Mening qadrdon Axbor akam…
Axbor aka o'z davrining eng mashhur odamlaridan biri edi. Toshkent-ku tushunarli – hamma ko'rishga, salomlashishga, xalq tilida aytganda, “qo'llarini olishga” ishtiyoqmand. Bu eng avvalo “Paxtakor” bilan bog'liq jarayon edi, tabiiyki. Muxlislar sharhlovchi o'z kabinkalariga kirib sharhlashni boshlash uchun qaysi tomondan kelishlarini ham bilishardi. Shuning uchun qator turishar, qo'l berib so'rashishga orzumandlar son-sanoqsiz bo'lardi. O'zlari buni yaxshi tushunar, lekin iloji boricha qisqa-qisqa salom-alik qilib, o'tib ketardilar.
O'sha vaqtlari “Paxtakor” dahshatli darajada mashhur, sevimli komanda edi. Hatto Qirg'iziston, qo'shni Qozog'iston, Tojikistonda ham jamoaning o'z maydonidagi o'yinlarga har gal ko'plab muxlislar stadionning o'zida ko'rish uchun 2-3 kun oldin tayyorgarlik ko'rar, keyin ularni yaqinlari xuddi frontga jo'natganday, xayr-xo'shlashib kuzatishardi. Jamoa g'alaba qozonsa, qishloqlarimizda karnay-surnay bilan kutib olishar, choyxonalarda oshlar tayyor bo'lardi. Aksincha bo'lsa, bu yog'i ham aksincha bo'lar, odamlar Toshkentga borib futbol ko'rib qaytayotgan “bechora”larni darg'azab kutib olishar, o'zlarining alamlarini ulardan chiqarib olishardi. Ayrimlar hatto bildirmay yarim kechada sekin uylariga kirib olib, 1-2 kun ko'rinmay yurishardi. Qishloq ahli ikkiga bo'linardi. Futbolga qiziqadiganlar va aksincha. Ana shu aksinchalarni odam o'rnida ko'rishmasdi.
Ha, teleminiatyuralar teatrida Ergash Karimov o'ynagan “Toshoyna” asli haqiqat edi. “Paxtakor” yutsa – bayram, aksincha bo'lsa, uyida janjal-to'polon qiladigan ashaddiy muxlislar kam emas edi…
Men ham ashaddiylarning biri edim. Uchinchi sinfdaligimda yuqori sinf bilan o'yinda oyog'imni sindirib olgan edim. Qo'shni Mamay qishlog'idagi tabibga kajavali mototsiklda olib borishgani hali ham esimda. Shundan keyin “katta futbol” bilan xayrlashganman. Lekin jurnalist sifatida hamisha maza qilib yozadigan eng sevimli mavzuim futbol…
Maktabni bitirib, Toshkentga o'qishga kelganimda, eng avvalo “Paxtakor” stadioniga borganman. O'yin yo'q kun edi, amallab kirib olib, bo'm-bo'sh sektorlarni aylanib chiqqanman. Yam-yashil maydonga tushib, maysalarni qo'lim bilan silab-silab ko'rganman. Chiqayotib, markaziy sektor yonidagi sharhlovchilar xonasini topib, oynasidan qaraganman ham. Quruq xona – ikkita mikrofon bor edi, xolos. “Demak, shu xonada Axbor aka o'tirarkan-da” deganman topqirlik bilan. Yonida yana bitta xuddi shunday xona bor edi. “Bunisi Roman Turpishchevning xonasi ekan-da” deb o'ylagandim. Keyin muntazam o'yinlarga qatnay boshlagach, o'shanda to'g'ri topganimni bilib, o'zimdan xursand ham bo'lib ketgandim.
Va niyat qilgandim – doim shu joyda, ya'ni markaziy sektorda, sharhlovchilar kabinasining pastida o'tiraman. Ne baxtki, niyatimga yetdim. Doim shu yerda o'tirdim. Doim Axbor akani ko'rardim, shu yo'sin Axbor aka bilan tanishganmiz. Yaqin bo'lib ketgandik. O'sha mashhur sharh olib boradigan kichkinagina xonalariga ham ko'p kirganman. Choynak-piyola, termos, 1-2 ta kitob, gazeta-jurnallar, mikrofon bo'lardi, xolos. Qishlog'imizdan “Paxtakor”ning o'yinlariga hamqishloqlarim kelar, oldindan o'sha vaqtdagi mashhur O'rinboy akaning choyxonasiga osh “zakaz” berib qo'yishardi. Bir-ikki bor Axbor akani ham olib borganman. Hamqishloqlarim xursand bo'lishardi. Mashhur sharhlovchi bilan bir dasturxonda o'tirish hammaga ham nasib qilavermaydi-da!
Keyinchalik yoshlar gazetasida ishlagan vaqtimda Axbor aka haqida maqola yozdim. Maqola zo'r bo'lmagandir-u, lekin qahramon zo'r edi. Shu-shu yanada qadrdonlashib ketdik. O'g'illari Abrorni gazetaga ishga oldik. U har hafta bir sahifa futbol haqida material tayyorlardi. Odamlar shu sahifani poylab qolgan bo'lishardi. Chunki gazeta ham mashhur edi. Qo'lma-qo'l o'qilardi. Tirajimiz ham 800 mingdan oshiq, bu o'sha vaqtda yaxshi ko'rsatkich edi. Hozirgi tirajlarga solishtirganda esa fantastikaga o'xshaydi.
Oxiri Axbor aka mening qishloq haqidagi sarguzashtlarim, muxlislarning takliflarini aytaverganimdanmi: “Bo'ldi, o'sha mashhur qishlog'ingizga bormagan nomard!” deb qoldilar. Borishimizga o'zimiznikidan tashqari qo'shni Qizil yozi, Oqtom, Podak qishlog'i futbolchilari ishtirokida turnir tashkil qiladigan bo'lishdi. Axbor aka katta sudya – hakam ham edilar-ku, formalarini, hushtak, sariq, qizil kartochkalarini ham olgandilar. Bir nechta o'yinga hakamlik qildilar, kartochkalar ham ish berdi…
Shunda qiziq bir voqea ham bo'ldi. Qishloq stadionlaridagi eng katta muammo koptokning biror qo'shnining hovlisiga tushib qolishi mashmashalari hamma joyda bor. Abdulla aka degan amakining uyiga to'p tushaverib, o'yinchilar devordan sakrayverib, devor buzilar, ekin-tikin payhon bo'lardi. Oxiri tushgan to'pni yorib tashlaydigan bo'lgandi Abdulla aka. O'sha o'yinda ham shunday bo'ldi. To'pni yoraman deb turib oldi. Oxiri Axbor akani ishga soldik. Oldiga olib bordim.
— Bitta shart bor. Axbor aka shunga rozi bo'lsalar, mayli, to'pni yormayman. Faqat kechqurun o'zim qo'lbola bir osh damlayman, kelsalar bo'ldi, — dedi to'pkesar. Men Axbor akaga qaradim.
— Bo'ldi, kelamiz, — dedilar. Qo'l olishdi. To'p qaytarildi. O'yin davom etdi.
Kechqurun kelib, Abdulla akaning oshini yedik. Lekin uyining yana bir xonasida 20 dan ortiq ashaddiy muxlislar ham o'tirgan ekan. Oshdan keyin yarim kechagacha juda shirin suhbat bo'ldi. Afsus, u vaqtlarda diktofon degan narsalar yo'q edi, yozib ololmaganmiz. Axbor akam bir ochildilar, asti qo'yaverasiz. Keyin Toshkentga qaytgach, so'radim:
— Shuncha yillik qadrdonlarmiz, lekin o'sha kungi gaplar, voqealarni hech eshitmagandik. Bularni kitob qilish kerak, qo'lma-qo'l o'qiladi.
— Ha, dilim ochilib ketdi. Odamlar samimiy, jon quloqlari bilan tinglashdi. Mana haqiqiy muxlislar, haqiqiy insonlar.
Hozir o'sha kunlarni eslasam, ko'zimga yosh keladi…
Shu borganlarida ukam to'y qilgan paytga to'g'ri kelgan. Aniqrog'i, to'yga mehmon sifatida olib borganman. Bizdagi futbol o'yinlarining o'z sharhlovchilari, ya'ni “Axbor Imomxo'jayevi” bor. Kamoliddin Dehqonov degan akamiz futbol o'yinlarini jonli tarzda qo'lida mikrofon bilan chopib, to'p qaysi tomonga o'tsa, o'sha tomonga yugurib sharhlardi. Akamizning sharhiga o'shanda Axbor aka ham tan bergan.
Abbosov A'zamxo'ja akamizni 60-yillarning oxirlarida “Paxtakor”ga taklif ham qilishgandi. O'sha atrofdagi eng mashhur futbolchi edilar-da. O'yinlariga qarab Metrveli deyishardi (hozirgilar bilmas, lekin eski muxlislar uni yaxshi bilishadi, o'ta mashhur futbolchi bo'lgan. Tbilisining “Dinamo”sida o'ynar, sobiq Ittifoq termasidagi eng mahoratli hujumchi edi…). Lekin akamiz oilaviy sharoit tufayli qishloqda qolib ketgandilar. Axbor aka o'shanda eslab qolgan ekanlar, oradan necha yillar o'tib, qishloqda ko'rib, taniganlar. Shundan keyin ancha yillar bordi-keldi qilib yurishdi. Esimda, akamiz Toshkentga Oloy bozoriga olma sotgani bir mashina olma bilan kelganlarida, 2 yashik olma, nok olib, Axbor akaning uyiga yo'qlab borganmiz (Oloy bozoridagi olma, nok sotuvchilar, asosan, Qirg'iziston tomondan kelishardi. Yaqinda atay o'tdim. Bozor huvullab qolganday. Lekin zamonaviy ta'mirlanibdi – A.A.) O'shanda meni hayron qoldirgan holat – Axbor aka Toshkentning Kamolon mahallasida eski loysuvoq uyda bir uy farzandlari bilan oddiygina yashasharkan. Hech tasavvur qilolmagandim. Shunday mashhur odam ham shunaqa oddiy yashaydimi?! Keyinroq o'zlariga aytsam, rosa miriqib kuldilar…
Ha, chindan ham ota-boladay bo'lib ketgandik. Shu yo'sin qishloqqa olib kelganman-da. Qishlog'imiz ahli futbol uchun jon berishga tayyor ashaddiy ishqibozlar. Davra-davra bo'lib suhbatlar qilganmiz. Shunda qiziq bir voqea bo'lgan. Odamlar uyida nima kitob bo'lsa ko'tarib kelib: “Shunga qo'l qo'yib bering”, deyishardi. Axbor aka to'g'ri odam emasmi: “Axir bu mening kitobim emas-ku!” deb hayron bo'lgan. Odamlar: “Mayli, yozib beravering”, deganlaridan keyin ming xijolat bilan yaxshi-yaxshi tilaklar bildirib, dastxat yozib berganlar.
Keyingi suhbatlarimizning birida Axbor akaga anchadan beri o'ylab yurgan niyatimni aytdim.
— Axbor aka, o'zbek futbolini sizchalik biladigan odam yo'q. Shularni kitob qilish kerak. Xalq o'qisin, xalq bilsin. Mana men noshirman. Chop etamiz, — dedim.
Axbor aka baribir sodda, to'g'ri odam edilar. “Kitobni yozuvchilar yozadi-ku”, deb ro'yxushlik bermaganlar. “Siz o'zbek futbolining tirik tarixisiz, hech kim sizchalik bu sohani bilmaydi. Siz yozmasangiz, kim yozadi?” deyaverib, oxiri ko'ndirganman.
Shu yo'sin u kishining “Maftuningman, futbol”, “Paxtakor – quvonchim, dardim”, “O'zbegimning Mirjaloli” kitoblari chop etildi.
Bu kitoblar qo'lma-qo'l bo'lib ketgandi. O'zim har biridan 20 talab olib qo'ygandim. Ixchamgina kutubxonam bor. Kim kelsa, kitoblarni maza qilib ko'rishar, lekin Axbor akaning kitoblari shu zayl kamayib borardi…
Men futbolsevar, kitobsevar yurtdoshlarimdan xafa bo'lmasdim. Lekin shu kitoblardan o'zimda hatto bir dona ham qolmagan. Balki Ahror akamizning o'g'illari – Abrorda bordir. Uyiga borganda men ham “o'g'irlab” kelarman… Axir, kitobning o'g'risi bo'lmaydi deyishadi-ku.
* * *
Butun umrini futbolga bag'ishlagan bu insonning orzulari to'la-to'kis ushaldi. Farzandlar, nabiralar ham hayotlari, kelajaklarini futbol bilan bog'lashgan. Katta o'g'il Abrorning ham hayoti futbolda kechdi. Shu sohani yoritadigan yaxshi jurnalist bo'ldi. Zafar Olimpiya qo'mitasida mas'ul lavozimda ishlayapti. Nevaralari Diyor o'zbek futbolining eng mas'uliyatli lavozimida ishlaydi – O'zbekiston futbol federatsiyasining boshlig'i.
Oh, qani edi, shu kunlarni qadrdonimiz – Axbor aka ko'rganlarida edi…
Ahror AHMEDOV,
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan
jurnalist.
