Tibbiy xizmat yaxshilanmoqda

image description

Mamlakatimizda aholi salomatligini muhofaza qilish, joylarda ko'rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yanada yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar ko'lami tobora kengayib bormoqda. Buni Quva tumani misolida yaqqol ko'rish mumkin.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 19 maydagi “Respublikada sog'liqni saqlash tizimini va aholiga tibbiy xizmat ko'rsatish tamoyillarini takomillashtirish orqali sohani isloh qilishni izchil davom ettirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmoni hamda “Sog'liqni saqlash tizimidagi islohotlarni amalga oshirishning qo'shimcha chora-tadbirlari to'g'risida”gi Qaroriga muvofiq, Quva tumani birlashmasi negizida tuman Sog'liqni saqlash bo'limi tashkil etilib, mavjud oilaviy poliklinika va oilaviy shifokorlik bo'limlari 21 ta oilaviy poliklinikaga aylantirildi. Ana shu poliklinikalarning har biri yangidan raqamlanib, yuridik maqom berildi. Bundan tashqari, markaziy ko'p tarmoqli poliklinika markaziy shifoxonaning maslahat-diagnostika bo'limi deb yuritiladigan bo'ldi. Ayni kunlarda yuqorida tashkil etilgan davolash-profilaktika muassasalari 280 mingdan ziyod tuman aholisiga sifatli tibbiy xizmat ko'rsatib kelmoqda.

13 mlrd so'mdan ziyod mahalliy byudjet mablag'lari hisobidan “Tibbiyotda 90 kunlik o'zgarishlar” loyihasi asosida 17 ta oilaviy poliklinikada keng ko'lamli qurilish-ta'mirlash ishlari olib borilmoqda. 5 ta oilaviy poliklinikada “Tashabbusli byudjet” dasturi doirasida (7,5 mlrd), 2 ta poliklinikada esa homiylik asosida (7,5 mlrd) yangi bino qurish ishlari boshlab yuborilgan.

Shuningdek, markaziy shifoxonaning ShTYo bo'limida, Pastki Xo'ja Hasan MFYda joylashgan YuKSh bo'limida, Taxtako'prik MFY hududidagi bo'sh yer maydonlarida investitsiya dasturi doirasida 90 o'rinli terapiya, 60 o'rinli pediatriya, dorixona, qon quyish bo'limi hamda laboratoriya bo'limlari qurilmoqda. “Bunyodkor qurilish” MChJ tomonidan bunyod etilayotgan ushbu ob'yektlarda qurilish ishlari jadal suratlarda olib borilmoqda.

Tuman Sog'liqni saqlash bo'limiga qarashli barcha davolash-profilaktika muassasalariga jami 34 turdagi 6,9 mlrd so'mlik tibbiy jihozlar o'rnatildi. 11 dona sun'iy o'pka, yurak apparati, 9 dona kardiomonitor, 3 dona narkoz apparati, 3 dona raqamli rentgen, gastrofibroendoskop apparatlari, bronxoskop shular jumlasidandir. Hech mubolag'asiz aytish joizki, bu kabi tibbiy jihozlar bemorlarga o'z vaqtida yuqori texnologik yordam ko'rsatish va ko'plab viloyat darajasidagi davolash amaliyotlarini endilikda tumanning o'zida amalga oshirish imkoniyatini beradi.

Tuman Sog'liqni saqlash bo'limiga qarashli barcha davolash-profilaktika muassasalarida qurilish-ta'mirlash, jihozlash va raqamlashtirish ishlari uchun jami 67,6 mlrd so'm mablag' sarflanmoqda. Gap qancha mablag' sarflanganida emas, albatta. Sog'liq barcha sarf-xarajatdan ustun turadi. Biz shifokorlar buni ko'rib, bilib, chuqur his etib turibmiz. Biz uchun aholi salomatligini muhofaza qilishdan ortiq baxt-saodat yo'q va bo'lishi mumkin ham emas!

Ravshanbek ISAQOV,

Quva tumani sog'liqni saqlash

bo'limi boshlig'i.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × 2 =