Maoniy ahlining izdoshi
I
Nurboy Jabborov bilan yoshligimiz bir makonda kechgan: bir daryoning suvini ichib, bir tog'ning havosidan nafas olib, Qodir baxshi Rahimovga o'xshash o'z davrining mashhur-mashhur baxshilarini tinglab ulg'ayganmiz.
Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumaniga qarashli Otkamar qishlog'i tog'lar etagida, bir tomoni keng dashtlarga tutashib ketgan, ajdodlar merosi hisoblanmish ming yillik qadriyatlar, an'analar e'zoz topgan joy. Nurboy ana shunday azaliy an'analar qadr topgan muhitda ulg'aydi. Nazarimda, shuning uchun milliy an'analarimiz beshigi bo'lgan folklorni juda yaxshi tushunadi, teran his qiladi, yaxshi talqin qiladi. Adashmasam, Nurboy Jabborov dastlab nashrga tayyorlagan kitoblardan biri ham xalq dostonlaridan biri — “Bobo Ravshan” bo'lib, u bu dostonni bekorga tanlamagan, bolaligimizda eng sevib tinglagan, eshitgan dostonlarimizdan biri aynan “Bobo Ravshan” edi.
Alpomishga o'xshab ketadigan kelbati, o'zini tutishi, ma'noli so'zlari, gapga chechanligi, dalli-g'ulliligi bilan Nurboy har lahzada tog'ning farzandi ekanligini eslatib turadi.
Garchand bir daryoning suvini ichib ulg'aygan bo'lsak-da, tanishish talabalik davrimizga to'g'ri keldi. U Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zMU)ning filologiya fakultetida, men esa jurnalistikada tahsil olardik. Bir universitet, bir binoning yuqori va pastki qavatlarida o'qiganimiz uchunmi, u paytlar har ikkala fakultet talabalari juda inoq va ahil edi, nazarimda.
Ilk tanishuvdayoq u otasi haqida hayajon bilan so'zlab bergan. Ochig'i, o'sha paytda ayrimlarimizga uning bu gaplari biroz erish tuyulgan. Olis bir qishloqdan poytaxtday joyga kelib, otasini maqtashi sal g'alatiroq tuyulgan. Axir kim ham otasini hurmat qilmaydi, yaxshi ko'rmaydi. Biroq keyinchalik uning otasini ko'rgan, yaqindan bilgandan keyin Nurboyning maqtanishlari bejiz emasligi, otasi maqtaganidan ham ortiq ekaniga ishonch hosil qilganmiz.
Ota-onaning duosini olish, ularga munosib farzand bo'lish — har bir farzandning orzusi. Biroq turli sabablar tufayli hammaga ham bu baxt nasib etavermaydi. Nurboy esa ana shunday baxtga musharraf bo'lgan baxtlilardan biri.
Buni o'z ko'zimiz bilan ko'rganmiz, necha bor guvohi bo'lganmiz va havas qilganmiz. Nurboy degan o'spirin yigit oradan yillar o'tib, professor Nurboy Jabborov bo'lganda ham, har doim ota-onasini, qishloqdoshlarini ibrat qilib ko'rsatishdan charchamadi.
Otasi yuz yil umr ko'rgan, ulkan hayotiy tajribaga ega ziyoli, ko'zingga tikilib, ichingdagini o'qiydigan katta bir donishmand kishi edi. Nazarimda, otasi Nurboyni boshqacha yaxshi ko'rardi. Otasidagi bor bilim, tajriba, so'zamollik, donishmandlik, kirishimlilik — hamma-hammasi Nurboyga ko'chib o'tgandek. Shuning uchun bo'lsa kerak, hali ham Nurboy ko'pgina anjumanlarda, ziyoli yoxud ijodkorlar yubileylarida otasi haqida gapirib, tadbir egasiga otasining yoshini tilaydi.
Bugun Nurboy Jabborov erishgan va erishayotgan yutuqlarni ko'rib, bir narsaga ishonch hosil qilasiz: uning taniqli olim bo'lib yetishishida ota-onasining, tug'ishganlarining, ustozlarining xizmati beqiyos. O'zining ta'biri bilan aytganda, “Barkamol shaxs, birinchi navbatda, oila bag'rida shakllanadi. Avlod tarbiyasida oilaviy muhit hal qiluvchi ahamiyatga ega ekani isbot talab qilmaydigan haqiqat.”
II
Nurboy talabalik paytida mumtoz adabiyot tarixiga o'zgacha mehr qo'ydi. Mumtoz adabiyotga muhabbat, aslida, uning qonida bor edi. Bolaligida otasi unga ko'p bor So'fi Olloyordan, Qul Xoja Ahmad Yassaviydan, “Chor kitob”dan o'qib bergan va ilk savodini o'zi chiqargandi. Hali maktabga bormasdanoq Nurboyning xat-savodi chiqqan, arab imlosida bitilgan kitoblarni hech qiynalmasdan o'qiy olardi. Otasining bu saboqlari keyinchalik hamisha unga kuch-quvvat berib, yuksak orzularga erishishida yo'lchi yulduzdek mayoq bo'lib kelmoqda.
Odam taqdirini oldindan bila olmaydi, biroq bu taqdiriga bitilgan azal yozuqlarining amalga oshishi uning o'ziga bog'liq. Tog'ning olis bir qishlog'ida, Abdulhakim ota oilasida tug'ilgani Nurboyning bir baxti bo'lgan bo'lsa, keyinchalik o'zining qunti, sa'y-harakatlari bilan ustozlar mehrini qozonishi taqdirning bir siylovi bo'lgan.
Universitetda Ozod Sharafiddinov, Begali Qosimov, Sharif Yusupov, Ulug'bek Dolimov, Umarali Normatov kabi ustozlarning sabog'ini oldi. U shunchaki saboqqa bormadi. Ustozlarning har biriga chinakam shogird bo'lib, ularning mehrini qozondi. Adabiyot ilmining siru asrorlarini qunt bilan o'rgandi, ilmga mehr qo'ydi, pedagoglik, notiqlik sir-asrorlarini o'rgandi.
O'tgan asrning to'qsoninchi yillari mamlakat hayotida ham, shu mamlakatdagi har bir fuqaro taqdirida ham burilish davri bo'lgan, desam, xato bo'lmaydi. Qayta qurishdan so'ng siyosatda ham, mamlakatda ham bir parokandalik davri boshlangandi. Odamlar ertangi kuniga ishonmay qo'ygan, o'qituvchining, olimning hurmati eng qadrsiz holga kelib qolgan, ulardan ko'ra bozorda arava surgan ko'proq daromad topgan, qadrlangan davrlar edi. Mana shunday davrda qo'liga oliy ma'lumotli degan diplomni olgan yosh mutaxassisning ahvolini bir ko'z oldingizga keltirib ko'ring. Qo'lidagi diplomga qaramay, o'zini bozorga urganlar qancha edi! Shunday bir davrda kim sabr va matonat bilan ilm yo'lini tanlagan, og'ishmay, kelajak tomon intilgan bo'lsa, bular o'z davrining qahramonlaridir. Ana shu sabr va matonat qilganlar orasida Nurboy ham bor edi.
U turmushning qiyinchiliklariga qaramay, o'z kelajagi tomon intildi. Taqdirini ilm bilan, O'zbekiston Fanlar akademiyasining Hamid Sulaymonov nomidagi Qo'lyozmalar instituti bilan bog'ladi, shu dargohning aspiranturasida tahsil oldi. Aziz Qayumov, Alibek Rustamov, Botirbek Hasanov, Miad Hakimov, Sharif Yusupov, Sayidbek Hasanov kabi olimlar bilan yonma-yon ishladi, ularga munosib shogird bo'lishga harakat qildi.
Aspirantura tahsilidan so'ng dastlab mazkur institutda kichik ilmiy xodim, so'ngra katta ilmiy xodim lavozimlarida ilmiy tadqiqot ishlarini olib bordi. Nodir qo'lyozmalar fondi, shoir va ijodkorlar arxividagi hujjatlar bilan tanishdi, zarurlarini sinchiklab o'rgandi, ayrimlarini nashrga tayyorladi, matnshunos olim sifatida elga tanila boshladi. Mana shu dargohda ustozlardan olgan sabog'i, matnshunoslik borasida orttirgan tajribalari keyingi ulkan tadqiqotlarida muhim asos bo'lib xizmat qildi. Zero, matnshunosliksiz adabiyotshunoslik tarixini tasavvur etish mushkul.
Nurboy Jabborovning Zokirjon Xolmuhammad o'g'li Furqat hayoti va ijodiga bag'ishlangan ko'plab maqolalari, “Furqat asarlarining qo'lyozma manbalari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasi ilmga o'z qarash va fikrlariga ega yosh olimning kirib kelganidan dalolat edi.
Furqat merosi Nurboy Jabborovga qadar ham o'rganilgan. Biroq sobiq sho'ro mafkurasi mezonlari doirasida, shoirning hayoti va ijodiga oid ko'plab faktlarni ochiq aytish imkoni bo'lmagan.
Mustaqillik davrida Furqat ijodini o'rganish yangi bosqichga ko'tarildi. Furqat she'riyati, uning qarashlari, ma'rifatparvarlik g'oyalari va badiiy uslubi yangicha yondashuvlar asosida ilmiy tahlil qilina boshlandi. Bu tadqiqotlar orasida Nurboy Jabborov izlanishlari alohida o'rin tutadi. U o'z tadqiqotlarida Furqat ijodiga xos bo'lgan yetakchi tamoyillar: ma'rifatparvarlik g'oyasining ustunligi; milliy va umuminsoniy g'oyalarning uyg'unligi; millat taqdiri bilan bog'liq muammolarning badiiy talqini; mumtoz lirik an'analarning keyingi davr ijodkorlar merosida yangi poetik uslublarda davom ettirilishini ko'plab manba va ijtimoiy-tarixiy jarayonlar bilan bog'liq holda tadqiq etdi. Furqat hayoti va merosini yaxlitligicha, to'la va mukammal holda o'rganishga muvaffaq bo'ldi.
U nomzodlik tadqiqotida Furqat merosini asl manbalarga, shoirning o'zimizdagi qo'lyozma asarlariga tayanib o'rgandi, asarlari borasidagi xulosalarni asl matnga suyangan holda bayon qildi. Shoir hayotiga oid manbalarni erinmay, sinchiklab o'rgandi va o'zigacha noma'lum bo'lib qolayotgan masalalarga oydinlik kiritdi. Keyinchalik nomzodlik ishini yana davom ettirib, “Furqatning xorijdagi hayoti va ijodiy merosi: manbalari, matniy tadqiqi, poetikasi” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Dastlabki ishda faqat yurtimizdagi manbalarga suyanib ish ko'rilgan bo'lsa, doktorlik dissertatsiyasida xorijdagi manbalar tahlilga tortildi va matniy tadqiq qilindi.
Nurboy Jabborov o'z tadqiqotlarida shoir ijodining o'zbek adabiyotida tutgan o'rniga tamomila yangicha baho berdi, Alisher Navoiy kabi ijodkorlar an'analarini Furqat munosib davom ettirganligini, she'riyatda poetik mazmunni, muayyan janrlar tabiatini yangilashda salmoqli yutuqlarga erishganini, mumtoz she'riyatda kam qo'llanilgan janrlarda salmoqli ijod qilgani va uning lirikasi yuksak badiiyat namunasi ekanligini isbotlab bera oldi.
Tadqiqotchi Furqatning yurtidan ketishiga sabab bo'lgan asosiy omil sifatida uning ijodkorlik pozitsiyasi, ya'ni ochiqdan-ochiq chor hukumatining siyosatini ma'qullamaganligi va shu pozitsiyaning ifodasi bo'lgan ijod namunalarida ma'rifatparvarlik g'oyalarini ilgari surishi bo'lganligini urg'ulaydi. Asl matnga suyanib ish ko'rish, yondashuvning yangiligi, xolisligi, kelingan xulosalarning ko'plab faktik materiallarga asoslanganligi Nurboy Jabborov tadqiqotlarining ko'lami va ahamiyatini belgilab berdi va uni chin ma'noda yetuk matnshunos olim deya e'tirof etilishiga sabab bo'ldi.
Nurboy Jabborovning mumtoz adabiyot borasidagi izlanishlari Furqat bilan chegaralanib qolmadi. Xoja Ahmad Yassaviy, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, So'fi Olloyor, Mashrab, Muhammad Rizo Ogahiy, Muqimiy, Ishoqxon Ibrat kabi ko'plab ijodkorlarning merosini tadqiq etishga bag'ishlangan izlanishlari uzun bir ro'yxatni tashkil etadi. Bular orasida Alisher Navoiyga bag'ishlangan tadqiqotlari alohida ajralib turadi. Olim Alisher Navoiyni “Maoniy ahlining sohibqironi” deb ataydi.
“Maoniy ahlining sohibqironi” besh bo'limdan iborat bo'lib, unda Alisher Navoiy merosi mohiyatida islom ma'rifati turganligi, Navoiy lirikasi va “Xamsa”, diniy-ma'rifiy asarlarining mazmun mohiyati, Navoiyning buyuk shaxsiyati, adabiy-estetik olami, Navoiy boshlab bergan adabiy an'analarning Furqat va Abdulla Oripov kabi ijodkorlar asarlarida namoyon bo'lishining o'ziga xos xususiyatlari atroflicha tadqiq qilingan. Olimning bu tadqiqoti navoiyshunoslikka muhim ulush bo'lib qo'shildi va “Istiqlol davri o'zbek navoiyshunosligi” ko'p jildligidan joy oldi.
Navoiy o'tmishda yashab o'tgan shoir emas, u bugunning ham, kelajakning ham shoiri, faylasufi, donishmandi, yo'lchi yulduzi, tafakkur quyoshidir. Navoiyni anglash, tadqiq qilish — millat ruhiyatini anglash va tadqiq qilish deganidir.
Navoiy asarlari tadqiqiga bag'ishlangan Nurboy Jabborovning ushbu kitobi va boshqa ko'plab maqolalari adabiyotshunosligimizning nazariy asoslarini boyitishga xizmat qiladi.
III
“Ma'rifat nadir?”, “Zamon, mezon, she'riyat”, “Adabiyot va milliy ma'naviyat”, “Zamonamiz Hotamtoyi”, “Maoniy ahlining sohibqironi” kabi o'nlab kitob va monografiyalar yoxud u nashrga tayyorlagan Abu Homid G'azzoliy, Abdurahmon Jomiy, Ishoqxon to'ra Ibrat, Muhammad Rizo Erniyozbek o'g'li Ogahiy, Zokirjon Furqat kabi ko'plab ijodkorlarning tanlangan asarlari, o'nlab darslik va o'quv qo'llanmalar, yetti yuzga yaqin maqolalar olimning ilm olamida tutgan o'rni va ahamiyatini belgilab beradi.
Nurboy Jabborov zamonaviy adabiyotga ham mumtoz meros badiiyati qonuniyatlarini yaxshi bilgan matnshunos, ham turli adabiy oqim va qarashlardan xabardor zamonaviy olim sifatida yondashadi, o'ziga xos tahlil qiladi va muhim xulosalarga keladi.
Uning Aziz Qayumov, Ozod Sharafiddinov, Begali Qosimov, Sharif Yusupov, Miad Hakimov, Ibrohim Haqqul kabi ilm darg'alari haqida yozgan maqolalari adabiyotshunoslik ilmining yetuk bilimdoni ekanidan, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Usmon Azim, Sirojiddin Sayyid kabi shoirlar yoxud adiblar haqidagi tadqiqotlari esa hozirgi zamon adabiyotini naqadar teran anglashi va nozik tadqiq qilishidan dalolat beradi.
Nurboy Jabborovni faqatgina yurtimizda emas, balki qo'shni qardosh xalqlarda ham yaxshi bilishadi, qadrlashadi. Uning maqolalari, ilmiy izlanishlari Qozog'iston, Qirg'iz Respublikasi, Ozarbayjon, Turkiya, Eron, Xitoy Xalq Respublikasi kabi mamlakatlarda chop etilgan, ilmiy doiralarda e'tirof etilgan. Uning Turkiyada turk tilida chop etilgan “Alisher Navoiyning irfoniy olami” kitobi turkiyalik navoiyshunos olimlar tomonidan iliq kutib olindi. Bu kitob Alisher Navoiy merosini anglashga, uning ma'rifiy olami bilan yaqindan tanishishga xizmat qilish barobarida istiqlol davri o'zbek navoiyshunosligining yangi qirralarini namoyon etdi.
Kimdir yaxshi olim bo'lishi, ilmda ancha yuksak dovonlarni egallashi mumkin, biroq yaxshi pedagog yoxud shogirdlarning sevimli ustozi bo'lish hammaga ham birdek nasib etavermaydi.
Alpomishdek kelbat ato etgan xudoyim Nurboyni bu borada ham rosa siylagan. Nurboy yaxshi pedagog, yaxshi notiq va har jihatda ibratli ustoz hamda mahoratli tashkilotchi ham.
Nurboy Jabborov kirgan auditoriyada hamma uning notiqligiga tan beradi. U qaysi davrada qanday gapirishni, ma'lumotni qay taxlit yetkazish kerakligini yaxshi biladi. Bu borada u ustozlarning sabog'ini yaxshi o'zlashtirganini, ularga munosib shogird ekanligini har jihatdan isbotlay oladi.
Xoh mumtoz, xoh zamonaviy adabiyotdan bo'lsin, yuzlab satrlarni yoddan biladi va biror-bir fikrni tasdiqlash uchun shunday she'riy satrlarni o'z o'rnida keltiradiki, tinglovchi mohiyatni tezda ilg'aydi, fikr egasi, notiqqa nisbatan ko'nglida havas uyg'onadi.
Bugun Nurboy Jabborov shogirdlarining soni qirqqa yaqin. Ular orasida filologiya fanlari doktori, professorlar, filologiya fanlari bo'yicha falsafa doktorlari bor. Do'stimiz bu jabhada biz tengdoshlaridan ancha ilgarilab ketgan. Bu ham uning shijoati, shiddati va yaxshi ustozligi tufayli.
Nurboy Jabborov O'zbekiston Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi bilan hamkorlik qilib keladi. Uning rahbarligida qator yoshlarimiz o'zlarining ilmiy tadqiqotlarini olib bordilar va bugun ham bu hamkorlik davom etmoqda. Muzeyda bo'lib o'tadigan tadbirlarimizda u hamisha faol ishtirok etadi.
Nurboy Jabborov Qo'lyozmalar institutidan so'ng Milliy universitetda kafedra mudiri, o'n yildan oshiqroq dekan lavozimlarida ishladi. Hozirgi paytda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universitetida kafedra mudiri lavozimida ishlab kelmoqda. Salkam yigirma yildan buyon Ilmiy kengashlarda u bilan yonma-yonmiz. Turli tadbir va anjumanlarda, safarlarda birga bo'lishga to'g'ri kelgan. Har qanday vaziyatda o'zining dadil va xolis fikrini aytib, safarda yaxshi suhbatdosh, tadbirlarda yetuk tashkilotchiligini namoyon eta olgan va har doim bir narsaga amin bo'lganman: Nurboy o'zining kimligini hech qachon unutmaydi. Abdulhakim otaning o'g'li ekanligidan hamisha g'ururlanadi va buni zimmasidagi eng yuksak bir mas'uliyat deb biladi.
IV
Nurboy Jabborovning ilmiy faoliyati respublikamizdagi yetakchi nashrlar, jumladan, “Jahon adabiyoti”, “Sharq yulduzi”, “Tafakkur”, “Yoshlik”, “Ma'naviy hayot” kabi jurnallar, “Yangi O'zbekiston”, “Xalq so'zi” kabi gazetalar, “O'zbekiston 24”, “O'zbekiston tarixi”, “Madaniyat va ma'rifat” kabi telekanallar faoliyati bilan chambarchas bog'liq. U bir muddat “Kuch adolatda”, “Fidokor” gazetalarida bo'lim mudiri, “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasi bosh muharriri o'rinbosari, “Tafakkur” jurnali bosh muharriri o'rinbosari lavozimlarida ishlagan. “Mahalla” telekanalida o'rindoshlik asosida faoliyat yuritib, “Ma'rifat yog'dusi” nomli mualliflik ko'rsatuvini tashkil etgan. Deyarli kunora OAVda dolzarb mavzudagi maqolalari, suhbatlari bilan muntazam ishtirok etib turadi.
Nurboy Jabborov 2005 yilda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga a'zo bo'lgan bo'lsa, 2018 yildan e'tiboran Adabiy tanqid kengashini boshqarib keladi. Bir narsani aniq e'tirof etishimiz kerak: Uyushmaga yangi rahbar tayinlangandan so'ng folklor va adabiyot sohasida tadqiqot olib borayotgan ko'plab olimlar uyushma a'zoligiga qabul qilindi. Bir paytlar bo'lgani kabi ijodkorlar bilan olimlar o'rtasidagi hamkorlik rishtalari yanada mustahkamlandi. Bunda, albatta, Adabiy tanqid kengashi raisining alohida o'rni bor.
Yozuvchilar uyushmasidagi biror-bir tadbir Nurboy Jabborovsiz o'tmagan, desam, mubolag'a bo'lmasa kerak. Nurboy, albatta, bu tadbirlarga vaqt topadi. Tadbirlarda, albatta, ma'ruza qiladi. Ma'ruza qilganda ham har bir mavzuni bilib, notiqligini namoyish etgan holda ma'ruza qiladi. Uni bugungi adabiy jarayonda eng faol olimlarimizdan biri, desak, mubolag'a bo'lmaydi.
Yaqinda Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan e'lon qilingan “Yilning eng yaxshi 10 olimi” yil tanlovida g'oliblardan biri bo'ldi. Bunaqa e'tiroflar o'z-o'zidan bo'lmaydi. Olimning uzoq yillik mehnati, ilm olamiga qo'shgan hissasi, mamlakat va xalqaro miqyosdagi e'tiroflardan kelib chiqilgan holda kelinadi bunday qarorlarga.
Nurboy Jabborov xizmatlari hukumatimiz tomonidan ham munosib taqdirlangan. U “Shuhrat” medali hamda “Do'stlik” ordeni sohibi. E'tiroflar, erishiladigan ulkan yutuqlar hali ko'p bo'ladi va hammasi oldinda, deb o'ylayman.
Nurboy Jabborov oilasi respublikamizdagi ibratli oilalardan biri. Oilada ikki nafar fan doktori, professor bor. Farzandlari, kelinlari ham ilm yo'lini tanlashgan, ilmiy darajaga ega, o'z sohasining mutaxassislari.
Alisher Navoiy, Ogahiy, Furqat, Ibrat kabi allomalarimiz merosini, zamonaviy o'zbek adabiyotini har tomonlama tadqiq etib, xalqaro miqyosda targ'ib etib kelayotgan va shu kunlarda o'zining qutlug' yoshini qarshi olayotgan qadrdon do'stimizga o'zi aytganiday, otasining yoshidan oshib, Go'ro'g'lining yoshiga yetib yurishini, yuzlardan oshganda ham maoniy ahliga izdosh bo'lib, hali yana uzoq yillar bizni hayratga solib yurishini tilab qolamiz.
Jabbor EShONQULOV,
filologiya fanlari doktori,
professor.
