Zukko va mohir tarjimon
O'zbek adabiyoti va uning rivojlanish tarixiga nazar tashlar ekanmiz, uning o'zicha, ayro rivojlanmaganligiga guvoh bo'lamiz.
Adabiyot xalqlarni o'zaro yaqinlashtiradi, ularning urf-odatlari, milliy madaniyati, tarixi, e'tiqodi, diniy qarashlari va o'zligi haqida ongimizda tasavvur uyg'otadi, o'sha millat va xalqqa nisbatan fikr yurita olishimizga sabab bo'ladi.
Fikr o'zaro aloqalar, yaxshi qo'shnichilik, birodarlik va ayniqsa, adabiyot orqali shakllanar ekan, biz so'zsiz o'sha millat tilini bilishimiz, tushunishimiz, uni hurmat qilishimiz kerak bo'ladi. Bu ishda bizga tarjimonlar har tomonlama yordam beradi. Tarjimon malakali va o'sha sohaning yetuk mutaxassisi bo'lishi — bu davr talabidir. Shunday savol tug'ilishi tabiiy: tarjimon tarjima qilayotgan asar tarjimonga ham ta'sir etadimi? Tarjima qilinayotgan asarning salohiyati, mavqei, inson ruhiyatiga ta'siri va badiiyati kuchli bo'lsa, u tarjimon ruhiyatiga so'zsiz ta'sir etadi. Buyuk bobokalonimiz, shoh va shoir, davlat arbobi, mohir sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur o'zining dunyoga mashhur asari — “Boburnoma”da Xoja Ubaydulloh Ahror Valiyning “Risolai Volidiyya” (“Otaliq risolasi”) risolasini fors tilidan turkiy-o'zbek tiliga tarjima qilganidan so'ng darddan xalos bo'lganligini bayon etadi. Demak, risola ruhi bemorni darddan forig' etdi! Mana shu tarixiy haqiqatning o'ziyoq tarjima qilinayotgan asar nafaqat o'ziga, balki millat dardiga malham bo'lsagina foydadan xoli bo'lmasligini va umrboqiy bo'lib, shuhrat topishini ko'rsatadi.
O'zbekiston xalq shoiri Anvar Obidjon suhbatlarimizning birida shunday degan edi: “Tarjima qilinayotgan asar tarjimon ruhiyatiga mos bo'lsagina asar tarjimasi muvaffaqiyatli chiqadi. Chunki Siz o'z so'z boyligingizning barchasini tarjimaga qaratishingiz kerak bo'ladi”. Demak, tarjimon, aslida, asliyat ijodkori. Asliyat tarjimasi badiiy mukammal bo'lsagina u kitobxonni o'ziga tortadi va asarning ma'no-mazmunini to'liq ifodalaydi.
Biz o'zbek tarjimonlari haqida so'z yuritganimizda, mashhur shoir va yozuvchilarimiz bu sohada yuksak yutuqlarga erishganliklariga shohid bo'lamiz. Misol uchun A.S.Pushkinning bolalarga atalgan ajoyib ertaklarini ustoz shoir Mirtemir, Sergey Yesenin she'rlarini Erkin Vohidov, V.Shukshin hikoyalarini O'tkir Hoshimov va Xayriddin Sulton, F.M.Dostoyevskiy asarlarini Ibrohim G'afurov, Ch.Aytmatov asarlarini Asil Rashidov, Ye.Evtushenko she'rlarini O'roz Haydar, A.Voznesenskiy she'rlarini Sirojiddin Sayyid maromiga yetkazib tarjima qilishgan (ro'yxat qisqa berilganligi uchun boshqa tarjimonlardan uzr so'rayman). Shu o'rinda bolalik chog'larimda Chingiz Aytmatov haqida o'qigan bir voqea esimga tushdi. Urush davrida qishloqqa komandirdan xat keladi, xat rus tilida bo'lganligi sababli uni Chingiz og'aga berishadi. Shunda Chingiz og'a “podvig” so'zini “pogib” deb o'ylab tarjima qiladi. Jangchi jasorat ko'rsatgan, o'lmagan… Bu holat mashhur yozuvchiga bir umrlik saboq bo'ladi. Shu sababli ham Chingiz Aytmatov o'zining mashhur qissa va romanlarini qirg'iz va, asosan, rus tilida yozadi.
Fransuz yozuvchisi Lui Aragon “Jamila” jahondagi eng go'zal qissa” deya ta'rif bergan. Inson baxt-saodati, pok sevgi, ona diyorga mehr-muhabbati, sadoqati, ayollik latofati hamda jasoratini madh etuvchi ushbu umrboqiy asar o'zbek tilida o'n martadan ko'p nashr etilgan. Bu esa kitob tarjimoni Asil Rashidovning asar tarjimasiga mohirlik bilan yondashganidan dalolat beradi.
Asil Rashidov o'zbek kitobxonlariga Chingiz Aytmatovning o'ndan ortiq — “Yuzma-yuz”, “Jamila”, “Sarvqomat dilbarim”, “Birinchi muallim”, “Somon yo'li”, “Bo'tako'z”, “Alvido, Gulsari”, “Oq kema”, “Erta qaytgan turnalar”, “Sohil bo'ylab chopayotgan olapar” va boshqa mashhur qissalarini tortiq eta olgan, ta'bir joiz bo'lsa, ham oddiy, ham mashhur tarjimondir. Shu sababli ham adabiyotimizda Asil Rashidov nomi Chingiz Aytmatov nomi bilan yonma-yon yuradi. Asil Rashidov har bir tarjimaga o'zgacha mehr bilan yondashadi. Bunga men o'zim guvoh bo'lgan va hozirgi yosh tarjimonlar uchun ham saboq bo'ladigan xotiramdagi bir voqeani aytib bermoqchiman.
O'sha vaqtda “O'qituvchi” nashriyotida ishlar edim. Chingiz Aytmatovning “Jamila” kitobi qayta nashr etilishi kerak bo'lib, bosh muharririmiz Abdulla Hasanov tarjimonni ham taklif etgan edilar.
O'sha vaqtdagi tartib-qoidaga asosan, kitob qayta nashrida tarjimondan ruxsat olinardi (bu qoida hozir ham saqlangan). Kunlarning birida xona eshigi taqillab qoldi. Eshikni ochsam, uzun bo'yli, ko'rinishi jiddiy, chust do'ppi kiygan, salobatli bir kishi turardi. Abdulla aka Hasanov o'rinlaridan darhol turdilar-da:
— Ey, keling, keling, Asil aka, yaxshimisiz? — deb so'rasha boshladilar.
— Chaqirtirgan ekansiz. Shu yerda ekanligingizni bilib kelaverdim.
Asil akani birinchi marta ko'rishim edi. O'sha mashhur Sharof Rashidovning ukasi Asil aka! Oddiy, kamtarin inson. Men bilan ham xuddi qadrdonlardek so'rashdilar. Suhbat nashr etilayotgan “Jamila” kitobiga kelib taqaldi. Asil aka cho'ntaklaridan kichkina yondaftarlarini oldilar-da, Abdulla akaga yuzlanib:
— Abdullajon, kitob qayta nashr bo'layotganini eshitib, asarni yana sinchiklab o'qib chiqdim va ayrim tuzatishlar kiritishga qaror qildim, — dedilar.
Hayron qoldim. Chunki asar nashriyotda uchinchi marotaba qayta nashr etilayotgan edi.
Asil aka yondaftarlarini ochib, avval nashr etilgan kitobning ayrim betlaridagi so'zlarga o'zgartirishlar kiritganliklarini ta'kidladilar va o'zgarishlarni o'qib bera boshladilar. Suhbat jarayonida nima sababdan o'zgartirish kiritganlarini izohlab berardilar. Asil aka o'zbek tili qonun-qoidalarini juda yaxshi bilishlaridan tashqari, jumla ta'sir kuchiga, asosiysi, tarjima yanada mukammal, ravon bo'lishiga diqqat-e'tibor qaratgandilar.
Men zukko va o'z sohasining mohir bilimdoni bo'lgan insonning suhbatidan bahramand bo'layotganimdan yuragimda cheksiz faxr tuyg'usi o'ta boshladi. Chunki Asil aka tarjimonlar uchun zarur va foydali bo'lgan mahorat darsini o'tayotgan edilar-da. Abdulla aka Asil akaning har bir o'zgartirishlarini yozib olar ekan, tarjimondan mamnun holda boshini silkitib qo'yardi.
Keyinchalik Abdulla akaning ta'kidlashicha, u biron marta bo'lsa ham Sharof Rashidov nomidan foydalanmagan. Bu haqda suhbatlarimizning birida Asil akaning o'zi ham shunday degandi: “O'sha vaqtda yosh edim. Huquq himoyachilaridan biri hujjatlarimni olib, boshimni rosa qotirdi-da: “Familiyangiz Rashidov, birinchiga qanday aloqangiz bor?” deb so'rab qoldi. Yonimdagi do'stim biqinimga turtib: “Aytsang-chi!” derdi. Men bo'lsam: “Familiyadoshim”, dedim. Qutulganimizdan so'ng do'stim menga: “Ukasiman, deb aytsang, jarimaga ham tushmasding”, deya ta'na qildi. Men esa: “Akamning nomidan foydalanmayman”, dedim. Men akam bilan boshimizga og'ir sinovli kunlar tushganida ham, qalbaki do'stlar tashlab ketganida ham g'ururlanganman. Akam menga doimo to'g'ri yo'l ko'rsatgan va u ko'rsatgan yo'l tufayli shu darajaga erishdim”.
Asil Rashidov Chingiz Aytmatov singari asardan asarga o'sdi. To'g'risini tan olganda, u yurtimizda Aytmatov tarjimonligi ijodiy maktabining yaratuvchilaridan biri bo'ldi.
Asil aka bilan ijodiy uchrashuvlarim “O‘zbekiston” nashriyotida ishlab yurgan chog'imda ham davom etdi. Biz Chingiz Aytmatovning “Yuzma-yuz” kitobini nashrga tayyorladik. Bu muallif tomonidan qayta tahrir etilgan va yangi bob qo'shilgan nashr edi. Shu sababli ham Asil aka erinmasdan har ikkala korrekturani o'qib chiqdi va yana juz'iy tuzatishlar kiritgandan so'nggina kitob nashriga ruxsat berdi. Asil aka kitob muqovasi dizayniga ham alohida ahamiyat berar, “U asar tub ma'nosini anglatishi kerak”, der edi.
Asil aka ayrim mualliflarga xos bo'lgan “kekkayish” kasalidan mutlaqo yiroq edi. U o'z ta'biri bilan aytganda, ishga to'ralarcha yondashishdan juda uzoq, kamsuqum va kamtar, asosiysi, belgilangan ishni o'z vaqtida bajarishni xush ko'rardi.
Men yuqorida asar tarjimonga va millat dardiga malham bo'lsagina shuhrat topadi va umrboqiy bo'lib qoladi, degandim. Asil Rashidov ustoz tarjimon sifatida inson ruhiyati, dardi, o'ziga xosligi, zamonaviy muammolar, tabiat resurslaridan oqilona foydalanish zarurligi, sadoqat, do'stlik, pok sevgini ulug'lagan Chingiz Aytmatov asarlarini o'zbekcha gapirtira oldi va, shubhasiz, o'zbek adabiyotining zarvaraqlaridan mustahkam o'rin egalladi hamda ikki xalq o'rtasidagi do'stlik ko'prigini yanada mustahkamladi.
So'zimni muxtasar qilib aytadigan bo'lsam, Asil Rashidov o'z ismiga mos asl inson, g'oyat kamtar, ishga vijdonan yondashadigan, tarjima sohasida o'ziga haykal qo'ya olgan buyuk tarjimonlardan biri bo'lib, xotiramizda mangu yashayveradi.
Bahrom AKBAROV,
O'zbekiston Yozuvchilar
uyushmasi a'zosi.
