Ma'rifatparvarlik ham savobli ish
“Hurriyat” gazetasining 28 iyun sonida “Bobom – mening hayot maktabim” maqolasida jurnalist Abror G'ulomov shaxsiy arxivida “Qirg'iziston haqiqati” gazetasining 1957-1958 yillardagi taxlamlari saqlanayotgani haqida gapira turib, Bishkekda chiqqan ushbu nashrning ilk soniga bobosi No''monjon G'ulomov muharrirlik qilgani to'g'risida xabar beradi.
“Qirg'iziston haqiqati” poytaxtdan keyin O'shga o'tkazilib, viloyat gazetasi maqomida chop etilgan. Abror bu taxlamlarni qo'shni respublikaga hadya etishni o'ylab yurgan kezlari “Hurriyat”da ishlaydigan do'sti Dilmurod Qirg'izboyev va qalamkashlarning ustozi Muxtor Xudoyqulovga maslahat soladi va ularning ko'rsatgan yo'l-yo'rig'i bilan ularni Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasiga topshirishga ko'nadi…
Gazetalar taxlamlari Milliy kutubxonaning sobiq direktori Zuhriddin Isomiddinov va kutubxona jamoasi ishtirokida topshirildi. Bu haqda ilk xabarni mazkur ma'rifat maskani rahbari Umida Teshabayeva ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yozib chiqdi: “Qirg'izistonda o'zbek tilida nashr qilingan gazetaning O'zbekiston Milliy kutubxonasi fondida bo'lishi muhim. Dunyoning qaysi burchagida bo'lishidan qat'i nazar, o'zbek tilida va O'zbekiston haqida chop etilgan manbalarning bo'lishi, “O'zbekiston davlat bibliografiyasi” yuritilishining to'liqligini ta'minlaydi. Demak, bugungi taqdim etilgan gazetalar o'sha yillari tayyorlangan ko'rsatkichning to'ldirilishiga xizmat qiladi. Qolaversa, tarixiy, milliy, madaniy, ma'rifiy jihatlarini ko'zda tutgan holda, ilmiy izlanuvchilar uchun, ilmiy tadqiqotlar uchun muhim manba bo'lib hisoblanadi”.
Mazkur xabarga ko'plab kitobxonlar munosabat bildirishdi. Ular “bu ulug' savob ish” ekanligidan darak berib, uylarida shu kabi noyob gazeta va jurnallar, kitoblarni saqlayotganlar uchun o'rnak ekanini, arxiv materiallari ham tarixning kichik bo'lagi ekanligini ta'kidlashdi.
Muxtor Xudoyqulov 1958 yilda ToshDU (hozirgi O'zMU) jurnalistika fakultetida IV kursni bitirgach, respublikaning turli gazetalariga amaliyotga yo'llanma olganini hikoya qiladi: “Kursdoshlarimizdan Hayitboy Hakimov va Boltaboy Yusupov o'sha paytda Qirg'izistonda yangi ish boshlagan o'zbek tilidagi “Qirg'iziston haqiqati” gazetasiga borishadi. Sentyabrda biz o'qishga qaytdik, ammo ular kelishmadi – gazeta redaksiyasida ishda qolishdi (keyin universitetni sirtdan o'qib bitirishadi). Bunga o'sha yangi gazeta tahririyatida jurnalistlar uchun yaxshi sharoitlar yaratilganligi, gazeta muharriri No''monjon G'ulomovning yosh jurnalistlarga otalarcha mehribonligi sabab bo'lgan edi. Men No''monjon akani tanirdim, atoqli jurnalist edi. Otaxon jurnalistning nabirasi – bizning fakultetimiz bitiruvchisi Abrorjon hozir bu oilaviy an'anani sharaf bilan davom ettiryapti, elga tanilgan yaxshi jurnalist”.
Shuningdek, kutubxonada o'tgan tadbirga o'z qarashlarini bildirganlar orasida ustoz jurnalistlardan biri – Rahimjon Sultonov ham bor. “O'rnak oladigan, ibratli ish bo'libdi, qani endi, qolganlar ham shunday ishlar qilishsa?” – deb yozgan u.
Rahimjon Sultonov 1992 yili “Frunzeves” – hozirgi “Vatanparvar” gazetasi tahririyatida saqlanayotgan, Moskvada chop etilib, O'zbekistonda tarqatilgan “Krasnaya zvezda” gazetasi to'plamlari katta yuk mashinalarga ortilib, makulaturaga topshirilgani to'g'risida bahs etadi: “Xuddi shu paytda Amerikaning Kolumbiya universiteti kutubxonasi bu kabi harbiy gazetalar taxlamlarini istalgan pulga sotib olaman, deb qidirib yurgan paytlar edi…”
Muhammad KENJA.
