O, bayotim – go'zal dil bandim

G'ulom EGAMShUKUR

Muallif haqida:

G'ulom EGAMShUKUR (ABDIYEV) — 1959 yili Surxondaryo viloyatining Denov tumanida tug'ilgan. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zbekiston Milliy universiteti)ning jurnalistika fakultetini tamomlagan.

Ish faoliyatini 1981 yilda O'zbekiston davlat teleradiokompaniyasida boshlagan.

Ayni paytda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Qashqadaryo viloyati bo'limi rahbari bo'lib ishlaydi.

Shoirning “Quyoshning hidi”, “Ruh anatomiyasi”, “Qog'ozlar hayqirig'i”, “Sabr soyasi”, “Ko'ngil Vatani” (turk tilida), “Sengacha…” deb nomlangan kitoblari chop etilgan.

 

OTAM UMRI

 

Otamning umriga tenglashmoq uchun

Yana o'ttiz besh yil yashashim kerak!

Vahima – xayollar, qurshaydi – ochun…

Chidab berasanmi yuz yil, o, yurak?!

 

Horg'in nigohlarda miltiraydi yosh,

Alloh qudratidan xabar – har kalom.

Munkaygan gavdada so'ngaklar – bardosh…

Chiday olasanmi yuz yil, o, G'ulom?!

 

Duogo'y otamdan hikmat izlayman,

Go'yo avliyodan nasihat – darak.

Xudodan so'rayman, iltijo qilib,

Chiday olasanmi yuz yil, o, yurak?!

 

Uning marhamati – mustajob duo,

Farishtam libosi – oq bulut, yaktak!

Undan mehr yog'ar ko'nglimga davo…

Chiday olsang edi yuz yil, o, yurak?!

 

Dunyo lazzatidan goh bo'lib sarxush,

O'zini unutib qo'yganda yurak…

Xayolimda bir xavf aylansa behush –

“Otamdan bir xabar olishim kerak!..’’

 

*   *   *

Tilimda qudratin yo'qotmoqda so'z,

Bag'rimda siqilib ingraydi nolam…

Etmish ming pardadan ko'rsatmas U yuz,

Shu qadar gunohim ko'pmikan, bolam?

 

So'qirman, ko'zimni tortib oldi U,

Bu g'avg'o sarosi menga qop-qora!

Madorim qolmadi, ko'nglimda yohu

Ko'z ochdi, alamli, suvaydo – yara…

 

Arzanda ruhimga quloq tutaman,

Bezovta shivirdan titrar vujudim.

Men Sendan qo'rqaman, yurak yutaman,

Oh, sohib, sarir poyingda sujudim…

 

Allohga yo'l ochar ichimda ovoz –

Azondek yer-ko'kni – xilqatni tutar!

Ruhim har subhgoh qiladi parvoz,

Ko'nglimning ko'zlari ochiq – tongotar!..

 

 

USMON NOSIR

 

Usmon Nosir, dardli-alamli,

Usmon Nosir, keldi-yu ketdi!

U haqdagi ertaklar g'amli…

Haq shoirni qashqirlar yutdi!

 

Bir asrdan oshibdi, hayhot!

Ko'zlarim ko'r, xuddi hozirdek…

Meni asir etgan muhabbat

Yig'layverar Usmon Nosirdek!

 

O, bayotim – go'zal dil bandim

Sochiladi go'yo oq she'rdek.

Onajonim – Hurriyat, orim

Na'ra tortar g'ururim sherdek!

 

O'tib borar yillar, asrlar,

Moziy bo'lib qolar bu damlar.

Topolmasdan shoirlar qabrin

Kitoblardan izlar odamlar!..

 

Usmon Nosir!..

 

*   *   *

Bomdod uzra, o, sujudda,

Fig'onim yig'ladi, kuydim.

Titrog'im – nola vujudda,

Dedim, yolg'iz Seni suydim!

 

O'zingsan mukammal mahbub,

Ko'nglimning xojasi marg'ub.

Sening hajringda men bemor,

Nigohim – xuntalosh mag'rib!..

 

Oftobing botdi ko'zimga,

Ichimda tong otdi digar.

Azon aytdim bir o'zimga…

Ishq selobi – oh, sitamgar.

 

Tanamda zilzila zohir,

Hasbi holim tingla San!

Hajr to'fonida oxir

Keldi Surur, vajhi hasan!..

 

*   *   *

Seningdek menda bir dilkusho, voh,

ofatijon yo'qdir,

Miskin bu jonga taskin dildor –

Sen, rohatijon yo'qdir.

Dilfigorman, xasta yurak,

mendan ko'chgaydir dilxarosh,

O'rtanurman, kel qoshima,

menda toqatijon yo'qdir.

 

Dilkushoda dilkash,

ki dilfuruz boqar lolu hayron,

Seningdek yaratgan, bilguvchi Yor,

javdati jon yo'qdir.

 

Diydai jahonbin ato qilding,

men ergashib yurdim,

Ne qilay, mendan xabar olgich Yor,

lazzati jon yo'qdir.

 

Kelib-ketmak mashqini –

ash'orda bisyor fosh ayladim,

Nechun xomush bu dilgohim, aytgin,

millati jon yo'qdir.

 

Oshiqlar davrasida izhori

dil ayladim – bor, yo'q,

Piri dayr quy gulob – no'sh aylay,

nakhati jon yo'qdir.

 

Dil sahrosi yondi, gunohim ko'p,

Sen mag'firat ayla,

Ichgali ilgimda vahdati may,

siyrati jon yo'qdir.

 

 

AKA

Sirojiddin SAYYIDga

1.

Aka, omonmisiz dorul zamonda?..

Poytaxt – iliq sog'inch,

diydor – do'stu yor!

Yomg'ir yog'ayapti Surxon tomonda,

Osmon ila Yerni bog'laydi

tim tor…

— G'ulom, kelmaysanmi Toshkentga?

— Mirzo so'rayapti, yo'qmish

daraging…

— Farhod A'zam qo'zg'ar

xotiralarni…

Rosa kulishdik!..

— Eshitayapsanmi, G'ulom?!

Senga barcha do'stlardan

“Salom!..”

… Aka-uka bo'lib kezgan ko'chalar,

Sizdan so'rayverar yoshligimizni.

Xayoli parishon Muhabbat o'sha!..

So'raydi, “Sevardik!..

Bir-birimizni!..”

Nim asr bog'ladi do'stligimizni,

Umr o'tib borar shiddat-la,

shitob.

 

Shoirlik qismati mukofot, aka,

Kunimiz she'r bo'ldi,

umrimiz KITOB!..

Aka, omonmisiz dorul zamonda?

Poytaxt – iliq sog'inch,

diydor – do'stu yor!

Yomg'ir yog'ayapti bizlar tomonda,

Osmon ila Yerni bog'laydi

tim tor!..

 

2.

Aka, armon – afsus,

endi qaytmaydi,

U oppoq tuyg'uda

uchib ketgan qush!

Muhabbat hali ham baland-

balandda

Yolvordik, “O, malak, kel,

bag'rimga tush!..”

 

Muhabbat she'r bo'ldi,

armon – afsona,

Umr to'qnash keldi Qish afg'oniga!

Onamiz duosi har ikkimizni –

Tirik olib keldi Baxt to'foniga!..

 

Balo-qazolardan g'ussamiz –

qabr,

Subhi sodiq – fursat, egik

boshimiz.

Dunyo imtihoni – sadrda Sabr –

Bizga yo'l ko'rsatar, tun –

bardoshimiz!..

 

Aka, armon – afsus,

endi qaytmaydi,

U oppoq tuyg'uda uchib ketgan qush!

Muhabbat makridan dilozor,

behush…

Sajjoda ko'nglimiz

bo'sh qolmaydi, bo'sh!..

 

*   *   *

Har tun parvonangman, chirog'ing yoniq,

Ruhning soyasi yo'q, ruhning izi yo'q…

Har kun huzuringga kelaman shoshib,

Xavotirman go'yo, uchayotgan o'q!..

 

Dunyo g'aflatida kechdi har onim,

Sen hanuz Odamsan, men-chi, oshiq Ruh!

Nahot begonaga aylandik, jonim,

Nahot muhabbatning kechmishi anduh?

 

Hijron ko'chib ketdi yuragimizdan,

Endi ayro qoldi Tun bilan Kunduz!

She'r topdingmi, izma-iz – izimizdan,

Nahot unut bo'ldi diydor degan So'z?!

 

Sabr daraxtining tund soyasida

Men zabonsiz sukut uyasida!..

Nahot ko'rmayapsan, mana, men keldim,

G'amli ko'z yoshlaring nihoyasida!..

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × 4 =