Toshkent metropoliteni — mamlakatimiz faxri
Mamlakatimiz fuqarolari va xorijlik sayyohlarning xavfsizligi, o'z manzillariga tinch va osoyishta yetib olishlarida Toshkent metropolitenida faoliyat olib borayotgan ichki ishlar organlari xodimlarining xizmatlari beqiyosdir.
Toshkent metropoliteni yo'lovchilarga xizmat ko'rsatish sifati va samaradorligini oshirish yo'lida kundan-kun rivojlanib, takomillashib bormoqda. Dunyoda yo'lovchi tashishning eng qulay, unumdor va samarali vositalaridan bo'lgan yer osti metropoliten bekatlari bugun bor bo'y-basti bilan o'ziga xos, go'zal va mahobatli “Yer osti qasri” maqomini oqlamoqda.
Yer usti halqa yo'li bekatlari esa son jihatdan tobora kengayib, uzayib bormoqda. Bekatlarda jahon va mamlakatimiz mohir ustalarining ko'z nuri, qalb qo'ri bilan sayqal berilgan, tariximiz va bugungi farovon turmushimizdan dalolat beruvchi san'at asarlari sayyohlarni rom etmoqda, dunyo hamjamiyatida munosib o'rniga ega bo'lmoqda.
Hozirgi kunda poytaxtimizda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari qatorida metropolitenlar tizimining yildan-yilga kengayib, yangidan-yangi bekatlarning ishga tushirilishi poytaxt aholisi va shahrimizga kelib ketuvchi mehmonlar qalbida yuksak faxr, g'urur va sevinch bag'ishlamoqda. Toshkent metropoliteni istiqboli haqida so'z yuritishdan oldin uning tarixiga qisqacha nazar tashlamoq joiz.
Toshkent metropolitenining ishga tushirilganiga 48 yil bo'ldi. Manbalardan ma'lum bo'lishicha, o'tgan asrning oltmishinchi yillari o'rtalaridan boshlab, o'sha davrda respublika rahbari bo'lgan Sharof Rashidov Toshkent shahrida metropoliten qurish kerakligi g'oyasini ilgari surgan. Ushbu taklif bilan moskvalik amaldorlarga o'n sakkiz marta murojaat qilgan. Ammo bu fikrlar inobatga olinmagan. O'sha yillari Toshkentda mehmon bo'lib turgan Hindistonning bosh vaziri La'l Bahodir Shastri O'zbekiston rahbarining bu taklifi g'oyat asosli ekanligi, poytaxt aholisi million nafardan oshganligini kerakli o'rinlarda yotig'i bilan tushuntirgan va metro qurilishiga ruxsat olingan.
Poytaxtimiz faxri bo'lgan ushbu ob'yektning qurilishida o'sha yillarda yashab faoliyat yuritgan taniqli olimlar, rassomlar va me'morlar, usta va hunarmandlarning hissasi beqiyos bo'lganligini hamma ham bilavermaydi. Metropoliten birinchi bo'lib ishga tushirilgan “Chilonzor” yo'nalishi bekatlarida aks etgan va san'at asarlari darajasida maromiga yetkazilgan rassomchilik namunalarida xalqimizning azaliy qadriyatlari, o'sha davrda fan va texnika sohasida erishilgan yutuqlar, xalqlar do'stligi, taniqli alloma va adiblarimizning sevimli qahramonlari tasvirlari tushirilgan. Toshkent metropolitenining mustahkamligini ta'minlashda taniqli akademik T.Rashidovning xalqimizning sinch usulida bino qurish an'analari va temir-beton qoplama konstruksiyalar uyg'unligi usullaridan foydalanilgan. Keyinchalik Yevropa va boshqa mintaqa mamlakatlari metropoliten quruvchilari bu tajribani o'zlarida keng qo'llaganlar.
Albatta, metropoliten qurilishi o'ta katta sarf-xarajat talab qiluvchi murakkab va mashaqqatli jarayon. Shunday bo'lsa-da, mamlakatimizda bu sohadagi ishlar yuksak mahorat bilan shiddatli ravishda kechmoqda. Yangi O'zbekistonning taraqqiy etishida bu muhim ahamiyat kasb etadi va kelgusi avlodlarning oldiga qo'ygan ezgu maqsadlarini amalga oshirishiga xizmat qiladi. Bu esa metropolitenda xavfsizlikni ta'minlash sohasida xizmat olib borayotgan ichki ishlar organlari xodimlari zimmasiga yuksak mas'uliyat yuklaydi. Toshkent metropolitenida xavfsizlikni ta'minlash, yo'lovchilarning o'z manzillariga sog'-salomat yetib olishlarida hissador bo'lish biz ichki ishlar organlari xodimlariga yuksak faxr va g'urur bag'ishlaydi. O'z xizmatimizni ado etishda hamisha ziyrak, hushyor, vatanparvar, intellektual salohiyatli bo'lishimiz davr talabidir.
Abror G'ULOMJONOV,
Toshkent metropoliteni xavfsizlikni ta'minlash boshqarmasi xodimi.
