urur bilan bayon qilinganini bildim.
Sharhlovchi bu bilan odamzod bir ota-onadan, ya'ni Odam ato-yu Momo havodan yaralganligiga ishora qilib, ayrim mamlakatlarda odamlarni kamsitishlar, bir-biriga gijgijlashlar bo'layotgani, odamzodning biror a'zosi kasallikka chalinsa, boshqa a'zolar ham aziyat chekkanidek, Yer yuzining biror nuqtasida urush-janjal bo'lib tursa, atrofdagilarning qalbiga ham qorong'ilik kirishi muqarrarligini faylasufona tushuntirib berishga harakat qilgan.
O'sha kezlari teleradio tizimida siyosiy sharhlovchilar guruhi tashkil etildi. Sobir aka ana shu guruhda yanada barakali ishladi. Guruh a'zolari mahallalarda, o'quv yurtlari, hatto viloyatlarda bo'lib, yig'ilganlar bilan dunyo, respublikamizda bo'layotgan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy jarayonlar xususida maroqli suhbatlar uyushtirishar, ularni qiziqtirgan savollariga javob berishardi.
Ustoz qaerda ishlamasin, ko'ngil qo'ygan O'zbekiston radiosi va matbuotida o'zining mazmunli sharhlari bilan faol ishtirok etib turdi. Uning “Umum Yevropa kengashi: tarixi, yakunlari, ahamiyati”, “Ustoz-targ'ibotchilar (Xorazm viloyati targ'ibotchilari tajribasidan)”, “Yangicha tafakkur va hozirgi dunyo (xalqaro sharhlovchilar muloqoti)”, “O'zbekiston Xalq demokratik partiyasi (tashkil topishi va faoliyatidan…)”, “Jonkuyar bunyodkorlar partiyasi” nomli qator to'plam va risolalari ham sharhlovchilik faoliyatining mevasidir.
Sobir Qurbonov bilan bor-yo'g'i ikki yilga yaqin yonma-yon ishlagan bo'lsam ham uning kuchli iroda va oriyatga egaligi, bilimdon va zukkoligi, mamlakatimiz sharhlovchilarining oldingi safida turishi hamda ajoyib voiz ekanligiga guvoh bo'lganman. Mehnat faoliyati davomida o'zini yaqqol namoyon etgan, biror maqomga ega bo'lish uchun imkoniyatlar yarata olgan mukammal shaxsdir. Nazarimda, poytaxt, ya'ni megapolis kishisi amal pog'onasidan ko'tarilish uchun o'z vaqti va kuchini ayamasligi lozim ekan. Sobir aka misolida bunga amin bo'lganman.
U kuchli siyosiy sharhlovchi, biyron voiz bo'lishi bilan birga, atrofdagi kasbdoshlariga mehribon, to'g'ri yo'l ko'rsatuvchi ustoz sanaladi. O'zaro gurunglashib o'tirgan vaqtlarda menga yo'l-yo'riqlar ko'rsatib:
— Hayotdagi tajribamdan kelib chiqib, sizdagi “ijobiy” kamchiliklaringiz borligini aytib qo'yay. Atrofingizda har bir qadamingizni o'lchab yuradigan azamat “do'stlaringiz” borligiga ehtiyot bo'ling. O'shalarga ham qo'ldan kelganicha yaxshilik qilasiz. “Otangni o'ldirganga onangni ber” qabilida ish qilasiz. Bag'ri kenglikning ham chegarasi bo'ladi, ukajon, — derdi.
— Bunday qilish sut bilan kirgan bo'lsa kerak-da. “Yaxshiga qilsang yaxshilik, ham aytadi, ham qaytadi”, degan gap ham bor. Siz aytgan g'animlarning g'ayirliklarini sezib-ko'rib yuraman.
— Yaxshi. Lekin har doim hushyor bo'ling. Yana bir narsani aytib qo'yay: qalam haqi yozishda ham e'tiborli bo'ling. Men ham ba'zida shoshma-shosharlik qilib, pand yegan kunlarim bo'lganligi uchun sizga eslatib qo'ydim.
— Pand-nasihatlaringiz uchun tashakkur sizga, — deya minnatdorchilik bildiraman u kishiga.
To'qsondan oshib, yuz yoshga qadam qo'ygan sohir, ya'ni sehrli tuyg'u egasi bo'lgan ustozning fe'l-atvori, o'ta kamtarligi, sermulohazaligi, kam gapirib, ko'p ish qilishi men singari do'stlari va shogirdlari uchun maktab o'rnini o'tayotgani shubhasiz. Uning siyratini ham, suratini ham tanish-bilishlari tillaridan bol tomib so'zlashadi.
Taniqli voiz, mohir siyosatchi va sharhlovchining jahongashtaligi ham maqtovga loyiq. U Germaniya, sobiq Yugoslaviya, Fransiya, Polsha, sobiq Chexoslovakiya, Suriya singari ko'plab xorijiy mamlakatlarda bo'lib, bu mamlakatlarning tashkil topishidan tortib to hozirgi kundagi tutgan o'rni, ularning aholisi, tabiati, iqtisodiyoti, siyosiy yo'l tutishlarigacha qiziqarli maqolalar yozgan va uning yozganlari to'plamlarda chop etilgan.
Abdusamad ISOQOV
